Posted on Leave a comment

Loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Joriy yilda mamlakatimiz hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga 24 trillion soʻm budjet mablagʻlarini yoʻnaltirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida 300 trillion soʻmdan ziyod tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilgan. Bunday katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirishda ularni ekspertizadan oʻtkazish tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, amaldagi tartib mazkur talablarga toʻliq javob bermayotgani, tadbirkor va investorlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Jumladan, oʻtgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7 ming 750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda koʻrib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta boʻlmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.

Shu bois, Prezident farmoni bilan Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tuzilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligiga oʻtkazildi va uning faoliyatini transformatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.

Taqdimotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Markaz faoliyati raqamlashmagani va xavf-tahlil yondashuvining yoʻqligi uchun bitta xodimga toʻgʻri keladigan operatsion yuklama ortib ketgani qayd etildi. Markazda 130 nafar xodim ishlasa-da, xavfi past va strategik ahamiyatli loyihalar bir-biridan ajratilmagani uchun har bir xodimga ikki kunda oʻrtacha bitta loyiha toʻgʻri kelmoqda.

Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi qiymati nisbatan kichik boʻlgan loyihalardan iborat. Shuningdek, koʻplab hujjatlar avval koʻrilgan loyihalarga oʻxshash boʻlsa ham, ular qaytadan toʻliq tartibda koʻrib chiqilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va resurs sarfiga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Taqdimotda markaz faoliyatiga ilgʻor tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi.

Xususan, loyihalarni koʻrib chiqishda xavf darajasi va qiymatiga qarab, tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish taklifi bildirildi. Unga koʻra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazishda texnik topshiriqlar koʻrib chiqilmaydi, faqat 15 million dollardan yuqori qiymatdagi korporativ va budjet loyihalari koʻrib chiqiladi.

Yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan oʻtkazish, avvalgilariga oʻxshash loyiha kelib tushganda, tezlashtirilgan tartibda koʻrib chiqish, jismonan va maʼnan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazish, benchmarking usulini qoʻllash tashabbuslari ilgari surildi. Bu ekspertiza jarayonini maqbullashtirib, markazning asosiy eʼtiborini strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.

Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyihalar bo‘yicha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olinsa yoki loyiha bo‘yicha bildirilgan e’tirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish kabi buyurtmachilarni rag‘batlantirish choralari taklif qilindi.

Markaz faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid maʼlumotlar bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi. Ushbu platforma orqali loyihalarga oid hujjatlar onlayn shakllantirilishi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik koʻrsatkichlari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinishi belgilanmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalar ekspertizasi investitsiya muhitining muhim boʻgʻini ekanini taʼkidlab, mazkur sohada ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish, sifat va tezkorlikni oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan tadbirda tarmoqni “maqsad – harakat – natija” tamoyiliga asoslangan yangi strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimi asosida isloh qilish zarurligi ta’kidlandi. Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni belgilash topshirildi.

Jumladan, joriy yilda tarmoq mahsulotlari eksportini 720 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Qishloq xoʻjaligida rejalashtirilgan hosil hajmlarini taʼminlash uchun azotli oʻgʻitlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli oʻgʻitlarni 135 ming tonnaga, kaliyli oʻgʻitlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, tarmoq va hududlar tomonidan joriy yilda 9,5 milliard dollarlik 133 ta loyihani amalga oshirish doirasida 2,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Jumladan, kimyo sanoati korxonalari va hududlarda 24 ta strategik loyiha doirasida 1,3 milliard dollar investitsiyalarni oʻzlashtirib, 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Shu bilan birga, Qo‘ng‘irot soda zavodida ishlab chiqarishni kengaytirish, “Samarqandkimyo” korxonasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Dehqonobod kaliy zavodi quvvatlarini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayoni tanqidiy ko‘rib chiqildi. Muddatlarning asossiz cho‘zilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga investorlar bilan birgalikda mazkur loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlashni ta’minlash topshirildi.

“Ammofos-Maksam” korxonasi faoliyati davomida toʻplangan fosfogips sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Ushbu chiqindidan qoʻshimcha mahsulotlar, jumladan, sulfat kislotasi ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, kimyo sanoatini strategik rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy va texnologik infratuzilmani shakllantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Xususan, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Mazkur markaz gaz va koʻmir kimyosi, chuqur kimyoviy tahlil, sorbentlar, katalizatorlar, nano va kompozit materiallar kabi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashadi va bu borada Markaziy Osiyodagi yagona ilmiy-tadqiqot instituti boʻladi.

Taqdimotda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni tashkil etish, “Fargʻonaazot”da ammiak, karbamid va ammiakli selitra quvvatlarini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot”da gʻovaksimon selitra, Toshkent viloyatida maishiy kimyo vositalari, Birinchi rezinotexnika zavodida yangi turdagi shinalar ishlab chiqarish loyihalarining borishi haqida ham maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida loyihalarning boshqarish samaradorligini oshirish rejalari koʻrib chiqildi.

Jumladan, jamiyat va uning tizimidagi korxonalarda ERP tizimi joriy qilinib, 21 ta vazirlik va idoralar hamda xarid operatorlari bilan integratsiya qilindi, 16 ta axborot tizimi yagona raqamli platformaga birlashtirildi. Moliyaviy holatni tahlil qilish va prognozlash, mineral oʻgʻitga ehtiyojni bashorat qilish jarayonlariga bosqichma-bosqich sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, mineral oʻgʻitlarning korxonadan fermergacha harakatidagi barcha jarayonlarni raqamli nazorat bilan qamrab olish koʻzda tutilgan.

Hisob palatasi bilan birgalikda energiya resurslarini tejash, xomashyo xarajatlarini qisqartirish va raqamlashtirish chora-tadbirlari orqali kimyo sanoatida mahsulot tannarxini 10-15 foizgacha pasaytirish vazifasi qoʻyildi.

Yakunda davlatimiz rahbari kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, muammoli masalalarni tezkor hal qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Neft va gaz tarmogʻiga doir topshiriqlar ijrosining borishi koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati yuzasidan hisobot berildi.

Maʼlumki, joriy yilning 30-yanvar kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish, uglevodorod zaxiralarini kengaytirish va tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangandi. 23-fevral kuni esa ushbu topshiriqlarning dastlabki ijrosi koʻrib chiqilib, qator qoʻshimcha topshiriqlar berilgan edi.

Bugungi taqdimotda mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni yana bir bor tahlil qilindi.

Neft va gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni aniqlash, mavjud quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Bu borada soha rahbarlarining joriy yil boshidan 3D seysmik qidiruv ishlari 471 kvadrat kilometr hajmda amalga oshirigani, 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani, 20 ta quduqda ta’mirlash ishlari bajarilgani va 5 ta texnologik tadbir amalga oshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumoti ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, sohada operatsion samaradorlikni oshirish, korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash boʻyicha ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob va qatʼiy intizom asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Qashqadaryo oʻzining katta hududi, boy tabiiy resurslari, rivojlangan sanoati, mehnatkash va tadbirkor xalqi bilan ulkan salohiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Oʻtgan yili yalpi hududiy mahsulotda 6,8 foiz, sanoatda 7,2 foiz, xizmatlar sohasida 13,6 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,3 foizlik oʻsish qayd etildi. 2017-2025-yillarda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 3,2 barobar oʻsib, 26,9 million soʻmga yetdi. Ishsizlik va kambagʻallik darajasi tegishli ravishda 4,9 va 6,5 foizgacha tushdi.

2026-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish hisobidan sanoatda 8,6 foizlik oʻsishni taʼminlash, 3,5 milliard dollar investitsiya hisobiga 727 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgani qayd etildi. Natijada viloyat iqtisodiyoti 8,2 foizga, xizmatlar 15,9 foizga, qurilish 13,2 foizga, qishloq xoʻjaligi 5,8 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Sanoatda 1,7 milliard dollarlik 195 ta loyihani ishga tushirish, qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda mikrosanoat markazlari tashkil etish orqali tarmoqlarda yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Viloyatda qator yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi. Jumladan, mato, kiyim-kechak va gigiyenik vositalar, qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalari, elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari, fibrosementli panellar va devor plitalarini ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi va Qarshi yashil texnologiyalar sanoat zonasini tashkil etib, 2026-2027-yillarda ularda 1,1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 36 ta loyihani amalga oshirish va 6 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Yangi yondashuvlar asosida mahallalarni chuqur va oʻrta ixtisoslashtirish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish hisobiga kambagʻallikni qisqartirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Xususan, mahallalarda 820 milliard soʻmlik kreditlar, 52,3 milliard soʻmlik ssuda va subsidiyalar ajratish, oʻzini oʻzi band qilganlarni qoʻllab-quvvatlash orqali 48 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi, 31 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi.

Natijada 2026-yil yakuniga qadar ishsizlikni 3,2 foizga, kambagʻallikni 3 foizga tushirish, bunda Gʻuzor, Qamashi, Koʻkdala, Mirishkor, Shahrisabz va Yakkabogʻ tumanlarini kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan.

Dunyoda goʻsht narxlari oshib borayotgan hozirgi sharoitda viloyatda chorvachilik va ozuqa bazasini mustahkamlash, yaylov yerlaridan unumli foydalanish boʻyicha yangi tizim joriy etilayotgani taʼkidlandi.

Bunda 2030-yilgacha 200 ming gektar, shu jumladan, 2026-yilda 15 ming gektar yerni oʻzlashtirish, infratuzilma bilan taʼminlash orqali ozuqa ekinlari, kartoshka, sabzavot, dukkakli va moyli oʻsimliklar yetishtirish hajmlarini oshirish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda gʻalla hosildorligini oʻrtacha 84,8 sentnerga, paxta hosildorligini 47,5 sentnerga, kartoshka hosildorligini 175 sentnergacha oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 48 ta gʻalla kombayni, 272 ta chigit ekish seyalkasini xarid qilish, suv tejovchi texnologiyalar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga qishloq xoʻjaligida daromadni 20-35 foizga oshirish imkoni mavjudligi koʻrsatildi.

Suv taʼminoti Qashqadaryo uchun eng ogʻir masalalardan ekani qayd etildi.

Ekinlarning katta qismi nasos orqali sugʻorilishi sharoitida 2026-yilda 320 kilometr magistral va 3,3 ming kilometr ichki kanallarni betonlash, 70,6 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, 27,4 ming gektarda lazerli tekislash ishlarini amalga oshirish hamda 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi. Bu orqali 800 million kub metrgacha suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida Hisorak suv omboridan Qarshi shahriga suv tortish loyihasi ishlab chiqilayotgani maʼlum qilindi. Ushbu loyiha doirasida 16 ta ichimlik suvi inshooti va 416 kilometr tarmoq quriladi. Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Dehqonobod va Qamashi tumanlaridagi kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi.

Turizm salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha yiliga 1 million sayyohni jalb qilayotgan Miraki shaharchasi tajribasi asosida yangi loyihalarni qolgan tumanlarda ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Qamashi tumanida “Maydanak” baland togʻ turizm markazini tashkil etish, Shahrisabz tumanida bir vaqtning oʻzida 13 ming sayohatchiga xizmat koʻrsatadigan “Gʻelon” xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish, Yakkabogʻ tumani Tatar qishlogʻida turizmni rivojlantirish, Hazrati Sulton choʻqqisi hududida treking yoʻnalishlari va chodirli uylar oromgohini tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.

Umuman, joriy yilda 45 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil etilib, qoʻshimcha 1130 oʻrin yaratilishi belgilandi.

Viloyatda yoʻl, uy-joy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham aniq dasturlar muhokama qilindi. Yangi yondashuvlar asosida “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasidagi 2 ta tuman va 46 ta mahallada, shuningdek, ogʻir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yoʻllar, suv taʼminoti, sugʻorish infratuzilmasi hamda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 864 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilandi.

Ijtimoiy yoʻnalishda oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatkichlar belgilandi. Jumladan, yangi davlat va xususiy bogʻcha, maktablar tashkil etish, 120 ming nafar xotin-qizning bandligini taʼminlash, 21,1 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, “Ayollar daftari” orqali 102 ming nafariga yordam koʻrsatish choralari nazarda tutilgan.

Germaniya bilan hamkorlikda tartibli mehnat migratsiyasi va kasbiy tayyorgarlik boʻyicha yangi tashabbuslar taqdim etildi. 2026-yilda 3000 nafar, 2027-yilda 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yoʻnaltirish, ularni oʻqitish uchun Qarshi shahrida Taʼlim va texnologiyalar markazini ochish rejalashtirilgan.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, investitsiya va eksport koʻrsatkichlarini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Xalqaro xotin-qizlar kuni — 8 Mart bayrami bilan

“Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlash markazi” MChJ jamoasi sizlarni Xalqaro xotin-qizlar kuni — 8 Mart bayrami bilan samimiy muborakbod etadi!

Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, farovonlik va doimo ko‘tarinki kayfiyat tilaymiz. Hayotingiz har doim quvonchli lahzalar, yangi imkoniyatlar va yorqin muvaffaqiyatlarga boy bo‘lsin.

Xonadonlaringizda mehr, iliqlik va totuvlik hukm sursin, qilayotgan ishlaringiz esa sizga mamnuniyat va yuksak natijalar olib kelsin.

Hurmat bilan,
“Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlash markazi” MChJ jamoasi

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

Sizlarni, butun O‘zbekiston ayollarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib maydonga chiqayotgan 22 millionlik yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.

Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Aziz opa-singillar!

Biz yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratdik. Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi.

Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib birorta qonun qabul qilinmaydi.

Yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllandi, mirishkor fermer ayollarimiz 12 ming nafarga yetdi, ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan olimalarimiz 6 ming nafardan oshdi.

O‘tgan yili dunyo arenalarida shijoatli qizlarimiz 167 ta oltin, 193 ta kumush, 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani tahsinga sazovordir.

Xotin-qizlarimiz hayotidagi ana shunday katta o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi; “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi; Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” hisobotida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi.

Fursatdan foydalanib, turli sohalardagi mehnati, iste’dodi va aql-zakovati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ayollarni ishli va daromadli qilish masalasi hamisha e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 23,5 trillion so‘m kredit yo‘naltirdik. Buning hisobidan 425 mingdan ortiq opa-singillarimiz tadbirkorlikka jalb qilindi.

Misol uchun, to‘qimachilik sohasida 300 nafar ayollarni band qilgan yangiariqlik Nargiza Bekmuratova o‘tgan yili ikkinchi fabrikasini ochib, yana 100 ta ish o‘rni yaratdi. Ushbu ishbilarmon qizimiz 2025-yilda Anqara shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Xotin-qizlar uchun eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Men bunday serg‘ayrat qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, deb bilaman. Ularni har qancha qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Shu bois bu yil 166 ming nafar xotin-qizlar zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari IT sohasiga o‘qitiladi.

Shuningdek, opa-singillarimizga o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturini boshlaymiz. Bu orqali lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yo‘nalishlarida 50 ming nafar ayolning bandligi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi.

Umuman, joriy yilda 1,5 million nafar ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish bo‘yicha katta marra olganmiz. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi. Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, Z.Mahkamova, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Markaziy bank raisi T.Ishmetov, viloyat hokimlari bu ishlarga mas’ul bo‘ladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun oliygohda o‘qiyotgan qizlarimiz soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda.

O‘tgan yili 60 nafar qizimiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirgani albatta barchamizni quvontiradi.

Stajor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni, 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham e’tiborlidir.

Bugungi anjumanimizda qatnashayotgan qizlarimiz – Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva, navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlarini hamda bir qator xalqaro startap tanlovlari g‘olibi bo‘lgan buvaydalik Dilafro‘z Jo‘raboyeva nufuzli “Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollarimiz uchun davlat granti kvotasini 2 karra oshirib, 4 mingtaga yetkazamiz.

TOP-300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.

Endi har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Bunda har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant beriladi. Maktablarning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘ladi.

O‘ylaymanki, bu tashabbuslar xotin-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Aziz do‘stlar!

Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish – biz uchun strategik vazifa. Shu haftada yana bir muhim Farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boramiz.

Yana bir muhim masalaga to‘xtalmoqchiman. Bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida 2589 nafar ayol jazo muddatini o‘tamoqda.

Turli sabablarga ko‘ra, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ushbu ayollar ham shu yurtning fuqarolari. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylashimiz kerak.

Jazoni o‘tayotgan ayollarning 1239 nafari o‘rta ma’lumotli, na kasbi, na hunari bor. Ularning 443 nafari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan. Shu bois bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yangi hayot” dasturini boshlaymiz.

Ichki ishlar vazirligi Kasbiy ta’lim agentligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan jazoni o‘tayotgan ayollarni 3-6 oylik kasb dasturlari bo‘yicha o‘qitib, sertifikat beradi. Shuningdek, mahkumalarga o‘sha yerning o‘zida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyatini yaratib beramiz.

Kontrakt bo‘yicha o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashganidan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Bugun Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil kirib bormoqda. Biz o‘z oldimizga, avvalo, inson baxti, inson qadri uchun xizmat qiladigan ulkan maqsadlar qo‘yganmiz. Chunki, inson baxti – oiladan boshlanadi, oila esa ayol bilan mustahkam. Kelajak avlodlar ana shu muqaddas makonda kamolga yetadi. Hech shubhasiz, bu borada qizlarimizning ma’naviy tarbiyasi hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas fazilatlar qizlarimiz qalbiga buvijonlarning nasihat va o‘gitlari bilan kiradi. Bunday oilada tarbiya olgan qizlarimiz yurish-turishi, odob-axloqi va hayotga munosabati bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelgan. Bugungi sharoitda ana shu tarbiya maktabiga ehtiyoj har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi.

Shu o‘rinda men o‘ta og‘ir sinov damlarida ham qaddi bukilmagan, butun umrini oilasiga, farzandiga bag‘ishlagan barcha onaxonlarimizga murojaat qilmoqchiman.

Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilganimiz bejiz emas. Dunyodagi vaziyat qanday tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Bunday murakkab davrda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik Alloh taolo bergan ulug‘ ne’mat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz. Uni asrash esa har birimizning muqaddas burchimizdir.

Mana shunday sharoitda duogo‘y buvijonlarimiz, mo‘tabar onaxonlarimiz oilalarda bu ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va farzandlar, nabiralarga shukronalik tuyg‘usini singdirishda namuna bo‘ladilar, deb ishonaman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Inson uchun o‘z mehnatining mahsulini ko‘rish, e’tirof va e’tiborga sazovor bo‘lish katta baxt.

Ushbu qutlug‘ bayram arafasida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizdan bir guruhini davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlash bo‘yicha Farmonni imzoladim. Shuningdek, an’anaga ko‘ra, o‘qish va ijodda, ilm-fan, sport va jamoat ishlarida faol bo‘lib kelayotgan qizlarimizdan yana 28 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Butun xalqimiz nomidan mukofot sohibalarini yana bir bor tabriklayman.

Muhtarama opa-singillar!

So‘nggi yillarda siz, azizlar bilan, xalqimiz bilan birga ilgari tariximizda bo‘lmagan buyuk ishlarni amalga oshirdik.

Mashaqqatli, halol mehnatimiz bilan butun dunyoning e’tirofi va hurmatiga sazovor bo‘lmoqdamiz. Eng muhimi, har bir soha va tarmoqda Yangi O‘zbekiston maktabi shakllanmoqda.

Biz uchun bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni egallashda yanada birlashib, hamjihat bo‘lib mehnat qilish har qachongidan ham muhim vazifadir.

Yangi O‘zbekistonni ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim.

Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz!

So‘zimning yakunida butun O‘zbekiston xotin-qizlarini kirib kelayotgan nafosat ayyomi, go‘zallik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralab, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

So‘nggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida kuzatilayotgan keskinlikning avj olishi ko‘plab tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib kelayotgani va jiddiy xavotir uyg‘otayotgani alohida qayd etildi.

Muborak Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday voqealar umuminsoniy qadriyatlarga, xalqaro normalar va davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyillariga zid ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi fuqarolarimizni Erondan Ozarbayjon hududi orqali xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va yaratilayotgan sharoitlar uchun Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.

Ozarbayjon Prezidenti, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga do‘stona suhbat va sinovli damlarda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Posted on Leave a comment

Vijayvargi Satish Rameshchandrani O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz farmatsevtika sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini sifatli dori-darmon hamda tibbiyot vositalari bilan ta’minlash, xalqimiz salomatligini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, ilg‘or innovatsiyalar va ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi katta xizmatlari uchun Toshkent shahridagi «Serena pharma» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Vijayvargi Satish Rameshchandra O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Transport sohasidagi loyihalarning borishi koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Toshkent – Samarqand yoʻnalishida yangi zamonaviy avtomagistral qurish loyihasi koʻrib chiqildi. Rejaga koʻra, ushbu yoʻlning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Shundan 140 kilometrlik uchastkalarda tuproqni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta koʻprik va 16 ta yoʻl oʻtkazgich qurilishi koʻzda tutilgan.

Besh yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur yoʻl Ia toifali, yaʼni avtomobil yoʻllarining eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradigan magistral boʻladi. Unda har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali oltita harakat tasmasi barpo etiladi. Yoʻlning loyihaviy tezligi soatiga 150 kilometr etib belgilanadi.

Shuningdek, Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni yoʻnalishida 171 kilometrlik muqobil avtomobil yoʻli barpo etish loyihasi ham amalga oshiriladi. Ushbu yoʻlda 33 kilometrlik tonnellar hamda bir qator yirik muhandislik inshootlarining qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga mazkur yirik loyihalar uchun ishlab chiqilayotgan moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.

Avtomagistrallarni loyihalashda zamonaviy transport muhandisligi yechimlaridan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, harakat xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Taqdimotda Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva yoʻllarini qurish loyihalarining borishi haqida ham maʼlumot berildi.

Shuningdek, Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasining asosiy parametrlari koʻrib chiqildi. Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metrlik yoʻlovchi terminali, uzunligi 4 kilometrdan boʻlgan ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagini barpo etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yiliga 20 million nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish, soatiga 30 ta qoʻnish va uchishni taʼminlaydigan infratuzilmani yaratish hamda 169 ta havo kemasi uchun avtoturargoh tashkil etish koʻzda tutilgan.

Ayni paytda boʻlajak aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari va kelgusi bosqichlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta tayyorlash, qurilish ishlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni oshirish va texnologiyalar transferini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari farmatsevtika inson salomatligi, aholi hayot sifati va mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi bilan bevosita bogʻliq strategik soha ekanini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda sohani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi. Jumladan, oʻtgan toʻqqiz yilda tarmoqqa 1 milliard 800 million dollar investitsiya kiritilib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda, ularning 58 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri dori vositalari ishlab chiqaradi.

Natijada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar oʻsib, 7 trillion 300 milliard soʻmdan oshdi. Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarish esa 2 karra koʻpaydi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlat bozoriga yetkazilmoqda. Tarmoqdagi ish oʻrinlarining soni esa 40 mingdan oshdi.

Umuman olganda, mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi qariyb 2,5 milliard dollarga yetgan.

Mutasaddilar oldiga joriy yilda farmatsevtika sohasiga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, sifatni oshirish va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ichki iste’moldagi mahalliy dorilar ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish ichki bozorda mahalliy dori vositalari ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish hamda kelgusi besh yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish vazifalari qoʻyildi.

Respublikada 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika sanoat zonasi tashkil etilgan boʻlib, ular uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan. Biroq ayrim hududlarda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.

Jumladan, 25 gektar maydonni egallagan Jizzax farmatsevtika zonasida oʻtgan yili bir soʻmlik ham mahsulot ishlab chiqarilmagan. Boʻstonliq tumanidagi 14 gektar yer maydoni esa 2017-yildan beri boʻsh turibdi. Shuningdek, oʻtgan yili Jizzax va Samarqand viloyatlarida birorta ham farmatsevtika loyihasi ishga tushirilmagani, Buxoro va Xorazmda esa investitsiya loyihalari juda kamligi tanqid qilindi.

Yigʻilishda farmatsevtika sohasi tadbirkorlari tomonidan bildirilgan takliflar ham koʻrib chiqildi. Xususan, farmatsevtika zonalari mavjud boʻlmagan hududlardagi korxonalarga ham mazkur zonalar uchun belgilangan soliq imtiyozlarini qoʻllash masalasi koʻtarildi.

Prezidentimiz mazkur taklifni qoʻllab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun qator yangi imkoniyatlarni eʼlon qildi.

Jumladan, joriy yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika vositalarini ishlab chiqarish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha yangi loyihalar uch yil muddatga yer soligʻidan ozod etiladi. Loyiha ishga tushganidan keyin uch yil davomida foyda va mol-mulk soligʻi ham undirilmaydi.

Shuningdek, biologik faol qoʻshimchalar va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilar uchun xomashyo, uskuna va butlovchi qismlar importi bojlardan ozod qilinadi. Farmatsevtika korxonalariga oʻzining liniyasida biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.

Endilikda har yili 1-iyulga qadar mahalliylashtirish maqsadga muvofiq boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxati tadbirkorlarga eʼlon qilib boriladi. Ushbu roʻyxatdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar uchun tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7 foizli kreditlar ajratiladi.

Mavjud mahsulotlar boʻyicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirishni rejalashtirgan korxonalarga Sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasidan 10 yilgacha muddatga xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada esa 12 foizli kreditlar taqdim etiladi.

Yigʻilishda xorijiy farmatsevtika kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish, ular bilan texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi hissasiga toʻgʻri keladi. Shu munosabat bilan ularning ishlab chiqarishini Oʻzbekistonda tashkil etishni ragʻbatlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Import bilan shugʻullanuvchi yirik korxonalarga ham ijtimoiy masʼuliyatni kuchaytirib, brendli dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatish tavsiya etildi.

Bu jarayonni ragʻbatlantirish maqsadida korxonalar brendlardan foydalanish uchun toʻlaydigan royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Original dori vositasi yaratilganidan 20-25 yil oʻtgach, boshqa farmatsevtika korxonalari ham uni ishlab chiqarish huquqiga ega boʻladi. Bunday dori vositalarini oʻzlashtirish ichki bozorda narxlarni bir necha barobar arzonlashtirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan talab yuqori boʻlgan bunday preparatlarni bir yil ichida oʻzlashtirgan korxonalarga texnologiya transferi xarajatlarining yarmi Farmatsevtika jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, eng koʻp import qilinayotgan 100 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida “Toshkent farma park” hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.

Yigʻilishda farmatsevtika mahsulotlari eksporti masalalari ham koʻrib chiqildi. Bugungi kunda tarmoq eksporti 220 million dollarga yetgan boʻlsa-da, uning atigi 14 million dollari dori vositalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu munosabat bilan korxonalarni xalqaro standartlarga moslashtirish muhimligi taʼkidlandi. Hozirda 58 ta dori ishlab chiqaruvchi korxona milliy GMP sertifikatiga ega. Endi ularni Yevropa GMP standartlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.

1-iyundan boshlab mahalliy korxonalarning YevroGMP sertifikatini olish xarajatlarining 50 foizi Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Yigʻilishda davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani sababli ayrim korxonalar davlat korxonalariga mahsulot sotish imkoniyatiga ega emas.

Shu munosabat bilan 1-sentabrgacha mahalliy mahsulot sertifikatiga ega tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasidan qatʼi nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat berilishi belgilandi.

Qayd etilishicha, oʻtgan yili mamlakatimizda 57 mingdan ortiq nomdagi roʻyxatdan oʻtmagan va kontrafakt dori vositalari aniqlangan.

Shu bois, dorilarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish, sifati shubhali mahsulotlar aylanmasi uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda sohada ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etish masalasi ham koʻtarildi.

Bugungi kunda farmatsevtika sohasidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ortiq olim faoliyat yuritmoqda, oliy taʼlim muassasalari esa har yili qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlaydi. Biroq ilmiy ishlanmalarni sanoatga joriy etish yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.

Shu munosabat bilan kimyo-farmatsevtika, vaksina va zardoblar hamda sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. U “Toshkent farma park” hududida joylashtirilib, ilmiy tadqiqotlarni bevosita ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Park hududida klinikoldi tadqiqotlar laboratoriyasi, biologik va kimyoviy tadqiqotlar markazlari hamda 250 oʻrinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnika universiteti professor-oʻqituvchilari oʻz ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib boradi. Talabalar esa korxonalarda dual taʼlim asosida oʻqib, ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Yangi dori vositalarini ishlab chiqarishga jalb qilingan olimlar ishtirokidagi loyihalar uchun korxonalarning 100 ming dollargacha xarajatlari qoplab beriladi. Mahalliy olimlar yaratgan yangi preparatlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarga esa ularni roʻyxatdan oʻtkazish va klinik sinovlar uchun 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Yigʻilishda farmatsevtika korxonalari vakillarining takliflari va tashabbuslari eshitildi, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.