Posted on Leave a comment

Marhum kichik serjant Eshnazarov Xosilbek Beknazar o‘g‘lini «Jasorat» medali bilan mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi fidokorona mehnati, yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligi va xalqimiz osoyishtaligini saqlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari, muqaddas qasamyodiga sodiq qolgan holda o‘z burchini sidqidildan va yuksak sharaf bilan ado etib, mardlik va fidoyilik namunasini ko‘rsatgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori, marhum kichik serjant Eshnazarov Xosilbek Beknazar o‘g‘li «Jasorat» medali bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

3-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizligini taʼminlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi koʻrib chiqildi.

Dunyoda keskinlik va mojarolar oʻchoqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani taʼkidlandi. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini taʼminlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mudofaa vaziri qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va boʻlinmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.

Rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini oʻrganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, qoʻshinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qoʻllash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, harbiy-maʼmuriy sektorlar, poligonlar, taʼlim muassasalari va moddiy-texnik taʼminot obyektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnologiyalarni oʻzlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Posted on Leave a comment

Prezident bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini koʻzdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanida joylashgan “Surkhon Sandwich” korxonasining bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda har bir yirik loyiha va infratuzilma obyektlarida energiya tejamkorligiga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois, bazalt xomashyosi va undan tayyorlanadigan energiya samarador plita hamda qurilish materiallariga talab ortib bormoqda.

Shu ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan korxona qiymati 26 million dollarga teng. Loyiha doirasida yiliga 30 ming tonna bazalt xomashyosini qayta ishlash quvvati yaratilgan. Bu 345 milliard soʻmlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Tojikiston va Afgʻonistonga ham eksport qilinmoqda.

Ishlab chiqarish jarayoni uchun talab etiladigan xomashyoning 95 foizi viloyatning Oltinsoy tumanidagi konlardan taʼminlanadi. Korxonaga Xitoyning zamonaviy texnologik uskunalari oʻrnatilgan. Bu yerda 200 kishining doimiy bandliga taʼminlandi.

Prezident ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada oshirish, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish va eksportbop yoʻnalishlarni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

Umuman, yurtimizda qurilish sohasining ilmiy asoslarini mustahkamlash, buning uchun qurilish materiallari boʻyicha ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning qurilish materiallari sanoati mahsulotlari taqdimoti bilan tanishdi.

Shu bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi.

Posted on Leave a comment

Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

– Surxondaryo nafaqat tabiati goʻzal zamin, balki ruhi baquvvat, gʻayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yurtidir. Surxonni rivojlantirish Yangi Oʻzbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash demakdir, – dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.

Oʻtgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushdi. Xitoy, AQSh, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo boʻyicha yana 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.

Soʻnggi toʻqqiz yilda bogʻcha qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi, 23 ta yangi maktab qurildi, yana 448 tasi taʼmirlandi. Qoʻshimcha 102 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi. Bu davrda qurilgan 688 ta koʻp qavatli uyga 32 ming oila koʻchib oʻtdi. Angor, Boysun, Jarqoʻrgʻon, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari tashkil qilindi.

“Toʻpalang ombori suvidan foydalanish” loyihasi hisobidan Termiz shahri va 10 ta tumandagi 563 ming aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi.

Yigʻilishda viloyat hokimi hamda tuman hokimlari oldida joriy yil investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi. Hududda kambagʻallikni 2,8 foizgacha, ishsizlikni 4,5 foizgacha tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqoʻrgʻon, Qiziriq va Muzrabotni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish muhim ekani taʼkidlandi.

Surxondaryo iqtisodiyotida sanoatning ulushi soʻnggi 9 yilda 5 karra oʻsib, 10 foizga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi koʻrsatib oʻtildi.

Sanoat hajmini oshirishda viloyatdagi konlarni oʻzlashtirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida koʻmir qazib olishni boshlash topshirildi. Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi koʻmirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor. Boysundagi “Bezaktop” konida tabiiy tosh zaxiralari oʻrganilmay turibdi. Ushbu konlarda zarur ishlarni boshlash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Termiz xalqaro savdo markazi natijalari alohida qayd etildi. Oʻtgan yili markazga 800 mingdan ortiq Afgʻoniston fuqarolari tashrif buyurib, eksport 320 million dollar boʻlgan.

Markaz hududini 1 ming gektarga yetkazish belgilandi. Yangi loyihalar natijasida tadbirkorlar va xaridorlar karrasiga oshishi taʼkidlanib, qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida markazda maxsus prokuratura va ichki ishlar boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, endi markaz hududidagi tovar savdosi va xizmatlar eksport sifatida baholanishi, ularga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi “nol” stavkada qoʻllanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligi imkoniyatlariga toʻxtalar ekan, viloyatdagi 35 ming gektar tomorqada 3-4 marta hosil olinayotgani, bunday koʻrsatkich boshqa birorta viloyatda yoʻqligini taʼkidladi.

Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”ning ijobiy tajribasini butun Surxondaryoda yoʻlga qoʻyish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan Angor, Uzun, Denovda ham “Tomorqa maktablari”ni tashkil etish, har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari”ni ishga tushirish topshirildi.

Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylarga nisbatan 2-3 barobar arzon tushishi taʼkidlandi. Bu yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil etilishi, bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yer 5 yilga bepul ijaraga berilishi, yer osti suvi uchun toʻlovdan 3 yilga ozod qilinishi qayd etildi.

Viloyatda foydalanilmay turgan yana bir katta imkoniyat yaylovlar ekani taʼkidlandi. Jumladan, Boysunda 197 ming gektar yaylov borligi, agar Darband daryosidagi nasoslar tiklanib, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish imkoni mavjudligi aytildi.

Zaxiradagi yaylov yerlarini oʻzlashtirish uchun boshlangʻich narx normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanib, auksionga chiqarilishi ta’kidlandi. Auksiondan yer olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratilishi, har oʻn gektarga suv olib kelish uchun 120 million soʻmgacha subsidiya beriladi.

Viloyatda parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari ham belgilab olindi.

Yoʻl va transport infratuzilmasi viloyatdagi eng ogʻriqli masalalardan biri ekani qayd etildi. Hozirda Boysun va Denovni bogʻlovchi yoʻlning 111 kilometri sement-beton qoplamaga oʻtkazish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yoʻl ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshishi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqarishi aytildi.

Joriy yilda yurtimizni Afgʻoniston va Tojikiston bilan bogʻlaydigan 178 kilometrlik magistralni kapital taʼmirlash, “Toshgʻuzor – Boysun – Qumqoʻrgʻon” uchastkasini tezyurar poyezdga moslash, “Qumqoʻrgʻon – Quduqli” temir yoʻlining elektrlashtirish ishlari boshlanadi. Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yoʻnalishlarida yangi reyslar tashkil etiladi.

Yangi avtobuslar olib kelinib, Shoʻrchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan Termizga olib boruvchi yoʻllarda qatnovga qoʻyiladi.

Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkazilishi, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihalari boshlanishi maʼlum qilindi.

“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.

– Biz avariyani ham toʻxtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari turizm salohiyatiga toʻxtalib, viloyatda Al-Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirq qiz kabi 150 dan ziyod madaniy meros obyektlari borligi, Hisor, Boysuntogʻ, Koʻhitang, Bobotogʻda alpinizm, trekking, ekoturizm uchun katta imkoniyatlar mavjudligini aytdi. Buni toʻliq ishga solib, yiliga 1 milliard dollarlik tushum qilish mumkinligi taʼkidlandi.

Eski Termiz yodgorligi toʻliq oʻrganilmagani qayd etildi. Buddizm madaniyatiga oid Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzin, Zurmala kabi yodgorliklarning turizm salohiyatidan foydalanib, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailanddan yiliga 500 ming sayyohni jalb qilish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.

Surxondaryoda 8 mingdan ortiq yoshlar kurash bilan doimiy shugʻullanmoqda. Joriy yilda Denovdagi “Zamondosh” oromgohi negizida kurashchilar uchun zamonaviy oʻquv-mashgʻulot bazasini qurib berish topshirildi. Boysundagi maktab-internatda yangi oʻquv yilidan sport bilan birga maktab darslarini ham yoʻlga qoʻyish kerakligi qayd etildi.

Yigʻilishda viloyat faollari, yoshlar va nuroniylar bilan muloqot qilindi, hokimlar va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir yoʻnalishda aniq natijaga erishish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisiga mustahkam sog‘lik va farovonlik, davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Prezidentlar, shuningdek, butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi bilan bir-birlarini dildan qutladilar.

O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini joriy yil yanvar oyida Anqara shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatlararo hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani ta’kidlandi.

Ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari» asosida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Termizdagi etnoshaharchani koʻzdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida barpo etilgan etnoshaharchaga tashrif buyurdi.

Ushbu loyiha Surxondaryo tarixi, hunarmandchiligi va anʼanaviy sanʼati namunalarini namoyon etish uchun zamonaviy infratuzilmaga ega yangi madaniy maskan sifatida yaratildi.

Majmua 10 million dollarlik investitsiya hisobidan barpo etildi. Olti gektar maydonda tarixiy qiyofadagi binolar, oilaviy mehmon uyi, doʻmbira ustaxonasi, baxshichilik ekspozitsiyasi, milliy taomlar restorani, bolalar uchun oʻyin maydonchasi hamda musiqiy favvoralar qad rostlagan.

Shaharcha yiliga 180 ming nafar sayyohga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega, bu yerda 250 nafar odamga doimiy ish oʻrinlari yaratiladi. Mehmonlar nafaqat hunarmandlarning mahsulotlarini xarid qilishlari, balki ularning ishini kuzatishlari ham mumkin.

Prezidentimiz turizm maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, hunarmandlar bilan muloqot qilib, tashrif buyuruvchilar uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qildi.

Posted on Leave a comment

Surxondaryoda bir qator korxonalar ishga tushirilib, yangilarining qurilishi boshlandi

Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi.

Soʻnggi yillarda viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda.

Oʻtgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trillion soʻmga yetdi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4 ming 820 taga yetkazilib, 18,8 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqardi. 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Dunyoning 37 davlatiga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Davlatimiz rahbariga taqdimot qilingan loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Uy-joy qurilishi, togʻ-kon sanoati va geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim, xizmat koʻrsatish hamda turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.

Umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard dollar boʻlgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Moʻgʻuliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari investorlar bilan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, togʻ-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarida yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.

Jumladan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mahalliy investorlar ishtirokida 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi.

Shuningdek, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Afgʻoniston davlatlari bilan hamkorlikda 6 milliard 300 million dollarlik 31 ta loyiha boʻyicha qurilish ishlari boshlandi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish oʻrni yaratish, 82 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 1 milliard 400 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi.

Posted on Leave a comment

Oliy Bosh Qoʻmondon harbiy qismdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida harbiy qismda ham boʻldi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar qoʻshinlarning jangovar salohiyati va harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omilga aylanmoqda.

Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Oʻquv binolari, oshxona, yotoqxona, maʼnaviyat va maʼrifat xonalari, sport shaharchasi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qoʻllanmoqda. Shundan kelib chiqib, Oliy Bosh Qoʻmondon tomonidan qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllash va havo hujumidan mudofaa boʻyicha yangi boʻlinmalarni tashkil etish vazifasi qoʻyilgan edi.

Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, milliy armiyamiz zamonaviy qurol-aslahalar bilan taʼminlanmoqda.

Davlatimiz rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini koʻzdan kechirdi.

Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi taʼkidlandi.

Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligini yuksaltirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Jarqoʻrgʻonda “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-oktabrdagi farmoniga muvofiq, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida qad rostlamoqda.

Choʻl hududini oʻzlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 oʻrinli bogʻcha, 330 oʻrinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi koʻchib kirdi.

Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili oʻquv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kilovattli transformator oʻrnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul oʻsimliklari ekilgan.

Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi koʻzda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) koʻp qavatli uy-joy, yangi yoʻllar, koʻkalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bogʻi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Tashrif chogʻida Prezidentimiz massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasining ishi bilan tanishdi. Kompaniya tumandagi 161 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi koʻp qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari oʻrnatilgan.

Inklyuziv taʼlim har bir bolaning jismoniy yoki aqliy holatidan qatʼi nazar, maktabga borishi va sifatli taʼlim olishini taʼminlashni nazarda tutadi.

Davlatimiz rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Maktabda bugun 500 dan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida oʻqitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yoʻlaklar, oʻquv xonalari, ovqatlanish, muolaja xonasi hamda sport zali zarur sharoitlar bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhimligiga eʼtibor qaratdi.

– Sunʼiy intellektga oʻqitish dasturlarini bejiz maktablar taʼlimiga joriy etmayapmiz, oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalari, mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun tayyor boʻlib borishlarini istaymiz, – dedi Prezident.

Shundan soʻng Prezidentimiz massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari oʻquv markazini koʻzdan kechirdi.

6,5 milliard soʻm hisobiga barpo etilgan 400 oʻrinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin oʻquvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari yoshlarni ilmga yoʻnaltirish, jumladan, xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

– Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qoʻllab-quvvatlashimiz, kerak boʻlsa, ularning saʼy-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bogʻlashimiz lozim. Shunda ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda oʻqitadi, – dedi Prezident.

Koʻklam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish anʼanaga aylangan. Prezidentimiz massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda boʻldi, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutdi.

– Bugun jahon hamjamiyati Oʻzbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib, islohotlarning samarasiga guvoh boʻlmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “taʼlim-taʼlim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib oʻrin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali koʻp yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.

Posted on Leave a comment

Ichimlik suvi taʼminotidagi modernizatsiya ishlari koʻzdan kechirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “Toʻpalang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda suv xoʻjaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu 287 million dollarlik megaloyiha ham sohada erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.

Mazkur tashabbus doirasida oʻtgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning oʻnta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-toʻqqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshishiga erishildi. Natijada aholining suv taʼminotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.

Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qoʻllab-quvvatlash har jihatdan zarurligini taʼkidladi. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qoʻllash mumkinligiga eʼtibor qaratdi.

Texnik jihatdan loyihaning katta yutugʻi 246 kilometr magistral va ichki tarmoqning barpo etilishi boʻldi. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytirdi, balki tizimning barqarorligini taʼminlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti.

Mazkur tashabbus ortidan bugungi kunda 223 ta mahallada obihayot taʼminoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi. Sifatning ortishi aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishida muhim omil hisoblanadi.

“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratdi. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yoʻqotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tugʻildi.

Suv taʼminoti yaxshilangani sababli hududlardagi yuzdan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.

Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu mablagʻ va resurs jihatidan 18,5 milliard soʻm iqtisod qilinishini anglatadi. Isteʼmolchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirdi.

Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari oʻrnatildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya ko‘rsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda hali yechilmagan suv taʼminoti masalalarini tezkor hal etish boʻyicha vazifalarni belgilab berdi. Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.