info@ccrp.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7-9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Prezidentimiz “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Maslahat uchrashuvi kun tartibidan siyosiy-diplomatik hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish, madaniyat, taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamda yoshlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari oʻrin olgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga oid ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashish koʻzda tutilgan.
MDH davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida Hamdoʻstlik doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. MDH tashkil etilganining 35 yilligini nishonlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Tadbirlar yakunida qoʻshma hujjatlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish ham rejalashtirilgan.