Posted on Leave a comment

Muammolar tahlil qilinib, imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha vazifalar belgilandi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Odamlarning mehnati va tadbirkorligi bilan Namanganda hayot o‘zgarayotgani qayd etildi. Oxirgi yetti yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra o‘sib, aholi jon boshiga daromad 15,5 million so‘mga yetgan. 65 trillion so‘m investitsiya hisobiga 600 ming ish o‘rni yaratilgan.

Lekin hali ko‘p imkoniyatlar ishga solinmagan, joylarda kamchiliklar ham bor. Masalan, viloyat eksportining 86 foizi to‘qimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga to‘g‘ri keladi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqo‘rg‘onda sanoatlashish darajasi past. Viloyatda 56 ming tomorqada mahsulot yetishtirilmayapti.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari eng asosiy masala aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish ekanini ta’kidladi.

Sayxunobod tajribasi asosida Namanganda ham katta harakat boshlangan. Viloyatning 14 ta tumanidagi 788 ta mahallaga bank filiallari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga xonadonlardagi imkoniyatlarni, oilaning xohish-istaklarini o‘rganmoqda.

Birinchi bosqichda kam daromadli 4 mingta xonadon tanlab olinib, oila a’zolari jon boshiga oylik daromadni 2 million so‘mgacha oshirish choralari ko‘riladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa ko‘rinishdagi amaliy yordam beriladi. Mahallalarda gulchilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay va kartoshka yetishtirish imkoniyati, ayniqsa, yaxshi. Bunga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

– Bu ishlarni kim qilishi kerak? Prezident vakili bo‘lgan hokimlar, sektor rahbarlari, 5 mingdan ortiq iqtisodiy idora xodimlari, mahalladagi “yettilik” qilishi lozim. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘nggi yillarda to‘qimachilikda xomashyoni to‘liq qayta ishlash yo‘lga qo‘yilib, eksport hajmi 1 milliarddan 4 milliard dollarga ko‘paydi. Xuddi shunday, zargarlikda ham salohiyat hozirgidan ancha yuqori. Yurtimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olinmoqda. Lekin uning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i 78 million dollar eksport bo‘lgan.

Shu bois tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi aytildi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi. Bu borada qonunchilikka ham takliflar kiritiladi.

To‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar yana yo‘llar va turizmdir. Angren shahridan to To‘raqo‘rg‘ongacha 100 kilometr yuriladi, avtomobil oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Tadbirkorlar bu yo‘l bo‘yida oshxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘paytirib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyor. Buni tartibli tashkil qilish uchun master-reja ishlab chiqib, yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Namangan viloyatining tog‘li va xushmanzara hududlarida turizmni rivojlantirish, sayyohlarga qulaylik yaratish uchun avia va temiryo‘l qatnovlarini ko‘paytirish zarurligi aytildi.

Viloyatda sanoat salohiyati ham yuqori. So‘nggi yillarda 72 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari ishga tushdi.

Lekin 16 ta sanoat zonasida 78 gektarda qo‘shimcha loyiha joylashtirish imkoniyati bor. 29 ta noruda koniga sanoat kirib bormagan. Viloyatning qo‘shni davlatlarga eksporti 568 million dollar. Bu bor imkoniyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Shu bois konlarni savdoga chiqarish, qo‘shimcha bojxona postlari va savdo uylari ochish, Namangan xalqaro aeroportida yuk terminali va Qamchiq dovoniga yaqin joyda logistika markazi tashkil etish choralari belgilandi. To‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari tarmoqlaridagi loyihalar bo‘yicha ko‘rsatmlar berildi.

Kuni kecha Norin daryosida GESlar kaskadi, Pop tumanida ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli kichik GESlar kaskadi ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buni davom ettirib, gidroenergetikani har bir soy, har bir mahallaga olib kiradigan tizim qilish muhimligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligidagi masalalar muhokama qilinar ekan, kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Uchqo‘rg‘on, Pop, Uychi va Mingbuloqda Sloveniya tajribasi asosida intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilishi, bu tarmoqda 4 ta yirik loyiha ishga tushirilishi aytildi.

Namanganda 1,5 million tonna meva-sabzavotdan 10 foizi eksport qilingan. Agar ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, eksportini 3-5 barobar oshirish mumkin. Shu maqsadda viloyat meva-sabzavot eksporti geografiyasi Xitoy, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Arab davlatlariga kengaytiriladi. 54 ming gektar yerning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavot, go‘sht va sutni qayta ishlash darajasi ham kam. Masalan, Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi yo‘q.

Shu bois bu yo‘nalishda 141 million dollarlik 62 ta loyiha ishga tushiriladi. Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari tashkil etiladi.

Shahar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash vazifalari ham juda muhim. Bugungi kunda 200 ming aholi uchun Yangi Namangan shahri qurilmoqda. Endi Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari, yana 20 ming xonadonli turar joylar, IT-park va bog‘ barpo etiladi.

Tumanlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, yo‘llar qurish va ta’mirlash vazifalari belgilandi.

Viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi negizida ikkita – birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi. Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi.

Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash vazifalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tuman hokimlari, vazirlar axborot berdi. Videoaloqa orqali tumanlar jamoatchiligi bilan samimiy muloqot bo‘ldi.


Posted on Leave a comment

Barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Namangan shahrida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari hamda iqtisodiy kompleks mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda Sayxunobod tajribasi asosida mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Har qarich yer qadrli.  Mirishkorlar yerdan foydalanishning hadisini olgan. Hunarmandchilik, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, mahallalarda ishsizlar, ehtiyojmandlar ham bor.

Davlatimiz rahbari bunday insonlarga alohida e’tibor qaratish, tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlash zarurligini aytdi. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak.

Shu bois mahallalarga hokimlik va barcha iqtisodiy idora xodimlari biriktirilmoqda. Ular xonadonlarda bo‘lib, imkoniyatlarini tahlil qiladi. Masalan, tomorqasi bo‘lsa, undan samarali foydalanish, daromadini 60-70 million so‘mga olib chiqish bo‘yicha namuna yaratadi.

Hunarmandlikka uquvi borlarga xomashyo, uskuna va aylanma mablag‘dan yordamlashiladi. Tadbirkorlik istagi bo‘lsa, biznes loyihalar qilib beriladi.

Bunda, ayniqsa, tijorat banklari faol bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Ya’ni, ular, avvalo, o‘z mijozlari bo‘lgan korxonalar negizida qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishini qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Qolaversa, banklarga davlat tomonidan katta resurslar ajratilmoqda. Ular joylarda aholi tashabbuslariga yo‘naltirilib, bandlikka xizmat qilishi zarur. Bu mablag‘lar yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha mahsulotlar, aholining xarid qobiliyati orqali oxir oqibat iqtisodiyotga tushum bo‘lib qaytadi.

Xonadonlarda kichik qayta ishlashlarni tashkil etish, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Tomorqalarda va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, eksport qilish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik orqali ro‘zg‘orlarga baraka kiritish mumkinligi ta’kidlandi.


Posted on Leave a comment

Prezident iftorlikda ishtirok etdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi.

Xalqimiz hayoti va ma’naviyatida Islom dinining o‘rni beqiyos. Yurtimiz musulmonlari muqaddas aqidalarga amal qilib, ezgu an’analarni davom ettirib kelmoqda.

Bu yil ham elimiz ma’naviy poklik, xayru saxovat ayyomi bo‘lgan Ramazon oyini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Masjidlarda Qur’oni karim xatm qilinib, yurtimizga fayzu baraka yog‘moqda. Jamiyatimizda do‘stlik-birodarlik, mehr va saxovat tuyg‘ulari kuchaymoqda. Odamlar bir-biriga yanada mehr-oqibatli bo‘lib, bemorlar va keksalar, yordamga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tobora kengaymoqda.

Bugungi muborak oqshomda yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi.

Chindan ham, xalqimiz azal-azaldan bir-biriga tayanch bo‘lib, mehr-muruvvat ko‘rsatib yashashni odamiylikning oliy mezoni deb biladi. Ayni shu olijanob fazilatlar bizlarni doimo yagona xalq, yagona millat etib birlashtiradi, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini yengib o‘tishda beqiyos kuch-quvvat beradi.

Keyingi yillarda xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizga ham munosabat o‘zgardi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ularni Vatanimizga qaytarish, ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash, oila a’zolari va farzandlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda 40 dan ziyod ulamolar Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Misrga safarga yuborildi. U yerlardagi vatandoshlarimizni dinu diyonatga da’vat etish bilan birga, hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh bo‘lib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yo‘llarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishdi.

Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni ham ulug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga sog‘liq-omonlik va omad tiladi.

Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan muhim qoida belgilab qo‘yilgan. Shu asosda mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga  muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan.

Bu haqda so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan hikmatini yodga oldi.

Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘radi.

Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga sa’y-harakatlar mohiyati aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida eng ezgu tilaklarini bildirdi.

– Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz.

Qur’on oyatlari tilovat etilib, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.


Posted on Leave a comment

Namanganda uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


25-mart kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 183 megavattli 6 ta gidro elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generatsiya quvvati mavjud. So‘nggi uch yilda elektr iste’moli 24 foizga o‘sgan va bu, tabiiyki, davom etadi.

Shu bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo‘lgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.

Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi”ni barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.

Yana bir e’tiborli tomoni, ushbu GES to‘liq yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga quriladi. Ya’ni u mamlakatimizda “birinchi milliy GES” bo‘ladi. 

Bu stansiyalarda 133 kishi, qurilish davrida 4 ming odam ishlaydi.

Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi.  Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi. 

Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt bo‘ladi.

Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko‘zda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2 141 megavattga yetadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini to‘liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.

– Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. Buning katta-kichik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya ta’minoti nihoyatda zarur. Shu ma’noda, bugungi marosim ham tarixiy voqea. Barchangizni shunday yangi loyiha va tashabbuslar bilan tabriklayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlash joizki, 2025-yilda Pop va Uychi tumanlarida umumiy quvvati 200 megavatt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar iste’mol ortgan davrda yagona energetika tizimini rostlash va elektr energiyasini iste’molchilarga barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.

Shu yilning o‘zida respublikamizda 14 ta quyosh va shamol stansiyasini qurish doirasida 2,6 gigavatt quvvat tarmoqqa ulanadi.


Posted on Leave a comment

Prezident Namangan viloyatiga jo‘nab ketdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga jo‘nab ketdi

Tashrif dasturidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirish va yirik energetika obyektlari qurilishiga start berish, mahallalar hayoti bilan tanishish o‘rin olgan. 

Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari belgilab berilishi va iftorlik dasturxoni yozilishi rejalashtirilgan.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda unga va do‘st Rossiya xalqiga Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi nomidan vafot etganlarning oila a’zolariga bardamlik, jarohatlanganlarga tez fursatda shifo topishlarini tiladi. Begunoh insonlarga qarshi qaratilgan ushbu jinoyat yana bir bor qat’iy qoralandi.

Rossiya yetakchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentiga ushbu og‘ir damda bildirilgan dalda so‘zlari va zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlarimiz xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga tahdid bo‘lgan ushbu yovuz kuchga qarshi kurashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.


Posted on Leave a comment

Rossiya Federatsiyasi Prezidentiga hamdardlik    



Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir bo‘lgan fojia oqibatida o‘nlab begunoh insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga chuqur ta’ziya yo‘lladi.

Maktubda O‘zbekiston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu terrorchilik harakatini qat’iy qoralashi hamda mazkur jinoyat tashkilotchilari va ijrochilariga jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishonch bildirilgan.

Davlatimiz rahbari vafot etganlarning yaqinlariga bardamlik, barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.


Posted on Leave a comment

Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyatimizda mahallaning o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, mahallabay ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish borasidagi katta xizmatlari, ko‘p asrlik an’analarimizni asrab-avaylash, xalqimiz orasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun quyidagilar mukofotlansin:

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Ismatova Adibaxon Kosimovna – Izboskan tumanidagi «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Andijon viloyati

«Do‘stlik» ordeni bilan

Begmatov Uchkun Ravshanovich – Paxtachi tumanidagi «Qarnabota» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Samarqand viloyati

Jaketov Amangeldi – Mo‘ynoq tumanidagi «Uchsoy» ovul fuqarolar yig‘ini raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Jo‘raboyev Raximjon – Chortoq tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli, Namangan viloyati

Ilxomov Muxtar Atxamovich – Uchtepa tumanidagi «Uchtepa» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Toshkent shahri

Isayev Oljas Kidirbayevich – Konimex tumanidagi «Uchtepa» ovul fuqarolar yig‘ini raisi, Navoiy viloyati

Mengnorova Gulbaxor Temirovna – Angor tumani obodonlashtirish boshqarmasi uchastka ustasi, Surxondaryo viloyati

Namozov Oybek Ismoilovich – Peshku tumanidagi «Asr kimyo invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Buxoro viloyati

Raxmonqulov Djumaboy Tursunqulovich – Boyovut tumanidagi «Navbahor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Sirdaryo viloyati

Sultonov Anvar – Bo‘ka tumanidagi «Xo‘jaqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘ini raisining keksalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Toshkent viloyati

Shakirova Aynura Yukosovna – Oltiariq tumanidagi 89-oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Farg‘ona viloyati

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Bazarova Norjon Bakayevna – Buxoro viloyati «Buvijonlar maktabi» rahbarining o‘rinbosari

Qurbonova Marxabo Ismailovna – Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Qo‘g‘ay O‘lmas» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Namangan viloyati

Mirzayeva Gullola Abdusalomovna – Shahrisabz shahridagi «Uymovut» mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi, Qashqadaryo viloyati

Mirzayeva Muhabbat Doropovna – Yunusobod tumanidagi «Minor» mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Toshkent shahri

II darajali «Salomatlik» ordeni bilan

Norbekov Nuridin Maxmudovich – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Jizmon» oilaviy shifokorlik punktining tibbiy brigada feldsheri, Samarqand viloyati

«Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan

Abraxmatov Xusan Qulmatovich – Dehqonobod tumani ichki ishlar bo‘limi «Beshbuloq» mahalla fuqarolar yig‘inidagi profilaktika katta inspektori, Qashqadaryo viloyati

«Jasorat» medali bilan

Abdullayev Javlonbek Abduqayum o‘g‘li – Kosonsoy tumanidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xizmatlarni tashkillashtirish bo‘yicha mutaxassisi, Namangan viloyati

Ismoilova Mahbuba Botirovna – Mirzaobod tumanidagi «Dilbar ona» xususiy tikuvchilik korxonasi rahbari, Sirdaryo viloyati

Usmonova Nodiraxon To‘lanboyevna – «Hunarmand» uyushmasining Farg‘ona viloyati boshqarmasi a’zosi, kashtachi

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Israilova Tabasumxon Kamilovna – Andijon shahridagi «Barkamol» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Andijon viloyati

Seytjanova Baxargul Abatbayevna – Taxtako‘pir tumanidagi «Maqpalko‘l» oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Tagayeva Laylo Navruzovna – Zafarobod tumanidagi «Cho‘liguliston» qishloq fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Jizzax viloyati

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Mirzayev Sarvarbek Anvar o‘g‘li – Chinoz tumanidagi «Birlik» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Toshkent viloyati

«Shuhrat» medali bilan

Adilov Iftixor Karimovich – Paxtakor tumanidagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Jizzax viloyati

Allaberganova Nafosat Ganjayevna – Tuproqqal’a tumanidagi «Navbahor» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Xorazm viloyati

Jumaniyozov Nurbek Xudayorovich – Amudaryo tumanidagi «Brighton School» o‘quv markazi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Ilmurodova Nargiza Esanovna – Termiz tumanidagi «Jo‘yjangal» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Surxondaryo viloyati

Isayeva Gavxar Eshmurzayevna – Nurobod tumanidagi «Arabota» mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi, Samarqand viloyati

Kambarov Muzaffar Odilovich – Baliqchi tumani soliq inspeksiyasining jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish sho‘basi davlat soliq bosh inspektori, Andijon viloyati

Latipov Taxir Turdiyevich – Olmazor tumanidagi «Elparvar» mahalla fuqarolar yig‘ini raisining keksalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Toshkent shahri

Masharipov Maxmudjon Sapabayevich – Bog‘ot tumanidagi «Ko‘nabirlashuv» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Xorazm viloyati

Raimdjanov Muzaffarjon Muxtardjanovich – Marg‘ilon shahridagi «O‘rda tagi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Farg‘ona viloyati

Soliyeva Adolat Baxriddinovna – Nurota tumanidagi 18-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxona mudiri, Navoiy viloyati

Turdiyev Akram Abdimuratovich – Oltinsoy tumanidagi «Mingchinor» mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi, Surxondaryo viloyati

Xudayberdiyev Xamza Tuychiyevich – Qarshi tumanidagi «Lagandi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Qashqadaryo viloyati

Erbutayev Erali Xolboyevich – Angren shahridagi «Ko‘k terak» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Toshkent viloyati

Yusupov Bahronjon Adizovich – Jondor tumanidagi «Namgoni» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Buxoro viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

SH.MIRZIYOYEV

Posted on Leave a comment

Xorijiy yetakchilardan Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar


Ko‘p millatli xalqimizning ona yurt va tabiatga mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik, ezgulik va bag‘rikenglik, bunyodkorlikka intilib, do‘stlik va totuvlikda yashash, tinchlik va farovonlikning qadriga yetish kabi oliyjanob qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan qadimiy bayram – Navro‘zi olam munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.

Xorijiy yetakchilar va hamkorlar mamlakatimizdagi aholi hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada mustahkamlanganini qayd etmoqda hamda O‘zbekiston xalqiga bardavom ravnaq tilaklarini izhor etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Sizga Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil munosabati bilan yo‘llagan tabrik maktubingiz uchun samimiy minnatdorlik bildirishga hamda Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Sizni va O‘zbekiston xalqini an’anaviy bayramingiz – Navro‘z bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.

Yaqinda Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifingiz davomida biz sermazmun va samarali muzokaralar o‘tkazib, Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishimiz va Xitoy-O‘zbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini yuksak ishonch bilan barpo etishimizni e’lon qildik, bu esa ikki davlatning turli sohalardagi hamkorligi uchun yangi tarixiy imkoniyatlarni ochadi.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman va xalqlarimiz an’anaviy do‘stligini mustahkamlash, Xitoy-O‘zbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishni katta amaliy mazmun bilan boyitish sari davlatlarimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashish maqsadida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish borasida Siz bilan birgalikda ishlashga tayyorman.

Sizga mustahkam sog‘lik va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Qo‘shma Shtatlar xalqi nomidan Sizga va O‘zbekiston xalqiga uyg‘onish va yangilanish elchisi – Navro‘z ayyomi munosabati bilan eng ezgu tilaklarimizni yo‘llamoqdaman.

O‘tgan yil davomida biz Markaziy Osiyo va undan tashqarida tinchlik va farovonlikni ta’minlash uchun xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash borasida hamkorlik qildik. Qo‘shma Shtatlar ushbu yangi imkoniyatlar davrida O‘zbekistonning islohotlar va taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi. Men xalqlarimiz va dunyodagi barcha insonlar uchun yanada yaxshi kelajak qurish yo‘lida mamlakatlarimiz birgalikda ishlashi uchun yangi imkoniyatlarni intizorlik bilan kutaman.

Navro‘z muborak!

Hurmat bilan,

Jozef Bayden,

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yo‘llashdan behad mamnunmiz.

Fursatdan foydalanib, Alloh taolodan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolamiz.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Podshohi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni yo‘llashdan mamnunman.

Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga esa yuksak taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.

Siz Janobi Oliylariga bo‘lgan samimiy tilaklarim va yuksak ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.

Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari, aziz qardoshim,

Har yili tabiatning jonlanishi va tuproqning uyg‘onishi timsoli bo‘lmish Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylari hamda do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llashdan bag‘oyat baxtiyorman.

Asrlar avvaliga tayanuvchi qadim an’ana bo‘lmish Navro‘z bizlarga umid va barakaga to‘la kunlar haqida suyunchi keltirmoqda. Umumiy madaniyatimizning muhim parchasi bo‘lgan ushbu shukuhli kunlarda do‘stlik va qardoshlik rishtalarimizning yanada kuchayishiga aminman.

2024-yil biz uchun yangi imkoniyatlar va muvaffaqiyatlar olib keladigan yil bo‘lishiga umid qilaman.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, taraqqiy etishi hamda umumiy maqsadlarimizga birgalikda erishish yo‘lida yanada ko‘proq hamkorlik qila olishimizni niyat qilib, Siz, Janobi Oliylariga hamda do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga sihat-salomatlik, baxt-saodat va omonlik tilab qolaman.

Kamoli ehtirom ila,

Rejep Tayyip Erdog‘an,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Barchamiz uchun mushtarak bo‘lgan bahor ayyomi Navro‘z munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Navro‘z bayrami tinchlik-xotirjamlik va ahillikning boshlanishi, ezgulik va bunyodkorlik darakchisi sifatida qardosh xalqlarimiz tomonidan alohida e’zozlanadi, xayrli niyatlar va katta umidlar bilan kutib olinadi. Ushbu fayzli ayyom umumiy taqdir bilan bog‘langan xalqlarimiz hayotini nurga to‘ldirsin, qut-baraka va shodlik olib kelsin.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yaqin xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida jadal rivojlanishda davom etishiga ishonchim qat’iy.

Ushbu qutlug‘ kunda Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning har bir xonadoniga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Sizning bahorning qutlug‘ bayrami – Navro‘z bilan tabriklayman.

Asrlar osha davom etayotgan umumiy an’anamiz, bahor va yangi hayot elchisi, qardoshlik va birodarlik ramzi bo‘lmish ushbu ayyom mamlakatlarimizni nurafshon etib, shodlik va ravnaq olib kelsin.

Ushbu fayzli bayram munosabati bilan Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va ulkan baxt, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va barcha yaxshiliklarni tilab qolaman.

Eng ezgu tilaklar ila,

Nursulton Nazarboyev,

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Navro‘z bayrami bilan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini chin dildan qutlayman.

Qadimiy Navro‘z yangilanish va yaratuvchilik, tinchlik va ahillikka intilib yashashni ifoda etib, qardosh xalqlarimizning umumiy kelib chiqishini va eng namunali qadriyatlarini aks ettiradi, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat mustahkamlanishiga poydevor yasaydi.

Ishonchim komil, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar natijalari davlatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqotning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqlaydi hamda ko‘p qirrali Qirg‘iziston-O‘zbekiston hamkorligining muvaffaqiyatli rivojlanishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va taraqqiyot tilayman.

Hurmat bilan,

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizni va Siz orqali do‘st O‘zbekiston xalqini xalqaro Navro‘z – bahorgi tengkunlik bayrami bilan tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ajdodlarimizning ushbu qadimiy ayyomi munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarimni qabul qiling.

Ming yillar davomida insoniyat yo‘lini yoritib kelayotgan eng ulug‘ bayramlardan biri bo‘lmish Navro‘zning azaliy urf-odatlari va boy falsafasi bugun odamzod hayotiga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlamoqda.

Ushbu bahor bayrami zamirida yotgan umuminsoniy qadriyatlar va boqiy g‘oyalar yangi hayot boshlanishi, tabiat uyg‘onishi ramzi, ezgulik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuv tantanasi sifatida bundan buyon ham bizga tiklanish va bunyodkorlik, tinchlik va xotirjamlik, o‘zaro hurmat va ishonch sari yo‘l ko‘rsatib turadi.

Fayzli Navro‘zning ezgu an’analariga muvofiq, bizning sa’y-harakatlarimiz bilan strategik sherikligimiz va ittifoqchiligimiz doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanishda va kengayishda davom etishiga ishonaman.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik, farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Navro‘z muborak!

Hurmat bilan,

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va O‘zbekiston Respublikasining qardosh xalqini Xalqaro Navro‘z bayrami bilan samimiy qutlayman!

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nishonlanadigan ushbu ayyom bahor boshlanishi va tabiat uyg‘onishi ramzidir. Navro‘zning ezgu an’analari va urf-odatlari bugun juda dolzarb ahamiyatga ega birdamlik va o‘zaro anglashuvni ilgari surishga, xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ushbu ayyom kunlarida Sizga va mamlakatingiz xalqiga baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat ila,

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

***


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navro‘z ayyomi kirib kelishi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qiling!

Navro‘z bayrami insoniyatning tinchlik, totuvlik va do‘stlik kabi boqiy qadriyatlarini ifoda etadi. Ming yillar davomida shakllangan oliyjanob an’analarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z yuksak insonparvarlik va mehnatsevarlik tamoyillari tantanasini namoyish etib, ahillik, mehr-oqibat va tinchlik-totuvlikka intilib yashashga da’vat etadi.

Ushbu fayzli bayram Sizga va mamlakatingiz xalqiga tinchlik-osoyishtalik, shodlik va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Aziz qardoshim!

Sizga va qardosh O‘zbekiston xalqiga boy tarixiy va madaniy merosimizni asrab-avaylab kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati samimiy tabriklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Ona-tabiatga cheksiz mehr-muhabbatning yorqin ifodasi bo‘lgan Navro‘z yuksak qadriyatlarni o‘zida mujassam etadi va odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bahorgi kayfiyat ulashuvchi Navro‘zning qadim an’analariga sadoqat boy madaniy merosimizga hurmatimiz ifodasi hamdir.

Boy ma’naviy meros vorislari bo‘lgan qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida hamda sherikligimiz va ahilligimizni asrash va muttasil mustahkamlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni muvaffaqiyatli davom ettirishimizga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, mening Ozarbayjon Respublikasi prezidentligiga qayta saylanganim bilan yo‘llagan samimiy tabriklaringiz va ezgu tilaklaringiz uchun Sizga minnatdorlik bildiraman. Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va barcha sohalarda hamkorligimizni chuqurlashtirish bo‘yicha doimiy va qat’iy sa’y-harakatlaringizni yuksak qadrlayman, o‘rtamizdagi shaxsiy munosabatlarni va do‘stligimizni doimo ardoqlayman.

Ushbu fayzli kunlarda Sizga va oilangiz a’zolariga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston Respublikasi ravnaqi yo‘lidagi oliy davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabrik va tilaklarimni izhor etib, Sizga yil davomida farovonlik va xayru-baraka tilashdan mamnunman.

Do‘st mamlakatingiz va xalqingizning osoyishtaligi va ravnaqi yo‘lidagi barcha orzu-umidlaringiz va intilishlaringiz ro‘yobga chiqishini so‘rayman.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga va oilangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va Alloh Taolo Sizni o‘z panohida asrashini tilab qolaman.

Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi

Shuningdek, 

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy,

Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi



Shu kunlarda mamlakatimiz go‘yoki ulkan sayilgohga aylangan. Shaharu qishloqlarda odamlar Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Bu yil bahor seryog‘in keldi. Bugun ham yurtimizda obi rahmat yomg‘irlari yog‘moqda. Bunday chog‘larda ota-bobolarimiz yil yaxshi kelishini aytib, dehqonchilikka qut-baraka, elga mo‘l rizq tilashgan.

Shu bois asosiy bayram tantanasi “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bayram bilan tabrikladi.

– Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Navro‘z falsafasi orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uyg‘un ekanini ta’kidladi.

Xalqimizning olijanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish asosiy mezonga aylanmoqda.

Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.

Tabiatning yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘z yoshlik bilan ham uyg‘un. Mamlakatimiz yoshlarining kuch-g‘ayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida bu yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bunga oid Davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Prezident yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va san’at festivallari, axborot texnologiyalari va sport yo‘nalishlaridagi yutuqlarini qayd etib, keyingi ishlari va musobaqalarda muvaffaqiyat tiladi.

Navro‘zning o‘lmas ruhi ayniqsa mahallalar hayotida yaqqol namoyon.

Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Joylarda “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.

Manzilli ishlar natijasida so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Bunda 900 mingga yaqin aholiga imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bu yildan boshlab Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda. Uning asosiy mazmuni – tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan ta’minlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun ko‘maklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, servis va xizmat turlarini ko‘paytirishdir.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz bo‘yicha 510 ming gektar tomorqa yerlari borligi, bu hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. Bu borada faol insonlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, jumladan, tomorqada yetishtiriladigan maxsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tadbirkorlarga 

300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant berilishi aytib o‘tildi.

– Mahallani qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qo‘rg‘onidir. Mahalla – oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barchani tabrikladi.

Bayram tadbirida xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. Prezidentimiz ularni 21 mart – Xalqaro Navro‘z kuni bilan muborakbod etib, xalqlariga qizg‘in salom va tabriklarini yo‘lladi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.

– Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulug‘ ajdodlarimizning tilaklariga qo‘shilib, ilohim, har kunimiz Navro‘zdek go‘zal, Navro‘zdek fayzli va mazmunli bo‘lsin, deb niyat qilamiz, – deya so‘zini yakunladi Prezident.

Bayram shodiyonasi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z saylida bo‘lib, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

– Bu san’at, bu urf-odatlarimiz tarixiy. Ularning zamirida katta madaniyat, ma’rifat bor. Bu yo‘nalishni mahkam tutib, davom ettirayotganingiz uchun rahmat. Bayram milliy qadriyatlarimiz bilan fayzli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘pmillatli xalqimizning to‘yi, bayramlari bir bo‘lib ketgan. Navro‘z ham barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Hududlarda 38 ta do‘stlik jamiyati va 153 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari shunday markazlarning ko‘rgazmalari va kuy-qo‘shiqlarini ham tomosha qildi. Turli millat vakillari bilan samimiy suhbatlashib, ezgu tilaklarini bildirdi.