Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining muzokaralari har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Brifingda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri bo‘lgan ushbu tashrifini O‘zbekistonga va ko‘p millatli xalqimizga bo‘lgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishning tasdig‘i sifatida qabul qilayotganini ta’kidladi.

– Rossiya Prezidentining davlat tashrifi – bu, hech mubolag‘asiz, ko‘p qirrali hamkorligimizning yangi davrini boshlab beruvchi tarixiy voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti mazkur sammitga katta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi. Parlament vakillarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, ikki davlat hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar samarali o‘tdi.

Aprel oyida Toshkentda “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy oyda O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari ham Rossiya hududlaridagi hamkorlarida tashrif bilan bo‘ldilar. Yirik muhandislik-texnik universitetlar rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari samarali o‘tdi. Ayni kunlarda Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etmoqda.

Har doimgidek an’anaviy ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan bugungi muzokaralarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yildi.

Davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Muzokaralar davomida energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar bo‘yicha aniq loyihalar ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz kooperatsiyani ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi tashkil etilishi haqida e’lon qildi.

Hududlararo hamkorlik O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorligining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi. Hududlar forumini Prezidentlar raisligidagi Hududlar kengashiga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, uning birinchi majlisi bugun bo‘lib o‘tadi.

Davlat rahbarlari energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

O‘tgan yili Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berish boshlangan edi. Muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

– Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Madaniyat va san’at, turizm, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida faol aloqalar va almashinuvlar davom ettiriladi. Bugun ushbu ustuvor yo‘nalishlarda bitim va kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.

Joriy yilda O‘zbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari o‘tkaziladi. Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari bo‘lib o‘tadi.

Yetakchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatini qayd etdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qo‘llab-quvvatladilar.

Muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining o‘n beshinchisi bo‘ladi.

Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu sohada o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.

An’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik masalalari O‘zbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari muzokaralar natijalaridan juda mamnunligini bildirib, rossiyalik hamkasbiga o‘zi bilan O‘zbekistonga Rossiyaning asosiy vazirlik va idoralari, subyektlari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani olib kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.


Posted on Leave a comment

Rossiya Prezidenti «Yangi O‘zbekiston» majmuasiga tashrif buyurdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Toshkent shahriga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tashrif buyurdi.

An’anaga ko‘ra, Rossiya rahbari Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘ydi.

Majmuani qisqa ko‘zdan kechirish davomida oliy martabali mehmonga ushbu me’moriy ansambl mazmuni va o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berildi.


Posted on Leave a comment

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʼzbekistonga keldi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26-may kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida Rossiya Prezidentini davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari koʼtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 27-may kuni boʼlib oʼtadi.

Oliy darajadagi muzokaralar davomida rahbarlar Oʼzbekiston bilan Rossiya oʼrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini koʼrib chiqadilar.


Posted on Leave a comment

Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yo‘naltirish maqsadida:

1. Oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

a) 2024/2025-o‘quv yili qabulidan boshlab:

davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno;

davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;

davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi;

davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi;

oliy ta’lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi;

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini o‘rganadi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi) kiritadi;

Davlat komissiyasi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi;

b) 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

v) 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.

2. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti shaklida ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki:

a) ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;

b) ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi;

v) 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi. Bunda:

ta’lim granti birinchi kursda oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;

ta’lim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;

ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi;

ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant sohibi bo‘lgan talabalarga davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etiladi;

ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

a) davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;

b) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi. Bunda:

davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari maqsadli qabul buyurtmachilari hisoblanadi hamda kadrlarga bo‘lgan o‘z ehtiyojlarini Davlat komissiyasiga taqdim etadi;

hududlar kesimida maqsadli qabul tegishli hududda doimiy yashaydigan (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar orasida tanlov asosida amalga oshiriladi;

maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimiyati, sohaviy davlat organi (tashkiloti) va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda talabani ish bilan ta’minlash va uning o‘qishni yakunlagandan so‘ng muayyan hududda (tashkilotda) ishlab berishini monitoring qilish kadr buyurtmachisi zimmasiga yuklanadi;

v) 2024/2025-o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarining boshqa ta’lim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi ta’lim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

4. Belgilansinki, magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:

xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha – kamida S1 darajasida;

gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha – kamida V2 darajasida;

boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) bo‘yicha – kamida V1 darajasida.

5. 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi belgilansin. Bunda:

a) abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;

b) davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi;

ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi;

v) 2025/2026-o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;

g) barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;

alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo‘lgan yetim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;

alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;

xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;

imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi;

ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi;

oliy ta’lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.

7. Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyunga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan ko‘zi ojizlarning ma’lumotlar bazasini nogironlik guruhini aniq ko‘rsatgan holda shakllantirsin hamda uni Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

8. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Savdo-sanoat palatasi va ish beruvchilar uyushmalari bilan birgalikda:

2024-yil yakuniga qadar mehnat bozorida kutilayotgan o‘zgarishlarni ilmiy tadqiq qilgan holda, o‘z ahamiyatini yo‘qotib boradigan hamda yangi paydo bo‘ladigan kasblar (lavozimlar) ro‘yxati, ularga qo‘yiladigan malaka talablari va kompetensiyalarni shakllantirsin;

2025-yil 1-mayga qadar jamlangan ma’lumotlar asosida “O‘zbekiston yangi kasblar atlasi” elektron platformasi yaratilishini hamda har yili yangilab borilishini ta’minlasin.

Ushbu bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilsin.

9. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda uch oy muddatda:

ta’lim grantini oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga tabaqalashtirilgan tartibda bir o‘quv yili uchun ajratish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;

hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun maqsadli qabul kvotalarini shakllantirish, qabul jarayonlarini tashkil etish va kadrlar buyurtmachilarining aniq vazifalarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev


Posted on Leave a comment

Mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarimizga



Qadrli farzandlarim!

Bugun o‘z bilim va iste’dodi, kuch-g‘ayratini Yangi O‘zbekiston bunyodkori, jonajon yurtimizga munosib farzand bo‘lishdek ezgu maqsadga baxsh etishga bel bog‘lagan sizlar kabi navqiron yoshlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mehribon ustozlaringiz va ota-onalaringiz sizlarga oq yo‘l tilab turgan mana shu qutlug‘ kunda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, siz kabi minglab yoshlarimiz katta hayotga yo‘llanma olmoqdalar.

Haqiqatan ham, bugun sizlar ulkan imkoniyatlar taqdim etadigan butunlay yangi hayot ostonasida turibsiz. Bu yo‘lda tinimsiz izlanib, yangi marralar sari talpinish, dadillik va o‘zingizga qat’iy ishonch hissi doimo hamrohingiz bo‘lishi lozim.

Hamisha yodingizda tuting, har biringiz o‘ziga xos iste’dod sohibisiz, ularni ro‘yobga chiqarish esa avvalo o‘zingizga, tinimsiz intilish va izlanishlaringizga bog‘liq.

Shu o‘rinda, sizning safingizda o‘qishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab o‘g‘il-qizlarimiz borligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Keyingi yillarda Yangi O‘zbekiston yoshlari turli fanlar, sport, san’at va adabiyot sohalarida o‘zining chuqur bilim va qobiliyatini yaqqol namoyon qilishmoqda.

Hayotda yuksak marralarni ko‘zlab turgan bunday serg‘ayrat va bilimdon farzandlarimizni yurtimizdagi millionlab o‘g‘il-qizlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, arziydi.

Mamlakatimizda navqiron avlod vakillarini har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.  

Chunki jonajon Vatanimizning kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti bugun shinam sinfxona va auditoriyalarda qunt bilan ta’lim olayotgan yoshlarning qo‘lida. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, rivojlangan va baxtli davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.

Ayni paytda mamlakatimizdagi ko‘plab zamonaviy oliygohlar, kasb-hunar maktablari va texnikumlar bitiruvchilarni o‘z bag‘riga chorlamoqda. Bu maskanlarda ularning ta’limni davom ettirib, yanada chuqurroq bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 

Aziz o‘g‘il-qizlarim!

Sizlar jonajon Vatanimiz shonli tarixining bir qismi, o‘z madaniyati va an’analarini asrlar davomida asrab-avaylab kelayotgan buyuk xalqning dilbandlari, Yangi O‘zbekistonning umidi va tayanchi hisoblanasiz. Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman, davlatimizning ertangi taqdiri, uning ravnaqi va taraqqiyoti sizlarning qo‘lingizda.

Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang, katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlaringizni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda.

Sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, ishtiyoqingiz va kuchingiz nafaqat O‘zbekistonni, balki butun dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda ham o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang.

Har biringiz ustozlaringiz va ota-onangiz qalbingizga singdirgan qadriyatlarga hamisha sodiq bo‘lib, xalqimizning bebaho merosini yanada boyitishga, yurtimizning yorug‘ kelajagiga hissa qo‘shishga intiling.

Biz jahonga ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Ularga xos bo‘lgan noyob xususiyatlar, ular yaratgan an’analar bugun har birimizning qalbimizda, ongimizda va hayotimizda yashamoqda.

Endilikda biz ana shu buyuk ajdodlarimizning chinakam davomchilari bo‘lgan qalbi qaynoq yoshlarimizning yuksak ma’naviy va intellektual salohiyati, ularning dunyoni lol qoldiruvchi yutuqlari bilan ham faxrlanishga haqlimiz.

Hech shubhasiz, hayotda yuksak natijalarga erishish uchun tinimsiz harakat, shijoat va jasorat talab etiladi. Sizlarning chuqur bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish orqali Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lib yetishishingiz va uning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmangizga olishingizga ishonaman.

Bu sharafli yo‘lda barchangizga baxt va omad doimo yor bo‘lishini tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Posted on Leave a comment

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26–27-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bo‘lajak uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan.

Amaliy hamkorlikni kengaytirishga, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, innovatsion hamkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

Davlat rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadilar.

Tashrif arafasida Toshkent shahrida bir qator qo‘shma tadbirlar – yetakchi muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlari rektorlarining uchrashuvi, tibbiyot ilmiy-amaliy konferensiyasi va Rus san’ati haftaligi bo‘lib o‘tayotganini ta’kidlash joiz.


Posted on Leave a comment

Sport sohasidagi rejalar bo‘yicha axborot berildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport ta’limini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish rejalari bo‘yicha axborot berildi.

Mamlakatimizda sport infratuzilmasi rivojlantirilib, xalqaro talablar darajasidagi shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shunga asoslanib, FIFA qarori bilan futzal bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati yurtimizda o‘tkazilishi belgilangan. Musobaqa 14-sentabr – 6-oktabr kunlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida tashkil etiladi. Unda dunyoning eng kuchli 24 jamoasi qatnashadi. Ishtirokchi mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, 30 mingdan ziyod muxlislar kelishi kutilmoqda.

Mutasaddilar bu borada ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, sport va madaniy tadbirlar rejalari yuzasidan axborot berdi. Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish uchun Bosh vazir rahbarligida tashkiliy qo‘mita tuzilishi belgilandi.

Ma’lumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Kelgusi yil u yerda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi.

Keyinchalik undan samarali foydalanish maqsadida Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu muassasa huzuriga Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti ham o‘tkaziladi. Akademiya tizimida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot kutubxona markazi, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘qitish markazi ochiladi.

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab, akademiyaga 3 ta bakalavr yo‘nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qabul boshlanadi. Bitiruvchi talabalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 6 yillik trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan seleksiya qilingan bitiruvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkinchi kursga qabul qilinadi.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga kafedralar va o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribasi asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sport ta’limidagi yana bir yangilik Kurash mahorat maktablari bo‘ladi.

Kurash ming yillik qadriyatimiz va milliy sportimiz. Dunyoda bu bilan 30 million, O‘zbekistonda 30 ming kishi professional shug‘ullanmoqda. Havaskor yoshlar bundan ham ko‘p.

Shuning uchun har bir viloyat markazida Kurash mahorat maktablari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mahorat maktabida 140 nafar o‘quvchi bo‘ladi, ular 5-11-sinf bolalari orasidan tanlab olinadi.

Taqdimotda Parij olimpiadasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha ham hisobot berildi.

Terma jamoalarimiz ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik ko‘rmoqda, chet ellarda maqsadli o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Sportchilarimiz futbol, suvga sakrash, kamondan o‘q otish, ayollar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha ilk bor olimpiadaga yo‘llanma olgani ahamiyatli. Oldinda yana yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish, Olimpiya o‘yinlarida munosib qatnashish maqsad qilingan.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashda do‘stlik guruhlari va tegishli qo‘mitalarning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.

Investitsiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va ta’lim almashinuvlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.


Posted on Leave a comment

Sog‘liqni saqlash sohasidagi takliflar muhokama qilindi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ta’lim va tibbiyot eng muhim va keng qamrovli ijtimoiy sohalardir. Shu bois islohotlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida bu sohalarda Loyiha ofislari tashkil etildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 22-yanvardagi qaroriga muvofiq tuzilgan Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ushbu yo‘nalishlar atroflicha tahlil qilindi.

Mamlakatimizda hayot sifatiga bevosita daxldor bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 5,9 trillion so‘mdan 33,5 trillion so‘mga, ya’ni 6 barobar oshirildi. Shifoxonalar zamonaviy jihozlanib, yangilari barpo etilmoqda. Tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida joylarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, sohada aholi murojaatlarining 30 foizigina birlamchi bo‘g‘inda hal bo‘layapti. Ayrim kasalliklar bo‘yicha davolash uslublari eskirgan. Hamshiralarning ish doirasi keng emas.

Bugungi kunda gipertoniya, yurak ishemik va surunkali o‘pka xastaliklari, bronxial astma, qandli diabet, gepatit kabi eng ko‘p uchraydigan 7 ta kasallik guruhi bo‘yicha davolash standartlari xalqaro talablar asosida yangilandi. Yil yakunigacha yana 300 ta klinik protokollar qayta ko‘rib chiqiladi. Bemorlarga odatiy tekshiruvlarni belgilash, dorisiz davolash kabi vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi.

Ma’lumki, uch yil avval tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu sohadagi ko‘plab kamchiliklarni ko‘rsatib berdi.

Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayapti. Shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketayapti.

Shu bois Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanadi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi.

Shunga asoslanib, 2024-yilda poytaxtimizda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etiladi. E’tiborlisi, bu aholi tomonidan to‘lanayotgan umumiy soliqlar hisobidan bo‘ladi va aholidan qo‘shimcha badallar undirilmaydi.

Tibbiy sug‘urta doirasida:

– davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etiladi;

– bemorlarni o‘zlari biriktirilgan oilaviy shifokorlar orqali tor soha mutaxassislariga yoki shifoxonalarga yo‘llash tizimi tashkil qilinadi. Bunda ushbu tartibga rioya qilingan holdagina bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi;

– aholiga kafolatlangan paket doirasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Tez tibbiy yordam tizimi tahlil qilinar ekan, asosiy muammo murojaatlarni kasallikning og‘irligiga qarab saralamaslik bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois tez yordam “koll-markaz”larida bemorlarga shifokor maslahati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinishi aytildi. Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yo‘nalishida qayta tayyorlanadi.

Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng yoyish orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarda o‘z salomatligiga mas’uliyat hissini kuchaytirish hamisha muhimligini ta’kidladi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


21-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi hamda bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish, shu jumladan hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.