Posted on Leave a comment

AQShga amaliy tashrif yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlariga amaliy tashrifi yakuniga yetdi.

Davlatimiz rahbari Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida nutq soʻzladi va Gʻazo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qayta tiklash hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, AQSh savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakatimiz yetakchisi bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida va qoʻshma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Tadbirda AQSh hukumati, yirik kompaniyalari va moliya institutlarining yuqori darajali vakillari hamda videoaloqa orqali Oʻzbekiston hududlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga joʻnab ketdi. Aeroportda davlatimiz rahbari va rafiqasini AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Tinchlik kengashining Gʻazo sektori boʻyicha faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida oʻtkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vyetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.

Gʻazo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida dastlabki sammitni chaqirgani uchun Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti, Tinchlik kengashi raisi Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qatʼiy tasdiqlagani taʼkidlandi.

– Ishonchim komil, kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi taʼkidlandi.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyorligini qayd etdi.

– Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqdilar.

Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi nutqi

Muhtaram Donald Tramp Janobi Oliylari!

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Avvalambor, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Janobi Oliylariga Tinchlik Kengashining inauguratsiya majlisini chaqirgani uchun chin dildan minnatdorchilik izhor etaman.

Hech shubhasiz, bugungi sammit bu Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir.

Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatladi va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida oʻzining amaliy ishtirokini qatʼiy bayon etdi.

Ishonchim komil, Kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi.

Shu bilan birga, Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozim.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlab aytamanki, Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyor.

Hurmatli doʻstlar!

Ushbu sammit Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida oʻtkazilayotganida ramziy maʼno mujassam.

Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir.

Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti AQSh bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi doirasidagi ishbilarmonlik uchrashuvlarining navbatdagisi AQSh savdo vakili Jeymison Grir bilan boʻldi.

Qoʻshma loyihalar doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimining amaliy natijalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida barqaror surʼatda rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

Oʻzaro savdoni koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini yakuniga yetkazishga oid masalalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSh tomonidan ushbu jarayonlarni yanada qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik tartibga solish va raqamli savdoga oid mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh oʻrtasidagi Savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni faollashtirish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti AQSh savdo vakili Jeymison Grirni joriy yilning iyun oyida boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston – AQSh hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama bitimlar toʻplami imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bagʻishlangan marosim va qoʻshma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSh hukumati va moliya institutlari vakillari – savdo vakili Jeymison Grir, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich, AQSh – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, “Traxys”, “Valmont Industries”, “Gulf Oil”, “Avigen Broiler Breeding Group”, “John Deere”, “BlackRock Financial Markets Advisory”, “Oppenheimer” va boshqa yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Videoaloqa orqali uchrashuvda O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yangi, amaliy formatda oʻtayotgan ushbu uchrashuv bundan avvalgi davra suhbatining mantiqiy davomi hamda iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va oʻzaro manfaatdorlik ruhida yuksak darajaga koʻtarilayotganining ifodasi ekanini taʼkidladi.

– Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq muddatli boʻlishi yetakchi oʻringa chiqmoqda. Biz Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyot Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekanini taʼkidladi.

Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari qatorida oʻta muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar koʻrsatib oʻtildi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi va Eksimbankining bitimlarga hamrohlik qilishda doimiy hamkorlar sifatidagi roli ortib borayotgani alohida qayd etildi.

Qoʻshma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining salohiyatidan faol foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Hududlararo aloqalarni mustahkamlash doirasida Oʻzbekiston hududlari rahbarlarining AQShning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil etish topshirildi.

Davlatimiz rahbari huzurida yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini qurish, yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17-19-fevral kunlari Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashington shahrida boʻladi.

Kengashning birinchi sammiti AQSh Tinchlik institutida boʻlib oʻtadi hamda Gʻazo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam koʻrsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlanadi.

O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, Tinchlik kengashi AQSh Prezidenti Donald Trampning tashabbusi bilan tashkil etilgan. Oʻzbekiston joriy yil yanvar oyida Shveytsariyaning Davos shahrida unga taʼsischi davlat sifatida qoʻshildi.

Posted on Leave a comment

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin va mo‘tabar ayyomga aylanmoqda.

Ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgan Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2026-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida:

(a) kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

(b) mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish;

(v) yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va  qabristonlarni obod etish;

(g) Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda inson qadrini ulugʻlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon boʻlib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.

Davlatimiz rahbari muborak oyda nuroniylar, yolgʻiz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, ogʻir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy koʻmak berish ezgu qadriyat ekanini taʼkidladi.

Yigʻilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Ajratiladigan mablagʻlar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bugun turli radikal va ekstremistik gʻoyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinayotgani, faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib boʻlmasligini taʼkidlagan edi.

Ayni damda Prezidentimiz jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari boʻlgan xotin-qizlarni buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan asrash, ularni ham maʼnan, ham moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida urgʻu berdi.

Bu jarayonda yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam koʻrsatish hamda kasb-hunarga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof roʻyxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida taʼkidladi. Masʼul idoralarga bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Fazoga sun’iy yo‘ldosh uchirish va birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Taʼkidlanganidek, bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan oʻlchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlardan biriga aylandi.

Mamlakatimizda kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa-da, qisqa vaqt ichida sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ravishda ishlamoqda.

Shu bilan birga, soʻnggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

– Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz “koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati oʻzgarayotganidan dalolat, – dedi Prezidentimiz.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etildi. Bundan maqsad mamlakatimiz suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega boʻlishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, boʻlajak sunʼiy yoʻldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldoshni yaratish loyihasi ham koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulugʻbek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

– Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy gʻururimiz ifodasi boʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish boʻyicha xalqaro hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻlangan boʻlishi zarurligi qayd etildi. Zero, bu yutuq mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo boʻlishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi doirasida olib borilishi mumkin boʻlgan tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini oʻrganish), oʻsimliklar genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilindi.

2028-yilda Samarqand shahrida kosmos boʻyicha xalqaro kongress oʻtkazish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Unda AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrish topshirildi.

Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev sunʼiy yoʻldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash boʻyicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

2026-yilga moʻljallangan islohotlar dasturlari va Davlat dasturi loyihalari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilganidek, mazkur loyihalar ilgʻor xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadli koʻrsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.

Islohotlar dasturlari va Davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida toʻxtalindi.

Islohotlar dasturlari davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.

Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish hamda ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish.

Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga oʻtilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga moʻljallangan ijro natijalari boʻyicha KPI belgilangan. Dasturlar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar boʻyicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar boʻlgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, 23-yanvar – 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari oʻtkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qoʻshimcha tashabbuslar bildirildi.

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, Davlat dasturi loyihasiga kiritildi.

Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar qoʻllab quvvatlandi.

Shuningdek, mahalla mablagʻlari sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yoʻllar, piyodalar va veloyoʻlaklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qatʼiylashtirish, energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yoʻlga qoʻyish kabi takliflar qiziqarli deb topildi.

Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qoʻshimcha takliflar olindi.

Xorijdagi vatandoshlar nodavlat maktablar faoliyatini rivojlantirish uchun aniq, barqaror va shaffof litsenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etish, amaliyot jarayonida oʻquvchilarni yoʻnaltiruvchi korxona mutaxassislari uchun ragʻbatlantirish va masʼuliyat tizimini tatbiq qilish, bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni boʻyicha xavf guruhlarini aniq belgilaydigan yagona raqamli skrining tizimini joriy etish, imtiyozli kreditlarni ajratishda “natijaga bogʻlangan imtiyoz” (performance-based subsidy) modelini, eksport qiluvchi korxonalar uchun esa “Export-as-a-service” modelini joriy qilish, yaʼni logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va toʻlov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish, advokatlar uchun elektron navbat olish jarayoni boʻyicha qoʻllanma va videoyoʻriqnomalar tayyorlash kabi takliflarni bildirgan.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion soʻm ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablagʻ jalb qilinishi koʻzda tutilgan.

Davlat dasturi ijrosi boʻyicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi.

Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan masʼullar har chorakda ijro holati yuzasidan Prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qatʼiy nazoratga olish uchun masʼul boʻladi.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi – yangi ish oʻrinlari ko‘payishi, daromadlar oʻsishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi.