MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Muhandislik sohalarida ilm va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha muloqot bo‘ldi

20.06.2024


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Dunyoda raqobat kuchaygan bugungi zamonda mamlakatimiz ichki resurslarga tayanib, industrial rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilayapti.

Joriy yilda davlat investitsiya dasturlari asosida 21 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, bu yil 37,5 milliard dollarlik xorijiy va hududiy investitsiya loyihalari nazarda tutilgan.

Shunga mutanosib ravishda davlat tomonidan ilm, ta’lim va innovatsiyaga e’tibor qaratilmoqda. Masalan, o‘tgan to‘rt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar o‘sgan.

Lekin bu boradagi natijalar, yuqori malakali muhandislar hali yetarli emas. Oliy o‘quv yurtlari bilan sanoat o‘rtasida uzilish bor.

Shu bois yig‘ilishga texnika yo‘nalishidagi muassasalar rektorlari ham taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo sohadagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Yurtimizda texnika yo‘nalishidagi 36 ta davlat oliygohida yiliga 67 ming bitiruvchi chiqadi. Ammo ulardagi dastur va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishda ishlamayapti.

Oliy ta’lim muassasalari fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bilan cheklangan, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kam. Muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar “qog‘oz”da qolib ketayapti.

Xorijiy universitetlarda “tannarx muhandisligi” “qiyoslash muhandisligi”, “qayta muhandislik” kabi ixtisosliklar bor. Bizdagi texnika oliygohlarida bu yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur.

Oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 5 barobar oshgan bo‘lsa-da yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda past. Universitet va ilmiy laboratoriyalarning ayrim uskunalari eskirgan. Ko‘p professor-o‘qituvchilar amaliyotdan uzilib qolgan. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmaydi, uskuna va dastgohlarni o‘rganmaydi.

So‘nggi to‘rt yilda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqot uchun tuzgan shartnomalari 3 karra ko‘paygan. Ulardan daromad 6 karra oshgan. Lekin ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish juda past. Ixtirolarni patentlashda ham hamma birdek emas.

Prezidentimiz sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

Endi texnika yo‘nalishida o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgaradi. 36 ta oliy o‘quv yurti va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Ular dual ta’lim tizimiga to‘liq o‘tadi.

Mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklar qisqaradi. Ayrim kafedralar birlashtiriladi. Dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashadi. Xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinadi.

Har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan hamkor davlatlarimizni nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

“Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida, har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi.

Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi. Bunda, korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga mablag‘ ajratadi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.

Vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular institutlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va buyurtmachi bo‘ladi.

Shuningdek, birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Ularda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat ham budjetdan mablag‘ ajratadi.

Endi oliy ta’lim muassasalarining tajriba ishlab chiqarish korxonalari maqomi qonun bilan mustahkamlanadi. Ularga IT-park rezidentlariga qo‘llanilayotgan imtiyozlar beriladi. Sho‘ba korxonasi ishchisining kamida 60 foizi doktorant va talabalardan iborat bo‘ladi.

Kelasi yildan texnika yo‘nalishidagi loyihalarga davlat grantlari 4 karra oshiriladi. Korxonaga oliygoh bilan hamkor tashkilot ham ta’sischi bo‘lishiga ruxsat beriladi.

Viloyat hokimlari va tarmoq rahbari ilmiy va ishlab chiqarish loyihalari uchun oliygohlarga 10 milliard so‘mgacha buyurtmani to‘g‘ridan to‘g‘ri berishi mumkin bo‘ladi.

Investitsiya loyihalari qiymatining kamida yarim foizini ilmiy ishlarga ajratish tizimi joriy qilinadi.

Muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “eng yaxshi g‘oya”, “eng yaxshi loyiha” va “eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Unda o‘qituvchilar, talabalar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Birinchi o‘ringa elektromobil beriladi.

Shuningdek, g‘oya, loyiha va ixtiro muallifi bo‘lgan eng zo‘r 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuboriladi.

Yig‘ilish ochiq muloqot tarzida davom etdi. Tarmoq rahbarlari, olimlar, rektorlar va muhandislar sohada ilm-fan va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha fikrlarini aytdi.

Ularning takliflari asosida alohida farmon loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

– Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar  suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.


MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy