Posted on Leave a comment

Yangi Oʻzbekiston Navroʻzi – yuksalish va taraqqiyot davri

«Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, butun xalqimizni qutladi.

Davlatimiz rahbari oʻz tabrigida bu yilgi Navroʻz ayyomi muborak Ramazon hayiti bilan bir pallada nishonlanayotganini alohida taʼkidlab, tabiat uygʻonishi va ruhiy poklanish ramzi boʻlgan ushbu qutlugʻ kunlar barcha yurtdoshlarimiz uchun ezgulik, birdamlik va xayr-baraka bayrami ekanini qayd etdi. Shuningdek, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizga samimiy salom va tilaklar yoʻllandi.

Prezidentimiz millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizni rozi qilish, xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidladi. Bu yil bayram “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” degan gʻoya asosida oʻtayotgani ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Marosimda barcha hududlarga, qishloq va ovullar, mahallalarga yangi Oʻzbekiston nafasini olib kirish boʻyicha katta harakat boshlangani taʼkidlandi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ulkan qadamlar qoʻyilayotgani, yurtimizda zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilayotgani qayd etildi. Kelgusida bunday bunyodkorlik ishlari koʻlami yanada kengayishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirdi. Ularning xalqimiz dasturxonini toʻkin va farovon qilishdek sharafli mehnati eʼtirof etilib, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishi aytildi.

Prezidentimiz yangi Oʻzbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar va katta gʻalabalar maydoniga aylanib borayotganini alohida taʼkidladi. Bugun taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo boʻlayotgani, ana shunday bilimli, joʻshqin hamda izlanuvchan oʻgʻil-qizlar bilan butun xalqimiz haqli ravishda faxrlanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yoshlarga murojaat qilib, ularga Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlishdek yuksak sharaf nasib etayotganini taʼkidladi. Ularni bugungi tinch va osoyishta hayotning, keng imkoniyatlar, ota-ona va ustoz-murabbiylar mehnatining qadriga yetib, tinimsiz oʻqib-oʻrganish, bilim va mahoratni doimiy oshirib borishga chaqirdi. Shu yoʻlda mamlakatimiz yoshlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirildi.

Marosimda mahalla tizimining jamiyat hayotidagi oʻrniga ham alohida eʼtibor qaratildi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da katta dastur va rejalar amalga oshirilayotgani, bu ishlarga oila va jamiyatda tinchlik-totuvlikni, mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirishda otaxon va onaxonlar, “mahalla yettiligi” va faol fuqarolar yaqindan ishtirok etishlariga ishonch bildirildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan jonkuyar mahalla raislari va faollarini, barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklab, ularga yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Taʼkidlanganidek, ming yillar davomida xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻlib kelayotgan Navroʻzning tinchlik, doʻstlik va hamkorlik gʻoyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari ushbu bayramni bir boʻlib, shod-u xurramlik bilan nishonlamoqda. Ana shunday ahillik va totuvlik yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolati ekani taʼkidlandi.

Jamiyatimizda millatlararo va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi qayd etildi. Shuningdek, qoʻshni va qardosh mamlakatlar bilan birga yagona Markaziy Osiyo ovozi boʻlib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillarini ham Xalqaro Navroʻz kuni bilan samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Prezidentimiz butun xalqimizga yana bir bor murojaat qilib, shunday dedi:

“Azaliy anʼanalarimizni davom ettirib, koʻchat ekib, bogʻ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada goʻzal va farovon etaylik!

Yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!

Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!”.

Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda sanʼatkorlarning chiqishlari, milliy oʻyin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat aʼzolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Butun dunyo nurga, go‘zallikka to‘lgan shu dilbar faslda jonajon diyorimizga sharqona yangi yil – Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Bugun bamisoli ikki azim daryo tutashmoqda – Navro‘z bayramini muborak Ramazon hayiti bilan birga nishonlamoqdamiz.

Tabiat uyg‘onishi va ruhiy poklanish ramzi bo‘lgan mana shunday qutlug‘ ayyomlar bilan sizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida ishlayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizni ham muborakbod etib, ularga ezgu salom va tilaklarimizni izhor etaman.

Bayram barchamizga muborak bo‘lsin!

Navro‘zi olam diyorimizga tinchlik va baxt olib kelsin!

Aziz do‘stlar!

Bugun bahorni sog‘ingan yuraklarimiz yangi kun, yangi hayot shukuhi bilan yashamoqda.

Osmondan obirahmat yog‘ilib, daryo va ko‘llarimiz suvga to‘lmoqda. Bog‘larimiz, qir va adirlarimiz o‘t-o‘lanlar bilan qoplanib, yilimiz barakali bo‘lishidan darak bermoqda.

Shahar va qishloqlarimiz, vodiy va vohalarimizda sayil-tomoshalar boshlanmoqda.

Yangilanish fasli bo‘lgan Navro‘z kunlarida xalqimizning umummilliy birdamligi, bunyodkorlik salohiyati yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Navro‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lib, millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizni, butun el-yurtimizni rozi qilish yo‘lidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarmoqdamiz. Bu yilgi bayramga “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir”, degan da’vatkor g‘oya asos bo‘lgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.

Biz barcha hududlarimizga, qishloq va ovullar, mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha katta harakat boshladik.

Yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ham ulkan qadamlar qo‘ymoqdamiz. Yangi-yangi zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilmoqda.

Kelgusida bunday qurilishlar ko‘lamini yanada kengaytiramiz.

Ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga barchamiz yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.

Siz, azizlarning elimiz dasturxonini yanada to‘kin va farovon qilishdek ezgu ishlaringizda zafar va omadlar tilaymiz. Chunki, sizlarning olijanob mehnatingiz bilan xalqimizning rizqu nasibasi butun bo‘ladi. Bu borada davlatimiz, jamiyatimiz sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yangi O‘zbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar, katta-katta g‘alabalar maydoniga aylanib bormoqda. Yaqinda yoshlarimiz bilan uchrashib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim. Har bir yo‘nalishda – ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, IT va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo bo‘lmoqda. Mana shunday bilimli, jo‘shqin va izlanuvchan o‘g‘il-qizlar bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.

Aziz farzandlarim, bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek ulkan baxt va yuksak sharaf sizlarga nasib etmoqda. Qancha-qancha ajdodlarimiz intilib yashagan shu buyuk orzuni ro‘yobga chiqarishga sizlar albatta qodirsiz.

Bugungi tinch va osoyishta hayotning, yaratilgan katta imkoniyatlar, ota-onalar, ustoz-murabbiylaringiz mehnatining qadriga yetib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansangiz, bilim va mahoratingizni doimo oshirib borsangiz –  kelajak albatta sizniki bo‘ladi.

Bu yo‘lda sizlarga, butun O‘zbekiston yoshlariga yana qanday sharoit zarur bo‘lsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz.

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun deb yashasangiz – Vatan va xalq ham sizni e’zozlab, boshiga ko‘taradi!

Yangi O‘zbekistonning oltin avlodi bo‘lib, uning zafar bayrog‘ini baland ko‘tarishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

Qadrli yurtdoshlar!

Mahalla deganda, ko‘z oldimizda avvalo ona yurtimizning go‘zal timsoli namoyon bo‘ladi. Biz Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida yaxshi niyat bilan katta dastur va rejalarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu ishlarda oila va jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirish uchun ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimiz, “mahalla yettiligi”, faol fuqarolarimiz yaqindan ishtirok etadilar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan jonkuyar mahalla raislari va faollarini, barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan tabriklab, ularga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Muhtaram do‘stlar!

Ming yillar davomida xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib kelayotgan Navro‘zning tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari bu bayramni bir bo‘lib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Mana shunday ahillik va totuvlik Yangi O‘zbekistonimizni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolatidir.

Biz jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bu borada qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan birga, yagona Markaziy Osiyo ovozi bo‘lib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Fursatdan foydalanib, davramizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini Xalqaro Navro‘z kuni bilan samimiy qutlab, ularning o‘lkalari va xalqlariga qizg‘in tabriklarimizni yo‘llaymiz.

Qadrli do‘stlar!

Mana shu tarovatli lahzalarda barchangizga, butun el-yurtimizga murojaat qilib aytmoqchiman.

Azizlar, qarang, qanday go‘zal yurtimiz, qanday saxovatli zaminimiz, betakror tabiatimiz bor.

Bu bebaho boyliklarni ming yillar osha asrab-avaylab kelayotgan mehnatkash, oq ko‘ngil va olijanob xalqimiz bor.

Xudo bizga ato etgan yer-suvimizni, barcha imkoniyatlarimizni qadrlab, ulardan oqilona foydalansak, bir boyligimizga, albatta, o‘n boylik qo‘shiladi.

Shu bois azaliy an’analarimizni davom ettirib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada go‘zal va farovon etaylik!

Yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!

Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Siz, qadrdonlarimni, butun xalqimizni Navro‘zi olam bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Yangi O‘zbekiston Navro‘zi – yuksalish va taraqqiyot davri xalqimizga ravnaq va farovonlik ato etsin!

Barcha pok niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratgan Parvardigor jonajon Vatanimizni o‘z panohida asrasin!

Yangi kun, yangi baxt barchamizga muborak bo‘lsin!

Posted on Leave a comment

“Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” MCHJ Rahbariyati tomonidan Muqaddas Ramazon hayiti bayrami va Navro‘z – Umumxalq bayrami munosabati bilan Jamiyat xodimlarini tabriklash tadbiri o‘tkazildi.

2026 yil 19 mart kuni soat 16:00da, “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” MCHJ Rahbariyati tomonidan Muqaddas Ramazon hayiti bayrami va Navro‘z – Umumxalq bayrami munosabati bilan Jamiyat xodimlarini tabriklash tadbiri o‘tkazildi.

Rahbariyat tomonidan ushbu tadbirda Jamiyat xodimlari Muqaddas Ramazon hayiti bayrami va Navro‘z – Umumxalq bayrami bilan samimiy qutlandi.

Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi – Yangi Oʻzbekistonning durdonasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. 

Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta 115 oʻrinli toʻrt yulduzli, 2 ta uch yulduzli, 22 ta 176 oʻrinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur obyektlar toʻliq kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.

Majmuaning oʻzi Samarqandning, yangi Oʻzbekistonning durdonasi boʻlib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga moʻljallangan ulkan masjid, maʼmuriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.

Ziyoratgohning qoq markazida Imom Buxoriy bobomizning tabarruk maqbarasi oʻrin olgan. 

Majmua tarkibida eng ilgʻor axborot texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya eʼtirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan 25 paygʻambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar joylashtirilgan.

Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulugʻvor qiyofa bagʻishlab turibdi.

Davlatimiz rahbari turizm markazi va masjidda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Maʼlumki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-maʼrifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim-u ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu kunlarda rasman ochilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.

Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, hech shubhasiz, bizning diyorimiz birinchilar qatorida tilga olinadi. Chunki Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos olimlar aynan mana shu zamin farzandlaridir.

Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng moʻtabar oltita hadis kitobining biridir. Oʻn yoshidan boshlab hadis ilmini oʻrgangan alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Ular to hanuz din-u diyonatimizni mustahkamlash yoʻlida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqdalar.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani boʻlishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna boʻlishi kerakligini taʼkidlagandi. 

– Ushbu betakror qurilish yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va maʼrifat nurini taratadigan qutlugʻ maskanga aylanadi deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning maʼnaviy muhitidan bahramand boʻlgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl maʼnosini anglab yetadi, toʻgʻri yoʻldan adashmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Shuning uchun ham Imom Buxoriy majmuasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni keng yoʻlga qoʻyish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Bu yerdagi barcha ishlar yakuniga yetganini hisobga olib, yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozini ado etish taklif qilindi, bu moʻmin-musulmonlarimiz, butun el-yurtimizning koʻnglidagi ish, xalqimizga munosib Ramazon sovgʻasi boʻlishi taʼkidlandi. 

Shuning bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.

Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Birinchi Prezident maqbarasi ziyorat qilindi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Hizr majmuasida boʻlib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.

Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

Bugungi ayyom kunlarida ulugʻ ajdodlarimiz va bu dunyodan oʻtgan yaqinlarimizni yod etish, ularning ezgu ishlarini eslash xayrli amallardan ekani taʼkidlandi.

Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy ruhi poklariga hurmat-ehtirom bajo keltirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.

Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunis bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.

Posted on Leave a comment

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, oʻtgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar boʻlgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 oʻrinli masjid, kirish peshtoqi, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Margʻinoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini taʼkidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-maʼnaviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega boʻlishi, allomaning maʼrifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Qurilishni sifatli va oʻz vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.