Posted on Leave a comment

Hisorakda yana bir kichik GES qurildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv ombori yaqinida barpo etilgan Hisorak kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi.

Hisorak suv ombori 1987-yilda qurilgan bo‘lib, 2004-yilda kapital rekonstruksiya qilingan. Hududda 2011-yilda ishga tushirilgan quvvati 45 MVt bo‘lgan asosiy Hisorak GES ham mavjud bo‘lib, yiliga 80 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa o‘rtacha hisobda 33 ming xonadonning yillik elektr energiyasi ehtiyojini qoplaydi.

Mamlakatimizda ekologik toza, arzon va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish hamda mavjud quvvatlarni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kichik va mikro GESlar barpo etilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Shahrisabz tumanida energetik quvvati 3,5 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 17,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Hisorak kichik GESi shular jumlasidan. Uning qurilishi to‘liq mahalliylashtirish doirasida amalga oshirildi. Loyihaning qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. GES faoliyati natijasida yiliga o‘rtacha 5 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu yerda ishlab chiqariladigan elektr energiya 7 ming 300 ta xonadonga yetadi.

Davlatimiz rahbariga daryo suvidan energiya olish bo‘yicha kelgusi rejalar haqida axborot berildi.

Eng muhim loyihalardan biri — kelgusi ikki yil ichida umumiy quvvati 12 MVt bo‘lgan 416 ta kinetik turbinali mikro GES qurish rejasidir. Bu mikro GESlar ariq va kanallardagi suv oqimidan samarali energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.

Hozirda viloyatda umumiy quvvati 49 MVt bo‘lgan 3 ta GES faoliyat yuritmoqda. Istiqboldagi loyihalar tufayli bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.  Gidroenergetika orqali viloyatda aholi elektr energiyasi iste’molining 15 foizini qoplash maqsad qilingan.

Mamlakatimizda so‘nggi sakkiz yil ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 81,5 milliard kVt/soatga yetdi. Joriy yilda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 24,7 MVt bo‘lgan 5 ta yangi kichik GES foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Miraki xalqaro turizm markazi mehmonlarni chorlaydi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yon bag‘ridagi sayyohlik salohiyati bilan tanishdi.

Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Qashqadaryoda ham bu borada imkoniyatlar ko‘p.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi qarori asosida Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm majmualari barpo etilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Umumiy 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Buning natijasida esa 1 ming 700 ta doimiy ish o‘rni ochiladi.

Bugun Mirakidagi o‘zgarishlar mazkur qaror va turizm bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasi.

Ilgari bu so‘lim joylardan har kim o‘z bilganicha foydalanar edi. Soy bo‘ylari betartib, oromgohlarda infratuzilma yetishmasdi. Bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – “Miraki” xalqaro turizm markaziga aylandi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik “eko yo‘lak” tashkil etilgan. Bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari mahalla ko‘rkini oshirgan.

“Miraki and spa resort” dam olish hududi turizm markazining zamonaviy qismi. Bu yerda ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar majmua barpo qilingan. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi mehmonxonalar, 300 o‘rinli oilaviy xostel ochilgan. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatilishini anglatadi.

Davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Sayyohlik bo‘yicha istiqboldagi muhim loyihalar haqida ma’lumot berildi.

– Shahrisabzning ustun tarafi – yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Mirakiga eltuvchi va mahalla ichidagi yo‘llar mukammal ta’mirlangan. Elektr ta’minoti yaxshilangan. Sayyohlarni qiziqtirish uchun Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda restoran ham barpo etilgan.

Bunday keng qulayliklar Qashqadaryoga keluvchi sayyohlar sonini oshirmoqda. O‘tgan yili viloyatga ikki yarim million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shundan besh yuz ming nafarga yaqini aynan Shahrisabz tumaniga kelgan. Hududdagi bu o‘zgarishlardan keyin keltirilgan raqam bir necha barobar o‘sishi tabiiy.

Posted on Leave a comment

Prezident qashqadaryolik faollar bilan muloqot qildi



Davlatimiz rahbari Qarshi shahridan Shahrisabzga ketayotib, poyezdda qashqadaryolik faollar bilan samimiy muloqotda bo‘ldi.

Suhbatda shahar-u qishloqlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti, bugungi tinchlik qadri haqida so‘z bordi.

“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya davlatimizning faoliyat dasturiga aylangan. Shu asosida aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, daromadi va farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Hududlar imkoniyatini to‘liq ishga solish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar natijasida yurtimizning o‘zida munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar daromadli kasblarga o‘qitilyapti.

Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar samarasida sanoat jadal rivojlanmoqda, ilg‘or texnologiyali korxonalarda qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, turizm, transport, energetika sohalarida ulkan loyihalar ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz iqtisodiyot rivoji, aholi kayfiyatida yo‘llarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Oxirgi 2-yilda yurtimizda 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlangan. Bu yil Qashqadaryoda jami 100 kilometr magistral yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni tezlashtirish, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Nuroniylar bu o‘zgarishlarni xalqimiz o‘z hayotida sezayotgani,  islohotlarga yuqori baho berayotganini aytishdi. Xotin-qizlar vakili barcha sohalarda ayollarga keng imkoniyatlar berilgani, natijada ular o‘z oilasi va mehnat jamoalarida qadr topib, hayotidan rozi bo‘lib yashayotganini so‘zlab berdi.

Posted on Leave a comment

Qarshidagi korxona global yetkazib berish zanjiridan o‘rin olgan



Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar soha va tarmoqlarda o‘z natijalarini bermoqda. Butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri. Qiymati 10 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha elektr texnikasi yo‘nalishida global yetkazib berish zanjirida o‘rin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yo‘naltirilmoqda. O‘tgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

– Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yo‘l topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab bo‘ladi. Faqat sifat bo‘yicha va nomenklatura bo‘yicha o‘sish, raqobatbardosh bo‘lish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim vazifa – mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Posted on Leave a comment

Prezident eksportchi korxona faoliyati bilan tanishdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanidagi “Batu Eksport” korxonasini borib ko‘rdi.

15 million dollarlik investitsiya hisobidan tashkil etilgan mazkur zamonaviy loyiha doirasida yiliga 5 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlanadi. Toshkent viloyatidan tashqari Samarqand va Farg‘onadan ham mahsulotlar keltiriladi.

Korxonaga Yaponiya, Germaniya, Belgiya, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Bu mahsulot sifati va raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada 180 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan, ular o‘rtacha 7 million so‘mgacha oylik maosh olyapti.

Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan suhbatlashdi.

– Meva-sabzavotchilikda Parkentning imkoniyatlari katta. Texnologiya olib kelib, jahon bozoriga sarxil va qurutilgan mevalarni eksport qilish salohiyatimiz bor. Birgina Yaponiyani olsak, O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish yuqori. Faqat mevalarni yaxshi parvarishlab, sifatli yetkazib berish zarur. Bunday korxonalarni rivojlantirsak, shu tarmoqning o‘zidan bir necha milliard dollar daromad olish mumkin, – dedi Prezident.

Shu yerda Toshkent viloyatining eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. O‘tgan yili viloyatdan 130 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Lekin hudud tabiati va salohiyatiga nisbatan bu kam.

Sohada eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 7 turdagi moliyaviy yordam va 3 xil soliq imtiyozlari hamda preferensiyalar joriy etilgan. Toshkent viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlovchi 175 ta korxona bo‘lib, qayta ishlash darajasi yil sayin ortmoqda. Joriy yilda eksport ko‘rsatkichini jadal oshirish rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Parkentning turizm salohiyati yanada oshadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrif davomida “Oltin bel” cho‘qqisidagi dam olish maskani va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Xushmanzara tog‘ bag‘ridagi 3 gektar joyda qurilgan ushbu mehmonxonalar ixchamligi va hamyonbopligi bilan ajralib turadi. Hozirda jami 188 o‘rinli 2 ta mehmonxona, kapsula shaklidagi uylar, restoran va xo‘jalik binolari barpo etilgan. Keyingi bosqichda yana 20 ta shunday uy qurilishi mo‘ljallangan.

Shavkat Mirziyoyev mehmonxonada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Umuman, hududda turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati 1 milliard 800 million dollar bo‘lgan 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 3 ming 300 ta ish o‘rni yaratiladi va 1 million nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi.

Parkentning qorli tog‘lari yana bir ulkan loyihani amalga oshirish imkonini bermoqda. Bu yerda Avstriya kompaniyasi tomonidan 1 ming 200 gektarda tog‘-chang‘i kurorti qurish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha haqida axborot berildi. Uning doirasida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, chang‘i uchish va osma dor yo‘li, shalelar, piknik maydoni, restoranlar, sog‘lomlashtirish xizmatlari tashkil etiladi.

Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va to‘liq quvvatda kuniga 15 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. 600 ga yaqin servis majmualari tashkil etiladi. Mavsumiy xizmatlar bilan birga 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Umuman, bu maskan, Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” kurorti kabi, Toshkent viloyatining yirik turizm manzillaridan biriga aylanadi.

Mutaxassislar bilan muloqotda loyihani takomillashtirish,  xizmatlar qamrovini kengaytirish va qurilishni tezlashtirish tadbirlari yuzasidan fiikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Parkent bog‘laridan dunyo bozorlariga



Prezidentimiz Parkent tumanidagi intensiv bog‘da sarxil mevalar hosilini ko‘zdan kechirdi.

“Meridian Tempo” korxonasiga qarashli ushbu 54 gektar bog‘da gilos, olma, nok va malinaning eksportbop navlari ekilgan. Ko‘chatlar Fransiya va Ispaniyadan keltirilgan. Daraxtlar o‘zini o‘zi changlatish xususiyatiga ega. Bu hosildorlik yuqori bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.

Zamonaviy agrotexnologik tizimlar orqali bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Avval suv maxsus havzada to‘planadi va tabiiy nishablik orqali sug‘oriladi. Bunga energiya sarflanmay, natijada xarajat va mahsulot tannarxi kamayadi. Shuningdek, bog‘da quyosh panellari o‘rnatilgan.

Pishib yetilgan mevalar eksportga yo‘naltirilmoqda. Bu yil 256 tonna gilos, 500 tonna olma, 480 tonna nok, 30 tonna malina yetishtirishi mo‘ljallangan. Eng muhimi, bundan keladigan daromad boshqa an’anaviy o‘simliklarga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu usulni ommalashtirish, mevalarni parvarishlash va qadoqlash bo‘yicha chet el tajribasini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Parkentgacha qurilayotgan temir yo‘l tuman rivojini jadal oshiradi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlarning iqtisodiy rivoji va yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida 18-iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurdi. Dastlabki manzil “Parkentsoy” turar joy massivi bo‘ldi.

Hududlarni “o‘sish nuqtalari”ga tayanib rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Bunday o‘zgarishlar Parkent tumanida ham namoyon.

Tuman markazidan oqib o‘tuvchi Parkentsoy qirg‘og‘ida qurilayotgan ushbu massivni ekoshahar deyish mumkin. Uning umumiy maydoni olti gektar bo‘lib, jami 5 ming 200 xonadonli 125 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Ular barcha zamonaviy kommunal tarmoqlar, energiya tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geokollektorlar o‘rnatilib, suv isitishda foydalaniladi.

Aholi nisbatan zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uylarning shinamligi, tannarxi xalqimizga mos. Bu ayrim mahallalarda bir hovlida qisilishib yashayotgan oilalar uchun ayni muddao bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari mazkur yangi xonadonlardagi sharoitlarni kirib ko‘rdi.

Bu yerda, shuningdek, ikkita maktab, sakkizta bog‘cha, bolalar maydonchalari, 10 gektarlik park, sun’iy ko‘l, sayilgoh va veloyo‘laklar barpo qilinadi. 17 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi.

Massiv nafaqat obod turmush uchun, balki tadbirkorlik uchun ham sharoit yaratadi. Bu yerda 58 ta noturar bino qad rostlaydi. Ularda savdo va xizmat korxonalari joylashib, 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda tumanni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu boradagi muhim loyiha – “Baytqo‘rg‘on – Parkent” elektrlashtirilgan temir yo‘li. Hozirda uning qurilishi jadal ketmoqda. Qariyb 24 kilometrlik bu yo‘l foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtimizga borish uchun katta qulaylik yaratiladi,   tumanning xushmanzara go‘shalariga sayohatga kelish osonlashadi. Unda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi hisob-kitob qilingan. Umuman, buning natijasida qatnov va tadbirkorlik faollashib, Parkent iqtisodiyotining sur’ati jadal oshadi.

Parkentsoyni tartibga keltirish, qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Birinchi bosqichda soyning 4 kilometr qismi to‘liq betonlashtirildi. Bu yangi bunyodkorliklarga yo‘l ochdi. Xususan, soy bo‘ylab qariyb besh kilometrlik yangi yo‘l qurildi. U hozir tuman markazidan o‘tgan asosiy ko‘chaga yondosh bo‘lib, bir kecha-kunduzda 10 ming avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega. Bu transportlar  yuklamasining bir qismini o‘ziga olib, markazda tirbandlikni kamaytiradi. Shuningdek, piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik barpo etilgan.

Endi, ikkinchi bosqichda Kumushkongacha bo‘lgan o‘zanlar tartibga keltirilib, ochiladigan 100 gektar yerda turizm obyektlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz shu yerda parkentlik faollar bilan suhbatlashdi.

– Bizning eng katta boyligimiz yurtimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi. Tinchlik barqaror bo‘lsa, mana shunday bunyodkorlik bo‘ladi, rejalar amalga oshadi. Davlat tashkilotlarini safarbar qilib, imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, hamma hududlarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz. Parkentga ham istiqlol shabadasi, islohotlar natijasi yetib kelganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Xalqimiz mana shunday farovon sharoitda yashashga munosib, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniylar tuman rivoji uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, aholi hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, mehnatidan baxt topayotgan insonlar haqida so‘zladi.

Posted on Leave a comment

Yangilangan aeroportda eng zamonaviy qulayliklar bo‘ladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatning barqaror rivojlanishi va uning xalqaro jozibadorligi oshishi bilan tashqi iqtisodiy aloqalar faollashib, investitsiyalar oqimi ko‘paymoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonda transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini modernizatsiya qilishga o‘sishning asosiy omili sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shunday strategik loyihalardan biri «Toshkent-Sharqiy» aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni ta’minlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga mo‘ljallangan.

Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda.Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.

Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatining turizm sohasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi faollashadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.

Davlatimiz rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ostonaga tashrifini yakunladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Davlatimiz rahbari Ostona shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazib, ikki tomonlama, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildi.

O‘zbekiston yetakchisi «Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida ishtirok etdi Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.