MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

24.07.2024


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni qator xorijiy mamlakatlarning davlat rahbarlari va nufuzli siyosatchilari bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xorijiy hamkorlar davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ortga qaytmas islohotlarni amalga oshirishda katta zafarlar, ko‘p millatli xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdilar.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining joriy yil 26-28-may kunlari O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan suhbatda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlashni yanada ko‘paytirish, yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va madaniy almashinuvni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqotda amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, joriy yil avgust oyida Ostona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Qirg‘iziston Prezidentining yaqinda O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar to‘plamini, shu jumladan qo‘shma «yo‘l xaritasi» asosida o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 18-19-aprel kunlari Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikkinchi Hududlar forumi, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qator qo‘shma madaniy tadbirlarning samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlarini ham muhokama qildilar.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqotda joriy yil 7-9-fevral kunlari Belarus Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, jumladan, joriy yil 5-6-iyun kunlari Anqara shahriga oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida shayx Mansur Ol Nahayon davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yaqin muloqotni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Ikki mamlakat parlamentlarining samarali hamkorligi O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik va katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho berildi.

*****

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga uning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekiston Prezidentining ortga qaytmas siyosiy islohotlar va iqtisodiy yangilanishlar dasturini samarali amalga oshirishdagi yetakchiligi va shiddatini alohida qayd etgan. Milliy iqtisodiyotning sifat jihatidan o‘sishi, aholi farovonligining oshishi, davlatning xalqaro nufuzi sezilarli darajada mustahkamlanib, jahon mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik kengayib borayotgani ham shundan dalolat beradi.

Shuningdek, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, mas’uliyatli va olijanob faoliyatida muvaffaqiyatlar, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari bildirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni tavallud kuningiz bilan samimiy muborakbod etaman.

Prezidentlik faoliyatingiz bilan yurtdoshlaringiz o‘rtasida katta hurmat va yuksak xalqaro obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldingiz. Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda salmoqli yutuqlarga erishdi, jahon maydonida o‘z mavqeini mustahkamladi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, barcha yo‘nalishlarda samarali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissangiz beqiyosdir.

Yaqinda Toshkentda o‘tgan samarali muzokaralarimizni iliq eslayman. Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida konstruktiv muloqotni va yaqin hamkorlikni davom ettirishdan mamnunman.

Sizga chin dildan mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir Putin,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!

Tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan Sizga eng samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Joriy yilning yanvar oyida Siz rafiqangiz bilan Xitoyga muvaffaqiyatli davlat tashrifini amalga oshirgan edingiz, bu tashrif davomida Siz bilan samarali va natijador muzokaralar olib bordik, ikki tomonlama munosabatlarni yangi davrda barcha sharoitda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish va Xitoy – O‘zbekiston umumiy taqdirini yanada yuksak bosqichdan barpo etishimizga kelishib oldik hamda ikki davlat o‘rtasidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning yangi rejasini belgilab oldik. Yaqinda Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazdik va Xitoy-O‘zbekiston hamkorligi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishdik.

Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman va Siz bilan mustahkam do‘stligimizni qadrlayman. Siz bilan birgalikda barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarga tayyorman. Ishonchim komil, Sizning rahbarligingizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan barcha maqsadlar, albatta, o‘z vaqtida amalga oshiriladi.

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Tavallud kuningiz munosabati bilan Sizga eng samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashga ijozat bergaysiz.

Sizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Narendra Modi,

Hindiston Respublikasi Bosh vaziri

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz!

Sizning bunyodkorona siyosatingiz va oqilona rahbarligingiz tufayli bugun Siz xalqingizning umume’tirof etilgan yetakchisi bo‘lib, xalqaro hamjamiyatda haqli ravishda katta obro‘-e’tiborga egasiz.

Ishonchim komil, Sizning strategik yo‘lingizga qat’iy amal qilib, muhim tashabbus va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, qardosh o‘zbek xalqi farovon Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Siz qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishadi.

Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan shaxsiy hissangizni yuksak qadrlayman.

Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qat’iy intilishimni tasdiqlar ekanman, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, oilaviy farovonlik va qardosh O‘zbekiston ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifim yuksak darajada tashkil etilgani va Qirg‘iz Respublikasi delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik uchun dildan minnatdorlik bildiraman.

Siz bilan poytaxtingiz Toshkentda va O‘zbekistonning gavhari – qadimiy Xiva shahrida o‘tgan uchrashuvlarimizni iliq hissiyotlar bilan eslayman.

Xiva ahlining samimiy qabuli, shuningdek, «Muzey-shahar» nomini olgan Xiva shahrining tarixiy, madaniy va me’moriy obidalari katta taassurot qoldirdi.

Biz O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan yutuqlar va ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik. Ishontirib aytmoqchimanki, mamlakatingizga tashrifim doirasidagi voqealar qalblarimizda yorqin va yoqimli xotiralar qoldirdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlarining chuqur tarixiy aloqalari va mushtarak milliy-ma’naviy qadriyatlari bugungi kunda o‘zaro manfaatli hamkorligimiz uchun mustahkam zamin yaratdi.

Siz bilan samimiy va ishonchli shaxsiy munosabatlarimiz bundan buyon ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish omili bo‘lib qoladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida rivojlantirish masalalariga shaxsan e’tiboringizni yuksak qadrlayman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning timsolingizda hamfikr, sadoqatli va yaqin do‘stimni topganimdan juda xursandman.

Toshkent va Xivada o‘tgan uchrashuvlarimiz yakunida erishilgan barcha kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishiga ishonaman.

Ishonchim komilki, davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning amalga oshirilishi siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarni izchil rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Biz qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin va do‘stona munosabatlarni, ularning farovonligi yo‘lida har tomonlama hamkorlikni yangi kuch va yangi ruh bilan davom ettiramiz, deb ishonaman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, uzoq umr, davlat ishlarida muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat ila,

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Qadrli Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz munosabati bilan eng samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qilishingizni so‘rayman.

Sizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi samarali faoliyatingiz va O‘zbekiston xalqiga fidokorona xizmatingiz mamlakatingizda ham, uning tashqarisida ham munosib obro‘-e’tibor va hurmatga sazovor bo‘ldi.

Biz Sizning uzoqni ko‘zlagan rahbarligingizda qardosh O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro maydondagi nufuzini izchil mustahkamlash yo‘lidagi keng ko‘lamli yutuqlaridan chin dildan mamnunmiz.

Sizning Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli konstruktiv hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan ilgari surish masalalariga doimiy e’tiboringizni yuksak qadrlayman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin aloqalar va Siz bilan samimiy, chuqur ishonchga asoslangan shaxsiy munosabatlarni qadrlayman.

Sizning Tojikistonga davlat tashrifingizning samarali natijalarini alohida ta’kidlamoqchiman. Tarixiy Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishini keyingi yillardagi birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning mantiqiy natijasi, deb bilaman.

Dushanbe shahridagi muzokaralarimiz davomida erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga har tomonlama xizmat qilishiga ishonaman.

Sizga, aziz do‘st va birodarim, chin qalbimdan mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, oilaviy farovonlik hamda do‘st O‘zbekiston xalqining barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizda yangi ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Yuksak hurmat bilan,

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.

Sizning qardosh O‘zbekiston Respublikasi ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz va tinimsiz mehnatingiz haqiqiy vatanparvarlik va o‘z Vataniga fidokorona xizmat qilishning yorqin namunasidir.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga shaxsan e’tiboringizni alohida qayd etmoqchiman. Samimiy do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan hissangiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, qadrli birodarim, Sizga chin qalbimdan mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va oilaviy farovonlik, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Tavallud kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.

Shuni katta mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv tamoyillariga asoslangan Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlari yil sayin yangi mazmun bilan boyib bormoqda, ular o‘zaro katta ishonch va ochiqlik bilan ajralib turadi.

Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni bundan buyon ham kengaytirish niyatidamiz. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Turkmaniston-O‘zbekiston davlatlararo munosabatlari va strategik sherikligi bundan buyon ham qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida izchil rivojlanib borishiga qat’iy ishonamiz.

Fursatdan foydalanib, Sizga chin qalbimdan mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, oilaviy farovonlik va davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Qadrli Shavkat Miromonovich, aziz og‘am!

Sizni tavallud kuningiz bilan chin qalbimdan tabriklab, mustahkam sog‘lik, uzoq umr, baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va qardosh O‘zbekiston davlati va xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizda tuganmas kuch-g‘ayrat tilayman.

Mamlakatingizda uzoqni ko‘zlagan va qat’iy rahbarligingiz ostida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va islohotlar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishildi, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori va mavqei yanada mustahkamlandi. Mamlakatingizning ham ichki, ham tashqi miqyosdagi yutuq va marralari sizlarning puxta o‘ylangan qadamlaringiz, oqilona siyosatingiz va kuchli irodangiz natijasidir. Ozarbayjon O‘zbekistonning barcha yutuqlarini katta shodlik va g‘urur bilan kutib olmoqda.

Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi va qardoshligini mustahkamlashda, umumiy diniy, madaniy va tarixiy ildizlar bilan bog‘langan xalqlarimiz irodasini aks ettiruvchi noyob davlatlararo munosabatlarimizni har tomonlama rivojlantirishda, yangi mazmun bilan boyitish va uni hozirgi darajaga ko‘tarishda Sizning o‘rningiz beqiyosdir.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etayotgani meni juda quvontiradi. Shu ma’noda Shushadagi uchrashuvimiz, samimiy fikr almashganimiz, shaharning tarixiy va me’moriy obidalari, bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishganimizni eslayman. Ishonchim komilki, biz imzolagan «Qorabog‘ deklaratsiyasi» turkiy dunyo hamjihatligini  va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umumiy tariximiz va boy ma’naviy qadriyatlarimiz bilan mustahkamlangan yaqin munosabatlarimiz va strategik sherikligimiz xalqlarimiz irodasiga muvofiq birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bundan buyon ham rivojlanib, mustahkamlanib borishiga ishonaman.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, men shaxsiy munosabatlarimizni, do‘stligimizni, bir-birimizga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromimizni hamisha qadrlayman, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan birgalikdagi ishlarimizdan, doimiy aloqalarimizdan mamnunman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hurmat bilan,

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni tavallud kuningiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.

O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirish, uning xalqaro maydondagi ta’sirini oshirish zamirida Sizga xos bo‘lgan yetakchilik fazilatlari, qat’iyat va kuchli vatanparvarlik hissi yotadi

Joriy yil fevral oyida mamlakatingizga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikni, barcha darajalarda kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash borasidagi mushtarak intilishlarimizni yana bir bor tasdiqladi.

Biz bundan buyon ham Toshkent bilan munosabatlarni do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ruhida davom ettirishni maqsad qilganmiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga va yaqinlaringizga tinchlik-osoyishtalik, oilangiz va do‘stlaringiz Sizga tayanch bo‘lishini, xizmatiga butun umringizni bag‘ishlagan O‘zbekistonga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Sizni mehmondo‘st Belarus zaminida qutlashdan mamnun bo‘laman.

Hurmat bilan,

Aleksandr Lukashenko,

Belarus Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Prezident janoblari, qadrli birodarim!

Tavallud kuningiz bilan chin qalbimdan muborakbod etib, Siz Janobi Oliylariga yaqinlaringiz bilan birgalikda sihat-salomatlik va osoyishtalikka to‘la uzoq umr tilayman.

Mushtarak tariximiz va chuqur ildiz otgan rishtalarimizdan kuch oluvchi munosabatlarimiz Siz Janobi Oliylarining ulkan hissasi tufayli ikki va ko‘p tomonlama shakllarda, jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham jadal rivojlanayotgani bizga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi.

O‘tgan oy Siz bilan birgalikda o‘tkazgan Turkiya-O‘zbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining III yig‘ilishi asnosida yurtimizga amalga oshirgan tashrifingizdan bag‘oyat mamnun bo‘ldim. Do‘stlik va birodarlikka tayangan yaqin munosabatlarimiz kelgusida ham barqaror ravishda mustahkamlanishda davom etishiga bo‘lgan ishonchimni yana bir bora ta’kidlashni istardim.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, do‘st va birodar o‘zbek xalqiga farovonlik va omonlik tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Rejep Tayyip Erdog‘an,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari,

Sizni qutlug‘ 67 yoshingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

O‘tgan oyda amalga oshirgan davlat tashrifim tufayli Siz bilan birgalikda do‘stligimizni mustahkamlaganimiz, shuningdek, Koreya Respublikasining Markaziy Osiyodagi yagona alohida strategik sherigi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bilan strategik munosabatlarni chuqurlashtirganimizdan bag‘oyat mamnunman.

Bundan buyon ham Koreya-O‘zbekiston munosabatlari rivojlanib, kelajakka yo‘naltirilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada kengayishiga Siz doimiy e’tibor qaratasiz va qo‘llab-quvvatlaysiz, deb umid qilaman.

Sizga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, O‘zbekiston Respublikasiga esa abadiy farovonlik tilayman.

Yun Sok Yol,

Koreya Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Aziz do‘stim, muhtaram Prezident janoblari!

Sizni tavallud kuningiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizning uzoqni ko‘zlagan va dono rahbarligingiz tufayli O‘zbekiston Respublikasi taraqqiy etayotgani, mamlakatingizning mintaqadagi va xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.

Men rafiqam bilan birga Sizning go‘zal mamlakatingizga – ulug‘vor tog‘lar va zilol suvli daryolar yurtiga davlat tashrifini amalga oshirganimdan, Siz Prezident Janobi Oliylari va Ziroatxon Mirziyoyeva Janobi Oliyalari bilan samimiy muloqotdan g‘oyat mamnunman, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, an’anaviy va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Muhtaram Prezident janoblari, Siz va rafiqangizni boy tariximiz, betakror madaniyatimiz va ko‘chmanchi xalqimiz beshigi bo‘lgan go‘zal yurtimizga o‘zingizga qulay vaqtda davlat tashrifi bilan kelishga yana bir bor taklif etishdan g‘oyat mamnunman.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik mustahkamlanib, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik doimo rivojlanib borsin.

Sizga va baxtiyor oilangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik, O‘zbekiston xalqiga esa ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Uxnaagiyn Xurelsux,

Mo‘g‘uliston Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!

Tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan eng samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Shushadagi so‘nggi uchrashuvimizni iliqlik bilan eslayman, uning yakunlarini sarhisob qilar ekanman, O‘zbekiston nafaqat ishonchli hamkor, balki mamlakatimizning samimiy do‘sti ekanini qat’iy ta’kidlayman. Siz bilan ochiq hamkorlik tufayli keyingi yillarda Vengriya-O‘zbekiston munosabatlari yanada kengayib, misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani meni quvontiradi.

Janob Prezident, munosabatlarimizni mustahkamlashga sodiqligingiz uchun g‘oyat minnatdorman. Sizni ishontirib aytamanki, kelgusida ham Siz bilan hamkorlikda ikki tomonlama munosabatlarda yangi-yangi yutuqlarga erishish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etaman.

Sizga mustahkam sog‘liq va faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!

Samimiyat ila,

Viktor Orban,

Vengriya Bosh vaziri

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari, aziz birodarim!

Ushbu qutlug‘ kunda Sizga eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman.

Yaqindagina Toshkentga amalga oshirgan tashrifim chog‘ida ko‘rsatgan bag‘rikeng mehmondo‘stligingiz uchun yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

O‘zimning eng samimiy salomim va chuqur minnatdorligim bilan,

Antoniu Guterrish,

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi

***

Quyidagilar ham o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy,

Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident Devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong,

Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo,

Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriy,

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso,

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun,

Ipak yo‘li fondi raisi Chju Szyun,

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy