Posted on Leave a comment

Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yanada kengaytiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashini hamda bandligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yil 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish hamda yoshlarni jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida bugun muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga oʻrgatish va sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga oʻqishga kirib, masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shu bilan birga, namunali xizmat oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi oʻrinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik oʻquv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qoʻshib beriladi.

Yigʻilishda harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish, bu borada ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi.

Xususan, joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining gʻolibi boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻzaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan ragʻbatlantiriladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Yangi chora-tadbirlar yurtimiz taraqqiyoti uchun yuqori bilim, malaka va intellektual salohiyatli hamda vatanparvar kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Yigʻilishda, shuningdek, mudofaa vaziri mamlakatimiz harbiy xavfsizligini kuchaytirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosining borishi toʻgʻrisida axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. Xususan, oʻtgan yili qariyb 30 trillion soʻmlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion soʻmdan ortiq tushum taʼminlandi. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham izchil oshib, 6 trillion soʻmlik natijaga erishildi.

Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion soʻm, mahallalarda esa 7 milliard soʻm mablagʻ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion soʻm dividend toʻladi. Umuman, soʻnggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaydi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eng avvalo, xususiylashtirish jarayonlarida ish oʻrinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi boʻyicha talablarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻtgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi.

Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida zamonaviy raqamli vositalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi. Moliyaviy holati ogʻirlashgan 451 ta korxona 2024-yilda 14 trillion soʻm, oʻtgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion soʻm zarar koʻrgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Xususiylashtirishda tahliliy yondashuv yetarlicha qoʻllanilmayotgani qayd etildi. Bundan buyon mazkur jarayon tarmoq yondashuvi asosida tashkil etilib, har bir soha alohida tahlil qilinishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanishi, raqobat muhiti oʻrganilishi hamda takliflar shu asosda ishlab chiqilishi belgilandi.

Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, boʻsh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish boʻyicha mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat koʻchmas mulki obyektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga oʻtkazish, bir xodimga toʻgʻri keladigan oʻrtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, boʻsh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.

Yigʻilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga toʻliq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2022-2025-yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani taʼkidlandi.

Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun “E-auksion”, “Yerelektron”, Oʻzbekkosmos agentligi, “Shaffof qurilish” va “UzKAD” kabi axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endilikda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sunʼiy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Soliq maʼmurchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga byudjetga tushumlar iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham mazkur natijalarga soliq maʼmurchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini eʼtirof etmoqda. Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion soʻmga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Yigʻilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz raqamli tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qoʻshimcha 30 trillion soʻm tushumni taʼminlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga taʼminlanishi mumkin.

Bozorlar va savdo majmualarida nazorat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yoʻnalishdagi imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo subyekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortigʻi tovar aylanmasini oyiga 1 million soʻmdan kam koʻrsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi boʻyicha ijara shartnomalari hisobga qoʻyilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming soʻmdan kam soliq toʻlagan.

Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini toʻliq raqamlashtirish hisobiga qoʻshimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni oʻzaro integratsiya qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda strategik boʻlmagan yirik soliq toʻlovchilarga hududlarda xizmat koʻrsatish masalasi haqida ham soʻz bordi.

Xususan, 209 mingta QQS toʻlovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat koʻrsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik boʻlmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga oʻtkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq toʻlovchilarga joyida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq maʼmurchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq toʻlash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvaragʻiga oʻtish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq toʻlovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard soʻm jarima qoʻllanilgani, soliqlarni toʻlashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yoʻl qoʻyilgani aytildi.

Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha toʻlov va penya qoʻllash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trillion soʻm mablagʻni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni koʻrib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.

Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qoʻnimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy ragʻbatlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan boʻlsa, oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 700 nafari qayta oʻqitilgan.

Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz taʼlimni yoʻlga qoʻyish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish boʻyicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari soliq maʼmurchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sunʼiy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Soliq tizimi faoliyatini “tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston geologiya sohasi xodimlariga

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni – ko‘pmillatli geologlar, muhandis va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilar jamoasini qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning murakkab tabiiy sharoitlarda fidokorona mehnat qilib, yangi-yangi konlar, mineral xomashyo manbalarini topish, ularni mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida ishlatish borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Ana shunday sa’y-harakatlaringiz tufayli yurtimizda umumiy bahosi taxminan 3 trillion dollarga teng 2 ming 500 dan ortiq kon va 3 mingdan ziyod istiqbolli maydonlar aniqlangani O‘zbekiston ulkan qazilma boyliklar xomashyo bazasiga ega ekanidan dalolat beradi.

Keyingi yillarda ana shu zaxiralarni o‘zlashtirish va shu asosda iqtisodiyotimiz rivojiga qudratli turtki berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, sohaga xalqaro standartlar joriy etilib, investitsiyaviy jozibadorlik oshirilmoqda, oltin, kumush, mis, uran, uglevodorod konlari va maydonlari xorijiy sarmoyadorlar uchun ham taqdim etilmoqda, soliq stavkalari pasaytirilmoqda. Shu bois dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar mamlakatimizga faol investitsiya kiritmoqda. Hozirgi vaqtda ular bilan hamkorlikda umumiy qiymati 30 milliard 700 million dollar bo‘lgan 90 ta loyiha amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir.

Bugungi kunga qadar 1 ming 458 ta foydali qazilma obyekti onlayn auksion orqali sotildi. Buning hisobidan davlat budjetiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi, 100 mingga yaqin yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi.

So‘nggi o‘n yilda davlat budjetidan 8 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani 2 mingga yaqin texnika va texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv uskunalarini 70 foiz yangilash imkonini berdi.

Mamlakatimizda vertolyot va dronlar yordamida aerogeofizika ishlari yo‘lga qo‘yilgani, zamonaviy 3 D o‘lchamli seysmik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini 9 kilometrgacha chuqurlikda geofizik o‘rganish imkoniyati yaratilgani soha rivojida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Sohada raqobat va shaffoflik muhiti shakllanmoqda. Uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan milliy geologiya maktabi va ta’lim tizimi qayta tiklandi, zamonaviy talablarga mos bo‘lgan Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Ilg‘or xorijiy maktablarning ilmiy salohiyatidan foydalanish va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash maqsadida Kompetensiyalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ana shunday keng ko‘lamli ishlarimiz tufayli 2016-2025 yillarda 1 ming 900 dan ziyod yangi konlar ochildi. Agar 2016 yilda tasdiqlangan uran zaxiralarimiz 97 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda yana 16 ta yangi kon aniqlanib, zaxira 140 ming tonnaga yetkazildi.

Yaqinda Olmaliqda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan yangi mis boyitish fabrikasini ishga tushirdik.
Hech shubhasiz, bunda ham siz, zahmatkash geologlarning alohida xizmatlaringiz borligini, ana shu megaloyiha natijasida 6 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgani, korxona hisobiga yiliga 5 milliard dollar mablag‘ kelib tushishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Hurmatli soha xodimlari!

Biz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida geologiya sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham kelgusi vazifalarni aniq belgilab oldik. Yurtimizning mineral xomashyoga boy, istiqbolli hududlarini geologik jihatdan o‘rganishni kengaytirish, oltin ishlab chiqarishni – 1,5 barobar, kumushni – 3 karra, misni – 3,5 marta, uran, temir va ko‘mirni – 3 hissa oshirishni maqsad qilganmiz.

Siz, jonkuyar va matonatli geologlarning katta bilim va tajribangiz, mustahkam iroda va mehnatsevarlik fazilatlaringiz hisobidan bu yuksak marralarga albatta erishamiz, deb ishonaman.

Soha xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli faoliyatini munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli ishlaringizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz geologiya sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, qazilma boyliklar geologiyasi, tadqiqot va qidiruv tarmog‘ini  rivojlantirish, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mineral resurslarni aniqlash, yangi konlar va xomashyo zaxiralarini zamonaviy texnologiyalar asosida o‘zlashtirish borasidagi katta xizmatlari, yuksak malakali kadrlarni tayyorlash, ularning salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun quyidagilar mukofotlansin:

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvoni bilan

Muminov Tolibjon Xoliyorovich – «Navoiyuran» davlat korxonasining «Zirabuloq» geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi bosh geologi

Ergashev Elmurod Xasanovich –  «O‘zbek geologiya qidiruv» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari – bosh geologi

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Nuraliyev Raxmonali Azimovich – «O‘zbek geologiya qidiruv» aksiyadorlik jamiyatining Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi burg‘ilash uchastkasi burg‘ilovchisi

Yallakabilov Gulom – «O‘zbekgidrogeologiya» davlat muassasasining Markaziy O‘zbekiston dala gidrogeologiya ekspeditsiyasi yetakchi gidrogeologi

«Do‘stlik» ordeni bilan

Bogdanov Aleksandr Nikolayevich – Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi institutining neft va gaz konlari geologiyasi hamda istiqbolli obyektlarni baholash laboratoriyasi boshlig‘i

Shukurov Nosir Egamovich – H.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutining geokimyo laboratoriyasi boshlig‘i

«Shuhrat» medali bilan

Aripov Shaxobiddin Paxritdinovich – O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi eksperti

Jo‘rayev Sherali Izatilloyevich – «Navoiyuran» davlat korxonasining geologiya va qidiruv bo‘yicha direktori

Zairov Ilxom Matazimovich – «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatining «Avtomobil va texnologik transporti» filiali og‘ir yuk mashinasi haydovchisi

Sayitov Hamza Qahharovich – «O‘zbek geologiya qidiruv» aksiyadorlik jamiyatining Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi buldozer mashinisti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Milliy suverenitet va davlat mustaqilligi har qaysi mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotining eng asosiy sharti va garovidir. Bu hal qiluvchi omillar davlatning xalqaro huquq subyekti sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi, xalqning tinch va farovon hayotini ta’minlash, uning barcha manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Bizning milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining ro‘yobi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.

Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi g‘oyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, ko‘p millatli jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirishda mustahkam tayanch bo‘lib kelmoqda.

Milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlash maqsadida qaror qilaman:

1. Quyidagilar:

(a) “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan g‘oyaviy-badiiy konsepsiya va dastur 1- va 2-ilovalarga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):

(a) mustaqillikning 35 yilligini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat va tuman (shahar) markazlarida, barcha mahallalar, qishloq va ovullarda, shuningdek, vazirlik va idoralar tizimida munosib nishonlash maqsadida konsepsiyaning mazmuni va asosiy yo‘nalishlariga muvofiq chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va ijro etishni ta’minlash.

Bunda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish:

(i) Yangi O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan ulkan imkoniyat va yutuqlarni keng yoritish;

(ii) mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror sur’atlarda jadal rivojlanib borayotganligi natijasida fuqarolarimizning turmush farovonligi ortib borayotganligini ko‘rsatib berish;

(iii) yurtimizning tinchligi va chegaralar daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni yoritish;

(iv) istiqlol tufayli milliy qadriyatlar, davlatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuq va natijalar ahamiyatini ta’kidlash;

(v) nuroniylar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini ta’minlashga, yoshlarning “Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari” sifatida bilim va kasb egallashlari, tadbirkorlik tashabbuslari va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilganligiga urg‘u qaratish;

(vi) millatlararo do‘stlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini saqlash va kuchaytirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targ‘ib qilish;

(vii) bayram tadbirlariga barcha yoshlar, ijtimoiy va etnik guruhlar hamda vatandoshlarning faol jalb etilishini ta’minlash;

(b) ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish hamda ular ishtirokida aprel – sentabr oylari davomida respublika bo‘ylab keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga olgan “Mustaqillik to‘yi” (festivali) tadbirlarini o‘tkazish;

(v) Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishda taniqli ssenarist va rejissyorlar, shoir va yozuvchilar, xonanda va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilarni jalb etish;

(g) mustaqillikning 35 yilligi arafasida mamlakatimizning yirik sanoat, madaniyat, ta’lim va sport muassasalarining tantanali ochilish marosimlarini yuqori saviyada tashkil etish choralarini ko‘rsin.

3. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul tashkilot hisoblanadi.

4. Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026-yil 1-iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet g‘oyalarini, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qiyofasini o‘zida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Ushbu monument Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030-yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismida o‘rnatilishi hisobga olinsin.

5. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026 yil 1 avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlasin.

6. Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlasin.

7. Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi 2026-yil aprel oyidan boshlab “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etilishini ta’minlasin.

8. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining 2026-yil avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita “Vatandoshlar” jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2026 yil avgust–sentyabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etsin.

10. Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Transport vazirligi 2026-yil 1-mayga qadar tegishlicha yangi tashkil etilgan mahallalardan hamda temir yo‘l stansiyalaridan biriga “Mustaqillikning 35 yilligi” nomini berish bo‘yicha takliflarni kiritsin.

12. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

(a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik mablag‘lari hisobidan;

(b) Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligiga yurtimiz mustaqilligi, Yangi O‘zbekistonning rivojlanish yo‘li va xalqimizning birdamligi haqida turkum materiallar tayyorlash va tarqatish tavsiya etilsin.

14. Respublika komissiyasi mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish, zarur hollarda, qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni ta’minlasin.

15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Buxoro viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Buxoro viloyati sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va turizm sohalarida hech bir hududdan kam boʻlmagan ulkan imkoniyatlarga ega. Viloyatda 2 ta yirik neft-gaz kimyo korxonasi faoliyat yuritmoqda, yana bittasi barpo etilmoqda. Shuningdek, qiymati 5,2 milliard dollar boʻlgan, umumiy quvvati 4,5 gigavattga teng 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasining qurilishi jadal ketmoqda.

2025-yilda hududiy yalpi mahsulot hajmi 7,2 foizga oshib, 86,6 trillion soʻmga yetdi, sanoatda 7,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,3 foiz, xizmatlar sohasida 14 foiz oʻsish qayd etilgan. Ishsizlik 2024-yilga nisbatan 4,7 foizgacha, kambagʻallik darajasi 6 foizgacha pasaygan.

Yigʻilishda Buxoro viloyatini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trillion soʻmga yetkazib, 9,1 foiz oʻsishga erishish, sanoat hajmini 9,1 foizga, qishloq xoʻjaligini 5,9 foizga, xizmatlar hajmini esa 20,1 foizga oʻstirish vazifalari belgilandi. Ishsizlik va kambagʻallik darajasini 2 foizgacha qisqartirish, 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Olot, Peshku, Qorakoʻl, Shofirkon, Gʻijduvon va Qorovulbozor tumanlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish boʻyicha manzilli choralar amalga oshirilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Buxoro uch ming yillik tarixga ega koʻhna zamin ekani, bunday boy madaniy meros va tarixiy obidalar jamlangan shaharlar dunyoda kam uchrashini taʼkidladi. Mazkur salohiyatni iqtisodiy oʻsish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va infratuzilmani yaxshilashga xizmat qildirish zarurligi qayd etildi.

Investitsiya va eksport yoʻnalishida 2026-yilda 3,3 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, 1,5 milliard dollarlik eksportni taʼminlash, umumiy qiymati 9,2 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Sanoatni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, sanoat tarmoqlari kesimida 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan boʻlib, ularning umumiy qiymati 2,2 milliard dollarni tashkil qiladi. Natijada 18 ming ta yangi ish oʻrni yaratish, aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 million soʻmdan 29,6 million soʻmga yetkazish moʻljallangan.

Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 350 million dollarni tashkil etib, 500 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish boʻyicha 220 million dollarlik loyihani amalga oshirish, Qorovulbozor tumanida 85 million dollarlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish, Kogon tumanida qogʻoz va karton mahsulotlari tayyorlashni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral oʻgʻit, Kogon tumanida esa gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, 61 ta mavjud sanoat zonasidagi boʻsh yer maydonlarida joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Jumladan, Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, Gʻijduvonda qurilish materiallari yoʻnalishlariga ustuvorlik beriladi.

Qishloq xoʻjaligida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish hisobiga 100 ming gektar yerni oʻzlashtirish va foydalanishga kiritish mumkinligi qayd etildi. Bu viloyat iqtisodiyoti va eksport salohiyatini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.

Yigʻilishda viloyatdagi 3 million gektar yaylov yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish, ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish boʻyicha yangi yondashuvlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga toʻliq ozuqabop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 454 milliard soʻm boʻlgan 82 ta chorvachilik loyihasini amalga oshirish uchun chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qoʻy va 200 bosh ot olib kelish koʻzda tutilgan.

Paxtachilik, gʻallachilik va suv tejash yoʻnalishlarida ham aniq vazifalar belgilandi. Xususan, 2026-yilda paxta hosildorligini 52 sentnerga, gʻalla hosildorligini 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv taʼminoti va meliorativ holatni yaxshilash, 453,5 million kub metr suvni iqtisod qilish, 742 ta qishloq xoʻjaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.

Chorvachilikda har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga moʻljallangan zamonaviy mini fermalar tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi. Ushbu dastur doirasida 110 ta loyiha amalga oshirilib, 5,5 ming bosh naslli qoramol olib kelinadi, 3 ming 750 ta yangi ish oʻrni yaratiladi va 51,5 ming tonna qoʻshimcha sut ishlab chiqarish quvvati shakllantiriladi.

Xizmatlar va aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishida mahallalar ixtisoslashuvi asosida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis koʻchasi, 2 ta sohil boʻyi hududi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yoʻl boʻyi loyihasi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun jami 12,5 trillion soʻm moliyaviy resurs, jumladan, 7,5 trillion soʻm kichik va oʻrta biznesga yoʻnaltiriladi.

Turizm sohasi hozirda asosan Buxoro shahri hisobiga toʻgʻri kelayotgani, viloyatning boshqa tumanlaridagi imkoniyatlar esa hali toʻliq ishga solinmagani qayd etildi. Jondor, Gʻijduvon, Buxoro, Qorakoʻl va Vobkent tumanlarida sohil boʻyi va yoʻl boʻyi drayver loyihalarini amalga oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirish boʻyicha katta imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan 2026-yilda 3,5 million xorijiy va 5,5 million mahalliy sayyohni jalb qilish, umumiy turistlar sonini 9 millionga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun 2026-yilda 73 ta yangi joylashtirish vositasi, 15 ta yangi turoperator va turagent ishga tushiriladi.

Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida 5 ta xalqaro brendli mehmonxona tashkil etish, Shofirkon tumanida Xoʻja Orif, Buxoro tumanida Chor Bakr va Yorjon turizm qishloqlarini rivojlantirish, Buxoro shahrida Mohi Xosa turizm mahallasini shakllantirish nazarda tutilgan. Buxoro tarixiy markazida UNESСO talablariga mos alohida maʼmuriy boshqaruv tizimini joriy qilish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Kogon shahrida 6 ta tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Avstriyaning Krems universiteti bilan qoʻshma fakultet ochish, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini mazkur oliygoh boshqaruviga berish rejalashtirilgan. Bunda toʻliq dual taʼlim asosida mutaxassislar tayyorlash va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu universitet Buxoro shahrida tashkil etilayotgan tun-u kun koʻchalarni boshqarish boʻyicha yangi modelni ishlab chiqishga ham koʻmaklashadi.

Yigʻilishda aholi sonining oʻsishiga mos ravishda uy-joy va infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasi hududida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonli zamonaviy uy-joy kompleksi hamda Buxoro shahrida yangi maʼmuriy markaz tashkil qilish, “Yangi Oʻzbekiston” massivi hamda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini barpo etish, Buxoro davlat universitetining yangi kampusini qurish kabi yirik qurilish va urbanizatsiya loyihalari muhokama qilindi.

Yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham qator vazifalar belgilandi. Viloyatda uzunligi 33,1 kilometr boʻlgan 7 ta aylanma yoʻl barpo etish, “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yoʻlining 78 kilometri va “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” yoʻlining 71 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, A-380 yoʻli boʻyida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ogʻir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” 2 ta tuman va 35 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida yoʻl, elektr, suv va sugʻorish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilishi, ushbu maqsadlarga jami 593 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2026-yilda jami 4 trillion 484 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi, buning hisobiga maktab, bogʻcha, tibbiyot muassasalari hamda kommunal va transport infratuzilmasi boʻyicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi qayd etildi.

Prezidentimiz Buxoro viloyatining mavjud imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, har bir tashabbusni aniq loyihaga aylantirish, investitsiya, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, turizm va infratuzilma sohalarida natijadorlikni taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti “BMT Turizm” rahbari bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi.

Oʻzbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Tashkilot rahbari Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda.

Soʻnggi 8 yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar koʻpayib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030-yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston va “BMT Turizm” oʻrtasidagi hamkorlik jadal surʼatda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi. 2023-yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa “Ipak yoʻlida turizm” mavzusidagi ofisning ochilishi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Suhbat chogʻida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qatʼiy tasdiqladilar.

Posted on Leave a comment

Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi.

Davlatimiz rahbari tadbirda nutq soʻzlar ekan, xalqimiz azal-azaldan Navroʻz kunlarida, oilasida farzand tugʻilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yoʻl chetlariga yaxshi niyat bilan koʻchat qadab, gul-u rayhonlar ekkanini taʼkidladi.

Ana shu ezgu qadriyatlar zamirida soʻnggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup koʻchat ekib kelinmoqda.

Oʻtgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etildi. Respublikaning togʻ, choʻl va adir hududlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya oʻrmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang boʻronlarining zararli taʼsirini oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ” hosil qilindi.

Oʻtgan yili Xoʻjayli, Yangibozor, Gʻijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy koʻchatxonalar ishga tushirildi. Shuningdek, choʻllanishni kamaytirish maqsadida Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorakoʻl, Muborak, Karmana va Nukus tumanidagi 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bogʻlari yaratildi. Taʼkidlanganidek, bu yerda yetishtirilgan galofit urugʻlari kelgusida minglab gektar yerlarda shoʻrlanishni kamaytirish va tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

Umuman, qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi. Oʻtgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish boʻyicha katta marra belgilandi.

Shu maqsadda Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpogʻistonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar choʻl hududida yangi oʻrmonzorlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bogʻlari, 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari tashkil qilishga masʼul boʻladi.

Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan hozirgi sharoitda hududga mos daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyalari ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bogʻlari ushbu texnikum oʻquvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlar uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.

Prezidentimiz hududlarda yashil bogʻlar yaratish boʻyicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi. Ilgari “Mening bogʻim” dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmga oshiriladi. Har bir yashil bogʻ va jamoat parki uchun aholi oʻzi tanlagan, yashash hududlariga yaqin va eng muhimi, suv taʼminoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi. Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham oʻz okrugida yashil hudud va yashil bogʻ yaratishi uchun 412 million soʻmdan mablagʻ beriladi.

Davlatimiz rahbari xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Bir koʻchat – ming baraka”, “Farzand koʻrsang, toʻy qilsang, daraxt ek” degan hikmatli soʻzlar bejiz aytilmaganini taʼkidladi. Bu kabi milliy qadriyatlarning ahamiyati bugun har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada kengroq targʻib qilishga, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh boʻlishga chaqirdi.

Poytaxtimizda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bogʻi tashkil qilinmoqda. Bu yerdagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor oʻsimliklar hamda Urugʻchilik va seleksiya markazlari ham shu yilning oʻzida ishga tushiriladi.

Prezidentimiz tadbirda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻrmonlar boʻyicha forumi raisi Ismoil Belen, forum Kotibiyati direktori Julyet Biao, xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik korpusi vakillari hamda barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilar bilan birgalikda Milliy dendrologiya bogʻining ilk 5 gektar maydonida manzarali koʻchatlar ekdi. Bu bilan bir vaqtda respublikamizning barcha hududlarida 21 mingga yaqin yurtdoshimiz yana 164 gektar maydonda 88 ming tup koʻchat oʻtqazdi.

Posted on Leave a comment

Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlash markazi xodimlari Xalqaro transport-logistika forumida ishtirok etdilar.



Tadbirda Markaz direktori — Rafikov Marat Rafikovich, sertifikatlashtirish organi rahbari — Kolybelkin Igor Igorevich hamda sinov laboratoriyasi boshlig‘i — Zakharova Yekaterina Aleksandrovna tomonidan taqdim etildi.

Tadbir doirasida Markaz vakillari transport sohasining dolzarb rivojlanish tendensiyalari bilan tanishdilar, xalqaro hamkorlik va standartlarni uyg‘unlashtirish masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, potensial hamkorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Yangi transport yo‘laklari uchun mahsulotlarni sertifikatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi, jumladan, harakat tarkibining xavfsizlik talablari va o‘zaro mosligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Forumda ishtirok etish Markazga ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, sohaning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashish hamda kelgusidagi rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.