Posted on Leave a comment

Sirdaryo viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar natijasida viloyat iqtisodiyotida muhim tarkibiy oʻzgarishlar roʻy bergani qayd etildi. Ilgari asosan qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan hududda sanoat va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, biznes muhiti yaxshilandi, ilgʻor tadbirkorlarning qatlami shakllandi.

Oʻtgan yili Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8 foizga oʻsdi. Sanoat ishlab chiqarishida 8,2 foizlik oʻsish taʼminlanib, bu koʻrsatkich boʻyicha viloyat hududlar orasida toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi ham izchil oʻsib bormoqda. 2017-yilda 10 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 38,1 million soʻmga yetdi, yaʼni qariyb 3,8 barobarga oshdi.

Oʻtgan yili viloyatda 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 333 million dollardan oshdi. Ushbu loyihalar doirasida 17,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Yigʻilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida ilgʻor innovatsion hududga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalindi. Xitoy provinsiyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Malayziyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari doirasida qator investorlar bilan muzokaralar oʻtkazildi, yuzlab million dollarlik loyihalar shakllantirildi. Jumladan, Guliston tumanida 300 million dollarlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha kelishuvga erishildi. Yangiyer shahrida Fransiyaning “Bonduelle” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish boʻyicha loyihalar shakllantirilgan.

Yigʻilishda joriy yilda viloyatga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning hisobiga yalpi hududiy mahsulotni 9 foizga, sanoatni 8,2 foizga, xizmatlar sohasini 15,4 foizga, qishloq xoʻjaligini 6,8 foizga va qurilish hajmini 15 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili kambagʻallik darajasi 11,3 foizdan 6,2 foizga tushirildi. Biroq bu koʻrsatkich hali ham respublika oʻrtacha darajasidan yuqori ekani qayd etildi.

Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 10 trillion soʻm resurs ajratilmoqda. Mazkur mablagʻlar asosida 185 ming aholini ish bilan taʼminlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizgacha, kambagʻallikni esa 3 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarini ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish choralari koʻriladi.

Bu borada “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Bir mahalla – bir mahsulot” kabi dasturlar doirasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yoʻnaltirilgan 100 million dollar hisobiga viloyatda 47 ta maktab, 45 ta bogʻcha, 35 ta tibbiyot muassasasi hamda 18 ta sport va madaniyat obyektini toʻliq taʼmirlash topshirildi.

Oʻtgan yilda Guliston shahridagi 22 ming xonadonni uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi hal etildi. Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon ham doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.

Muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish doirasida joriy yilda 349 kilometr elektr tarmoqlari qurish, 99 ta transformator oʻrnatish, shuningdek, suv tarmoqlarini kengaytirish hisobiga aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 89,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyatda uy-joy qurilishi jadal davom ettirilmoqda. 2026-yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta koʻp qavatli uy qurish, jumladan, 1,5 ming xonadonni “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida barpo etish hamda renovatsiya dasturi asosida yangi uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi. Sirdaryoda ekin maydonlari jon boshiga boshqa qator hududlarga nisbatan ancha koʻp boʻlib, suv taʼminoti ham yaxshi. Biroq meva-sabzavot eksporti hozircha 60 million dollardan oshmayotgani qayd etildi.

Bu borada “Sirdaryo agro invest” kompaniyasini tashkil etib, Xovos tumanida suv tejovchi va yuqori agrotexnologiyalar asosida daromadli ekin maydonlarini shakllantirish hamda ularni “tayyor biznes” shaklida aholiga taklif qilish rejalashtirilgan. Dastlab 12 ming gektar yer maydonida ushbu mexanizmni joriy etish koʻzda tutilgan.

Joriy yilda 20,8 ming gektar yer maydonida suv taʼminotini yaxshilash va 748 million kub metr suvni tejash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Vengriya tajribasi asosida Xovos tumanidagi qator mahallalarda “aqlli qishloq” pilot loyihasini amalga oshirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Unda mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar shaffofligi, xavfsizlik, ekologik holat, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlik imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar ochiq raqamli tizim orqali aholiga yetkazib boriladi.

Yigʻilish yakunida mutasaddilarga qator aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Guliston shahridagi “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida kamida 5 ming ish oʻrinli investitsiya loyihalarini joylashtirish, quyosh panellari ishlab chiqarish boʻyicha 100 million dollarlik loyihani ishga tushirish, “Feruz” podstansiyasi transformatorlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, Boyovut tumanida “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi boʻyicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, viloyat yoʻllarini taʼmirlash uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish, Mirzaobod tumanida anorni saqlash va qayta ishlash agromajmuasini tashkil etish hamda zamonaviy koʻchatchilik markazlarini ochish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy kasb va tillarga oʻqitishga ham alohida eʼtibor qaratib, xalqaro standartlar asosida malakani baholash markazlarini tashkil etish va kamida 2 ming yoshni kasb-hunarga tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi daromadi va turmush darajasida oʻzining amaliy aksini topishi lozimligini qayd etib, belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi oʻrtasida telefon suhbati boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot davomida soʻnggi kunlarda Yaqin Sharqda kuzatilayotgan jarayonlarning keskin tus olishi mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik hamda davlatlararo munosabatlarga jiddiy putur yetkazayotgani alohida taʼkidlandi.

Butun musulmon ummati uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyida mamlakatlar suvereniteti, fuqarolar tinchligi hamda osoyishtaligiga xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, nizo va muammolarni tinch va diplomatik yoʻllar bilan hal etish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimiz yetakchisi bunday sinovli damlarda Iordaniya rahbariyati va xalqi bilan yakdil va birdamligini taʼkidladi.

Oʻz oʻrnida Iordaniya Podshohi ushbu sinovli kunlarda chin doʻstlik, samimiy qoʻllab-quvvatlash va hamjihatlik soʻzlari uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Yaqin istiqbolda Ammanga boʻlajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada va sermahsul oʻtishiga qatʼiy ishonch bildirdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Bahrayn Podshohi oʻrtasida telefon suhbati boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot davomida Yaqin Sharqda kuzatilayotgan soʻnggi jarayonlar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatayotgan masalalar muhokama qilindi.

Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati hamjihatlik, yaqin birodarlik, oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik tamoyillari asosida bir-biriga hamfikr va madadkor boʻlishi lozimligi qayd etildi.

Mamlakat tinchligi va fuqarolar osoyishtaligiga jiddiy xavf soladigan, begunoh insonlarning aziyat chekishiga sabab boʻlayotgan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, barcha muammolarni faqat diplomatik va muzokaralar yoʻli orqali hal etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Prezidentimiz bunday murakkab hamda sinovli sharoitda Bahrayn rahbariyati va xalqi bilan birdam va hamjihat ekanligini izhor etdi.

Oʻz navbatida Podshoh Hamad bin Iso Ol Xalifa davlatimiz rahbariga shunday sinovli kunlarda eʼtibor koʻrsatib, qilgan telefon qoʻngʻirogʻi, koʻrsatgan chin doʻstligi va samimiy qoʻllab-quvvatlovi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qatar yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va ziddiyatlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid solayotgani ta’kidlandi. Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati oʻrtasidagi kelishmovchilikni kuchaytiradigan nomaqbul harakatlardan chuqur xavotir ifoda etildi.

Davlat suvereniteti, tinchligi va osoyishtaligiga xavf soluvchi har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlariga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi Qatarda boʻlib turgan fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash va ularni Vataniga qaytarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda yaratilgan sharoit uchun Amir Aʼlo Hazratlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oʻz navbatida Qatar Amiri hozirgi sinovli kunlarda Oʻzbekiston Prezidentiga doʻstona muloqoti, doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, bildirgan samimiy birdamlik soʻzlari, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qaratayotgan katta eʼtibori uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Kuvayt Davlati Valiahdi oʻrtasida telefon suhbati boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Kuvayt Davlati Valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot chogʻida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma obyektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirildi. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston birodar Kuvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani taʼkidlandi.

Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu yerda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt Amiri Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh Aʼlo Hazratlariga iliq salomlarini yoʻlladi.

Oʻz navbatida Kuvayt Valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan doʻstona qoʻllab-quvvatlash va birdamlik tuygʻulari uchun Oʻzbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

4-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.

Muqaddas Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu murakkab damlarda Oʻzbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.

Hozirda ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak, ularni Vataniga qaytarish boʻyicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Oʻz navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston Prezidentining samimiy qoʻllab-quvvatlagani, koʻrsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Posted on Leave a comment

Ayollar va bolalarning tazyiq va zoʻravonlikdan himoyasi yanada kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda erta nikoh, erta yoshdagi tugʻuruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sogʻlom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yoʻnalishi sifatida doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Ushbu masalalar eng yuqori darajada bir necha bor muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qoʻyilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan edi.

Bugungi taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilgʻor xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan bir qator masalalar boʻyicha quyidagi takliflar bildirildi:

– shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qatʼiylashtirish;

– pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jazoni belgilash;

– Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga oʻtkazmaslik;

– Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar boʻyicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga oʻtkazish;

– shahvoniy shilqimlik boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi boʻyicha prokuror qarorini olish shartligi;

– ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shugʻullanishi;

– zoʻravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini oʻrnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.

Shuningdek, yurtimizda nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar oʻrtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor boʻlishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirildi:

– nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar oʻrtasida tuzilishini ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;

– davlat bojidan imtiyozlar berish yoʻli bilan nikohlanuvchilar oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilishini ragʻbatlantirish;

– nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish;

– erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish boʻyicha idoralararo zanjirni yoʻlga qoʻyish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash;

– homilador yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun taʼlimni davom ettirish imkonini berish orqali ularni taʼlimdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etildi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan tashabbuslarni maʼqullab, tegishli farmonga imzo chekdi hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targʻib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda viloyatda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish orqali koʻplab sohalarda ijobiy natijalarga erishildi. Sanoat hajmi 2016-yildagi 2,8 trillion soʻmdan 34,3 trillion soʻmga yetdi, yalpi hududiy mahsulot 63 trillion soʻmni tashkil etdi. Oʻtgan yili viloyatga 1 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilindi.

Shu bilan birga, erishilgan koʻrsatkichlar hudud salohiyatiga toʻliq mos emasligi taʼkidlandi. Ayniqsa, turizm sohasida noyob tarixiy va madaniy merosga ega boʻlgan hududda sayyohlarning oʻrtacha qolish muddati 1-2 kun bilan cheklanmoqda.

Viloyatda 1 milliondan ziyod yoshlar yashaydi, har yili 35 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning taʼlim-tarbiyasi, zamonaviy kasb-hunar egallashi va bandligini taʼminlash hudud rahbariyatining doimiy eʼtiborida boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Yosh avlodni Jaloliddin Manguberdi, Beruniy, Xorazmiy va Zamaxshariy kabi buyuk siymolarga munosib etib tarbiyalash boʻyicha yangi tizimli yondashuvlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Aholining 67 foizi qishloqlarda istiqomat qilishini inobatga olib, aynan qishloq joylarda qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish orqali ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish muhim ekani qayd etildi.

Masalan, Gurlan, Tuproqqalʼa, Yangibozor va Qoʻshkoʻpir tumanlarida chorvachilikka ixtisoslashgan 135 ta mahallada naslli chorvani koʻpaytirish, Urganch, Xonqa, Qoʻshkoʻpir va Shovot tumanlarida mahallalarni qurilish materiallari, toʻqimachilik, hunarmandchilik va mebelsozlik yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish, shuningdek, Urganch, Qoʻshkoʻpir, Xonqa, Yangiariq va Shovot tumanlarida 6 ta sanoat va xizmatlar mikromarkazini tashkil etish orqali kamida 10 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish imkoniyati bor.

Oʻtgan yili viloyatga kelgan xorijiy va mahalliy turistlar soni 12,5 million nafarga yetgan. Biroq xizmatlar koʻlami va sifati, yangi turistik marshrutlar tashkil etish, sayohat obyektlarini mazmunan boyitish ishlari yetarli emasligi qayd etildi.

Xiva shahri, Bogʻot va Xiva tumanlaridagi turizm mahallalarida servis obyektlari barpo etish, 59 ta mahalladagi 14 ta gavjum koʻcha boʻyicha master-reja ishlab chiqib, tadbirkorlarga taqdim etish vazifasi qoʻyildi.

10,8 gektar maydonda joylashgan Sulaymon qalʼa majmuasini yangi turistik obyekt sifatida kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, Urganch shahri orqali oʻtuvchi Shovot kanali boʻyida turizm va servis obyektlari hamda koʻngilochar markazlar tashkil qilish boʻyicha master-reja ishlab chiqiladi.

Yigʻilishda investitsiya va eksportni oshirish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Hazorasp, Urganch, Shovot, Tuproqqalʼa va Urganch shahri salohiyatidan samarali foydalanib, yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Pitnak shahridagi avtomobil zavodi quvvatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini 62 foizga yetkazish orqali yaxlit mashinasozlik klasterini shakllantirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, Hazoraspda kimyo, toʻqimachilik va oziq-ovqat, Shovotda mebelchilik va tekstil yoʻnalishlarida yangi loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.

Viloyat shahar va tumanlarini zamonaviy qiyofaga keltirish, yoʻl va suv infratuzilmasini yaxshilashga 1 milliard 600 million dollar ajratilishi maʼlum qilindi.

Umuman, joriy yilda xorijiy investitsiya hajmini 2 milliard dollardan, eksportni 510 million dollardan oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali yalpi hududiy mahsulotni 8,4 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,2 foizga, qishloq xoʻjaligini 5,7 foizga oshirish koʻzda tutilgan.

Oʻtgan yili Xorazm viloyatida kambagʻallik darajasi 11,9 foizdan 6,7 foizga tushgani respublikadagi eng yuqori natija boʻldi. Biroq kambagʻallik darajasi respublikadagi oʻrtacha darajadan yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi. Shu bois, yil yakuniga qadar ishsizlik va kambagʻallik darajasini kamida 3 foizgacha qisqartirish asosiy vazifa sifatida belgilandi.

Bundan Hazorasp, Xonqa, Shovot, Yangiariq, Yangibozor, Tuproqqalʼa, Xiva va Urganch shaharlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish topshirildi.

Yigʻilish yakunida mutasaddilarga qator aniq vazifalar yuklatildi.

Xususan, Gurlan tumanidagi 158 kilometr kanalni rekonstruksiya qilish, tadbirkorlik loyihalari uchun 81 million dollar ajratish, 270 ta nasos agregatini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish, Oʻzbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini moliyalashtirish, ijtimoiy obyektlar va infratuzilmani taʼmirlashga 100 milliard soʻm yoʻnaltirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz mutasaddilar oldiga ishlarni aholi hayotiga aniq oʻzgarish olib keladigan, natijadorlikka qaratilgan qilib tashkil etish, har bir tuman va mahallada manzilli yondashuvni taʼminlash vazifasini qoʻydi.

Posted on Leave a comment

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan qizlarimizni munosib rag‘batlantirish maqsadida:

1. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.

2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tantanalarida sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.Mirzayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

***

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar

RO‘YXATI

Satniyazova Indira Qaniyaz qizi – Qoraqalpoq davlat universitetining 3-bosqich talabasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Erimbatova Dilnoza Nurulla qizi – Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich magistranti (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Umurzoqova Moxlaroy Muxtorjon qizi – Andijon davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti (Andijon viloyati)

Abduqaxorova Muslimaxon Mirzabaxrom qizi – Andijon davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti (Andijon viloyati)

Ergashova Mehriniso Husniddin qizi – Buxoro davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti (Buxoro viloyati)

Fayzullayeva Vazira Xamidovna – Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich magistranti (Buxoro viloyati)

Tursunova Visola Behzodovna – Jizzax davlat pedagogika universitetining 2-bosqich talabasi (Jizzax viloyati)

Jo‘raboyeva Muhsina Orif qizi – O‘zbekiston Milliy universitetining tabiiy geografiya kafedrasi kabinet mudiri (Jizzax viloyati)

Murodova Marjona Shuxrat qizi – Bojxona institutining xalqaro hamkorlik bo‘limi inspektori (Qashqadaryo viloyati)

Amirova Latofat Bahrom qizi – Erkin ijodkor, shoira (Qashqadaryo viloyati)

Qudratova Mashxura Fazliddin qizi – Navoiy shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Navoiy viloyati)

Haydarova Laziza Nabijon qizi – Navoiy davlat universitetining 2-bosqich talabasi (Navoiy viloyati)

Ergashova Xushnozaoy Toxirjon qizi – M.Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli balet artisti (Namangan viloyati)

Ismoilova Gulshanoy Shuhrat qizi – O‘zbekiston Milliy universitetining 1-bosqich talabasi (Namangan viloyati)

Mamedova Amaliya Parvizovna – Samarqand shahridagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Samarqand viloyati)

Tohirova Mohigul Umir qizi – Samarqand davlat universitetining amaliy psixologiya kafedrasi assistenti (Samarqand viloyati)

Mingboyeva Zulxayo Ulug‘bek qizi – Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Sirdaryo viloyati)

Maxmudova Olimaxon Yusufjon qizi – O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi sozandasi (Sirdaryo viloyati)

Ibrogimova Nodira Jurabekovna – Toshkent shahridagi «Shkola 21» nodavlat ta’lim muassasasi loyiha rahbari (Surxondaryo viloyati)

Shokirova Gulhayyo O‘ktam qizi – Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 1-bosqich magistranti (Surxondaryo viloyati)

Uralova Gulhayo Baxodir qizi – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti 2-bosqich tayanch doktoranti (Toshkent viloyati)

Xolmuxamedova Parizod Jasurbek qizi – Yuqori Chirchiq tumanidagi 24-bolalar musiqa va san’at maktabining badiiy kashtachilik o‘qituvchisi (Toshkent viloyati)

Jo‘raboyeva Dilafruzxon Sardorjon qizi – Xalqaro frilanserlik platformalari frilanseri (Farg‘ona viloyati)

Sobirova Dilafruzxon Salohiddin qizi – Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Farg‘ona viloyati)

Quronboyeva Moxinur Odilbek qizi – Urganch davlat tibbiyot institutining katta o‘qituvchisi (Xorazm viloyati)

Do‘smetova Shahzoda Do‘smet qizi – O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Xorazm viloyati bo‘limi maqom xonandasi (Xorazm viloyati)

Saranseva Anastasiya Olegovna – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 208-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Toshkent shahri)

Mavlonova Sevinch Sanjar qizi – «Yangi O‘zbekiston» universitetining 2-bosqich talabasi (Toshkent shahri)

Posted on Leave a comment

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda mo‘tabar ayol zotiga ulkan ehtirom ko‘rsatish, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, shuningdek, o‘zining samarali mehnati, boy bilim va tajribasi bilan yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida alohida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarni munosib taqdirlash maqsadida quyidagilar mukofotlansin:


«O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri» faxriy unvoni bilan

Bobomurodova Xosiyat – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Kariyeva Bernara Raximovna – O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining xoreografiya kafedrasi professori

Toshova Moyra Nabiyevna – Buxoro shahridagi «Shayxul Olam» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Buxoro viloyati

Toshpulatova Klara Bekpulatovna – Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining texnik bo‘limi standartlash bo‘yicha yetakchi muhandis-texnologi, Qashqadaryo viloyati

Xalikova Mukaddas Shamaksudovna – O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori

«Do‘stlik» ordeni bilan

Abdrasuliyeva Juzimgul Matekovna – Chimboy tumanidagi «Gujimli» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Aliyeva Zafara Jumabayevna – O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining amaliy san’at ashyolari bo‘yicha eksperti

Axmedjanova Nasiba Muratovna – «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» aksiyadorlik jamiyati elektr mashina sexi izolyatsiya ustasi

Axmedova Zarifa Nishonovna – Sharof Rashidov tumanidagi «Zomin asali» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Bakiyeva Narziniso Mirzoyevna – Bekobod tumanidagi «Boqiyeva Nazira» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Toshkent viloyati

Berdiyeva Barno Saitnazarovna – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zosi

Bobanazarova Jamila Xolmurodovna – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator

Bryuxovetskaya Nadejda Vasilevna – «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatining texnologik bo‘limi boshlig‘i

Daminova Muxabbat Jabborovna – Sariosiyo tumanidagi «Orzu Daminzoda» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

Ziganshina Dinara Ravilevna – Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi direktori

Ibragimova Oliya Xojamberdiyevna – «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining 1-Gidrometallurgiya zavodi kran mashinisti, Navoiy viloyati

Karimova Feruza Baxtiyorovna – H.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutining petrologiya laboratoriyasi boshlig‘i

Matviyenko Irina Aleksandrovna – «Nemolchi.uz» ijtimoiy loyihasi rahbari

Muxiddinova Umida Tulkunovna – Ijtimoiy himoya milliy agentligining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i

Ro‘zmetova Nasiba Sharipovna – Xiva tumanidagi «Qo‘shchi kattabog‘» va «Istiqlol» mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlar faoli, Xorazm viloyati

Ubaydullayeva Nigoraxon Qurvonaliyevna – Quvasoy shahar hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

Urunbayeva Gulchexraxon Shokirovna – Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining organik dehqonchilik va o‘rmon melioratsiyasi kafedrasi professori, Andijon viloyati

Xamrayeva Muatar Kabildjanovna – Chilonzor tumanidagi «Gavhar» mahalla fuqarolar yig‘inining «Oqila ayollar» harakati rahbari, Toshkent shahri

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Adilova Feruza Saibjanovna – «Tong yulduzi» gazetasi bosh muharriri

Ashirova Gulchexra Olimovna – Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi direktori

Imamova Dilbar Babaqulovna – Samarqand shahar nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli, Samarqand viloyati

Karimova Barno Patxullayevna – Toshkent shahridagi «Iffatli kelin» o‘quv markazi ta’sischisi

Raxmanova E’tiborxon Abduraufovna – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi bosh mutaxassisi

Turayeva Salixa Dusanovna – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufidagi Guliston tumani axborot-kutubxona markazi direktori, Sirdaryo viloyati

Usmonova Xurinisa Sharapovna – Namangan davlat universitetining o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, Namangan viloyati

II darajali «Salomatlik» ordeni bilan

Abdullayeva Nilufar Ismatovna – Shofirkon tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining bosh patronaj hamshirasi, Buxoro viloyati

Qambarova Nigora Fattaxovna – Shahrixon tumanidagi «Shahrixon» oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori, Andijon viloyati

Mansurskaya Elvira Sabriyevna – Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi pediatri, Sirdaryo viloyati

Muxamedova Barno Farxadovna – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Boboyeva Yuliya Leonidovna – Namangan viloyati suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining suzish bo‘yicha murabbiysi

Kuanishova Jamila Seylbek kizi – Uchquduq tumanidagi «Qulquduq» oilaviy shifokorlik punkti katta hamshirasi, Navoiy viloyati

Pazilova Muxoyoxon Yakubjonovna – Farg‘ona viloyati «Miss fitness» ayollar sog‘lomlashtirish markazi rahbari

Xalikova Xurshida Narzullayevna – Samarqand viloyati yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining dzyudo bo‘yicha murabbiysi

«Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan

Jumayeva Sadbaroy Axatovna – Denov tumani ichki ishlar boshqarmasining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

Ismoilova Iroda Xotam qizi – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy qism mutaxassisi

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Muksinova Mahliyoxon Azizjon qizi – «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktorining IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari

Muxtorova Madina In’omjon qizi – Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi talabasi, Jizzax viloyati

«Shuhrat» medali bilan

Abduvohidova Shaxnoza Abduganiyevna – «UZINFOCOM» mas’uliyati cheklangan jamiyatining raqamlashtirish bo‘yicha direktori

Azimova Zarnigor Shuxratovna – Navbahor tumanidagi «Beshrabot» mahalla fuqarolar yig‘inining kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi, Navoiy viloyati

Atadjanova Yulduzxan Yuldashovna – Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining fortepiano o‘qituvchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Atayeva Mukaddas Matyakubovna – Urganch shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor, gul yetishtiruvchi, Xorazm viloyati

Berdimbetova Gulsara Yesenovna – Qoraqalpog‘iston tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining kimyo laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Bo‘ranova Aychurak Ravshanbekovna – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Flowers Anya» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Andijon viloyati

Butayeva Zulayxo – Boyovut tumanidagi «Boyovut agropilla» mas’uliyati cheklangan jamiyati pillachisi, Sirdaryo viloyati

Butayeva Inobat Yuldosh qizi – Chiroqchi tumani «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi bosh mutaxassisi, Qashqadaryo viloyati

Vohidova Noyira Rahimovna – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti laboratoriya mudiri

Jo‘rayeva Nilufar Davronovna – Boysun tumanidagi «Dream’s Shahrinaz» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, hunarmand-kashtachi, Surxondaryo viloyati

Zaxidova Nazira Saloxiddinovna – Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi gid-tarjimoni, Samarqand viloyati

Ikramova Tamila Alisherovna – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston 24» ijodiy birlashmasi «Axborot» bosh muharririyati katta muharriri

Kambaridinova Noila Mexrojovna – Toyloq tumani hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, Samarqand viloyati

Kudaybergenova Asiya Mirzali qizi – Zangiota tumani «Farobiy» mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi, Toshkent viloyati

Kudratova Malika Mamatmuratovna – O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Do‘stlik tumani bo‘limi boshlig‘i, Jizzax viloyati

Mamadaliyeva Naibaxon Saydaminovna – O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tili va ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Mamatkulova Gulbaxorxon Axmedovna – Farg‘ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumining ishlab chiqarish ta’limi ustasi, Farg‘ona viloyati

Masimova Kunel Ilyasovna – Zarafshon shahridagi 15-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, Navoiy viloyati

Muminova Zeboxon Rixsibayevna – Yunusobod tumanidagi «Nova school» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari, Toshkent shahri

Normatova Lobarxon Xolmatovna – Rishton tumanidagi «Furqat» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

Sozikina Yelena Gennadevna – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mutaxassisi

Tashbayeva Gulchexra Karabekovna – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mutaxassisi

Xalbayeva Gulandan Baltabayevna  – Qo‘shko‘pir tumani ko‘zi ojizlar kutubxonasi mudiri, Xorazm viloyati

Xunarova Malaxat Xaydarovna – Angren shahridagi «Oydin central service» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent viloyati

Xuramova Salima Jo‘rayevna – G‘uzor tumanidagi «G‘uzor qorako‘lchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni, Qashqadaryo viloyati

Sharipova Laylo Frunzeyevna – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira

Shermatova Gulsara Tursunbayevna – Toshkent shahar Markaziy maydonlarni obodonlashtirish boshqarmasining ko‘kalamzorlashtiruvchi-gul ekuvchisi

Ergasheva Shaxnoza Agzamovna – Qibray tumanidagi «Po‘lat qadam» mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Toshkent viloyati

Esanova Salomat Almardanovna – Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Sayhon» oilaviy shifokorlik punkti doyasi, Surxondaryo viloyati

Yunusova E’tiborxon Abduxalilovna – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Uychi tumani bo‘linmasi rahbari, Namangan viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev