MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Neft va gaz tarmogʻiga doir topshiriqlar ijrosining borishi koʻrib chiqildi

24.02.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.

Joriy yil 30-yanvar kuni boʻlib oʻtgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni koʻpaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Bugun davlatimiz rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Avvalo, kompaniya faoliyatida xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar narxlari va pudrat ishlari boʻyicha narxlarni qayta koʻrib chiqish, kredit portfelini tartibga solish boshlandi. Sohaga oid boʻlmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, 2026-2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangani aytildi. Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida maʼlumot berildi.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit oʻtkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy