MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Tarmoq va hududlarda energiya samaradorligini oshirish va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi

10.06.2024


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-iyun kuni energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Energetika tarmog‘ini rivojlantirish va barqaror faoliyatini ta’minlash, energiya manbalarini va generatsiya quvvatlarini ko‘paytirish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Shu bilan birga, energiya resurslaridan oqilona foydalanmasdan,  tarmoq va hududlarda, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy sohalarda energiya samaradorligini ta’minlamasdan tizimda yuqori natijalarga erishib bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan yig‘ilishda mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili elektr va gazni tejash bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi. Xonadonlar va ijtimoiy obyektlarda o‘rnatilgan birgina quyosh kollektorlari hisobiga 20 million kilovatt elektr tejalmoqda. Sanoat korxonalari ham “yashil energiya” manbalarini joriy qilmoqda.

Lekin ayrim hududlarda ishlar sust bo‘lgani uchun elektrni iqtisod qilish rejasi to‘liq bajarilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish, ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. 

Videoselektor/yig‘ilish davomida Joriy yilda 1 mingta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi.

Har bir hokimga bittadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

– Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart, – dedi davlatimiz rahbari.  

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi.

Bunda yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har uch yilda energiya auditidan o‘tadi. Energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi, auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Yurtimizda elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 karra oshib, 35 mingtaga yetdi. Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu munosabat bilan elektr tizimini rivojlantirishda yangi zaryadlash quvvatlarini hisobga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi.

Shuningdek, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.

Respublikamizdagi 39 mingga yaqin ko‘p qavatli uyga 819 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Soliq imtiyozi, arzon kredit berilgani, eski qarzlar “muzlatilgani” hisobiga ular oyoqqa turmoqda. Masalan, bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “og‘ir” toifada bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday kompaniya qolmadi. Natijada yil boshidan 2 ming 100 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, 1 millionga yaqin daraxt va gul ko‘chatlari ekildi.

Yig‘ilishda hamma joyda ham odamlar uylarni boshqarish sifatidan qoniqmayotgani qayd etildi. Ko‘plab boshqaruv kompaniyalari faqat ko‘chalarni supurish va tozalash, joriy ta’mirlash bilan cheklanayapti. Lekin uylar atrofini obodonlashtirish, tom, ichki va sug‘orish tarmoqlarini soz holda saqlab turish kabi asosiy vazifalar e’tibordan chetda qolib ketmoqda.

Yaqinda boshqaruv kompaniyalari xizmati uchun tarifning eng kam miqdori belgilandi. Endi boshqaruv va ekspluatatsiya sifati ham shunga yarasha bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Boshqaruv kompaniyalari aholi va kommunal tashkilot o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Bundan buyon ikki yildan oshmagan uylarda, ya’ni kafolat muddatida muammo chiqsa, pudratchi bilan birga ularni bartaraf qilishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Ko‘p qavatli uylar seysmo-konstruksiyasiga noqonuniy o‘zgartirish kiritish holatlari kuzatilayotgani, yangi ko‘p qavatli uylarda bino cho‘kishi, undagi yoriqlar, sho‘rlanish va sifat bo‘yicha aholidan e’tirozlar bo‘layotgani qayd etildi.

Mas’ul tashkilotlarga uylar xavfsizligi va infratuzilma sifati bo‘yicha pudratchilar majburiyati bajarilishini qat’iy nazoratga olish, konstruksiyani noqonuniy o‘zgartirish holatlarini erta aniqlash tizimini joriy qilish topshirildi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha har bir mahalladagi haqiqiy ahvol o‘rganildi, tumanlar kesimida dastur ishlab chiqildi. Tayyorgarlik ishlariga o‘tgan yilgi 14 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 14 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.

Yil boshidan viloyatlarda 250 ta avariyaviy o‘chish ro‘y bergani, oqibatda ayrim joylardagi iste’molchilarga elektr barqaror yetkazilmagan. Shuningdek, ba’zi ko‘p qavatli uylardagi elektr qutilar va undagi simlar muddatini o‘tab bo‘lgan.

Mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish topshirildi. Ishlarni eng og‘ir mahallalardan boshlab, yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformatorni yaxshilash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda energetikaning resurs bazasini mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani kapital ta’mirlash, 595 kilometr elektr tarmog‘i va 4 ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.

Issiqlik elektr stansiyalari barqaror ishlashi, aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun joriy yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, mazut va ko‘mir ikki yilga boj to‘lovlaridan ozod qilinishi, ko‘mir importi uchun uch yil muddatga revolver kreditlar berilishi belgilandi.

Oktyabr-dekabr oylarida iste’molchilarga 163 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish topshirildi. Shuningdek, viloyat hokimlariga 300 dan ziyod olis mahalla uchun ko‘mir, suyultirilgan gaz va asosiy turdagi oziq-ovqat zaxirasini yaratishga topshiriq berildi.

Kuz-qish mavsumida aholini issiqlik va ichimlik suvi bilan kafolatli ta’minlash uchun qozonxona, qozon va issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, suv tarmoqlari va nasoslarni ta’mirlash vazifalari belgilab olindi.

Yig‘ilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.


MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy