info@ccrp.uz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat avvalida Javdat Yilmaz davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Faol muloqotlar barcha darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paymoqda.
Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, konchilik, oziq-ovqat, to‘qimachilik va boshqa ustuvor tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlash, eng avvalo, kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.