Posted on — Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Rossiyaga boradi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 8-9-may kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Posted on — Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari amaliy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 3-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Rossiya Prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, Toshkent shahrida beshinchi «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan ishbilarmonlik tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.

Gumanitar hamkorlik, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim, sport va turizm sohalarida kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on — Leave a comment

Malakali kasbiy tayyorgarlik – davlat rivojining asosi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida barpo etilgan Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazini borib ko‘rdi.

Majmua Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICAning 9 million dollarlik grant mablag‘lari hisobidan qurilgan. Zamonaviy kasblar uchun zarur jihozlar, simulatsion  uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Bu yerda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandchilik, yuk ko‘tarish mashinistligi, elektron va maishiy texnika ta’miri, mebelsozlik, sartaroshlik va kosmetologiya, mobilografiya hamda mehmonxona xizmati kabi 10 ta talab yuqori mutaxassislik o‘rgatiladi.

Buning uchun qariyb 2 gektar hududda zamonaviy o‘quv binolari, amaliy mashg‘ulot xonalari, 64 o‘rinli yotoqxona va boshqa yordamchi inshootlar qurilgan. Muassasa yiliga 300 nafar tinglovchini 6 oylik kasbiy tayyorgarlik kurslarida o‘qitish imkoniyatiga ega.

Prezident o‘quv-mashg‘ulot xonalarini kirib ko‘rdi. Mehmonxona yo‘nalishida saboq olayotgan yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.

– Urganch aeroportini Inchon aeroporti bilan sheriklikda dunyo darajasiga olib chiqamiz. Katta turizm markazlari, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xorijiy turistlar ko‘p kelishi uchun xizmat ham xalqaro darajada bo‘lishi kerak. Ular tariximiz, tabiatimiz uchun keladi, servis yaxshi bo‘lsa, xursand bo‘lib ketadi. Bunda ko‘p narsa xizmat ko‘rsatuvchilarning muomalasi, etikasi, saviyasiga bog‘liq. Shuning uchun bu imkoniyatdan foydalanib, kasbni yaxshi o‘rganing. Kelgusida o‘zingiz ham tadbirkor bo‘lishga harakat qiling, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markazda Migratsiya agentligi hamda Koreyaning Hyundai va Germaniyaning SBH West bilan hamkorlikda elektromobillarga xizmat ko‘rsatish ixtisosligi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos kadrlar yetishtirish imkonini beradi.

Xalqaro hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yil yanvar oyida markazning boshqaruv xodimlari Koreya Respublikasida 2 haftalik o‘quv kurslarini tamomlab qaytgan. Ayni paytda esa ushbu mamlakatda 20 nafardan ziyod o‘qituvchi va murabbiylar malaka oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari malakali kasbiy tayyorgarlik sanoatlashtirish, umuman, davlat rivojining asosi ekanini ta’kidladi. Amaliyot uskunalaridan samarali foydalanish, dars smenalarini oqilona tashkil etib, ko‘proq yoshlarni o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz Xorazmga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Posted on — Leave a comment

Klasterning yangi korxonalari ishga tushdi



Davlatimiz rahbari Xorazmdagi “Urganch klaster”ning yangi korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Klasterning tashkil etilganiga besh yil bo‘lgan. Bugun u paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan yaxlit “zanjir”. Uning tizimida 3 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Tadbirkor 8 ming 500 gektar maydonda yetishtirilgan paxtani 100 foiz qayta ishlaydi. Buning uchun paxta tozalash va yog‘ zavodlari bor.

Shu kunlarda klasterning ip-yigiruv hamda mato to‘qish quvvati ortdi. Qo‘shimcha investitsiya evaziga yana ikkita korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi.

Korxonada o‘quv-tajriba markazi tashkil etilgan. Tikuvchi va dizayner-mutaxassislar avval shu yerda o‘qitilib, keyin ishga qo‘yiladi.

Bularning natijasida ishlab chiqarish hajmi sezilarli ortdi. Yiliga 10 ming 800 tonna atrofida ip-kalava va 3 million dona tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi fabrikalarda bo‘lib, ish jarayoni, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning oylik maoshlari, mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.

Bu yerda tayyorlanayotgan yuqori sifatli kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Korxonaning yillik eksport salohiyati 28 million dollar atrofida.

Mahsulotlar turi va sifatini ko‘paytirib, eksport ko‘lamini kengaytirish, energiya tejamkorlik orqali mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Posted on — Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimidagi nutqi



Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar, muhtaram Xorazm ahli!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun siz, azizlar bilan shonli tariximiz ustunlari va Yangi O‘zbekiston poydevori chambarchas bog‘langan mo‘tabar diyorda – qadimiy Xorazmda diydor ko‘rishib turganimdan benihoya xursandman.

Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir. Bu ko‘hna yurt jahonga dong‘i ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir.

Ilm-ma’rifat mash’allari bo‘lgan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, vatanparvarlik timsoli bo‘lgan Najmiddin Kubro va Jaloliddin Manguberdi singari ulug‘ zotlar xalqimizning faxru iftixoridir.

Shu ma’noda, jahon olimlarining: “Ulug‘ novator Beruniy fanning bir qator hal qiluvchi yo‘nalishlarida o‘z davridan 500 yillab, hatto undan ham ko‘proq ilgarilab ketgan”, degan e’tiroflari bu zaminning buyuk salohiyatidan dalolat beradi.

Xorazmning havas qilsa arziydigan yana bir bebaho boyligi bor. Bu – uning muhtasham tarixiy obidalaridir. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qal’a” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

E’tibor bering, viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud. Va ularning tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. Hech shubhasiz, ular o‘zining noyob va go‘zal me’moriy qiyofasi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror o‘rnini belgilab beradigan tirik tarixdir.

Aziz yurtdoshlar!

Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida o‘zgarish va yangilanishlar yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirmoqdamiz.

Boshlagan islohotlarimiz doirasida tinchlik va do‘stlik jabhasi bo‘lmish turizmni rivojlantirishga alohida strategik yo‘nalish sifatida e’tibor qaratib kelayotganimiz albatta bejiz emas. Chunki, turizm – bu faqat sayru sayohat, mazmunli dam olishgina emas. U avvalo ellarni ellarga, dillarni dillarga bog‘laydigan, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning boy madaniyati va tarixiy merosini, uning ochiq qalbini dunyoga namoyon qiladigan ko‘zgudir.

Biz tarixiy yodgorliklar, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylab, ularni global turizm tarmog‘iga faol jalb etish borasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Shu bilan birga, milliy me’morchilik yechimlarini qo‘llagan holda, bir vaqtning o‘zida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualarni ko‘paytirishga alohida urg‘u beryapmiz.

Algebra va algoritm asoschisi Muhammad Xorazmiy bobomiz aytganlaridek: “Tartib va to‘g‘ri hisob-kitob – har qanday yutuqning garovidir”. Shu sababli ham mamlakatimizda turizm salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq va puxta rejalar asosida ish yuritilmoqda.

Biz bundan uch yil oldin Samarqandda “Boqiy shahar” deb nom olgan yirik turistik majmuani ishga tushirgan edik. Bugun esa Xorazm zaminida “Arda Xiva”,  oddiy qilib aytganda, “Boqiy Xiva” kompleksi tantanali ravishda ochilmoqda. Bu noyob majmua ulkan rejalarimizning yana bir amaliy natijasidir.

Qisqa fursatda bunyod etilgan ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, har biri kuniga 2 ming sayyohga xizmat qiladigan ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko‘rgazmalar paviloni, 70 ta do‘kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sayr uchun 4 kilometrli sohil bo‘yi yo‘lagi ishga tushmoqda.

Bu borada Xorazmning shonli o‘tmishidan hikoya qiladigan “Ko‘hna Urganch” muzeyi aholimiz va sayyohlarning sevimli maskaniga aylanishi shubhasiz.

Ana shunday ishlarimiz hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi, kamida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, ushbu majmuaga sarmoya kiritgan tadbirkor va investorlarga, fidokorona mehnat qilgan quruvchi va mutaxassislarga, bu ezgu ishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!

Hurmatli Xorazm ahli, aziz mehmonlar!

Xorazmning hali ishga solinmagan turistik salohiyati juda katta. Xabaringiz bor, Xiva tumanidagi 2 ming 400 gektar yerni Xiva shahriga o‘tkazyapmiz. Bu joyda “Sahro yulduzi” turistik kompleksi bunyod etiladi. Bu hududda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm obyektlari barpo etiladi.

Kompleks qurilishi bo‘yicha ishlarni shu yildan kechiktirmasdan boshlaymiz. Bosh vazir A.Aripov bunga bosh-qosh bo‘ladi.

Shuningdek, Tuproqqal’ada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tadigan G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar obyektlari ishga tushiriladi. Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.

Biz ajdodlarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash, boyitish va dunyoga keng targ‘ib etishni o‘z oldimizga ulug‘ maqsad qilib qo‘yganmiz. Shu bois, Ma’mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.

Kuni kecha Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet va IT maktabini tashkil etish bo‘yicha alohida qarorni imzoladim. Aminmanki, bu ta’lim dargohlari bo‘lg‘usi xorazmiylar, beruniylar bilim oladigan o‘quv maskanlariga aylanadi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpog‘iston elini Xudoi taoloning o‘zi taqdirdosh qilib yaratgan. Bu ikki qo‘shni hududning tarixi, madaniyati va urf-odatlarini bir-biridan alohida tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shu bois, Xorazmda turizmni rivojlantirishni Qoraqalpog‘iston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshiramiz.

Buning uchun “Xorazm – Qoraqalpog‘iston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. Masalan, Xivadan 80 kilometr masofada Ellikqal’a tumani joylashgan bo‘lib, bu yerda turistlar uchun jozibador bo‘lgan “Ayozqal’a” va “Tuproqqal’a” yodgorliklari bor. Shuningdek, tumandagi “Axchako‘l”da plyaj turizmini rivojlantirish uchun barcha infratuzilma mavjud. Yoki Beruniy tumanidagi “Sulton Uvays” qadamjosi ziyorat turizmi uchun nodir maskanlardan biri hisoblanadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Shuning uchun, ushbu hududlarni o‘zaro bog‘laydigan yo‘l, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur boshlaymiz. Bundan tashqari, “Urganch – Gurlan – Mang‘it” avtomobil yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilinadi.

So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, “Buxoro–Urganch–Xiva” temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. Sizlar bilan kelishib olganimizdek, 2026-yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, yaqin kelgusida bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.

Bugungi anjumanda ko‘plab xorijlik do‘stlarimiz ishtirok etmoqda. Keling, qadrli mehmonlarimizni chin dildan qutlab, ularga yana bir bor hurmat va ezgu tilaklarimizni bildiraylik!

Albatta, Xorazmga bir marta kelgan odam unga umrbod maftun bo‘lib qoladi. Ishonchim komil, siz, azizlar ham bu go‘zal va betakror yurtdan olam-olam unutilmas taassurotlar bilan qaytasizlar.

Shu bilan birga, mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos suluv tabiati, boy madaniyati, urf-odati, tarixiy obidalari va bir-biridan lazzatli taomlari, nozu ne’matlari bilan ajralib turadi.

Mamlakatimizga yana bir bor tashrif buyuring, boshqa hududlarimizni ham ko‘ring, yurtimiz haqidagi xolis fikrlaringizni yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Yangi O‘zbekiston sayyohlar uchun xavfsiz, xilma-xil kontentlarga boy, yorqin taassurotlarga to‘la turistik makon sifatida xotirangizda hamisha muhrlanib qoladi.

O‘zbekistonga xush kelibsiz, aziz do‘stlar!

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, do‘stlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.

Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom bo‘lgay.

Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni dunyodagi eng go‘zal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va san’at yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz.

Ana shu olijanob maqsad yo‘lida barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

Jonajon Vatanimiz hamisha omon bo‘lsin!

O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin!

Katta rahmat sizlarga!

Posted on — Leave a comment

Xorazmning turizm salohiyatida yana bir gavhar



Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida viloyatning buyuk o‘tmishi va bugungi turizm salohiyati haqida so‘zladi.

– Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir. Bu ko‘hna yurt jahonga dong‘i ketgan ne-ne olim-u fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Bu yerdagi muhtasham tarixiy obidalar bebaho boylik ekani qayd etildi. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qal’a” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud. Ular o‘zining noyob va go‘zal me’moriy qiyofasi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror o‘rnini belgilab beradigan tirik tarixdir.

Bugungi kunda bunga asoslanib, turizmni rivojlantirishga alohida strategik yo‘nalish sifatida e’tibor qaratilmoqda. Tarixiy yodgorliklar, madaniy meros obyektlari asrab-avaylanib, global turizm tarmog‘iga faol jalb qilinmoqda.

Shu bilan birga, o‘zida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualar ham barpo qilinayotir. “Arda Xiva” shunday ulkan rejalarning yana bir amaliy natijasidir. Ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko‘rgazmalar paviloni, 70 ta do‘kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sohil bo‘yi yo‘lagi bor.

Bunday ishlar hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi, kamida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.

– Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi. Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz.

Yana bir yangilik – endi Xiva tumanidan 2 ming 400 gektar yer Xiva shahriga o‘tkazilib, u joyda “Sahro yulduzi” turistik majmuasi bunyod etiladi. Unda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm joylari bo‘ladi.

Shuningdek, Tuproqqal’ada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tadigan G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar obyektlari ishga tushiriladi. Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.

Ma’mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbari Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpog‘iston elini Xudoyi taoloning o‘zi taqdirdosh qilib yaratganini ta’kidladi. Shu bois Xorazmda turizmni rivojlantirish Qoraqalpog‘iston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshiriladi. Buning uchun “Xorazm – Qoraqalpog‘iston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. “Urganch – Gurlan – Mang‘it” avtomobil yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilinadi.

So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. 2026-yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin kelajakda bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.

Prezidentimiz marosimda qatnashayotgan xorijlik mehmonlarni ham qutlab, hamkor ellarga hurmat va ezgu tilaklarini bildirdi.

– Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, do‘stlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda. Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom bo‘lgay. Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni dunyodagi eng go‘zal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va san’at yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosim katta konsert namoyishi bilan yakunlandi.

Posted on — Leave a comment

Xivada zamonaviy turizm majmuasi ochildi



Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda. Buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017-yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.

Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.

Endi bu yerda yana bir noyob majmua – “Arda Xiva” bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.

Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.

“Arda Xiva” hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.

Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.

Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, “Ko‘hna Urganch” muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.

Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.

Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, “Arda Xiva” Xorazmning zamonaviy “tashrif qog‘ozi” bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.

– Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.

Posted on — Leave a comment

Xonqa tumanida mebelsozlik sanoat zonasi ishga tushdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xonqa tumanida barpo etilgan mebelsozlik kichik sanoat zonasini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 21-iyundagi mebel sanoatini rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, salohiyati bor tumanlarda shunday sanoat zonalari tashkil etilmoqda.

Xonqa tumanida ham avvaldan mebelsoz ustalar ko‘p. Hozirgi kunda bu yo‘nalishda 140 dan ziyod tadbirkor, 500 dan ortiq xonadonda kichik ustaxonalar bor. Shu paytgacha ularning ko‘pchiligi tor joylarda, noqulay sharoitlarda ishlardi.

Shu bois 10 gektar yer ajratilib, mebel mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo obyektlarini o‘z ichiga olgan kichik sanoat zonasi barpo etildi. Bu yerda 10 million dollarlik 61 ta korxona faoliyat boshlamoqda. 650 kishi ish bilan ta’minlandi.

Korxonalarda Germaniya, Italiya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy dastgohlar o‘rnatilgan. Yiliga 108 milliard so‘mlik uy, ofis, mehmonxona, restoran, savdo va ijtimoiy muassasalar uchun mebellar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan.

Prezidentimiz ustaxonalardagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Xorazm viloyatida qurilish ko‘lami oshgani, ko‘plab uy-joylar, mehmonxonalar, bino va inshootlar barpo etilayotganidan unumli foydalanib, korxonalar uchun buyurtmalar shakllantirish, yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish zarurligini ta’kidladi.

Mebelsozlik kichik sanoat zonasida dizayner va texnologlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazi tashkil qilingan. Unga Turkiyadan malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Ular bilan muloqotda mebellar sifatini ta’minlash, yoshlarning bu bo‘yicha tajribasini oshirish haqida so‘z yuritildi.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorlarga ham yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 3 million dollarlikdan ziyod eksport qilinishi mo‘ljallangan.

Yana bir muhim jihati, sanoat zonasida energiya samaradorlikka e’tibor qaratilgan. Korxonalarning barchasiga quyosh panellari o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari shourumda mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi, ularning sifatini va dizaynini yuqori baholadi.

Xorazm viloyatida mebel ishlab chiqarish bilan 300 dan ortiq korxona shug‘ullanadi. Sohadagi yakka tartibdagi tadbirkorlar 200 dan ortiq, 1 ming 300 dan ziyod aholi o‘zini o‘zi band qilgan.

Posted on — Leave a comment

Al-Xorazmiy nomiga munosib inshootlar



Prezident Shavkat Mirziyoyev Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. O‘tgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1 ming 773 ta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yil mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi.

Shaharcha Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod etilmoqda. Samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Prezidentimizga mazkur haykal loyihasi taqdimot qilindi.

Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi.

Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham ma’no jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kecha Prezidentimiz Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari bo‘ladi. O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qabulni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2-yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.

Posted on — Leave a comment

Urganch aeroporti Koreyaning Inchon aeroporti bilan sheriklikda boshqariladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1-may kuni Xorazm viloyatiga keldi.

Bu o‘lka qadim tarixi va madaniyati bilan turizm jozibadorligiga ega. Hozirgi iqtisodiy ravnaqi tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham ko‘paymoqda. Lekin Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Bu qatnovlarni ko‘paytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.

Bu borada 2024-yil 1-avgustda e’lon qilingan ochiq tender ikki bosqichda o‘tkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi. Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Prezidentimiz ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi, servis bo‘yicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti bo‘lishini ta’kidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari bunday ilg‘or kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

– Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarimizni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSH dollari bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, “ICAO” talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.

Umuman, bunday zamonaviy infratuzilma orqali Xorazm aeroporti eng qulay yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda mamlakatimiz aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Bo‘lajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz  uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekani ta’kidlandi.