Posted on Leave a comment

Vijayvargi Satish Rameshchandrani O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz farmatsevtika sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini sifatli dori-darmon hamda tibbiyot vositalari bilan ta’minlash, xalqimiz salomatligini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, ilg‘or innovatsiyalar va ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi katta xizmatlari uchun Toshkent shahridagi «Serena pharma» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Vijayvargi Satish Rameshchandra O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Transport sohasidagi loyihalarning borishi koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Toshkent – Samarqand yoʻnalishida yangi zamonaviy avtomagistral qurish loyihasi koʻrib chiqildi. Rejaga koʻra, ushbu yoʻlning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Shundan 140 kilometrlik uchastkalarda tuproqni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta koʻprik va 16 ta yoʻl oʻtkazgich qurilishi koʻzda tutilgan.

Besh yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur yoʻl Ia toifali, yaʼni avtomobil yoʻllarining eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradigan magistral boʻladi. Unda har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali oltita harakat tasmasi barpo etiladi. Yoʻlning loyihaviy tezligi soatiga 150 kilometr etib belgilanadi.

Shuningdek, Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni yoʻnalishida 171 kilometrlik muqobil avtomobil yoʻli barpo etish loyihasi ham amalga oshiriladi. Ushbu yoʻlda 33 kilometrlik tonnellar hamda bir qator yirik muhandislik inshootlarining qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga mazkur yirik loyihalar uchun ishlab chiqilayotgan moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.

Avtomagistrallarni loyihalashda zamonaviy transport muhandisligi yechimlaridan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, harakat xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Taqdimotda Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva yoʻllarini qurish loyihalarining borishi haqida ham maʼlumot berildi.

Shuningdek, Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasining asosiy parametrlari koʻrib chiqildi. Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metrlik yoʻlovchi terminali, uzunligi 4 kilometrdan boʻlgan ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagini barpo etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yiliga 20 million nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish, soatiga 30 ta qoʻnish va uchishni taʼminlaydigan infratuzilmani yaratish hamda 169 ta havo kemasi uchun avtoturargoh tashkil etish koʻzda tutilgan.

Ayni paytda boʻlajak aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari va kelgusi bosqichlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta tayyorlash, qurilish ishlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni oshirish va texnologiyalar transferini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmogʻida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari farmatsevtika inson salomatligi, aholi hayot sifati va mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi bilan bevosita bogʻliq strategik soha ekanini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda sohani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi. Jumladan, oʻtgan toʻqqiz yilda tarmoqqa 1 milliard 800 million dollar investitsiya kiritilib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda, ularning 58 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri dori vositalari ishlab chiqaradi.

Natijada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar oʻsib, 7 trillion 300 milliard soʻmdan oshdi. Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarish esa 2 karra koʻpaydi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlat bozoriga yetkazilmoqda. Tarmoqdagi ish oʻrinlarining soni esa 40 mingdan oshdi.

Umuman olganda, mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi qariyb 2,5 milliard dollarga yetgan.

Mutasaddilar oldiga joriy yilda farmatsevtika sohasiga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, sifatni oshirish va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ichki iste’moldagi mahalliy dorilar ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish ichki bozorda mahalliy dori vositalari ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish hamda kelgusi besh yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish vazifalari qoʻyildi.

Respublikada 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika sanoat zonasi tashkil etilgan boʻlib, ular uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan. Biroq ayrim hududlarda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.

Jumladan, 25 gektar maydonni egallagan Jizzax farmatsevtika zonasida oʻtgan yili bir soʻmlik ham mahsulot ishlab chiqarilmagan. Boʻstonliq tumanidagi 14 gektar yer maydoni esa 2017-yildan beri boʻsh turibdi. Shuningdek, oʻtgan yili Jizzax va Samarqand viloyatlarida birorta ham farmatsevtika loyihasi ishga tushirilmagani, Buxoro va Xorazmda esa investitsiya loyihalari juda kamligi tanqid qilindi.

Yigʻilishda farmatsevtika sohasi tadbirkorlari tomonidan bildirilgan takliflar ham koʻrib chiqildi. Xususan, farmatsevtika zonalari mavjud boʻlmagan hududlardagi korxonalarga ham mazkur zonalar uchun belgilangan soliq imtiyozlarini qoʻllash masalasi koʻtarildi.

Prezidentimiz mazkur taklifni qoʻllab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun qator yangi imkoniyatlarni eʼlon qildi.

Jumladan, joriy yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika vositalarini ishlab chiqarish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha yangi loyihalar uch yil muddatga yer soligʻidan ozod etiladi. Loyiha ishga tushganidan keyin uch yil davomida foyda va mol-mulk soligʻi ham undirilmaydi.

Shuningdek, biologik faol qoʻshimchalar va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilar uchun xomashyo, uskuna va butlovchi qismlar importi bojlardan ozod qilinadi. Farmatsevtika korxonalariga oʻzining liniyasida biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.

Endilikda har yili 1-iyulga qadar mahalliylashtirish maqsadga muvofiq boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxati tadbirkorlarga eʼlon qilib boriladi. Ushbu roʻyxatdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar uchun tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7 foizli kreditlar ajratiladi.

Mavjud mahsulotlar boʻyicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirishni rejalashtirgan korxonalarga Sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasidan 10 yilgacha muddatga xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada esa 12 foizli kreditlar taqdim etiladi.

Yigʻilishda xorijiy farmatsevtika kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish, ular bilan texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi hissasiga toʻgʻri keladi. Shu munosabat bilan ularning ishlab chiqarishini Oʻzbekistonda tashkil etishni ragʻbatlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Import bilan shugʻullanuvchi yirik korxonalarga ham ijtimoiy masʼuliyatni kuchaytirib, brendli dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatish tavsiya etildi.

Bu jarayonni ragʻbatlantirish maqsadida korxonalar brendlardan foydalanish uchun toʻlaydigan royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Original dori vositasi yaratilganidan 20-25 yil oʻtgach, boshqa farmatsevtika korxonalari ham uni ishlab chiqarish huquqiga ega boʻladi. Bunday dori vositalarini oʻzlashtirish ichki bozorda narxlarni bir necha barobar arzonlashtirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan talab yuqori boʻlgan bunday preparatlarni bir yil ichida oʻzlashtirgan korxonalarga texnologiya transferi xarajatlarining yarmi Farmatsevtika jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, eng koʻp import qilinayotgan 100 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida “Toshkent farma park” hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.

Yigʻilishda farmatsevtika mahsulotlari eksporti masalalari ham koʻrib chiqildi. Bugungi kunda tarmoq eksporti 220 million dollarga yetgan boʻlsa-da, uning atigi 14 million dollari dori vositalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu munosabat bilan korxonalarni xalqaro standartlarga moslashtirish muhimligi taʼkidlandi. Hozirda 58 ta dori ishlab chiqaruvchi korxona milliy GMP sertifikatiga ega. Endi ularni Yevropa GMP standartlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.

1-iyundan boshlab mahalliy korxonalarning YevroGMP sertifikatini olish xarajatlarining 50 foizi Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Yigʻilishda davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani sababli ayrim korxonalar davlat korxonalariga mahsulot sotish imkoniyatiga ega emas.

Shu munosabat bilan 1-sentabrgacha mahalliy mahsulot sertifikatiga ega tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasidan qatʼi nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat berilishi belgilandi.

Qayd etilishicha, oʻtgan yili mamlakatimizda 57 mingdan ortiq nomdagi roʻyxatdan oʻtmagan va kontrafakt dori vositalari aniqlangan.

Shu bois, dorilarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish, sifati shubhali mahsulotlar aylanmasi uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda sohada ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etish masalasi ham koʻtarildi.

Bugungi kunda farmatsevtika sohasidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ortiq olim faoliyat yuritmoqda, oliy taʼlim muassasalari esa har yili qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlaydi. Biroq ilmiy ishlanmalarni sanoatga joriy etish yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.

Shu munosabat bilan kimyo-farmatsevtika, vaksina va zardoblar hamda sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. U “Toshkent farma park” hududida joylashtirilib, ilmiy tadqiqotlarni bevosita ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Park hududida klinikoldi tadqiqotlar laboratoriyasi, biologik va kimyoviy tadqiqotlar markazlari hamda 250 oʻrinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnika universiteti professor-oʻqituvchilari oʻz ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib boradi. Talabalar esa korxonalarda dual taʼlim asosida oʻqib, ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Yangi dori vositalarini ishlab chiqarishga jalb qilingan olimlar ishtirokidagi loyihalar uchun korxonalarning 100 ming dollargacha xarajatlari qoplab beriladi. Mahalliy olimlar yaratgan yangi preparatlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarga esa ularni roʻyxatdan oʻtkazish va klinik sinovlar uchun 100 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Yigʻilishda farmatsevtika korxonalari vakillarining takliflari va tashabbuslari eshitildi, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Posted on Leave a comment

Sirdaryo viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar natijasida viloyat iqtisodiyotida muhim tarkibiy oʻzgarishlar roʻy bergani qayd etildi. Ilgari asosan qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan hududda sanoat va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, biznes muhiti yaxshilandi, ilgʻor tadbirkorlarning qatlami shakllandi.

Oʻtgan yili Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8 foizga oʻsdi. Sanoat ishlab chiqarishida 8,2 foizlik oʻsish taʼminlanib, bu koʻrsatkich boʻyicha viloyat hududlar orasida toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi ham izchil oʻsib bormoqda. 2017-yilda 10 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 38,1 million soʻmga yetdi, yaʼni qariyb 3,8 barobarga oshdi.

Oʻtgan yili viloyatda 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 333 million dollardan oshdi. Ushbu loyihalar doirasida 17,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Yigʻilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida ilgʻor innovatsion hududga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalindi. Xitoy provinsiyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Malayziyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari doirasida qator investorlar bilan muzokaralar oʻtkazildi, yuzlab million dollarlik loyihalar shakllantirildi. Jumladan, Guliston tumanida 300 million dollarlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha kelishuvga erishildi. Yangiyer shahrida Fransiyaning “Bonduelle” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish boʻyicha loyihalar shakllantirilgan.

Yigʻilishda joriy yilda viloyatga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning hisobiga yalpi hududiy mahsulotni 9 foizga, sanoatni 8,2 foizga, xizmatlar sohasini 15,4 foizga, qishloq xoʻjaligini 6,8 foizga va qurilish hajmini 15 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili kambagʻallik darajasi 11,3 foizdan 6,2 foizga tushirildi. Biroq bu koʻrsatkich hali ham respublika oʻrtacha darajasidan yuqori ekani qayd etildi.

Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 10 trillion soʻm resurs ajratilmoqda. Mazkur mablagʻlar asosida 185 ming aholini ish bilan taʼminlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizgacha, kambagʻallikni esa 3 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarini ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish choralari koʻriladi.

Bu borada “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Bir mahalla – bir mahsulot” kabi dasturlar doirasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yoʻnaltirilgan 100 million dollar hisobiga viloyatda 47 ta maktab, 45 ta bogʻcha, 35 ta tibbiyot muassasasi hamda 18 ta sport va madaniyat obyektini toʻliq taʼmirlash topshirildi.

Oʻtgan yilda Guliston shahridagi 22 ming xonadonni uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi hal etildi. Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon ham doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.

Muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish doirasida joriy yilda 349 kilometr elektr tarmoqlari qurish, 99 ta transformator oʻrnatish, shuningdek, suv tarmoqlarini kengaytirish hisobiga aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 89,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyatda uy-joy qurilishi jadal davom ettirilmoqda. 2026-yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta koʻp qavatli uy qurish, jumladan, 1,5 ming xonadonni “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida barpo etish hamda renovatsiya dasturi asosida yangi uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi. Sirdaryoda ekin maydonlari jon boshiga boshqa qator hududlarga nisbatan ancha koʻp boʻlib, suv taʼminoti ham yaxshi. Biroq meva-sabzavot eksporti hozircha 60 million dollardan oshmayotgani qayd etildi.

Bu borada “Sirdaryo agro invest” kompaniyasini tashkil etib, Xovos tumanida suv tejovchi va yuqori agrotexnologiyalar asosida daromadli ekin maydonlarini shakllantirish hamda ularni “tayyor biznes” shaklida aholiga taklif qilish rejalashtirilgan. Dastlab 12 ming gektar yer maydonida ushbu mexanizmni joriy etish koʻzda tutilgan.

Joriy yilda 20,8 ming gektar yer maydonida suv taʼminotini yaxshilash va 748 million kub metr suvni tejash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Vengriya tajribasi asosida Xovos tumanidagi qator mahallalarda “aqlli qishloq” pilot loyihasini amalga oshirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Unda mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar shaffofligi, xavfsizlik, ekologik holat, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlik imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar ochiq raqamli tizim orqali aholiga yetkazib boriladi.

Yigʻilish yakunida mutasaddilarga qator aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Guliston shahridagi “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida kamida 5 ming ish oʻrinli investitsiya loyihalarini joylashtirish, quyosh panellari ishlab chiqarish boʻyicha 100 million dollarlik loyihani ishga tushirish, “Feruz” podstansiyasi transformatorlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, Boyovut tumanida “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi boʻyicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, viloyat yoʻllarini taʼmirlash uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish, Mirzaobod tumanida anorni saqlash va qayta ishlash agromajmuasini tashkil etish hamda zamonaviy koʻchatchilik markazlarini ochish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy kasb va tillarga oʻqitishga ham alohida eʼtibor qaratib, xalqaro standartlar asosida malakani baholash markazlarini tashkil etish va kamida 2 ming yoshni kasb-hunarga tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi daromadi va turmush darajasida oʻzining amaliy aksini topishi lozimligini qayd etib, belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi oʻrtasida telefon suhbati boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot davomida soʻnggi kunlarda Yaqin Sharqda kuzatilayotgan jarayonlarning keskin tus olishi mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik hamda davlatlararo munosabatlarga jiddiy putur yetkazayotgani alohida taʼkidlandi.

Butun musulmon ummati uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyida mamlakatlar suvereniteti, fuqarolar tinchligi hamda osoyishtaligiga xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, nizo va muammolarni tinch va diplomatik yoʻllar bilan hal etish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimiz yetakchisi bunday sinovli damlarda Iordaniya rahbariyati va xalqi bilan yakdil va birdamligini taʼkidladi.

Oʻz oʻrnida Iordaniya Podshohi ushbu sinovli kunlarda chin doʻstlik, samimiy qoʻllab-quvvatlash va hamjihatlik soʻzlari uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Yaqin istiqbolda Ammanga boʻlajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada va sermahsul oʻtishiga qatʼiy ishonch bildirdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Bahrayn Podshohi oʻrtasida telefon suhbati boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot davomida Yaqin Sharqda kuzatilayotgan soʻnggi jarayonlar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatayotgan masalalar muhokama qilindi.

Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati hamjihatlik, yaqin birodarlik, oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik tamoyillari asosida bir-biriga hamfikr va madadkor boʻlishi lozimligi qayd etildi.

Mamlakat tinchligi va fuqarolar osoyishtaligiga jiddiy xavf soladigan, begunoh insonlarning aziyat chekishiga sabab boʻlayotgan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, barcha muammolarni faqat diplomatik va muzokaralar yoʻli orqali hal etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Prezidentimiz bunday murakkab hamda sinovli sharoitda Bahrayn rahbariyati va xalqi bilan birdam va hamjihat ekanligini izhor etdi.

Oʻz navbatida Podshoh Hamad bin Iso Ol Xalifa davlatimiz rahbariga shunday sinovli kunlarda eʼtibor koʻrsatib, qilgan telefon qoʻngʻirogʻi, koʻrsatgan chin doʻstligi va samimiy qoʻllab-quvvatlovi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qatar yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va ziddiyatlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid solayotgani ta’kidlandi. Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati oʻrtasidagi kelishmovchilikni kuchaytiradigan nomaqbul harakatlardan chuqur xavotir ifoda etildi.

Davlat suvereniteti, tinchligi va osoyishtaligiga xavf soluvchi har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlariga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi Qatarda boʻlib turgan fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash va ularni Vataniga qaytarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda yaratilgan sharoit uchun Amir Aʼlo Hazratlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oʻz navbatida Qatar Amiri hozirgi sinovli kunlarda Oʻzbekiston Prezidentiga doʻstona muloqoti, doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, bildirgan samimiy birdamlik soʻzlari, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qaratayotgan katta eʼtibori uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Kuvayt Davlati Valiahdi oʻrtasida telefon suhbati boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Kuvayt Davlati Valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot chogʻida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma obyektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirildi. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston birodar Kuvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani taʼkidlandi.

Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu yerda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt Amiri Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh Aʼlo Hazratlariga iliq salomlarini yoʻlladi.

Oʻz navbatida Kuvayt Valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan doʻstona qoʻllab-quvvatlash va birdamlik tuygʻulari uchun Oʻzbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

4-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.

Muqaddas Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu murakkab damlarda Oʻzbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.

Hozirda ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak, ularni Vataniga qaytarish boʻyicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Oʻz navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston Prezidentining samimiy qoʻllab-quvvatlagani, koʻrsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Posted on Leave a comment

Ayollar va bolalarning tazyiq va zoʻravonlikdan himoyasi yanada kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda erta nikoh, erta yoshdagi tugʻuruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sogʻlom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yoʻnalishi sifatida doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Ushbu masalalar eng yuqori darajada bir necha bor muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qoʻyilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan edi.

Bugungi taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilgʻor xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan bir qator masalalar boʻyicha quyidagi takliflar bildirildi:

– shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qatʼiylashtirish;

– pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jazoni belgilash;

– Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga oʻtkazmaslik;

– Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar boʻyicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga oʻtkazish;

– shahvoniy shilqimlik boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi boʻyicha prokuror qarorini olish shartligi;

– ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shugʻullanishi;

– zoʻravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini oʻrnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.

Shuningdek, yurtimizda nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar oʻrtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor boʻlishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirildi:

– nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar oʻrtasida tuzilishini ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;

– davlat bojidan imtiyozlar berish yoʻli bilan nikohlanuvchilar oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilishini ragʻbatlantirish;

– nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish;

– erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish boʻyicha idoralararo zanjirni yoʻlga qoʻyish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash;

– homilador yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun taʼlimni davom ettirish imkonini berish orqali ularni taʼlimdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etildi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan tashabbuslarni maʼqullab, tegishli farmonga imzo chekdi hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targʻib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.