Posted on Leave a comment

Muzokaralar natijalari kelishuvlar bilan mustahkamlandi



Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Umuman, tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan:

– Ekstraditsiya to‘g‘risida bitim;

– Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;

– Qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim;

– Viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;

– Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;

– Tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;

– Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida memorandum;

– din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;

– Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar



Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Iordaniya Podshohi davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelishga taklif qilgani hamda Iordaniya delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Diplomatik munosabatlar tarixidagi ilk oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi va uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyalari o‘xshashligi qayd etildi.

Yetakchilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Kimyo va to‘qimachilik sanoati, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.

Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekiston–Iordaniya biznes forumining o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Madaniy, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yanada faollashtirishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, umumiy ma’naviy merosni birgalikda o‘rganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar bag‘rikeng va ma’rifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar. Davlatimiz rahbari Podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10 yil oldin boshlangan «Aqaba jarayoni» tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn davlatimiz rahbarini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.

Muzokaralar konstruktiv, ochiq va ishonchli ruhda o‘tdi.

Posted on Leave a comment

Iordaniya Podshohi sanoat ko‘rgazmasi bilan tanishdi



Mamlakatimizga davlat tashrifi dasturi doirasida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Samarqand shahridagi Kongress markazida xorijiy bozorlar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan keng turdagi yuqori sifatli mahsulotlarn ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Oliy martabali mehmonga tog‘-kon, farmatsevtika, kimyo, to‘qimachilik, zargarlik sanoati, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari kabi sohalardagi texnologik bosqichlar, ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsiyalar va qo‘llanilayotgan eng ilg‘or uskunalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ekspozitsiyadan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor sanoat mahsulotlari namunalari: dori vositalari, tibbiy asbob-uskunalar, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, trikotaj va zargarlik buyumlari, hunarmandchilik mahsulotlari, IT yechimlari va boshqalar o‘rin olgan.

Iordaniya yetakchisi O‘zbekiston mahsulotlari va sanoat salohiyatini yuksak baholadi. Davlat rahbarlari yetakchi korxonalar kooperatsiyasini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va texnologiyalar transferini amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.

Posted on Leave a comment

Iordaniya Podshohini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Bugun, 26 avgust kuni Samarqand shahrida tashrifning asosiy tadbirlari Iordaniya rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi.

Kongress markazi binosi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.

O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiya a’zolarini qutladilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi daraxt ekdilar



O‘zbekiston-Iordaniya sammiti yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida eman ekdilar.

Marosim O‘zbekiston-Iordaniya munosabatlarida yangi davr boshlanayotgani hamda yetakchilarning xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga intilishi ramzi bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Iordaniyaning oliy nishoni – «An-Nahda» ordeni bilan mukofotlandi



Iordaniya Podshohining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning «An-Nahda» («Renessans») ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu mamlakatning oliy mukofotini davlatimiz rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi.

– Ushbu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilaman, – dedi Prezidentimiz.

Iordaniya Podshohining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va samarali muzokaralar natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Yetakchilar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Iordaniyaning jadal rivojlanishiga, mamlakatning tinchliksevar tashqi siyosatini amalga oshirishga, xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi va ta’siri yuksalishiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi.

Prezidentimiz ushbu yuksak mukofot O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi sifatida munosib o‘rin egallashini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynga mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Iordaniya xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Posted on Leave a comment

Oliy martabali mehmonga O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi namoyish etildi



Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Samarqand xalqaro turizm markazidagi «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik majmuasini borib ko‘rdi.

Oliy martabali mehmon xalqimizning boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni tomosha qildi. Raqs jamoalarining chiqishlari namoyish etildi.

Bu yerda xalqimizning buyuk o‘tmishi ramzlari to‘plangan, tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarining nusxalari barpo etilgan. Milliy an’analarimiz bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan.

Bunday ma’no-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston-Iordaniya sammitining asosiy tadbirlari, shu jumladan oliy darajadagi muzokaralar ertaga, 26-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Posted on Leave a comment

Iordaniya Podshohi Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishdi



Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi.

Davlat rahbarlari avval Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurdilar.

Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos va boshqa arboblarning maqbaralaridan tashkil topgan. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyati shundaki, u me’morchilik va bezak san’atining bir necha asr davomidagi taraqqiyotini aks ettiradi. Shohi Zinda 2001-yilda YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Rasman Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qizi Fotima va kuyovi Ali ibn Abu Tolibning avlodlari hisoblangan Hoshimiylar sulolasi vakili bo‘lgan Iordaniya Podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida Iordaniya delegatsiyasiga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi. Sohibqiron hayoti va faoliyati, uning davlati o‘z davrining eng ulkan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasini ham ziyorat qildilar. Asrlar davomida bu obidalar ilm-fan markazi bo‘lgan, yuzlab olim va tadqiqotchilarni yetishtirgan. O‘zining mukammal joylashuvi va uyg‘unligi  tufayli Registon haqli ravishda Samarqandning «tashrif qog‘ozi» hisoblanadi.

Tanishuv chog‘ida oliy martabali mehmonga ushbu inshootlarning bunyod etilish tarixi va naqshlarining o‘ziga xos jihatlari, maydonda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida ma’lumot berildi.

Posted on Leave a comment

Iordaniya Podshohi Samarqand shahriga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25-avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Podshohini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Milliy kuy-qo‘shiq va raqslardan iborat tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga rejalashtirilgan. Bugun davlat rahbarlari birgalikda qadimiy Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qiladilar.

Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy merosiga munosib majmua



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Ezgu an’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Buyuk muhaddis bobomizga butun islom olamida ehtirom baland, uning maqbarasini ko‘rish istagidagi insonlar ko‘p. Shu bois ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda ulkan majmua barpo etilmoqda.

Ziyoratgohning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan. 

Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitilmoqda.

Prezidentimiz bu majmua faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi va kamoloti bu yerga keluvchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi qayd etildi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.

Davlatimiz rahbari qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, majmua atrofida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.