Posted on Leave a comment

Fayzli iftorlikda yurtimizdagi ahillik namoyon bo‘ldi



25-mart kuni barcha hududlarda ehson dasturxonlari yozilib, iftorlik marosimi o‘tkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tgan iftorlikda ishtirok etdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari xalqimizni va jamiki musulmon ummatini muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

– Ushbu sharofatli oyda go‘zal diyorimizda mana shunday fayzli iftorlik marosimini el-yurtimiz bilan birgalikda o‘tkazish nasib etgani uchun mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz, – dedi Prezident.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya hamma ishda asosiy dasturga aylanmoqda. Fuqarolarning huquqlari, vijdon erkinligi ta’minlanayotgani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Muqaddas dinimiz buyurgan xayrli amallar – ahillik va hamjihatlik, mehr-saxovat, sabru qanoat, axloq-odob, ilmu ma’rifat fazilatlari jamiyatimizda tobora mustahkam bo‘lib bormoqda.

Islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, ulug‘ allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, shu maqsadda poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Bu ulkan ilmiy-ma’naviy loyiha necha ming yillik taraqqiyot yutuqlarini o‘zida mujassam etib, islom sivilizatsiyasi yurtimizda aynan ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’rifat asosida rivojlanganini tasdiqlaydi, yoshlarimizni buyuk kashfiyotlarga ruhlantiradi.

Samarqandda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasi qurilishi ham jadal davom etmoqda. Buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid bunyod etilmoqda. Bu ikki muhtasham obida joriy yilda ochilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 14 martdagi qaroriga muvofiq, bu yil Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. U zotning Samarqanddagi muborak qadamjosi yanada obod qilinadi, boy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limoti xorijiy olimlar bilan hamkorlikda o‘rganiladi.

Yurtimizdagi turli millat va din vakillari o‘rtasida ahillikni kuchaytirish maqsadida shu yil sentyabrda yana bir tadbir – Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti forumi” o‘tkaziladi. Bu xalqaro anjuman turli diniy e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘ziga xos ma’rifiy muloqot maydoni bo‘ladi.

Konstitutsiyamizga muvofiq, O‘zbekiston ijtimoiy davlat maqomiga ega bo‘lib, xalqchil va insonparvar siyosat yuritilmoqda. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida ko‘makka muhtoj insonlarga 16 trillion so‘mlik moddiy yordam va nafaqalar berilgan. Kam ta’minlangan oilalarga mansub 51 ming nafar bola bog‘chaga joylashtirilgan, ularning 176 ming nafar a’zosiga tibbiy ko‘mak ko‘rsatilib, 182 ming nafari ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 94 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarga davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq 130 milliard so‘mlik xarajatlar qoplab berilgan.

“Ayollar daftari” doirasida 3,5 million nafar xotin-qizga 5 trillion 700 milliard so‘mlik yordam ajratilgan. “Yoshlar daftari” joriy etilganidan buyon 1 million 300 ming nafar ehtiyojmandga 1 trillion 700 milliard so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, yurtimiz hojilarining tashabbusi bilan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga 6 milliard 300 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Yurtni obod qilish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratish ham savobli ish. “Yashil makon” umummilliy loyihasi aynan shu maqsadga qaratilgan. Hozirgi bahor mavsumining o‘zida diniy soha xodimlari tomonidan 10 ming tupdan ziyod daraxt, 32 ming tupga yaqin gul ekildi, masjid va ziyoratgohlar atrofi obod qilindi.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”ga oid davlat dasturi doirasida tabiatparvarlik ko‘lami yanada kengaymoqda. Yaqinda Xiva shahrida o‘tkazilgan Konfessiyalararo kengash majlisida yurtimizdagi diniy konfessiyalar vakillari mazkur davlat dasturida faol ishtirok etish bo‘yicha murojaatnoma qabul qildi.

Ushbu iftorlik marosimida ham xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar hamda diniy konfessiyalar vakillari jamlangani yurtimizdagi bag‘rikenglik va totuvlikning yana bir ifodasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida dunyodagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. Aksariyat ziddiyat va mojarolar aynan islom dunyosida sodir bo‘layotgani afsus bilan qayd etildi.

Notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib ketishi mumkinligi, musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ekani ta’kidlandi.

Buning uchun, birinchi navbatda, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, ilm-ma’rifatga yo‘naltirish e’tibor markazida turishi kerak.

Shu haqda gapirar ekan, Shavkat Mirziyoyev Bahouddin Naqshbandning “Qo‘ling mehnatda, diling Allohda bo‘lsin”, degan o‘gitini yodga oldi. Yoshlarimizni mana shunday ruhda tarbiyalash, ularni mehnat va kasbga o‘rgatish juda muhim ekanini ta’kidladi.

Ayni kunlarda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida yurtimizdagi 9 ming 500 ga yaqin mahallada kam ta’minlangan oilalarda iftorlik dasturxonlari yozilib, ularning holidan xabar olindi. Bunday xayrli ishlar inson qadrini ulug‘lash, pok maqsadli barcha yurtdoshlarimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi.

– Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Yaxshilarning ishi – yaxshilik qilishdir”. Chindan ham, bu hayot aynan ezgulik va yaxshilik tufayli doimo yorug‘ va bardavomdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Niyatlar ijobat bo‘ladigan muborak Ramazon oyida, Qadr kechasi arafasida turib, ezgu tilaklar aytildi.

Qur’oni karimdan tilovat qilindi. Alloh taolodan butun dunyoda tinchlik, yurtimizda farovonlik, mehr-oqibat barqaror bo‘lishini so‘rab, duolar o‘qildi.

Yurtimizning barcha hududlarida o‘tgan iftorlik tadbirlarida nuroniylar, ziyolilar, turli din va konfessiyalar vakillari, nogironligi bor va ehtiyojmand kishilar, jami 60 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqi



Bismillahir rahmonir rahim.

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlar!

Qadrli mehmonlar!

Siz, azizlarni, butun xalqimizni, uzoq-yaqindagi jamiki musulmon ummatini davom etayotgan muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik va farovonlik yor bo‘lishini tilayman.

Ushbu sharofatli oyda go‘zal diyorimizda mana shunday fayzli iftorlik marosimini el-yurtimiz bilan birgalikda o‘tkazish nasib etgani uchun mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi davramizda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimizga – xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga, diniy konfessiyalar rahbarlariga Vatanimiz va xalqimizga ko‘rsatayotgan yuksak ehtirom va e’tiborlari uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Sizlarga ma’lumki, so‘nggi yillarda milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya bizning faoliyat dasturimizga aylanmoqda. Shu asosda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Fuqarolarimizning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanayotgani bu yil Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Muqaddas dinimiz buyurgan xayrli amallar – ahillik va hamjihatlik, mehr-saxovat, sabru qanoat, axloq-odob, ilmu ma’rifat fazilatlari jamiyatimizda tobora mustahkam bo‘lib bormoqda. Xususan, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, ulug‘ allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ulkan ilmiy-ma’naviy loyiha sifatida mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ushbu markaz necha ming yillik taraqqiyot yutuqlarini o‘zida mujassam etib, islom sivilizatsiyasi yurtimizda aynan ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’rifat asosida rivojlanganini tasdiqlaydi. Bu maskan biz uchun nafaqat o‘tmish yodgorligi sifatida, balki xalqimiz, yoshlarimizni kelajak sari chorlashi, buyuk kashfiyotlarga ruhlantirishi bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Xabaringiz bor, ulug‘ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning Samarqandda barpo qilinayotgan muazzam majmuasi qurilishi ham jadal davom ettirilmoqda. Bu yerda buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid ham bunyod etilmoqda.

Nasib etsa, bu yil ana shu ikki muhtasham obidani – Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimini barchamiz birgalikda tantanali ravishda o‘tkazamiz.

Xalqimizning islom dini va falsafasiga qo‘shgan bebaho hissasini yanada teran o‘rganish maqsadida yaqinda yana bir muhim qaror qabul qildik.

Bu yil mutafakkir ajdodimiz, kalom ilmining buyuk peshvolaridan biri bo‘lmish Imom Moturidiy hazratlari tavalludining 1155 yilligini keng nishonlaymiz. Jumladan, ul zotning Samarqanddagi muborak qadamjolari yanada obod qilinadi.

Eng muhimi, bu ishlarimiz Imom Moturidiy merosi va moturidiylik ta’limotini yurtimiz va xorijiy olimu ulamolar bilan hamkorlikda ilmiy asosda o‘rganishda yangi va katta qadam bo‘ladi.

Hurmatli do‘stlar!

Ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni kuchaytirish vazifasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning sentyabr oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazamiz. “Deklaratsiyalar muloqoti forumi” deb nomlangan bu yirik tadbir 2022 yili Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan anjumanning mantiqiy davomi bo‘lib, turli diniy e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘ziga xos ma’rifiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda yana ta’kidlab aytmoqchiman: mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik – bizning eng katta boyligimizdir.

Ana shu beqiyos boylikni ko‘z qorachig‘idek asrash, yurtimizdagi do‘stlik, tenglik, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘la safarbar etamiz. Bu masala hozirgi murakkab davrda biz olib borayotgan erkinlik va ochiqlik siyosati uchun ayniqsa o‘ta muhimdir.

Muhtaram yurtdoshlar!

Yangi O‘zbekiston yangicha ustuvor tamoyillarga, jumladan, Konstitutsiyamizda aniq belgilab qo‘yilgan ijtimoiy davlat maqomiga ega bo‘lib, xalqchil va insonparvar siyosat olib bormoqda.

Shu borada birgina misol keltirishga ijozat bergaysiz. O‘tgan yilning o‘zida ko‘makka muhtoj insonlarga 16 trillion so‘mlik moddiy yordam va nafaqalar berildi. Kam ta’minlangan oilalarga mansub 51 ming nafar bola bog‘chaga joylashtirildi, ularning 176 ming nafar a’zosiga tibbiy ko‘mak ko‘rsatildi, 182 ming nafari esa ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 94 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarga davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq 130 milliard so‘mlik xarajatlar qoplab berildi.

“Ayollar daftari” doirasida 3,5 million nafar opa-singillarimizga 5 trillion 700 milliard so‘mlik yordam ajratildi.

“Yoshlar daftari” joriy etilganidan buyon 1 million 300 ming nafar ehtiyojmand yoshlarga 1 trillion 700 milliard so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.

Eng asosiysi, bu ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda.

Qadrli marosim ishtirokchilari!

Yangi O‘zbekistonning ustuvor xususiyatlaridan yana biri – bu “yashil taraqqiyot” yo‘lidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda yangi ekologik makon barpo etilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi aynan shu maqsadga qaratilgan.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan joriy yilda amalga oshirilayotgan davlat dasturi ham bu borada muhim qadam bo‘lmoqda.

Yaqinda Xiva shahrida ilk bor kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan Konfessiyalararo kengash majlisida yurtimizdagi diniy konfessiyalar vakillari mazkur davlat dasturida faol ishtirok etishga qaratilgan murojaatnoma qabul qildilar.

Albatta, jamiyatimizdagi ezgu ishlarda hurmatli din peshvolari, ulamo va nuroniylarimiz, keng jamoatchiligimiz faol ishtirok etayotganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Bu yil “Yashil makon” loyihasi doirasida bahor mavsumining o‘zida diniy soha xodimlari tomonidan 10 ming tupdan ziyod daraxt, 32 ming tupga yaqin gul ekilgani, masjid va ziyoratgohlarda 25 gektar yer obod qilingani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Yurtimiz hojilarining ham ko‘plab xayrli ishlarda shaxsiy namuna ko‘rsatib, o‘rnak bo‘layotganlari albatta barchamizni xursand qiladi.

O‘tgan yili muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida hojilarimiz “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusni ilgari surgan edilar. Shu kunga qadar ularning tashabbusi bilan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga 6 milliard 300 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bunday savobli ishlari uchun ularga barchamiz chin ko‘ngildan tashakkur aytamiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Hozirgi kunda dunyodagi vaziyat o‘ta qaltis va murakkab bo‘lib borayotganini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

Afsuski, aksariyat ziddiyat va mojarolar aynan islom dunyosida sodir bo‘layotgani barchamizni chuqur tashvishga solmoqda.

Notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib, butun-butun mintaqalarga yoyilib ketish xavfi tobora ortib bormoqda.

Musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

E’tiborimiz markazida turishi kerak bo‘lgan yana bir masala – bu yoshlarimizning qalbi va ongini zaharlashga, hayotini izdan chiqarishga qaratilgan ko‘plab tahdidlar bilan bog‘liq.

Farzandlarimizni ilm-ma’rifatga targ‘ib etish, yot g‘oyalar ta’siridan saqlash borasida hurmatli imom-xatiblarimiz, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimiz, mahalla faollari, hojilarimizning o‘rni beqiyos, albatta.

Barchamiz sizlarning ushbu yo‘nalishda olib borayotgan faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz.

Buyuk Bahouddin Naqshband bobomizning “Qo‘ling mehnatda, diling Allohda bo‘lsin”, degan o‘gitlari hammamizning hayotiy e’tiqodimizga aylanib ketgan.

Yoshlarimizni mana shunday ruhda tarbiyalashda ularni mehnat va kasbga o‘rgatish juda muhim ahamiyatga ega.

Shu ma’noda, hurmatli nuroniylarimiz, mahalla faollari, mirishkor fermerlarimiz, tadbirkorlarimiz yoshlarni halol mehnat qilib, oilasi va yurt farovonligi yo‘lida tinimsiz izlanib yashashga o‘rgatadilar, deb ishonaman.

Hurmatli do‘stlar!

Ushbu fazilatli oy davomida yurtimizdagi 9,5 mingga yaqin mahallada kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarda iftorlik dasturxonlari yozilib, xayr-saxovat ishlari amalga oshirildi.

Joylardagi bu tadbirlarda muftiy hazratlari va imom-xatiblarimiz ham xonadonma-xonadon yurib, faol ishtirok etishdi.

O‘ylaymanki, “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida o‘tkazilgan bunday xayrli marosimlar inson qadrini ulug‘lash, pok maqsadli barcha yurtdoshlarimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Yaxshilarning ishi – yaxshilik qilishdir”. Chindan ham, bu hayot aynan ezgulik va yaxshilik tufayli doimo yorug‘ va bardavomdir.

Shu bois ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muborak Ramazon oyida, Laylatul qadr kechasi arafasida turib, yurtimizda, butun dunyoda tinchlik va farovonlik, mehr-oqibat barqaror bo‘lishini so‘rab duolar qilamiz.

Iloyim, hayotimiz doimo mana shunday munavvar, fayzli va barakali bo‘lsin!

Duogo‘y otaxon va onaxonlarimiz sog‘-omon bo‘lsinlar!

Mehribon opa-singillarimiz, aka-ukalarimiz yonimizda doimo tog‘dek tayanch bo‘lib tursinlar!

Farzandlarimiz bilimli, kasb-hunarli, azmu shijoatli yoshlar bo‘lib, Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etsinlar!

Yurtimiz tinch, mehnatkash, olijanob xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

Posted on Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev bugun iftorlik tadbirida ishtirok etadi.



Bugun, an’anaga ko’ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev iftorlik tadbirida ishtirok etadi. Barcha hududlarda yoziladigan iftorlik dasturxonlariga nuroniylar, mehnat faxriylari, ulamolar va ziyolilar, turli din va konfessiyalar vakillari, nogironligi bor va ehtiyojmand yurtdoshlarimiz, jami 60 ming nafarga yaqin kishi taklif qilingan. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Posted on Leave a comment

Birinchi Prezident maqbarasi ziyorat qilindi



Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga tashrifi yakunida Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi.

Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.

Marhumlarning yaxshiliklarini eslash, qabristonlarni obodonlashtirish xalqimizning ezgu qadriyatlaridan. Ushbu maqbara ham Prezidentimiz boshchiligida qurdirilgan, aziz ziyoratgohga aylantirilgan. Muborak Ramazon oyida bunday ezgu amallar barcha joylarda yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Posted on Leave a comment

Prezident Xalqaro turizm markazidagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi



So‘nggi yillarda eng zamonaviy standartlarga mos infratuzilma yaratilgani tufayli Samarqand shahri xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar – oliy va yuqori darajadagi sammitlar, xalqaro konferensiya va kongresslarning an’anaviy mezboniga aylandi.

2022-yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi bunyod etilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, Samarqandning xalqaro markaz sifatidagi salohiyatini yanada oshirdi.

Bugun Prezident ushbu xalqaro turizm markaziga tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi. Majmuada xorijiy delegatsiyalar va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, qulayliklarni kengaytirishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda, qator yangi obyektlar qurilmoqda.

Jumladan, markaz hududida konsert zali barpo etilmoqda va zamonaviy akustika uskunalari bilan jihozlanmoqda.

Prezidentimiz xorijiy delegatsiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerning o‘zida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuzasidan davlatimiz rahbariga hisobot berdi.

Ta’kidlash joiz, joriy yilda Samarqandda yirik xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tadi. Bugungi kunda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumi, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” sammiti, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Posted on Leave a comment

Mo‘tabar maskanlar obod qilinadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-mart kuni Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. 

– Kuni kecha xalqimiz bilan Navro‘z ayyomini kutib oldik. Bugun, muqaddas Ramazon oyida mana shu tabarruk joyga kelib turibmiz. Bu ulug‘ kunlarga tinchlik-xotirjamlikda yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Ilohim, hamisha yurtimiz tinch, elimiz farovon bo‘lsin, hamma xayrli niyatlarimiz amalga oshsin. Bu majmuani Imom Buxoriy bobomizga munosib tarzda qurayapmiz. U ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Imom Buxoriy maqbarasi butun islom olamida e’zozli maskan. Ko‘p ming sonli ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda.

Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar. Bugungi kunda mahobatli maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurib bitkazilgan. Balandligi 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Shuningdek, muzey, ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilgan. 

Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bunda milliy an’analar va issiq ranglardan foydalanilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitiladi.

Bundan tashqari, hududda ikki ming o‘rinli yigirmadan ortiq mehmonxona, xiyobonlar, to‘rtta tahoratxona barpo etiladi.

Bu yil yurtimizda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Shu haqdagi Prezident qarorida kalom ilmi sultonining Samarqand shahridagi majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish belgilangan.

Tashrif chog‘ida Prezidentimizga ushbu loyiha taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, Moturidiy majmuasida 1 ming 500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi. 

Imom Abu Mansur Moturidiy islom olamida ixtiloflar avj olib, har xil firqalar ko‘paygan paytda yashagan, butun hayotini islomiy aqiydani himoya qilish va ma’rifatini yoyishga bag‘ishlagan. U zotning moturidiylik ta’limoti, “Ta’vilotul Qur’on”, “Kitob at-Tavhid” kabi asarlari bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillari bilan ahli sunna val-jamoaning ma’naviy asoslariga aylangan.

Davlatimiz rahbari bu tamoyillar bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidlab, alloma bobomizning merosini yanada keng o‘rganish va jahonga targ‘ib etish, majmuaga keluvchilarga sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Yana bir xayrli loyiha – Oqdaryo tumanidagi Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga qaratilgan. Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridani biri bo‘lgan. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng, Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.

Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli avtoturargoh, tahoratxona qurilishi rejalashtirilmoqda.

Samarqand zaminidan yetishib chiqqan boshqa olim va mutafakkirlar, aziz avliyolarning qadamjolari ham bosqichma-bosqich ta’mirlanib, obod qilinadi.

Posted on Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev mahalladagi bayram saylida qatnashdi



Yurtimizning barcha joylarida Navro‘z ayyomi ko‘tarinki ruhda kutib olinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Bektemir tumani Rohat mahallasiga tashrif buyurib, bayram saylida qatnashdi.

Xizmat ko‘rsatish va savdoga ixtisoslashgan mahallada 4 ming nafar aholi yashaydi. Bandlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tizimga muvofiq, banklar ishtirokida mahallaning ichki imkoniyatlari yuzaga chiqarilmoqda.  O‘tgan yili yuzga yaqin aholi ishga joylashtirilgan, 256 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 13 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ikkita ishlab chiqarish korxonasi, o‘nlab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari odamlarga qulaylik yaratmoqda.

Prezidentimiz ushbu korxonalarni ko‘zdan kechirdi.

Mahallada ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maydonchalari, o‘quv markazi, amfiteatr, hunarmandlar va axborot-kutubxona markazlari faoliyat yuritmoqda. Hozir, ayniqsa, nuroniylar maskani gavjum.

Davlatimiz rahbari ushbu maskanda tashkil etilgan sumalak saylida qatnashdi, mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda joriy yilgi rejalar, jumladan, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish haqida so‘z yuritildi.

– Mahallangizdagi obodlikni, odamlarning kayfiyatini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Vaqti bilan barcha tumanlardagi imkoniyatlarni oshiramiz. Buning uchun eng asosiysi – tinchlik-ahillik kerak. Ilgari chegaralarimizda vaziyat qanday edi? Vazminlik bilan, siyosiy iroda bilan hamma masalalarga yechim topayapmiz. Barcha ishlarni quyi tizimda tashkil qilganimiz uchun 10 mingga yaqin mahallaning holati yaqqol namoyon. “Mahalla yettiligi” orqali xonadonga yetib borilayapti. Odamlarning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar siyosatida hali ishlarimiz ko‘p. Shuning uchun ta’limga, o‘g‘il-qizlarni o‘qitishga katta e’tibor berishimiz kerak. Yoshlari bilimli va ma’naviyatli  jamiyat, albatta, farovonlikka erishadi,  – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rohat mahallasida umumta’lim maktabi, bolalar musiqa va san’at maktabi, “Barkamol avlod” markazi, akademik litsey faoliyat yuritmoqda. Yaqinda yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib bitkazildi. Bular ham yoshlar ma’rifatini oshirishga xizmat qiladi.

Posted on Leave a comment

Bektemir tumanida yana bir bog‘ paydo bo‘ldi



“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida ko‘chat ekib, yashillik yaratish ko‘lami kengaydi. Poytaxtimizning Bektemir tumanida yana bir bog‘ga asos solindi.

Prezidentimiz davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerda ko‘chat ekdi.

Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy edi. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga mas’ullar biriktirildi.

Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.  Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Prezident farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.

Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturiga muvofiq, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, plantatsiyalar kengaytiriladi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ko‘chatlarni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Posted on Leave a comment

Obod mahallada bayram shukuhi



Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Bektemir tumaniga tashrifi chog‘ida Iykota mahallasida bo‘lib, qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerdagi 37 ta ko‘p qavatli uy va 1 ming 400 ta hovlida 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizda mahallabay amalga oshirilayotgan manzilli ishlar Iykotada ham o‘z natijasini bermoqda. Yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan. Yo‘laklar va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Maydonchalarga gul va maysalar ekilgan.

O‘tgan yili uch qavatli mahalla idorasi foydalanishga topshirilgan edi. Endi davlat byudjeti hisobidan 358-umumta’lim maktabi qurildi. Prezidentimiz ushbu yangi muassasani ko‘zdan kechirdi.

Ta’lim tizimiga bo‘layotgan e’tiborning yorqin ifodasini bu yerda ham ko‘rish mumkin. Qariyb ming o‘rinli maktabda fan xonalari, kompyuter va xorijiy til xonalari, robototexnika to‘garagi, laboratoriya zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Kutubxona, sport zali, futbol maydoni va oshxona bolalar uchun keng qulayliklar yaratilgan.

Pedagoglar bilan muloqot chog‘ida bolalarning qobiliyatini to‘g‘ri shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirib, bitiruvchilarni kasb-hunarli qilib hayotga yo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Xususan, axborot texnologiyalari, robototexnika, muhandislik kabi yo‘nalishlarni kengaytirish, o‘smirlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini kuchaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Mahalladagi yangi uylarning birinchi qavatlarida ikkita xususiy bog‘cha tashkil etilgan. Ular Navro‘z arafasida ochilgani ota-onalar uchun bayramona tuhfa bo‘ldi.

Ichki imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash tamoyili bu mahallada ham namoyon. 70 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 2 ta ishlab chiqarish korxonasida ko‘pchilik ro‘zg‘or tebratayapti. Prezidentimiz farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish qizg‘in davom etmoqda.