Posted on Leave a comment

Oliy Bosh Qoʻmondon harbiy qismdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida harbiy qismda ham boʻldi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar qoʻshinlarning jangovar salohiyati va harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omilga aylanmoqda.

Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Oʻquv binolari, oshxona, yotoqxona, maʼnaviyat va maʼrifat xonalari, sport shaharchasi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qoʻllanmoqda. Shundan kelib chiqib, Oliy Bosh Qoʻmondon tomonidan qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllash va havo hujumidan mudofaa boʻyicha yangi boʻlinmalarni tashkil etish vazifasi qoʻyilgan edi.

Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, milliy armiyamiz zamonaviy qurol-aslahalar bilan taʼminlanmoqda.

Davlatimiz rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini koʻzdan kechirdi.

Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi taʼkidlandi.

Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligini yuksaltirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Jarqoʻrgʻonda “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-oktabrdagi farmoniga muvofiq, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida qad rostlamoqda.

Choʻl hududini oʻzlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 oʻrinli bogʻcha, 330 oʻrinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi koʻchib kirdi.

Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili oʻquv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kilovattli transformator oʻrnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul oʻsimliklari ekilgan.

Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi koʻzda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) koʻp qavatli uy-joy, yangi yoʻllar, koʻkalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bogʻi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Tashrif chogʻida Prezidentimiz massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasining ishi bilan tanishdi. Kompaniya tumandagi 161 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi koʻp qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari oʻrnatilgan.

Inklyuziv taʼlim har bir bolaning jismoniy yoki aqliy holatidan qatʼi nazar, maktabga borishi va sifatli taʼlim olishini taʼminlashni nazarda tutadi.

Davlatimiz rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Maktabda bugun 500 dan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida oʻqitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yoʻlaklar, oʻquv xonalari, ovqatlanish, muolaja xonasi hamda sport zali zarur sharoitlar bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhimligiga eʼtibor qaratdi.

– Sunʼiy intellektga oʻqitish dasturlarini bejiz maktablar taʼlimiga joriy etmayapmiz, oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalari, mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun tayyor boʻlib borishlarini istaymiz, – dedi Prezident.

Shundan soʻng Prezidentimiz massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari oʻquv markazini koʻzdan kechirdi.

6,5 milliard soʻm hisobiga barpo etilgan 400 oʻrinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin oʻquvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari yoshlarni ilmga yoʻnaltirish, jumladan, xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

– Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qoʻllab-quvvatlashimiz, kerak boʻlsa, ularning saʼy-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bogʻlashimiz lozim. Shunda ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda oʻqitadi, – dedi Prezident.

Koʻklam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish anʼanaga aylangan. Prezidentimiz massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda boʻldi, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutdi.

– Bugun jahon hamjamiyati Oʻzbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib, islohotlarning samarasiga guvoh boʻlmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “taʼlim-taʼlim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib oʻrin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali koʻp yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.

Posted on Leave a comment

Ichimlik suvi taʼminotidagi modernizatsiya ishlari koʻzdan kechirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “Toʻpalang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda suv xoʻjaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu 287 million dollarlik megaloyiha ham sohada erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.

Mazkur tashabbus doirasida oʻtgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning oʻnta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-toʻqqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshishiga erishildi. Natijada aholining suv taʼminotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.

Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qoʻllab-quvvatlash har jihatdan zarurligini taʼkidladi. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qoʻllash mumkinligiga eʼtibor qaratdi.

Texnik jihatdan loyihaning katta yutugʻi 246 kilometr magistral va ichki tarmoqning barpo etilishi boʻldi. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytirdi, balki tizimning barqarorligini taʼminlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti.

Mazkur tashabbus ortidan bugungi kunda 223 ta mahallada obihayot taʼminoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi. Sifatning ortishi aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishida muhim omil hisoblanadi.

“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratdi. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yoʻqotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tugʻildi.

Suv taʼminoti yaxshilangani sababli hududlardagi yuzdan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.

Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu mablagʻ va resurs jihatidan 18,5 milliard soʻm iqtisod qilinishini anglatadi. Isteʼmolchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirdi.

Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari oʻrnatildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya ko‘rsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda hali yechilmagan suv taʼminoti masalalarini tezkor hal etish boʻyicha vazifalarni belgilab berdi. Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Surxondaryoda tomorqadan yiliga uch marta hosil olish amaliyoti kengaymoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti bilan tanishdi.

Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va aholining talabini tezkor ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz bu yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, bunda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

“Tomorqa maktabi” aholini oʻz tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini oʻrgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritmoqda.

Eng muhimi, bu yerda ishsiz va kam taʼminlangan oilalarning barqaror daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashiladi. Mazkur jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy ravishda oʻrgatilmoqda.

Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqoʻrgʻon tumanlarini qamrab olgan boʻlib, uning tarkibida oʻquv binosi, uch gektar issiqxona hamda uch gektar oʻquv-tajriba maydoni mavjud.

Issiqxonada Surxondaryo sharoitiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulgʻor qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, koʻchatchilik va gulchilik yoʻlga qoʻyilgan, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan.

Maktabda Surxondaryo sharoitida bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti oʻqitilmoqda. Oʻquv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.

Shu paytga qadar 1300 nafarga yaqin ishsiz va kambagʻal oila aʼzosi maxsus kurslarni tugatib, oʻz tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali oʻzini oʻzi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha tomorqa va ijara yer egalarini oʻqishga yoʻnaltirmoqda. Tinglovchilar uchun yoʻllanma yoki vaucher tizimi orqali oʻqish xarajatlari qoplab beriladi.

Kursda qatnashuvchilarga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan oʻrtacha 10-15 million soʻm daromad olish metodikasi amaliyotda koʻrsatiladi. “Agrostar” kompaniyalari esa tinglovchilarni urugʻ va koʻchatlar bilan taʼminlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.

Davlatimiz rahbari maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bogʻlar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratish, hudud uchun yangi bo‘lgan o‘simliklar, shu jumladan sitrus va tropik mevalar yetishtirishni o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga keldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari safarini, anʼanaga koʻra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.

Qurʼon tilovat etilib, xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilindi.

Ulamolar bilan boʻlib oʻtgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma, vatandoshimiz Hakim Termiziyning maʼnaviy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish hamda yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Keyingi yillarda taʼmirlanib, yanada obod va goʻzal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari oʻrnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun toʻrt mingdan ortiq 40 turdagi koʻp yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.

Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida koʻplab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Temir yoʻllarda yuk vagonlari parkini kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz logistika xizmatlari bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Temir yoʻl transportida keng koʻlamli yangilanish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Ular sohani tubdan modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda vagon parkini bosqichma-bosqich yangilashga xizmat qilmoqda.

Xususan, 2023-2025-yillarda qiymati 105 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 1590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi. Bu esa ichki va xalqaro tashuvlarda yuk aylanmasini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini taʼminlash imkonini bermoqda.

Shuningdek, 2025-2026-yillarga moʻljallangan 150 million dollarlik yangi bosqichda yuk va yoʻlovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yoʻlovchi vagonining qurilishi boshlangan.

Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 45 dona yoʻlovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha ravishda 614 dona yuk va 25 dona yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqariladi.

Kelgusi yillarda yuk vagonlarini ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish uchun yaqinda Prezidentimiz alohida qarorni imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratilib, 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning o‘zida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va 2 mingta yuk vagonlarini ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari vagon parkini yangilash, tashish hajmlarni oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Poytaxtda urbanizatsiya jarayonlari va yashil hududlarni kengaytirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal oʻsib, Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshdi. Shu bilan birga, 2045-yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi prognoz qilinmoqda. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib holda rivojlantirishni talab etadi.

Shuningdek, shahar muhitini sogʻlomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha koʻpaytirish maqsad qilingan.

Oʻtgan davrda tashabbuskorlar tomonidan qurilish boʻyicha umumiy maydoni 2 ming 679 gektar boʻlgan 85 ta loyiha taklifi kelib tushgan. Taqdimotda ushbu loyihalarni kompleks koʻrib chiqishning natijalari haqida axborot berildi.

Oʻrganish davomida har bir loyihani shaharsozlikning yagona yondashuvi asosida baholash, hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etish imkoniyati, renovatsiya orqali eskirgan hududlarni kompleks yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha boʻlgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Koʻrib chiqish yakunlaridan kelib chiqib, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihaning yer maydoni, qavatlar soni va loyiha konsepsiyasiga oʻzgartirish kiritgan holda maqbullashtirish taklif etilgan, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan toʻliq qayta koʻrib chiqish zarur deb topilgan.

Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari muhokama qilindi. Buning hisobiga Toshkent shahri markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich koʻchirish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan va ekologiya talablariga javob beradigan ishlab chiqarishlarni joylashtirish muhim ekani qayd etildi.

Maʼqullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qurilish hisobidan qoʻshimcha 1,5 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot, budjetga 3,5 trillion soʻm tushumlar shakllanishi va 260 ming ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

Taqdimotda yashil hududlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyihalarning kamida 30 foizida, yaʼni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi koʻrsatib oʻtildi. Bundan tashqari, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar boʻlgan alohida yangi jamoat parklari barpo etish rejalari koʻrib chiqildi va maʼqullandi.

Loyihalardan undiriladigan infratuzilma toʻlovlaridan tushgan mablagʻlar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlar barpo etishga, ortgan qismi esa shahar infratuzilmasi obyektlarini qurishga sarflanishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sogʻlom muhit va ekologiya talablari bilan bogʻlagan holda rivojlantirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Belarus Bosh vazirini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Belarus koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlikda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada yuqori darajaga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 25 foizga oʻsib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Yetakchi kompaniyalarning ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiyasi kengayib bormoqda.

Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi hamda boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz “President Tech Award”da gʻolib boʻlgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan yoshlar bilan muloqot doirasida “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” – “President Tech Award” loyihasi gʻoliblarining taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida 2023-yildan boshlab oʻtkazib kelinmoqda. Uning umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million dollarni tashkil etadi.

Tanlovda sunʼiy intellekt, ijtimoiy texnologiyalar, MicroSaaS va AdTech, moliyaviy texnologiyalar va tadbirkorlik, oʻyin dasturlari hamda maxsus yoʻnalish – xakaton boʻyicha eng namunali loyihalar tanlab olinadi.

Ilk tashkil etilgan tanlovda toʻrt mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, ishtirokchilarning soni olti mingga yaqinlashdi. Jamoalarning soni esa 444 tadan 862 taga yetdi.

Davlatimiz rahbariga tanlov gʻoliblari oʻzlarining startap loyihalari, ularning afzalliklari va amaliy samarasi xususida soʻzlab berdi.

– Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni koʻrsatish lozim, – dedi Prezident.

Yoshlarning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash orqali kelajak kasblariga zamin yaratilayotgani, dunyo davlatlari ham yoshlarning startap loyihalariga alohida qiziqish bildirayotgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga mablagʻlar yanada koʻpaytirilishini aytib, yoshlar oʻzlarining yangicha qarashlari va gʻoyalari bilan yana qaysi soha va yoʻnalishlarda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini berdi.

Posted on Leave a comment

Yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha imkoniyatlar belgilandi

Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini taʼkidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga oʻrgatish, sportga jalb etish, gʻoya, loyiha hamda startaplariga koʻmak berish, ularni ishli va daromadli qilish boʻyicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni eʼtiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.

Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda oʻqiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi boʻldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oʻtkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi.

Davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga oʻz imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini koʻrsatib oʻtdi.

Yoshlar oʻrtasidagi soʻrovnoma natijasiga koʻra, ularning uchdan biri tadbirkor boʻlish istagini bildirgan.

Oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagani ta’kidlandi.

Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi.

Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard soʻmgacha kredit ajratish mumkin boʻladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish oʻrni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, tadbirkorlik koʻnikmasiga ega boʻlib biznes boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga 2 milliard soʻmgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard soʻmgacha kredit berilishi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes koʻnikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka oʻqitish, gʻoyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha kompleks xizmat koʻrsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.

Nufuzli xorijiy oliygohlar ilgʻor tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga oʻrgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million soʻmgacha 7 foizli ssuda beriladi.

Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi oʻtkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamgʻarmasidan 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bogʻliq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Ijtimoiy tashabbuslar boʻyicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda oʻtkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.

“Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yoʻnalishlarida ham tanlov oʻtkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard soʻm ajratiladi.

Texnikumlarda taʼlim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual taʼlimning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, oʻquvchilarning startap loyihalariga 1 milliard soʻmgacha ajratiladi. Joriy yildan texnikum oʻquvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qoʻshimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yoʻlkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.

Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi samara bergani taʼkidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy oʻquv markazlarining soni 3 karra koʻpayib, 38 mingdan oshgan.

Xususiy oʻquv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Bunday markazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

“Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi (hozir 12 foiz).

Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul oʻqitadigan oʻquv markazlariga qoʻshimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, oʻqituvchilarga toʻlangan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.

Volontyorlik faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda huquqiy asoslar yaratilgani hisobiga volontyor yoshlar 5 karra koʻpayib, ekologiya, tibbiy xizmat, taʼlim, favqulodda vaziyatlarda koʻmaklashish yoʻnalishlaridagi volontyorlar soni 100 mingdan oshgani aytildi.

Volontyorlik harakatini rivojlantirish boʻyicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamgʻarmaga har yili budjetdan 20 milliard soʻm, qoʻshimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard soʻmdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.

Yigʻilishda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham koʻtarildi.

Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi.

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamgʻarmasi orqali eng isteʼdodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million soʻmdan haq toʻlash, eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.

Yangi oʻquv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat toʻplamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon oʻquvchilarni 10 million soʻmdan mukofotlash vazifasi qoʻyildi.

Kutubxona, “book cafe” va kitob doʻkoni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi maʼlum qilindi. Unda 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish orqali daromadli ishga ega boʻlishiga shart-sharoit yaratiladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.

Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.