

info@ccrp.uz


2024 йил 27 декабрь куни соат 16:30да, “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” МЧЖ Раҳбарияти томонидан кириб келаётган Янги – 2025 йил муносабати билан Жамият ходимларини табриклаш тадбири ўтказилди.
Раҳбарият томонидан ушбу тадбирда йил якунлари тўғрисида маълумот берилиб, Жамият ходимлари кириб келаётган Янги – 2025 йил билан самимий қутланди. Шунингдек, Жамият ходимлари фарзандларига Янги йил совғалари улашилди.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalo, siz, azizlarni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi magistral temir yo‘li qurilishi boshlanishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bundan yarim yil oldin mazkur strategik transmintaqaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha birinchi to‘laqonli bitim imzolangan edi. O‘tgan qisqa davrda texnik hujjatlarni tayyorlash ishlari yakunlandi. Bugun esa biz bevosita qurilish ishlariga start bermoqdamiz.
Bu do‘st mamlakatlarimiz salkam 30-yil davomida intilib kelgan tom ma’nodagi tarixiy voqeadir.
Sizlarning ishtirokingizda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi transport arteriyasi yaratilmoqda. U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa yer usti yo‘li orqali bog‘laydi, davlatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat – ushbu loyiha hamkorlikda barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida ko‘plab mamlakatlarni birlashtirib kelayotgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi ezgu maqsadlarga to‘liq mos keladi.
Shu munosabat bilan hurmatli hamkasblarim – Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov janoblariga loyihani ilgari surish borasidagi shaxsiy hissalari va faol sa’y-harakatlari uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etaman.
Hurmatli marosim ishtirokchilari!
Yangi temir yo‘l qurilishi mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va bepoyon mintaqamiz uchun katta samara berishini alohida qayd etishni istardim.
Infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilg‘or muhandislik, innovatsiya va raqamli yechimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutadi.
Koshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik, 25 ta tonnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu magistral yo‘lning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Quyidagi muhim raqamlarga ham e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Ushbu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Kelgusida ushbu temir yo‘l liniyasi Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.
Bundan, hech shubhasiz, barcha mamlakatlar iqtisodiy foyda ko‘radi. Yuzlab yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi.
Albatta, mazkur loyiha Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishiga, madaniy-gumanitar almashuvlar rivojiga, xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi.
Qadrli do‘stlar!
O‘zbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni to‘liq ishga solgan holda, bugun boshlanayotgan qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli ushbu temir yo‘l tarmog‘i bizning mustahkam do‘stligimiz, sheriklik va taraqqiyotimizning yana bir yorqin timsoliga aylanadi.
Fursatdan foydalanib, ushbu strategik loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan barcha quruvchi va muhandislarni, ishchi va mutaxassislarni kirib kelayotgan yangi – 2025-yil bilan chin dildan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, katta yutuq va omadlar tilayman.
Bugun sizlarning bunyodkor sa’y-harakatlaringiz bilan boshlanayotgan ulkan loyiha mamlakatlarimiz va mintaqamizning umumiy kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qilsin!
E’tiboringiz uchun rahmat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.
Bugun davlatimiz rahbari Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Kecha, 25-dekabr kuni O‘zbekiston yetakchisi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari amaliy tashrifini yakunlab, «Pulkovo» xalqaro aeroportidan Toshkentga jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga Oqtou shahri yaqinida yo‘lovchi samolyoti halokati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisi orqali halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yo‘lladi, jabrlanganlarning barchasi tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Uchrashuvda 2024-yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va ko‘p tomonlama hamkorlikning kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi.
Mintaqa ichida savdo va kooperatsiyani, eng avvalo, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni yanada bartaraf etish orqali kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Ko‘p qirrali sheriklikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Muhandislik maktablarini tashkil etish, internet texnologiyalari, katta ma’lumotlar industriyasi, kreativ iqtisodiyot, «yashil» energetika va tinch atom sohasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish shular jumlasidan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, hududiy yaxlitligini tiklash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy rolini alohida ta’kidladi.
Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Joriy Ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish yilida birgalikda qilingan ishlar samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur’atda o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari faol bosqichda. Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan MDH va YEOII sammitlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi.
Mamlakatimiz yetakchisi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.
Sammitlar kun tartibidan mazkur ko‘p tomonlama birlashmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Birgalikda qilingan ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilinadi va kelgusi yilgi amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi.
«Pulkovo» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
So‘ng davlatimiz rahbari gubernator hamrohligida Isaakiy maydonida piyoda sayr qildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi 25-26-dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi hamda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu yil Qoraqalpog‘iston uchun barakali keldi, deyish mumkin. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi. Qoraqalpog‘istonni Xorazm bilan bog‘laydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi ochildi. Bu orqali yuk va yo‘lovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqardi.
323 million dollar hisobiga yangitdan qurilgan “Qo‘ng‘irot-Beynov” avtomobil yo‘lining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shuning o‘zi tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga oshishiga zamin yaratadi. Yaqinda 196 kilometrli “Miskin – Nukus” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari ham boshlanadi.
Hududda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan.
O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bu yil Nukusda o‘tkazilib, hududning salohiyati ko‘rsatib berildi. Chet ellik investor va mutaxassislar ham u yerda daromad topish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘lganini aytayapti.
Masalan, mavjud iqtisodiy salohiyat kompleks tahlil qilinib, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmatlar sohasida 2,5 milliard dollarlik imkoniyatlar aniqlangan.
Hozir 87 ming gektar paxtadan o‘rtacha 28 sentner hosil olinayapti, 10 ta tumanda rentabellik past. Ekspertlar bunday kam hosilli paxta maydonlarini qisqartirib, o‘rniga chorva ozuqasi va kunjut ekishni tavsiya qilmoqda. Ozuqabop ekinlar hisobiga 6,5 trillion so‘mlik go‘sht va sut yetishtirish, kunjutdan eksportni 500 million dollarga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu orqali ancha suv ham iqtisod bo‘ladi.
Shuningdek, Mo‘ynoqning o‘zida kamida 1 milliard dollarlik turizm loyihalari uchun salohiyat bor. Yaxlit majmualarni ishga tushirib, 1 million sayyohga xizmat ko‘rsatish va 5 ming aholini daromadli qilish mumkin.
Etno va ekoturizm bo‘yicha ham imkoniyatlar to‘la ishga solinmay turibdi. Savitskiy muzeyi, “Chilpiq” yodgorligi, Ayoz qal’a, Tuproq qal’a kabi 200 dan ziyod diqqatga sazovor joylar, 10 dan ortiq xalq o‘yinlari bor. Bu ham 3 million turistni jalb etib, bir necha kun aylantirish uchun dastur.
Shunday imkoniyatlari bo‘lgan respublikaning mutasaddilari, tuman hokimlari vazifasiga shaxsiy mas’uliyatini oshirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarga hudud salohiyatini ko‘rsatib, loyiha taklif qilish, biznesga ko‘makchi bo‘lish kerak. Ana shunda, yangi-yangi ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va eksport bo‘ladi, odamlarning daromadi ko‘payadi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Davlatimiz rahbari ularning tarkibiga e’tibor qaratdi. Xususan, kelasi yil uchun reja qilingan 3,1 milliard dollar investitsiyaning bor-yo‘g‘i 500 million dollari hududiy loyihalarga to‘g‘ri keladi.
Shu bois tumanlardagi hamma imkoniyatlarni safarbar qilib, bu nisbatni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120 ta korxona ishga tushiriladi. Eksport miqdori 500 million dollarga yetkaziladi.
85 ta yirik korxona to‘liq quvvatga olib chiqiladi. Shuningdek, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Natijada ishsizlik darajasi 5,4 foizga tushadi. 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambag‘allikni 7,6 foizga kamaytirish choralari ko‘riladi.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi qurilayapti. Jami 9,3 gigavattli shunday stansiyalar qurish bo‘yicha loyihalar boshlanayapti. Bu – yiliga 33 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, degani. Tabiiy gaz bo‘yicha ham qulaylik ko‘p.
Shuning uchun metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi ko‘p energiya talab qiladigan yirik loyihalarni Qoraqalpog‘istonda joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligida ham samaradorlikni oshirish zarur. Sug‘oriladigan yerlarda jami 3 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor barpo qilinadi. 31 ming gektarda kunjut, 22 ming gektarda mosh ekib, eksportga yo‘naltiriladi. 30 ming gektarda qizilmiya ekish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Bular Qoraqalpog‘istondagi imkoniyatlarning ayrimlari, xolos. Ularni samarali ishga solish hududning jadal taraqqiyotini ta’minlaydi.
Shu bois Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalishni – qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Mazkur tuzilma har bir tumanning o‘sish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni ko‘paytirishga yordam beradi. Xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar tayyorlab, hokimlarga yetkazadi. Yangi turizm yo‘nalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Mutasaddilarga investitsiya loyihalarining borishi, bandlik va eksport rejalari ta’minlanishini alohida nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilib, har bir tumanning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.