Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Avstriya bilan koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Beate Maynl-Rayzinger va ichki ishlar federal vaziri Gerxard Karnerdan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga Avstriya Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Turli darajalardagi muloqotlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar oshdi. Qurilish materiallari, togʻ turizmi, sogʻliqni saqlash, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, bank-moliya va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari jadal amalga oshirilmoqda.

Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Ushbu tashrif doirasida qoʻshma biznes forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, mehnat migratsiyasi, diplomatik xizmat va soliqqa tortish sohalarida muhim bitimlar imzolandi.

Madaniyat va taʼlimda ham almashinuvlar kengayib bormoqda.

Oliy darajada tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik haqida soʻz yuritilar ekan, terrorizm, odam savdosi, narkotrafik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida muntazam axborot almashish zarurligi qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Harbiy taʼlim va armiyani raqamlashtirish yangi bosqichga olib chiqiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va armiyani raqamlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda dunyoda yuz berayotgan qurolli mojarolarda uchuvchisiz uchadigan apparatlar, robotlashgan tizimlar, radioelektron kurash vositalari va zamonaviy boshqaruv texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa nafaqat qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni yangilash, balki yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni ham taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Qoʻshinlarda dronlarni jangovar qoʻllash va ularga qarshi kurashuvchi yangi boʻlinmalar tashkil etilib, uchuvchisiz uchadigan apparatlar operatorlari, muhandislar va robototexnika mutaxassislarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Taqdimotda davlatimiz rahbariga mazkur mobil boʻlinmalar faoliyati hamda ushbu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash tizimi yuzasidan hisobot berildi.

Harbiy taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur sohani rivojlantirish, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega harbiy kadrlarni tayyorlash choralari koʻrildi. Natijada barcha oliy harbiy taʼlim muassasalariga institut maqomi berilib, yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratildi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Zamonaviy jangovar harakatlar, qoʻshinlardagi real ehtiyoj va ilgʻor oliy taʼlim muassasalari tajribasi asosida yangi malaka talablari, oʻquv reja va dasturlari joriy etilmoqda. Tayyorgarlik nazariya va amaliyotni uygʻunlashtirish tamoyili asosida tashkil etilib, boʻlajak ofitserlar oʻquv jarayonining oʻzida dolzarb vaziyatdan kelib chiqib xizmat oʻtashlari uchun zarur koʻnikmalarni egallashi koʻzda tutilgan.

Bakalavr darajasida harbiy kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modeli doirasida kursantlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt chuqur oʻrgatiladi.

Qoʻmondonlik-shtab ofitserlari uchun ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy qurolli toʻqnashuvlarni oʻrganish asosida ilk bor uch bosqichli yangi oʻqitish tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, serjantlar tarkibini tayyorlash koʻlami ham kengaytiriladi. Asosiy yangiliklardan biri – oliy harbiy taʼlim muassasalarida serjantlar uchun bakalavriatning oltita fuqarolik mutaxassisligi boʻyicha masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, aviatsiya va uchuvchisiz uchadigan apparatlar mutaxassislarini tayyorlash tizimi yanada takomillashtirilib, mazkur yoʻnalishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini oʻqitish va ularga yagona sertifikat berish tartibi joriy etiladi.

Taqdimotda armiyani raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida aloqa infratuzilmasi modernizatsiya qilindi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda, himoyalangan maʼlumot almashinuvi kanallari rivojlantirilmoqda.

Harbiy dasturchilar tomonidan qoʻshinlar faoliyatining turli yoʻnalishlari boʻyicha 50 ga yaqin axborot tizimlari ishlab chiqildi. Xususan, mudofaa ishlari organlarida “Chaqiruv” elektron axborot tizimi yaratilib, 19 ta vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilindi. Bu 39 turdagi maʼlumotnomani onlayn shaklda olish va ilk bor chaqiruv tadbirlarini toʻliq elektron shaklda oʻtkazish imkonini berdi.

Harbiy tibbiyot sohasida yagona tibbiy axborot tizimi va telemeditsina joriy etilib, Sogʻliqni saqlash vazirligining “D-MED” tizimi bilan integratsiya taʼminlandi.

Zamonaviy xavf va tahdidlardan kelib chiqib, Mudofaa vazirligida kibertahdidlarni oʻz vaqtida aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan Axborot xavfsizligi monitoring markazi tashkil etildi.

Taqdimotda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yanada rivojlantirish, robotlashgan va avtonom majmualardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sunʼiy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida uzluksiz va barqaror aloqani taʼminlash maqsadida Sunʼiy yoʻldosh aloqa markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Mudofaa sohasida yagona raqamli siyosatni yuritish maqsadida mudofaa vazirining raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Harbiy okruglarda esa qoʻmondonlarning raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Taqdimot yakunida Oliy Bosh Qoʻmondon bildirilgan takliflarni maʼqullab, armiyani yanada raqamlashtirish, qoʻshinlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.

Mutasaddilar oldiga mudofaa sohasini toʻliq raqamlashtirish, milliy sunʼiy intellekt modellarini yaratish va malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar qoʻyildi.

Posted on Leave a comment

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonining borishi koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha 2026-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni doirasida koʻp va ikki tomonlama muzokaralarda salmoqli natijalarga erishildi.

Xususan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning ikkita yigʻilishi oʻtkazildi. Ularda 200 dan ortiq savollarga javoblar, 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar JST aʼzolariga taqdim etildi.

Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borildi. 2025-yilning oʻzida 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlanib, bunday davlatlarning umumiy soni 33 taga yetdi.

JST aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotiga oʻtish bilan bogʻliq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy eʼtirof etilmoqda. Xususan, oʻtgan yilda 68 ta qonunchilik hujjati JST va xalqaro meʼyorlariga uygʻunlashtirildi.

Jumladan, JST qoidalariga uygʻunlashtirish doirasida intellektual mulkni roʻyxatga olish jarayonlari soddalashtirilib, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi va shaffof mexanizmga ega eksport bojlari joriy etildi, ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilingani taʼkidlandi.

Shuningdek, savdodagi texnik toʻsiqlar, sanitariya va fitosanitariya sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazishning byurokratik tartibi oʻrniga sertifikatlashtirish joriy etildi, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasiga oʻtkazildi va 14 ta oziq-ovqat texnik reglamenti bekor qilindi, 747 ta tovar pozitsiyasi boʻyicha majburiy sertifikatlashtirish talablari tugatildi va roʻyxat 27 foizga qisqartirildi.

Taqdimotda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi va savdoni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi yangi qonunlarni qabul qilish, sanitariya, veterinariya va karantin sohasiga xavfni tahlil qilish, kuzatuvchanlik hamda ilmiy asoslanganlik tartibotlarini joriy etish holati koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari joriy yilda Oʻzbekistonning JSTga toʻlaqonli aʼzoligini rasmiylashtirish boʻyicha kompleks ishlarni sifatli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga toʻliq muvofiqlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha ikki va koʻp tomonlama muzokaralarni yakunlash hamda aʼzolikni rasmiylashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Serbiya delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Serbiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Marko Jurichni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni 2025-yil oktabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi.

Hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar darajasidagi muloqotlar faollashgani, gumanitar almashinuv kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa koʻplab muhim tarmoqlarda keng koʻlamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida joriy yilda Belgrad shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.

Uyushgan mehnat migratsiyasi, madaniyat va taʼlim sohalaridagi sheriklik masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

Qurilishda byurokratiyani qisqartirish va nazorat samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar aholi uchun zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy obyektlar va qulay infratuzilma yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, qurilayotgan yangi uy-joylar xavfsiz, sifatli, ekologiya va shaharsozlik talablariga to‘liq javob berishi zarur.

Taqdimotda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish, ruxsat berish jarayonlarida byurokratiyani kamaytirish, qurilish obyektlari ustidan nazoratni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, hozirda qurilishni boshlash uchun ruxsat olishda jami 8 ta hujjat talab etiladi. Bu jarayon ayrim hollarda
3 oydan 12 oygacha cho‘zilmoqda. Shu bois 2 ta hujjatni talab qilishni bekor qilish, yana 2 ta hujjatni esa raqamli integratsiya hisobiga shakllantirish taklif etildi. Natijada ariza berish va ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt 7 barobar qisqaradi, buyurtmachilarning ortiqcha ovoragarchiligi kamayadi.

Yangi tartibga ko‘ra, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i berish jarayonlari yagona hujjatga birlashtiriladi. “ShaffofAI” tizimi orqali ushbu jarayon inson omilisiz, avtomatik tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida 30 ish kunigacha davom etadigan jarayon to‘liq avtomatlashtiriladi.

Loyiha-qidiruv, qurilish-pudrat va ekspertiza tashkilotlarini litsenziyalashda ham yangi tartib joriy etiladi. Bugungi kunda ariza berishda 3 tadan 30 tagacha hujjatni ilova qilish talab etilib, qaror qabul qilish 14 ish kunigacha cho‘zilmoqda. Taklif etilayotgan tizimda ma’lumotlar elektron bazalar orqali avtomatik tekshiriladi, hujjat ilova qilish talabi bekor qilinadi. Litsenziyani rasmiylashtirish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqaradi, qaror qabul qilish jarayoni 97 foizga tezlashadi.

Qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilish jarayoni ham soddalashtiriladi. O‘tgan yili bu borada berilgan 20 mingdan ortiq arizalar turli sabablar bilan rad etilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun buyurtmachilar 1 oydan 3 oygacha vaqt sarflamoqda.

Endi davlat obyektlarini foydalanishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar soni 3 tadan 1 taga qisqartiriladi. Texnik va mualliflik nazoratchilari xulosalari, muvofiqlik deklaratsiyasi va boshqa ma’lumotlar raqamli tizimlar orqali shakllantiriladi. Bu orqali obyektni qabul qilish muddati 2 oydan 15 kungacha qisqaradi.

Shu bilan birga, binoning mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan arxitekturaviy yoki rejaviy o‘zgarishlar sabab obyektni foydalanishga qabul qilishni rad etish amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday holatlarda zarur korrekturalar kiritilib, obyektni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.

Taqdimotda qurilish obyektlarini onlayn nazorat qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliyotda qurilish obyektlariga kuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish talabi mavjud emas. Shu bois birinchi bosqichda qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo va sanoat obyektlari, mehmonxona va turizm majmualariga kameralar o‘rnatish taklif etildi.

Bu orqali loyihadan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish holatlarini barvaqt aniqlash, qurilish maydonidagi ishchilar hisobini aniq yuritish, “konvert” usulida maosh to‘lash holatlarining oldini olish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va mehnat xavfsizligini ta’minlash imkoniyati kengayadi.

Qurilishda texnik va mualliflik nazorati samaradorligini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 2025-yilda texnik va mualliflik nazoratchilari obyektlarda 42 mingta kamchilikni qayd etgan bo‘lsa, inspektorlar keyinchalik yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlikni aniqlagan. Bu ayrim hollarda nazoratchilar faoliyati yetarlicha samarali tashkil etilmayotganini ko‘rsatadi.

Shu munosabat bilan “Shaffof qurilish” platformasida texnik va mualliflik nazoratchilarining reestri va reyting tizimini joriy etish taklif qilindi. Ularning faoliyati masofadan monitoring qilinadi, ish yurituv hujjatlari elektron shaklga o‘tkaziladi. Reyting ko‘rsatkichi past bo‘lgan nazoratchilar qayta o‘qitishga yuboriladi, yaxshi natija ko‘rsatganlarning sertifikat muddati uzaytiriladi.

Qurilish materiallari sifatini nazorat qilishda ham ta’sirchan mexanizmlar joriy etiladi. Obyektga kiritilgan har bir qurilish materiali nazorat.mc.uz platformasi orqali elektron ro‘yxatga olinadi, sifatni tasdiqlovchi hujjatlar majburiy ravishda tizimga yuklanadi. Sifatsiz materiallardan foydalangan quruvchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etildi.

Laboratoriya sinovlari bo‘yicha ham yangi yondashuvlar belgilanmoqda. Uzoq hududlardagi qurilish massivlarida sinovlarni o‘z vaqtida o‘tkazish uchun ko‘chma qurilish-sinov laboratoriyalarini tashkil etish taklif qilindi. Bu obyektlar qamrovini ikki barobar oshirish, sinov natijalarini tezkor aniqlash va standart talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Taqdimotda noqonuniy qurilishlarning oldini olish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. 1-aprel holatiga respublika bo‘yicha 3 ming 791 ta noqonuniy qurilish obyekti aniqlangan. Shundan 1 ming 933 tasi sanoat zonalari hududiga to‘g‘ri keladi. Ayrim obyektlarda yerga bo‘lgan huquq, loyihalashga ruxsatnoma, kengash yoki ekspertiza xulosalari mavjud emasligi aniqlangan.

Buning oldini olish uchun yerga oid huquq vujudga kelgan vaqtdan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslarga qurilish sohasidagi qonun talablari bo‘yicha elektron eslatmalar yuborish, “Onlayn mahalla” va “Shaffof qurilish” tizimlarini integratsiya qilish, qonunchilikdagi obyektlarni ruxsatnomasiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etildi.

Ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarishda nazoratni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Qonunchilikda ko‘p kvartirali uylardagi to‘siq konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzgan shaxslarga ma’muriy choralarni tezkor ko‘rish mexanizmi yetarli emas. 2023-yilda bunday holatlar 563 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 2 ming 484 taga yetgan.

Ayniqsa, ekspluatatsiya muddati 50-yildan oshgan uylarda o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilish xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mamlakatimizda bunday ko‘p kvartirali uylar
15 ming 270 tani tashkil etadi. Shu bois ularda toifani o‘zgartirish va rekonstruksiya qilishni cheklash, to‘siq konstruksiyalarni buzganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jarima qo‘llash vakolatini inspeksiyaga berish taklif etildi.

Kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi.

Toshkent, Namangan va Qarshi shaharlaridagi oliygohlarda Avstriyaning Vena va Italiyaning Sapiyensa universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, istiqbolli kadrlarni rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuborish va ularning yangi bilim-ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz sohadagi yangiliklar amaliyot bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, hududiy studiyalardagi sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning fikrlarini tingladi. Takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda soha korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni koʻpaytirish boʻyicha qator choralar koʻrildi. Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard soʻmni tashkil etib, oʻsish 25 foizdan oshdi. 2030-yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion soʻmga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil boʻlayotgan boʻlsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qoʻy va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, yaʼni 15 foizi qayta ishlanmoqda.

Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.

Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.

Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida koʻmaklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash taklif etildi.

Mayda shoxli mol terilarini yigʻish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yigʻish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini ragʻbatlantirish choralari koʻrib chiqildi.

Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga moʻljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qoʻshilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish oʻrinlari koʻpayadi.

Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qoʻshma loyihalarni koʻpaytirish rejalari koʻrib chiqildi.

Taqdimotda sunʼiy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtayi nazaridan sunʼiy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.

Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar oʻz-oʻzidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor boʻyicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, quvvatlardan toʻliq foydalanish, import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda soha korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni koʻpaytirish boʻyicha qator choralar koʻrildi. Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard soʻmni tashkil etib, oʻsish 25 foizdan oshdi. 2030-yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion soʻmga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil boʻlayotgan boʻlsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qoʻy va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, yaʼni 15 foizi qayta ishlanmoqda.

Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.

Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.

Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida koʻmaklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash taklif etildi.

Mayda shoxli mol terilarini yigʻish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yigʻish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini ragʻbatlantirish choralari koʻrib chiqildi.

Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga moʻljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qoʻshilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish oʻrinlari koʻpayadi.

Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qoʻshma loyihalarni koʻpaytirish rejalari koʻrib chiqildi.

Taqdimotda sunʼiy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtayi nazaridan sunʼiy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.

Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar oʻz-oʻzidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor boʻyicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, quvvatlardan toʻliq foydalanish, import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Raxmonkulov Saidakbarni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida

​​​​​​​O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini ilg‘or innovatsiyalar va zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, paxtachilik yo‘nalishida muhim tadqiqotlarni amalga oshirib, yangi navlarni yaratish, tuproq unumdorligini yaxshilash, mo‘l va sifatli hosil yetishtirish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 90-yilligi munosabati bilan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining g‘o‘za fiziologiyasi va biokimyosi laboratoriyasi mudiri Raxmonkulov Saidakbar «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Osiyo taraqqiyot bankining yillik yigʻilishi doirasida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yigʻilishining ochilish marosimida ishtirok etdi.

“Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning oʻzaro bogʻliq kelajagini ilgari surish” shiori ostida oʻtkazilayotgan forumda 100 dan ortiq mamlakatdan 4 mingdan ziyod ekspertlar, shuningdek, xorijiy hukumatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi banklar va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.

Kun tartibidan raqamli va “yashil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, ishlab chiqarish taʼminoti zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va boshqa masalalar oʻrin olgan.

Davlatimiz rahbari tadbirda nutq soʻzlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda oʻtkazilayotgani Oʻzbekistonga gʻurur va iftixor bagʻishlashini taʼkidladi.

Prezidentimiz buyuk tarix va yorqin kelajakni oʻzida mujassam etgan Yangi Oʻzbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib borayotganini qayd etdi.

Oʻzbekiston yetakchisi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalariga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra oʻsdi, milliy iqtisodiyot hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.

2020-yildan buyon Oʻzbekiston suveren kredit reytinglarida oʻz oʻrnini izchil oshirib bormoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Global beqarorlik sharoitida ham iqtisodiyotimiz birinchi chorak yakuni boʻyicha 8,7 foizli oʻsishga erishdi.

– Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratdik. Biz oʻtgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambagʻallik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik, – dedi Prezidentimiz.

Oʻzbekiston oxirgi oʻn yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy oʻzgarish qilgan beshta davlatdan biri boʻldi.

2030-yilga qadar barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambagʻallikka toʻliq barham berish maqsad qilingan.

Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining oʻrnini alohida eʼtirof etdi. OTB bilan amalga oshirilgan va joriy qoʻshma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.

Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda, Bank boshqaruvchilari hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga yaqin hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan murakkab oʻzgarishlar va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi haqida soʻz yuritar ekan, barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va taʼsirchan yondashuvlarni joriy etish zarurligini taʼkidladi.

Raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda Sunʼiy intellekt xabini yaratish boshlandi, hududlarda data markazlarni koʻpaytirish, super kompyuterlarni ishga tushirish va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda.

– Taʼlim, tibbiyot, suv xoʻjaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan yoʻnalishlarda ham ochiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt koʻlamini oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish taklif etildi. Oʻzbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qoʻshilishga tayyorligini maʼlum qilib, Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.

“Yashil” energetikani rivojlantirish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli quvvatlar ishga tushirildi, 2030-yilga borib esa generatsiyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishga koʻmaklashayotgani minnatdorlik bilan taʼkidlandi. Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu “energetik arteriya” loyihasini boshlashiga ishonch bildirildi.

Keyingi dolzarb vazifa – transport tizimlarining oʻzaro bogʻliqligini va logistika yoʻlaklari barqarorligini taʼminlash.

Xalqaro logistikadagi qiyinchiliklar “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurishning ahamiyatini oshirmoqda. Mazkur loyiha yuklarni yetkazib berish muddatini 10 kungacha qisqartirish va butun mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklif etildi.

Muhim minerallar zaxiralarini oʻzlashtirishda hamkorlik salohiyati alohida taʼkidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, Oʻzbekiston nafaqat foydali minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni maqsad qilgan.

Oʻzbekiston yetakchisi yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan loyihalarni ilgari surish uchun Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qoʻshilish muhimligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish muhim vazifa sifatida belgilandi. Orol dengizining qurigan tubida himoya oʻrmonzorlarini barpo etish boʻyicha milliy saʼy-harakatlarga qoʻshimcha ravishda “Markaziy Osiyo yashil belbogʻi” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif etildi.

Mintaqaviy hamkorlik doirasida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi. Loyiha mintaqadagi noyob madaniy, ziyorat, gastronomik, etnografik va boshqa obyektlarni sayyohlar uchun yagona makonga birlashtirishga qaratilgan.

Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslarni tizimli ilgari surish uchun OTBning loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha keng imkoniyatlarini, jumladan, xususiy kapitalni safarbar qilish orqali toʻliq ishga solish zarurligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar sharoitida Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlashdagi muhim oʻrni yanada oshayotganini taʼkidladi.

Yakunda Prezidentimiz Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonch bildirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishidagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishidagi nutqi

Hurmatli Masato Kanda Janoblari!

Hurmatli bank boshqaruvchilari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida ko‘rib turganimdan behad mamnunman. Bunday nufuzli anjumanning yurtimizda o‘tkazilayotgani bizga albatta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Bir necha ming yillik tarixga ega, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan diyorimiz qadimdan Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lovchi markaz bo‘lib kelgan. Bu yerda azaldan dunyo tamadduni, ilm-fan va savdo yo‘llari tutashgan.

Buyuk tarix va yorqin kelajakni o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib bormoqda. Ishonchim komilki, Samarqand anjumani ilg‘or fikr va yangi tashabbuslarni ilgari surishga, muhim qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Aziz mehmonlar!

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyoti mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda. Biz 2016-yildan buyon iqtisodiyotni erkinlashtirish, investorlar uchun jozibador muhit yaratish, global qo‘shilgan qiymat zanjirida faol qatnashish, hududlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini tubdan yangilash, aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha katta islohotlarni olib boryapmiz.

Tarixan qisqa vaqt ichida mehnatkash va bunyodkor xalqimiz bilan murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Birgina energetika sohasida 35 milliard dollarlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, 87 milliard kilovatt-soatga yetkazdik. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra o‘sdi, iqtisodiyotimiz hajmi esa 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetdi.

Bunday ijobiy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. 2020-yildan buyon O‘zbekiston suveren kredit reytinglarida  o‘z o‘rnini barqaror oshirib bormoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida bu yil yurtimiz 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi. Global beqarorlik sharoitida ham iqtisodiyotimiz birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7 foizli o‘sishga erishdi.

Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratdik. Biz o‘tgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambag‘allik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik. O‘zbekiston oxirgi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biri bo‘ldi.

Biz 2030-yilga qadar O‘zbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish niyatidamiz. Natijada daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganmiz.

Yaqin kunlarda 13 ta strategik yirik korxonalar aktivlarini o‘z ichiga olgan Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushini xalqaro fond bozoriga chiqaramiz. Aminmanki, bunday muhim qadam hamkorlarimizning yurtimiz investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qadrli do‘stlar!

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etamiz. Ishonchli strategik sherigimizga aylangan Bank bilan hozirgi kunga qadar qariyb 16 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatimizdagi qayta tiklanuvchi energetika, qishloqlarda uy-joy qurilishi va Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarida ilk kunlardan yelkadosh bo‘lganini yuksak qadrlaymiz.

Fursatdan foydalanib, bizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda janoblariga hamda Bank Boshqaruvchilariga shaxsan o‘zim va butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Shu bilan birga, yaqin hamkorlik uchun Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga, shuningdek, barcha xorijiy sheriklarimizga alohida tashakkur izhor etaman.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Biz Osiyo taraqqiyot banki bilan kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma barpo etish kabi muhim yo‘nalishlarda yaqin hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldik. Kuni kecha Bank bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturini imzoladik.

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, bugungi tahlikali zamonda jahon iqtisodiyotida murakkab o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, yangi texnologiyalar jadal kirib kelyapti. Barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan yondashuvlarni joriy etishni davrning o‘zi bizdan talab etmoqda.

Birinchidan, bugun raqamli texnologiya va sun’iy intellekt deyarli barcha sohalarni mutlaqo yangi formatga olib chiqmoqda.

Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040-yilga borib, sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga oshadi.

Biz axborot texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy kirishganmiz. O‘zbekistonda innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sun’iy intellekt xabini tashkil qilishni boshladik. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari ustida ishlayapmiz. Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va sun’iy intellekt laboratoriyalarini ko‘paytirish, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshiryapmiz.

Bu yo‘nalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSH, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Albatta, ta’lim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda ham ochiq sun’iy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda.

Buning uchun Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etamiz.

Shuningdek, Bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilishimizni ma’lum qilamiz hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari suramiz.

Ikkinchidan, raqamli texnologiya va sun’iy intellektning rivojlanishi, o‘z navbatida, energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirmoqda.

Xalqaro energetika agentligi tahlillariga ko‘ra, 2030 yilga borib, data markazlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi hozirgidan 2-3 karra oshadi. Bunday sharoitda investorlarga arzon, ishonchli va “yashil” energiya taklif qilgan davlatlargina global bozorda raqobatbardosh bo‘la oladi.

Biz bu borada dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirib, generatsiyada “yashil” energiya ulushini 30 foizga yetkazdik. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 54 foizga olib chiqishni reja qilganmiz.

Umuman olganda, mintaqamizning qayta tiklanadigan energiya generatsiyasi bo‘yicha juda katta salohiyati bor. Toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishda Osiyo taraqqiyot banki ko‘rsatayotgan yordamni minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz. Mintaqa davlatlari Bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu “energetik arteriya” loyihasini boshlashiga ishonamiz.

Uchinchidan, o‘zaro bog‘liq transport tizimi va logistika yo‘laklari barqarorligini ta’minlash eng dolzarb masalaga aylanmoqda.

Jahondagi ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlari o‘zgarishi hozirning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yuk tashish xarajatining 30 foizgacha oshishiga, yetkazib berish muddatlari esa bir necha hafta kechikishiga sabab bo‘lmoqda.

Xabaringiz bor, Sharq va G‘arbni bog‘laydigan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Ushbu yangi transport yo‘lagi hisobiga butun mintaqaning tranzit salohiyati sezilarli darajada oshadi. Mahsulotlarni yetkazib berish muddati 10 kungacha qisqaradi, yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratiladi.

Bu borada Bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etishni taklif etamiz. Buning natijasida bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, hujjatlar aylanishini raqamlashtirish, chegara orqali yuk tashishlarni yengillashtirish imkoniyati yaratiladi.

To‘rtinchidan, Bank ishtirokida xususiy sektor bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan manfaatdormiz.

Ayniqsa, hozirgi texnologiyalar asrida kritik minerallar uchun raqobat kun sayin avj olayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, 2040-yilga borib, sanoat uchun muhim minerallarga talab 6 barobar oshadi. Bu – yangi imkoniyat. O‘zbekiston mis, volfram, molibden, magniy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasiga ega. Biz bu salohiyatni ishga solish maqsadida koreyalik hamkorlarimiz bilan R&D markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz. AQSH, Xitoy, Turkiya kabi davlatlarning yirik kompaniyalari bilan qiymati 1,6 milliard dollarlik 70 dan ziyod loyihani boshlaganmiz.

Biz nafaqat foydali minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali iqtisodiyot rivojiga yangi turtki berishni maqsad qilganmiz. Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qo‘shilish va uning doirasida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni taklif etamiz. Bunda geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy qilish, qazib olish va qayta ishlash jarayonlariga ekologik standartlarni tatbiq etish, kritik minerallarni yetkazib berishning barqaror zanjirlarini yaratish muhim, deb hisoblaymiz.

Beshinchidan, iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish jarayonlari Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyoti uchun jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ekologik muammolar oqibatini yumshatish maqsadida besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekib kelyapmiz. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlarini yaratdik. O‘zbekistonda 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz.

Ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki ham 2030-yilgacha mo‘ljallangan iqlim sohasida Harakatlar rejasini samarali amalga oshirib kelmoqda. Bank ajratayotgan yillik mablag‘larning 50 foizdan kam bo‘lmagan qismini iqlim loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirmoqda.

O‘ylaymanki, bunday ezgu sa’y-harakatlarni Bank va mintaqa mamlakatlari bilan birgalikda ro‘yobga chiqarsak, natijasi yanada yuqori bo‘ladi. Shu bois, “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirishni taklif etamiz.

Oltinchidan, dunyodagi notinchlik tufayli millionlab turistlar xavfsiz yo‘nalishlarni qidirmoqda.

Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiyot kabi turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga ega. Bu sohaga alohida e’tibor qaratib, zarur infratuzilma, servis, viza va transport, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirdik. Buning hisobiga o‘n yil ichida O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 karra oshib, 12 million nafarga yetdi.

Yaqinda Toshkent shahrida ochilgan Markaziy Osiyoning ilm-fan va ma’naviy xazinasi sifatida e’tirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan buyuk alloma Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yurtimizning yangi durdonalariga aylandi. Bunday majmualar qo‘shni mamlakatlarda ham bunyod etilmoqda. Shu bois mintaqa davlatlarini birlashtiradigan turistik makon – “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari suramiz. Qo‘shni davlatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarimizni turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga chaqiramiz.

Yuqorida aytib o‘tilgan barcha taklif va tashabbuslarni biz Osiyo taraqqiyot banki bilan faqat suveren kreditlar doirasida emas, balki davlat-xususiy sheriklik, kafolat instrumentlari, aralash moliyalashtirish va xususiy kapitalni jalb etish orqali faol hamkorlikda amalga oshirishga tayyormiz. Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirishni taklif etamiz.

Hurmatli Bank boshqaruvchilari!

Hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan keskin o‘zgarishlar Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashdagi muhim o‘rnini yanada oshirmoqda. Bu borada biz Bank Prezidenti, xalqaro moliya va iqtisodiy munosabatlar sohasida katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan Masato Kanda janoblarining olib borayotgan samarali islohotlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Qadrli yig‘ilish ishtirokchilari!

Bugungi anjumanda dunyoning 100 dan ortiq davlati, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi banklar va kompaniyalarning nufuzli ekspertlaridan iborat 4 mingdan ziyod vakillar qatnashmoqda.

Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Yangi O‘zbekistonning go‘zal tabiati, tarixiy obidalari, yurtimizning zamonaviy arxitektura qiyofasi bilan yaqindan tanishishga taklif qilaman.

So‘zimning yakunida, sizlarga mustahkam sog‘liq, mas’uliyatli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.