info@ccrp.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni raqobatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Iqtisodiyotga davlat aralashuvini kamaytirish, yirik monopoliyalarni tiyib turish bo‘yicha qilinayotgan ishlar raqobat muhitiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda 25 tadan ortiq tovarlar bo‘yicha raqobat muhiti yaxshilandi. 7 ta faoliyat turi bo‘yicha raqobatni cheklovchi eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Davlat ishtirokidagi korxonalar 42 foizga kamayib, tadbirkorlik subyektlari soni 1,6 barobar ko‘paydi.
O‘tgan yili “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga qo‘shimcha ta’sirchan vakolatlar berildi. Shu asosida olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, ayrim tashkilotlarda raqobatga zid qarorlar qabul qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish, savdoda ustun mavqedan foydalanish kabi holatlar bor.
Shu bois, sohadagi ishlar qamrovi va samaradorligini oshirish maqsadida Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, bozorga kirishni erkinlashtirish, tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilanadi.
Masalan, tadbirkorlik subyektlarining bozorlarga erkin kirishini qiyinlashtiruvchi normativ-huquqiy moddalar va ortiqcha talablar bekor qilinadi. Tartibga solish yukini qisqartirishga qaratilgan yengilliklar joriy etiladi, jumladan, ruxsat beruvchi jarayonlar va litsenziyalar javobgarlikni majburiy sug‘urtalash bilan almashtiriladi.
Tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlari joriy etiladi. Tabiiy monopoliya sohalari bilan o‘zaro bog‘langan va raqobatni rivojlantirish imkoniyati bo‘lgan tovar bozorlarida tabiiy monopoliya subyektlari ishtiroki cheklanadi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladigan davlat xaridlari ko‘lami qisqartirilib, davlat xaridlari raqobatli usullarga to‘liq o‘tkaziladi. Raqobatni cheklovchi individual xususiyatga ega davlat yordami, shu jumladan, eksklyuziv huquq, imtiyoz, preferensiya va yengilliklar bekor qilinadi.
Davlat organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari shakllanishi zanjirining barcha bo‘g‘inlarini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi. Raqobatga qarshi kelishuv va xatti-harakatlar, til biriktirish holatlari haqida ma’lumot taqdim etgan shaxslarni oshkor etmaslik va mukofotlash tizimi joriy etiladi.
Umuman, mazkur konsepsiya samarasida energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘riladi. Davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlarning oldi olinib, bu jarayonlarning shaffofligi ta’minlanadi. Tovar-xomashyo birjalarida takliflar ko‘paytirilib, xaridorlarning tanlash imkoniyati kengaytiriladi.
Prezident sohadagi ishlarni davom ettirib, erkin bozor tamoyillarini ta’minlash, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi. Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, ayrim funksiyalarni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi. Tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat holatini doimiy tahlil qilib, tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi uch yilda joylarda 2 mingdan oshiq raqobatga zid hujjatlar aniqlangan. Ularning aksariyati mahalliy hokimliklar va vazirliklar tomonidan qabul qilingan. Shu bois Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari ishini jonlantirish, kadrlar malakasini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, qo‘mita faoliyatini jamoatchilikka ochiqlash va ommaviy axborot vositalarida yoritishni kuchaytirish kerakligi ham aytildi. Bu qonun buzilishining oldini olish, shaffoflik va halollik muhitini shakllantirish nuqtayi nazardan muhim ekani ta’kidlandi.