MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

27.02.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Keyingi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etadigan qadriyat va an’analarni bezavol saqlash hamda kelgusi avlodlarga yetkazish, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Bu kabi ezgu amallar muborak Ramazon oyida ayniqsa yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. 2025-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ushbu fazilatli oyda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida:

ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga;

oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etishga;

atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va  qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy