info@ccrp.uz
15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etayotgan Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayaniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Bahrayn tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga Podshoh Hamad bin Iso Al-Xalifaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Bahrayn o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Siyosiy muloqotni faollashtirish hamda siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini tez fursatda ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik, bank-moliya, avtomobil va temir yo‘llari qurilishi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi dastur va loyihalarni ilgari surish uchun katta salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda joriy yilda qo‘shma Hukumatlararo qo‘mitaning ilk yig‘ilishini o‘tkazish hamda O‘zbekiston va Bahrayn yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish rejalashtirilgan.
Xalqaro kun tartibi, shu jumladan xavfsizlikka zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston yetakchisi Bahrayn tashqi ishlar vazirini qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar tiladi.