Posted on Leave a comment

Sport – sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustuni



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Har bir ota-ona, har bir millatning niyati – jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib bo‘lmaydi. Sport sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustunidir.

Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda budjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi. 101 ta yirik sport inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij Olimpiadasida erishgan yutuqlari bu e’tiborning yorqin natijalari bo‘ldi.

Endi 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, sport federatsiyalarini rivojlantirish zarur.

Yig‘ilishda bu masalalar 26 ta sport federatsiyasi va hududlar kesimida tahlil qilindi.

Masalan, so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida 48 ta dastur bo‘lgan yengil atletika bo‘yicha 5 ta, 49 ta suv sporti dasturidan 4 ta litsenziya olingan, xolos. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va sirdaryolik sportchilar past natija ko‘rsatgan.

Shu bois iqtidorli yoshlarni topish, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Davlatimiz rahbari bu boradagi qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini yaxshilash maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Prezident bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.

Ular har bir federatsiya bilan birga, Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik davri bo‘yicha strategiya ishlab chiqadi. Buning uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, chet eldan ilg‘or tajribalar, grantlar jalb qilish choralari ko‘riladi. Sportchi va murabbiylar xorijiy sport akademiyalarida o‘qitiladi. Oldingi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari ustuvorligi bo‘yicha 3 ta toifaga ajratiladi.

Hududlardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Ularda yangi metodika va yondashuvlar joriy qilinadi.

Olimpiya sport turlariga moslashtirilgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. Ularda hududdan saralangan yoshlar individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.

Shuningdek, yiliga ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi.

Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda, 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan sportchi va terma jamoa ustozlari qatorida sportchilarni yetishtirgan birinchi murabbiylarni ham rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda para sport imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bo‘lgan, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi. Parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi.

Endi Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish, natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy metodika va standartlar ishlab chiqiladi. Uning Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochiladi.

Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi. Bunday yoshlarni, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan qizlarni imkoniyatiga qarab, boshqa sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishiga sharoit yaratiladi. Trenerlarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.

Parasport turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish tartibi ham o‘zgartiriladi. Bundan buyon, yoshlar faqat musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi. Bunda, nogironligi bo‘lgan sportchilarning ko‘rsatkichlarini monitoring qilib boradigan alohida onlayn platforma bo‘ladi.

Musobaqa va sport yig‘inlari tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Ya’ni, qayerda chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi. Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun ishonch va rag‘bat bo‘ladi.

Sport sohasida ham xususiy sektorga keng yo‘l ochilishi qayd etildi. Endi xususiy sport klublarining yagona reyestri yuritiladi, ularning faoliyati bo‘yicha mezonlar yaratiladi. Qamrov darajasiga qarab, klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy murabbiylarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

Muhimi, xususiy klublardagi yoshlar barcha musobaqalarda o‘z nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi va natijasiga qarab, terma jamoalarga qabul qilinadi.

Sportchilarni topish, saralash va tayyorlash jarayoniga raqamlashtirishni keng joriy qilish, adolatni ta’minlab, qobiliyatli yoshlarni yuzaga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili musobaqalarda yoshlar qamrovi 10 millionga yetgan. Lekin katta yoshdagi insonlarning sportda ishtiroki kam.

Shu bois endi mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari o‘tkaziladi, bu bo‘yicha reyting yuritiladi. Yil yakuni bilan eng faol oilalarga mashq jihozi beriladi, eng yaxshi mahallalarda sport maydonchalari quriladi.

O‘quvchilarni sportga keng jalb etish maqsadida har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha to‘garaklar ochiladi. Maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar seleksiya qilinib, maktablar esa kerakli sport inventari bilan ta’minlanadi. Natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari alohida rag‘batlantiriladi.

Yurtimizda 700 mingdan ziyod talabalar borligi qayd etilib, ular o‘rtasida sportga havasni kuchaytirish, qamrovni oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Aholini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishda nafaqat sport, balki to‘g‘ri ovqatlanish ham dolzarb. O‘rganishlarga ko‘ra, aholimizning 44 foizi jismoniy faol emas, 36 foizi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaydi. Boshoqli va donli mahsulotlar, meva-sabzavotlar iste’moli kam. Tez tayyor bo‘luvchi va tarkibida kanserogen moddalar yuqori bo‘lgan mahsulotlar savdosi ko‘paygan. Bular turli kasalliklar va erta o‘limlarga sabab bo‘layapti.

Shu bois “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasi umummilliy harakatga aylantirilishi ta’kidlandi. Buning uchun sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘ibotini har bir oilaga olib kirish kerakligi aytildi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilari, hokimlar va sportchilar bilan muloqot bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va boshqa oliy darajadagi muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ga muvofiq amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur’atini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi va elektron tijorat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, suv xo‘jaligi, oliy ta’lim va muhandis kadrlar tayyorlash, sun’iy intellekt, madaniy almashinuv va sport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Atom energetikasi sohasidagi ishlar bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun mamlakatimizda energetikaning barcha manbalari ishga solinmoqda. An’anaviy generatsiyadan tashqari, so‘nggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirildi va “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi.

Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030-yilga borib, yurtimizda jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sun’iy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Shu bois ko‘plab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga o‘tish yo‘llarini izlayapti. Yer qa’ridan qazib olinadigan yoqilg‘ilar o‘z o‘rnini qayta tiklanuvchi manbalarga bo‘shatib berayapti. Bugunga kelib, dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyadir.

Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilayapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kiritayapti.

Mamlakatimizda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. 2024-yil 5-dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratishi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga



Hurmatli simpozium qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Qadimiy O‘zbekiston zaminida, go‘zal Zarafshon vohasida Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi, buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan navqiron shaharda ilk bor  o‘tkazilayotgan ushbu forumning nufuzi dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda. Bu galgi anjumanda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit’alari mamlakatlaridan ko‘plab taniqli olim va tadqiqotchilar ishtirok etayotgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Mazkur anjuman Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilingan joriy yilda, ulug‘ ajdodimizning 584 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan kunlarda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.

Qadrli do‘stlar!

Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, Vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahlining e’tiborini tortib kelmoqda.

Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘ta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy g‘oyalarni  baland ko‘tarib maydonga chiqqani, o‘zbek adabiy tiliga asos solib, uning o‘lmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani chinakam ma’naviy jasorat namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga to‘la javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.

Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi haqli ravishda jahon adabiyoti daholarining buyuk asarlari bilan bir qatorda turishi bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.

Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, shu borada yurtimiz olimlari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Ushbu anjumanga puxta tayyorgarlik ko‘rgan, Alisher Navoiyning tavallud ayyomini katta shod-u xurramlik va bunyodkorlik ishlari bilan kutib olayotgan Navoiy shahri va viloyati ahliga, mutasaddi rahbarlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

B.Raupovni «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘zining izlanuvchanligi va ishbilarmonligi bilan sohaga ilg‘or tashabbus va innovatsion g‘oyalarni samarali tatbiq etib kelayotgani, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘layotgani, hududda iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholi farovonligini yuksaltirishga qo‘shayotgan munosib hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi «Surkhon Sandwich» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Raupov Baxrom Qayumovich «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisi Akixisa Nagasima boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Maxsus maslahatchi Akixisa Nagasima davlatimiz rahbariga Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning salomi va shaxsiy maktubini yetkazdi.

Yaponiya O‘zbekistonda qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro hamkorlikni ta’minlash va mustahkamlashda o‘zining ishonchli va uzoq muddatli strategik sherigini ko‘rayotgani ta’kidlandi.

Yaponiya hukumati iqtisodiy va innovatsion hamkorlik, energetika, sanoat, infratuzilma va ijtimoiy sohalardagi kooperatsiya, jadal ta’lim va madaniy almashinuvlar, turizm va mehnat migratsiyasi dasturlari, shuningdek, samarali mintaqaviy hamkorlik kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholayotgani alohida qayd etildi.

2024-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Yaponiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan loyihalar portfeli 12 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 100 ga yaqin qo‘shma korxona va tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston-Yaponiya markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalardagi, shu jumladan Yaponiya hukumatining Taraqqiyotga ko‘maklashish dasturi doirasidagi hamkorlikning kun tartibi sermazmun ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya hukumatiga joriy yil aprel oyida Osaka shahrida boshlanadigan «Ekspo» butunjahon ko‘rgazmasini muvaffaqiyatli o‘tkazishni tiladi.

Bo‘lajak «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik doirasida mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Kimyo sanoatidagi rejalar tanqidiy ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni kimyo sanoatida 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda bu tarmoqda sezilarli o‘zgarish bo‘lgani, yangi texnologik zanjirlarni yaratish uchun investitsiyalarga keng yo‘l ochilgani bilan, yirik kimyo zavodlari faoliyati hali zamon talablari darajasida emasligi qayd etildi.

Shu bois tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga hali ishlatilmagan imkoniyatlarni, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni aniq ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirib, kimyo korxonalarida qo‘shilgan qiymatni hozirgidan bir necha barobar oshirish mumkin.

Prezidentimiz bu boradagi kamchiliklarni qayd etib, yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini karrasiga ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi.

Hukumatga tarmoqdagi muammolarni tezkor hal etish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish va loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.

Tarmoqdagi har bir korxonani raqamlashtirish, quvvatlardan oqilona foydalanish, energiya samaradorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilandi.

Posted on Leave a comment

Malayziyaga rasmiy tashrif yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.

Bugun Kuala-Lumpur shahrida Prezidentimiz Bosh vazir Anvar Ibrohim bilan sermahsul muzokara o‘tkazdi.

Sammit yakunida Kelajak avlodlar uchun strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolandi va hamkorlikning turli sohalarida salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari va Malayziya Bosh vaziri biznes forumida ishtirok etib, «Petronas» kompaniyasi prezidenti bilan uchrashdi.

Madaniy dastur doirasida O‘zbekiston yetakchisi Malayziya Islom san’ati muzeyiga tashrif buyurdi.

Tadbirlar yakunlangach, Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Malayziya ta’lim vaziri Zambri Abdulqodir va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Petronas» korporatsiyasi bilan sheriklikni rivojlantirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi



Kuala-Lumpur shahridagi ishbilarmonlik dasturining davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim «Petronas” korporatsiyasining bosh qarorgohi – «Twin Towers» binosiga tashrif buyurib, kompaniya prezidenti Muhammad Tavfiq bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Neft-gaz, neft-kimyo va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida yetakchilardan biri bo‘lgan ushbu global kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari xomashyoni chuqur qayta ishlash va «yashil» energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi istiqbolli rejalarni qo‘llab-quvvatladi.

Geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, karbonat angidrid gazini ushlab qolish va saqlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, “Petronas” universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz O‘zbekiston va Malayziya ishbilarmonlari o‘rtasida keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi



Rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Kuala-Lumpur shahrida qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar.

Tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 200 dan ziyod rahbarlari, jumladan, Malayziyaning “Petronas”, “MMC Corporation”, “DRB-Hicom”, “Gemilang Coachwork”, “Proton”, “Gentari”, “Five Petroleum”, “YTL Corporation”, “Sunview Group”, “KPJ Healthcare”, “MK Tron”, “Mimos”, “Sparco Engineering”, “Tradewinds Group”, “Kapital DX”, “Gamuda”, “Westports”, “Khazanah”, “EXIM Bank of Malaysia” va boshqa ko‘plab kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralarda O‘zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirishning ikki yillik davrini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinganini ta’kidladi.

O‘tgan yili Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani, ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida qator yirik tadbirlar o‘tkazilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, transport va logistika imkoniyatlari kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida deyarli har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, ko‘p qirrali sheriklikning yangi «o‘sish nuqtalari» belgilab olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qo‘shma loyihalarning salmoqli portfeli shakllantirildi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqildi.

– Maqsadimiz – munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, – dedi Prezident.

Malayziya O‘zbekistonning muhim innovatsion va texnologik hamkoridir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Malayziya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning qator ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Bu, eng avvalo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishdir. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ma’lumot markazlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Gaz-kimyo va kimyo sanoati muhim yo‘nalish hisoblanadi. Polimerlar, «yashil» vodorod va ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha strategik loyihalarni tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.

Qurilish sohasining jadal rivojlanishi innovatsion va ekologik toza qurilish materiallariga talabni oshirmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Malayziya kompaniyalarini mamlakatimiz hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Zamonaviy klinikalar qurish, Malayziyaning ilg‘or tajribasi asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu nuqtayi nazardan, «aqlli» qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va «halol» standartlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari Malayziyaning yetakchi kompaniya va banklarini O‘zbekistonning telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Bundan tashqari, geologiya, ta’lim, transport, ziyorat turizmi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi malayziyalik ishbilarmonlarning qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqishi katta ekanini, ular texnologiyalar va bilimlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi ma’lum qilindi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari navbatdagi qo‘shma biznes forumini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.