Posted on Leave a comment

Elektr energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi.

Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016 yilgidan 2 baravar ko‘p.

2030-yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra o‘sishi kutilayapti. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. Hisob-kitobga ko‘ra, 2030-yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035-yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ya’ni, hozirgidan 1,7 baravar ko‘p.

Yig‘ilishda energetika vaziri shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi.

Qayd etilganidek, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi ta’minlanadi. Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi.

Yana bir muhim masala – elektr energiyasining tannarxini pasaytirish. Buning omili muqobil manbalarni ko‘paytirishdir. Xorijiy ekspertlar ham O‘zbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari ko‘pligini aytayapti.

Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Kuni kecha davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.

Xususan, sanoatda energiya samaradorlik orqali qo‘shimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya bo‘yicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.

Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.

Xorijiy investorlar bilan yana 26 milliard dollarlik 24 gigavattli loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan. Ularga ko‘p miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu yurtimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Iste’molchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Mutasaddilarga bularning hammasini inobatga olib, elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.

Posted on Leave a comment

Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugun dunyoda iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol sezilmoqda. Buni oldindan ko‘ra bilib, mamlakatimizda ekologik toza iqtisodiyotga o‘tilmoqda.

Oxirgi uch yilda joylarda 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Sanoatda “yashil energiya” sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari o‘rnatgan xonadonlar 60 mingdan oshdi. “Yashil makon” dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bog‘lar yaratilayapti. Suvdan tejab-tergab foydalanilayapti.

2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilindi. Bu borada davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. U bilan 11 million fuqaro tanishib, 100 dan ziyod takliflar tanlab olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tarmoqlari va boshqa vakolatxonalar hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Davlat dasturidagi eng katta yo‘nalishlardan biri energetikadir.

So‘nggi yillardagi jadallik tufayli mamlakatimizning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari bunga qo‘shimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.

“Yashil iqtisodiyot” bu nafaqat toza energetikani rivojlantirish, balki tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish hamdir.

Bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda omilkorlik va tejamkorlik juda muhim.

Shu bois Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziriga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15-20 foizgacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.

Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmog‘idagidan 15-20 barobar yuqori.

Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, ko‘p qo‘shilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinishi belgilandi.

Yaqin kelajakda rivojlangan davlatlar faqat “yashil texnologiya” asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni oladi. Shu bois hozirdan bunga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yil ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarining 15 foizi, 2027-yildan 30 foizi, 2030-yildan 55 foizi “yashil” bo‘ladi. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan 300 million dollar resurs jalb qilinadi.

Energetika majmualarini barpo etishda 4 milliard dollarlik uskuna va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu orqali yirik loyihalarda “yashil komponent” ulushi 25 foizdan 31 foizga yetadi.

“Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. O‘tgan 3-yilda 698 ta bog‘ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektarli butazor barpo etildi.

Buni davom ettirgan holda, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urug‘chilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu xo‘jaliklarda joriy yilda 123 million tup ko‘chat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Hududida daraxt eggan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi. Bu tadbirkorlar reytingida ham inobatga olinadi. Ularga tashqi bozorlarga chiqishi uchun “yashil sertifikat” olish, bozor topishda har tomonlama yordam beriladi.

Yig‘ilishda mutasaddilar davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan ko‘p qirrali sheriklik kun tartibini kengaytirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni navbatdagi O‘zbekiston-Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlari doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, mamlakat Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib borayotgani, 2024-yilda 1,1 milliard dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. «Shovot-Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi birgalikda barpo etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va suvdan foydalanish sohalarida yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Toshkent shahrida Gurbanguli Berdimuhamedovning «Hakyda göwheri» («Tafakkur gavhari») nomli yangi kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazilgani uchun Turkmaniston rahbariyati nomidan O‘zbekiston yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning yangi keng qamrovli kun tartibini shakllantirish, bo‘lajak oliy darajadagi tashriflar, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Belarus yetakchisini prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

Davlatimiz rahbari saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari Belarus xalqi amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida o‘tgan yil 7-9-fevral kunlari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, yaqin ishbilarmonlik va hududlararo aloqalarni, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi



25-yanvar kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi «Amirsoy» kurort majmuasida Qirg‘iziston Prezidenti bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Yetakchilar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.

Qirg‘iziston Prezidenti tog‘-chang‘i majmuasida yaratilgan sharoitlar va uning jahonning yuksak standartlariga mos zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.

O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mamlakatlarimizning noyob geolandshafti va xilma-xil tabiatini hisobga olgan holda kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O.Nazirovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvonini berish to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘zining yorqin iste’dodi, ijro mahorati bilan o‘zbek opera san’atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning shon-shuhratini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, xalqaro miqyosda ijodiy aloqalarni mustahkamlash, xalqimizni jahon mumtoz musiqasidan bahramand etish, yoshlarning san’at olamiga qiziqishi va mehrini oshirish, ularni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston davlat simfonik orkestri opera artisti Nazirov Otabek Baxadir o‘g‘liga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa Kengashi rahbari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-yanvar kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti Antoniu Koshta Yevropa Kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani va barcha ustuvor yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda. 2024-yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi.

O‘tgan yili o‘ta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi. Transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, «yashil» iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tez fursatda imzolanishi o‘zaro munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi va Yevrokengash rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

Aholini uy-joy bilan ta’minlash yanada kengayadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan.

Bu faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi emas, balki hududlar iqtisodiyotida yana bir drayver bo‘lmoqda. Xususan, mazkur uylarni barpo etishda va yondosh tarmoqlarda 350 ming odam ish bilan ta’minlangan. Mebel, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari sohalarida qo‘shimcha 11 trillion so‘mlik bozor paydo bo‘lgan. Iqtisodiyotda 73 trillion so‘m mablag‘ aylanib, budjetga 14 trillion so‘m tushgan.

Sohani rag‘batlantirish uchun 2024 yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan.

Imkoniyatlardan to‘la foydalanilsa, natijalar bundan-da yaxshi bo‘lardi. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda ayrim loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ba’zi viloyatlarda auksionda sotib olingan o‘nlab yerlarda qurilish boshlanmagan. Aholi va infratuzilmadan uzoq joyda qurilgani uchun 781 ta xonadon sotilmagan.

Davlatimiz rahbari, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishidan noroziligini bildirdi.

– “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bu – Prezident siyosati. Ular bilan hududlar obod bo‘ladi, madaniyat, ma’rifat, dunyoqarash o‘zgaradi, savdo va xizmatlar ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois bu borada yangi tartib belgilandi. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ko‘pi bilan o‘n besh kunda ekspertizadan o‘tkaziladi.

Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan, developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablag‘ jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muhimi, ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Ishonchli developerlar uchun yana bir imkoniyat: imoratning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipoteka kreditlari uchun ham tatbiq etiladi.

Quruvchi tashkilotlar qurilish boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi.

“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bog‘chalar ochish qo‘llab-quvvatlanib, mulk solig‘idan ham ozod etiladi.

Umuman, 2030-yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.

Ishlarni sifatli tashkillashtirish uchun zamonaviy menejerlardan iborat “O‘z uyim” kompaniyasi tuziladi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Qurilish sifati va nazorati masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Endi bu jarayonlar soddalashtirilishi qayd etildi.

Jumaladan, binokorlar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Inshootning loyihaga mosligini Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Zarur hollarda, boshqa sohadagi mutaxassislarni jalb qiladi. Qurilish davomida zilzilaga bardoshlilikni sinovdan o‘tkazgan laboratoriyaning o‘zi oxirida qo‘shimcha haq olmay xulosa beradi. Binoni foydalanishga topshirishda hozirgi 7 ta idora o‘rniga faqat 2 ta – Qurilish inspeksiyasi va yong‘in xavfsizligining xulosasi yetarli bo‘ladi.

Ma’lumki, yaqinda Toshkent shahrini Bosh rejasi tasdiqlandi. Endi arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va qurilishga ruxsat berish jarayonini birlashtirib, bunga ketadigan vaqtni 2 karra qisqartirish zarurligi aytildi. Bu tizim kelgusi yildan boshqa viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Yer olishdan boshlab, binoni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan har bir bosqich ko‘rinib turadigan raqamli tizim yaratiladi.

Sohaga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida, bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotiladi.

Bugungi kunda 15 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarga tutash maydon mulkdorga biriktirilmagani sababli boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadigan hududlar chegarasi ma’lum emas. Bunday joylarni aniq belgilab, kompaniyalarga biriktirish, daraxtlar ekib, atrof-muhitni asrash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bu boradagi shartnomaviy munosabatlar va yashil hudud bo‘yicha me’yorlarni qonun bilan mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda mamlakatimizda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yangi Toshkentda 15 ming xonadon barpo qilish ko‘zda tutilgan. Bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi. Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali bo‘ladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida bo‘ladi.

Eski uylarni renovatsiya asosida yangilash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi. Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.

Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida shunday ishlar boshlangan. Bu bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi.

Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga budjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi, ipoteka va renovatsiya loyihalari bo‘yicha axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Rossiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2024-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Qabul qilingan dasturiy va reja hujjatlariga muvofiq ikki mamlakat mudofaa idoralari hamkorligini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Ta’lim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda.

O‘tgan yili bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirilib, 1 ming 200 dan ortiq ta’lim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi. Jumladan, bitiruvchilarga malaka talabi to‘liq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ochildi.

Bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari “TOP-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Oliygohlarda Registrator ofisi xizmatlari bilan talabalar to‘liq qamrab olinadi. Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.

Oliy ta’limda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilg‘or muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda mutasaddilar shu borada amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berdi.

Ma’lumki, oliy ta’limga qabul jarayonida “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga o‘tildi. Davlat granti talabalarning iqtidoriga qarab ajratiladigan bo‘ldi. Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilindi. Natijada dekanat va bo‘limlarda shtatlar 20 foizga qisqarib, 30 ta xizmat turi raqamlashdi.

Ushbu tajribadan kelib chiqib, shunday ofislarni boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham ochish, ta’lim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan. Lekin korxonalarda bunga qiziqish kam. Shu bois dual ta’limda ishtirok etayotgan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

2024-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari har bir hududda texnika oliygohi va ilg‘or muhandislik maktablari tashkil qilish vazifasini qo‘ygan edi. Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari tashkil bo‘ldi. Shuningdek, 8 ta muhandislik maktabi ochildi.

Yig‘ilishda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.

Umuman, bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.

So‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgan. Lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab olmayapti.

Shu bois doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning drayver sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yoshlar tarbiyasida axloq va sport ham muhim. Bu borada “Besh tashabbus”, “Ma’rifat ulashib”, “Talabalar sport ligasi”, “Zakovat” kabi harakatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunday ma’naviy-ma’rifiy, sport va intellektual loyihalar bilan talabalarni to‘liq qamrab olish, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish tadbirlari yuzasidan axborot berildi.