Posted on Leave a comment

Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda inson qadrini ulugʻlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon boʻlib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.

Davlatimiz rahbari muborak oyda nuroniylar, yolgʻiz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, ogʻir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy koʻmak berish ezgu qadriyat ekanini taʼkidladi.

Yigʻilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Ajratiladigan mablagʻlar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bugun turli radikal va ekstremistik gʻoyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinayotgani, faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib boʻlmasligini taʼkidlagan edi.

Ayni damda Prezidentimiz jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari boʻlgan xotin-qizlarni buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan asrash, ularni ham maʼnan, ham moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida urgʻu berdi.

Bu jarayonda yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam koʻrsatish hamda kasb-hunarga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof roʻyxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida taʼkidladi. Masʼul idoralarga bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Fazoga sun’iy yo‘ldosh uchirish va birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Taʼkidlanganidek, bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan oʻlchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlardan biriga aylandi.

Mamlakatimizda kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa-da, qisqa vaqt ichida sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ravishda ishlamoqda.

Shu bilan birga, soʻnggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

– Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz “koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati oʻzgarayotganidan dalolat, – dedi Prezidentimiz.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etildi. Bundan maqsad mamlakatimiz suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega boʻlishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, boʻlajak sunʼiy yoʻldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldoshni yaratish loyihasi ham koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulugʻbek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

– Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy gʻururimiz ifodasi boʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish boʻyicha xalqaro hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻlangan boʻlishi zarurligi qayd etildi. Zero, bu yutuq mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo boʻlishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi doirasida olib borilishi mumkin boʻlgan tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini oʻrganish), oʻsimliklar genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilindi.

2028-yilda Samarqand shahrida kosmos boʻyicha xalqaro kongress oʻtkazish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Unda AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrish topshirildi.

Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev sunʼiy yoʻldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash boʻyicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

2026-yilga moʻljallangan islohotlar dasturlari va Davlat dasturi loyihalari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilganidek, mazkur loyihalar ilgʻor xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadli koʻrsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.

Islohotlar dasturlari va Davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida toʻxtalindi.

Islohotlar dasturlari davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.

Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish hamda ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish.

Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga oʻtilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga moʻljallangan ijro natijalari boʻyicha KPI belgilangan. Dasturlar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar boʻyicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar boʻlgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, 23-yanvar – 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari oʻtkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qoʻshimcha tashabbuslar bildirildi.

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, Davlat dasturi loyihasiga kiritildi.

Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar qoʻllab quvvatlandi.

Shuningdek, mahalla mablagʻlari sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yoʻllar, piyodalar va veloyoʻlaklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qatʼiylashtirish, energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yoʻlga qoʻyish kabi takliflar qiziqarli deb topildi.

Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qoʻshimcha takliflar olindi.

Xorijdagi vatandoshlar nodavlat maktablar faoliyatini rivojlantirish uchun aniq, barqaror va shaffof litsenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etish, amaliyot jarayonida oʻquvchilarni yoʻnaltiruvchi korxona mutaxassislari uchun ragʻbatlantirish va masʼuliyat tizimini tatbiq qilish, bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni boʻyicha xavf guruhlarini aniq belgilaydigan yagona raqamli skrining tizimini joriy etish, imtiyozli kreditlarni ajratishda “natijaga bogʻlangan imtiyoz” (performance-based subsidy) modelini, eksport qiluvchi korxonalar uchun esa “Export-as-a-service” modelini joriy qilish, yaʼni logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va toʻlov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish, advokatlar uchun elektron navbat olish jarayoni boʻyicha qoʻllanma va videoyoʻriqnomalar tayyorlash kabi takliflarni bildirgan.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion soʻm ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablagʻ jalb qilinishi koʻzda tutilgan.

Davlat dasturi ijrosi boʻyicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi.

Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan masʼullar har chorakda ijro holati yuzasidan Prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qatʼiy nazoratga olish uchun masʼul boʻladi.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi – yangi ish oʻrinlari ko‘payishi, daromadlar oʻsishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi. 

Posted on Leave a comment

Yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilab olindi

13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida oʻtgan yilgi makroiqtisodiy natijalar qayd etildi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,7 foizga oʻsib, 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiy oʻsishning yarmidan koʻpi xizmatlar hisobiga taʼminlandi. Qishloq xoʻjaligida gektaridan oʻrtacha daromad 4,5 mingdan 5 ming dollarga koʻpaydi, mehnat unumdorligi 4,7 foizga oshdi.

Iqtisodiyotga ilgʻor, energiya tejamkor texnologiyalar kirib kelayotgani hamda yuqori qoʻshilgan qiymat beradigan loyihalar koʻpayib borayotgani natijasida bir yil ichida bir dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi.

Prezidentimiz 2026-yil uchun belgilangan koʻrsatkichlarga toʻxtalib, 6,6 foizli iqtisodiy oʻsish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazish rejasi geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlarni inobatga olgan holda shakllantirilgan ehtiyotkor prognoz ekanini taʼkidladi.

Shu bilan birga, har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari sohasiga yangicha boshqaruv olib kirib, resurslardan samarali foydalansa, anʼanaviy eksport bozorlariga bogʻlanib qolmasdan yangi yoʻnalishlar ochsa, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha mutaxassislarni jamlab, innovatsiyalar kiritsa, yoshlarni jalb etib, “startap klub”lar tashkil etsa, iqtisodiy oʻsishni yanada yuqori surʼatlarda taʼminlash uchun barcha imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda strategik korxonalar samaradorligi va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Milliy investitsiya jamgʻarmasini boshqarishga jalb etilgan “Franklin Templeton” kompaniyasi tahliliga koʻra, korporativ madaniyatni kuchaytirish, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligida katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi. 19 ta strategik korxona rahbarlariga xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligi boʻyicha keskin choralar koʻrib, tannarxni 10-15 foizga qisqartirish vazifasi qoʻyildi.

– Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish hisobidan emas, balki mahsulot tannarxini qisqartirish orqali taʼminlanishi shart, – dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, strategik korxonalarni “Yagona gʻaznachilik” axborot tizimi bilan qamrab olish, xaridlarni risk-tahlil asosida toifalash orqali samarasiz xarajatlarga chek qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Hududiy sanoatni rivojlantirishdagi kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Uch yilda respublika sanoati 21 foiz oʻsgan boʻlsa-da, qator tumanlarda bu koʻrsatkich 10 foizga ham yetmagani, ayrim hududlarda kredit resurslari va investitsiyalarning oʻsishi sanoat oʻsishiga mutanosib taʼsir koʻrsatmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Viloyat hokimlarining birinchi oʻrinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy joyida ishlash, ishlab chiqarishi pasaygan korxonalarni “oyoqqa turgʻazish” va ushbu tumanlarda sanoat oʻsishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Umuman, respublika sanoatini kamida 8,5 foizga oʻstirish boʻyicha tarmoqbay va hududbay rejalarni tasdiqlash, birinchi chorak yakunida aniqlangan muammolar va ularning yechimiga qarab, rahbarlar faoliyatiga baho berish belgilandi.

Yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona mavjudligi, bu yil 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detal ishlab chiqarishni boshlash hamda avtomobil ishlab chiqarishni 510 mingtaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi. Aholi talabini ragʻbatlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish choralarini koʻrish topshirildi.

Investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni samarali amalga oshirish boʻyicha yangi boshqaruv yondashuvlari belgilandi.

Joriy yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish rejasi qoʻyilgani, yangi loyihalar birinchi navbatda yuqori qoʻshilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, resurslardan samarali foydalanish hamda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi zarurligi taʼkidlandi.

Vazirlar va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritilayotgan har bir loyihaning bozori, eksporti, qoʻshilgan qiymati va yaratadigan ish oʻrinlarini toʻliq tahlil qilish topshirildi.

Endilikda investitsiya loyihalari bilan ishlashda loyihani ishga tushirish bilan cheklanib qolmasdan, uning toʻliq ishlashi, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishi va tashqi bozorga chiqishi boʻyicha ham qatʼiy nazorat oʻrnatiladi. Shu maqsadda dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil davomida monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.

Oʻtgan yili turli tashkiliy muammolar sabab 55 ta yirik loyiha kechikkani qayd etilib, bu yil qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinishi belgilandi.

Shuningdek, xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgani, joriy yilning oʻzida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolangani maʼlum qilindi.

Investitsiyalarning koʻpayishi hisobiga qurilish hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Mutasaddilarga joriy yilgi qurilish hajmini 400 trillion soʻmga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz oʻsishni taʼminlash topshirildi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun budjetdan 40 trillion soʻm ajratilayotgani qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari nazoratini kuchaytirish, Qoraqalpogʻiston, Samarqand va Fargʻonada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.

Energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha ham aniq koʻrsatmalar berildi.

Kichik va oʻrta korxonalarning yillik energiya isteʼmoli kattaligi hisobga olinib, bu toifadagi korxonalarda energiya samaradorlik boʻyicha yangicha tizim joriy etilishi va uch yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. 2026-yilda kichik va oʻrta korxonalarda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektrni tejash choralarini koʻrish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlarining yiliga 330 million kilovatt-soat elektr sarflayotgani va kunduz kuni ham yoniq qolish holatlari uchrayotgani koʻrsatilib, yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya hamda kun yorishishiga qarab, oʻzi oʻchib-yonadigan datchik oʻrnatishni boshlash topshirildi.

Yigʻilishda davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, 300 trillion soʻmlik davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan boʻlsa-da, Olmaliq kombinati, “Oʻztransgaz”, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Uzbekistan Airports” va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” tizimlarida bu koʻrsatkich 40 foizga ham yetmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, tadbirkorlar davlat xaridi, ekspertiza va sertifikatlash jarayonlarida byurokratiya koʻpligi, ayrim rahbarlar esa “chet elniki sifatliroq” degan eski qarashdan hali ham voz kechmayotganini aytmoqda.

Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihada muzokara, tender, qurilish hamda xomashyo taʼminotining barcha bosqichlarida mahalliy mahsulotlar ulushini koʻpaytirishga shaxsan javob berishi belgilandi.

Iqtisodiy oʻsishni tashqi bozorlar hisobidan taʼminlash masalasi yigʻilishning alohida yoʻnalishi boʻldi.

Prezidentimiz “ichki bozordagi talabning oʻzi bilan yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlab boʻlmasligi”ni taʼkidlab, vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish boʻlishi zarurligini qayd etdi.

Oʻtgan yili eksport 22 foizga oʻsib, 24 milliard dollarga yetgan boʻlsa-da, koʻp rahbarlar eksportda eskicha ish uslubidan voz kecha olmayotgani misollar bilan koʻrsatib oʻtildi. Endilikda eksport boʻyicha talab faqat hajm emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar boʻyicha ham boʻlishi belgilandi.

Ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash, inflyatsiyaga taʼsir qiluvchi omillarni oldindan aniqlab, amaliy yechim topish vazifalari ham belgilab berildi.

Yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etgani, inflyatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga, ayniqsa, 13 foizi goʻsht narxi hisobidan shakllangani qayd etildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markaziga inflyatsiya boʻyicha ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlab borish, har hafta tuman va shahar bozorlarini tahlil qilish, talab prognozini shakllantirish hamda har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash har qachongidan ham muhim ekani taʼkidlanib, dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash boʻyicha topshiriq berildi.

Qishloq xoʻjaligida ham narx barqarorligini taʼminlash va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan vazifalar koʻrsatib oʻtildi.

Goʻshtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajoʻxori ekish boshlangani namuna sifatida keltirildi. Joriy yil qoʻshimcha 60 ming gektarda shu ishlarni tashkil qilish topshirildi. Bu orqali qoʻshimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, oʻtgan yili 772 ming tonna kartoshka import qilingani qayd etilib, joriy yilda 4,5 million tonna kartoshka hosili olish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Posted on Leave a comment

Andijon viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar va 2026-yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilish avvalida qayd etilganidek, Andijon – aholisi eng zich joylashgan hudud. Viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, har yili 80 mingga yaqin tugʻilish qayd etilmoqda.

Yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investitsiya yuqori qoʻshilgan qiymat va barqaror ish oʻrni yaratishi shartligi taʼkidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.

2025-yil yakunlariga koʻra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion soʻmni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2 foiz, xizmatlar hajmida 15,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,7 foiz oʻsish qayd etildi.

Joriy yilda iqtisodiyot va sanoatni 8 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xoʻjaligini 5,9 foizga oshirish maqsad qilingan. Xorijiy investitsiyalarni 2025-yildagi 2,5 milliard dollardan 2026-yilda 3,5 milliard dollarga, eksportni 1,3 milliard dollardan 1,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

2025-yilda 383 ming aholining bandligi taʼminlangan boʻlsa, 2026-yilda 489,5 ming aholining bandligini taʼminlash, ishsizlikni 3,6 foizga, kambagʻallikni 2,4 foizga tushirish muhimligi taʼkidlandi.

Asaka, Oltinkoʻl, Xoʻjaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qoʻyildi. “Ogʻir” toifadagi Boʻston, Paxtaobod va Ulugʻnor tumanlarida kambagʻallikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.

Joriy yilda viloyatda 798 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.

Andijon tumanidagi “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni boʻsh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qoʻshilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatidan toʻliq foydalanish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Viloyatda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan va ilgʻor “76×10” sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bogʻlar intensiv bogʻlarga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.

Yangi tajriba sifatida Oltinkoʻlda gulchilik, Izboskanda koʻchatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qoʻrgʻontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik boʻyicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.

2025-yilda viloyatga 460 ming xorijiy va 1,8 million mahalliy turist kelgan. Joriy yilda xorijiy turistlar sonini 700 mingga, mahalliy sayyohlarni esa 2,5 millionga yetkazish maqsad qilingan.

Shu maqsadda Buloqboshidagi “Shirmonbuloq”, Xoʻjaoboddagi “Imom ota” va Xonoboddagi turizm markazlarini rivojlantirish uchun alohida direksiya ochiladi. Tuman va shahar markazlaridagi 91 ta mahallani bogʻlovchi gavjum koʻchalarda savdo, dam olish va koʻngilochar maskanlar barpo etiladi.

Andijonda uy-joy masalasi boshqa hududlarga nisbatan ancha dolzarb. Joriy yilda viloyatdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda esa 158 ta koʻp qavatli uylar qurilishi kutilmoqda.

“Qurilishga tayyor yer” tizimini joriy etish orqali loyihalarni boshlash muddatini 120 kundan 30 kungacha qisqartirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Jalaquduqda ushbu yangi tizim asosida zamonaviy uy-joylar qurish boʻyicha tajriba boshlanadi.

Viloyatda 11 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda, 94 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 56 ta texnikumda 46 ming nafar oʻquvchi kasblarga oʻrgatilmoqda. Oliygohlardagi ilmiy salohiyatni oshirish, dual taʼlim qamrovini kengaytirish choralari belgilab olindi.

Tibbiyot texnikumlariga til oʻrgatish boʻyicha ilgʻor xususiy taʼlim tashkilotlarini jalb qilib, yiliga 4 mingdan ziyod yoshlarning Yevropa davlatlariga ishlashga borishiga koʻmaklashish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy reyestrga kirmagan oilalarning iqtidorli farzandlariga ham sport, madaniyat va sanʼat sohasidagi tashabbuslari uchun “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan 41 million soʻmgacha subsidiya berish taklif qilindi. Prezidentimiz ushbu tartibni Andijon viloyatidan boshlashni topshirdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi Andijon aholisi hayotida aniq va sezilarli natija berishi shartligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Texnik tartibga solish sohasidagi islohotlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilganidek, soʻnggi toʻrt yilda milliy standartlarning yarmi xalqaro talablarga toʻliq uygʻunlashtirildi. Mamlakatimiz akkreditatsiya tizimi 185 ta davlat orasida 29-oʻrinni egalladi. Milliy laboratoriyalar natijalari Germaniya, Koreya va Yaponiya kabi 37 ta davlat tomonidan tan olina boshladi.

Shu bilan birga, xavf darajasi yuqori boʻlgan 156 ta tovar pozitsiyasini majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazish bekor qilindi. Majburiy sertifikatdan oʻtadigan tovarlar pozitsiyasi 27 foizga qisqardi.

Bu tufayli sohada adolatli raqobat muhiti shakllangani, ortiqcha ovoragarchilik kamayganini tadbirkorlarning oʻzi ham tan olmoqda.

Shu bilan birga, sohada hali yechimini kutayotgan masalalar koʻpligi taʼkidlandi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida birinchi navbatda texnik tartibga solish tizimi toʻliq xalqaro talablarga mos boʻlishi shartligi qayd etildi.

Avvalo, mahsulotni baholashda korxona faoliyatini tekshirish amaliyoti tadbirkorlar noroziligiga sabab boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Amaldagi tartibga koʻra, talabga javob bermaydigan mahsulot aniqlanganda, uning aylanmasi emas, uni ishlab chiqargan tadbirkorning faoliyati cheklanmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasida xavf-tahlilga asoslangan bozor nazorati tizimi amal qiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash orqali barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi, sifat va xavfsizlikni kafolatlaydi.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, bozor nazorati tamoyillariga oʻtiladi. Buning uchun “Bozor nazorati toʻgʻrisida” alohida qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Eskirgan standartlar va samarasiz texnik reglamentlardan voz kechish va toʻliq xalqaro standartlarga oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Hozirda 33 mingdan ortiq standart mavjud boʻlib, ularning 50 foizi eskirgan yoki xalqaro talablarga mos emas.

Shu bois, 6 ta texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta koʻrib chiqiladi. Joriy yilda 4 ming 460 ta, kelgusi yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028-yilda esa 817 ta xalqaro standartni qabul qilish maqsad qilingan.

2026-yil 1-iyuldan toʻqimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, 2027-yildan boshlab neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar, 2028-yildan boshlab esa energetika, kimyo, ekologiya va xizmat koʻrsatish sohalarida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni toʻliq xalqaro standartlar asosida tashkil etish rejalari maʼlum qilindi.

Sertifikatsiya jarayonini yanada soddalashtirish zarurligi qayd etildi. Hozirgi murakkab tizim tannarx asossiz oshishiga, byurokratiya va korrupsiyaga sharoit yaratayotgani koʻrsatib oʻtildi. Xavf-tahlil asosida baholash tizimi joriy etilib, qolgan tovar pozitsiyalari boʻyicha ham majburiy sertifikatlashni bekor qilish va bosqichma-bosqich deklaratsiyalashga oʻtkazish taklif qilindi.

Umuman, “Mahsulotning umumiy xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qabul qilish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Sohada institutsional oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Texnik tartibga solish agentligi tarkibidagi tashkilotlar “Oʻztest” markazini tugatish va Akkreditatsiya markazini Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazish orqali 5 tadan 3 taga qisqartirilishi belgilandi.

Sinov va sertifikatlash xizmatlarini toʻliq xususiy sektorga berish taklif qilindi. Ayni paytda xususiy sektorda barcha sohalarni qamrab olgan 207 ta sinov laboratoriyasi va 73 ta sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Angliyaning “Intertek”, Shveytsariyaning “SGS” Fransiyaning “Bureau Veritas”, Germaniyaning “TÜV” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalari jalb qilinadi.

Taqdimotda “SUz” milliy muvofiqlik belgisini joriy etish, akkreditatsiya organining mustaqilligini taʼminlash, sinov laboratoriyalari faoliyatini raqamlashtirish, metrologiya tizimini isloh qilish hamda etalon bazasini kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi hamda yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va yangi madaniyat maskanlari loyihalari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda kreativ iqtisodiyot koʻplab davlatlarda iqtisodiy oʻsishning asosiy drayverlaridan biriga aylanmoqda. Jahon yalpi ichki mahsulotining 3-7 foizi ushbu soha hissasiga toʻgʻri keladi. Mamlakatimizda 2024-yilda kreativ iqtisodiyotning YIMdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trillion soʻmni tashkil etgan, eksport hajmi esa 770,6 million dollarga yetgan, sohada 319 ming nafardan ortiq aholi band.

Aholining 60 foizdan ortigʻi yoshlar ekani, raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani hamda madaniy merosimiz boyligi ushbu sohada “katta sakrash” qilish uchun mustahkam zamin yaratayotgani taʼkidlandi.

Shu maqsadda 2024-yilda kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida alohida qonun qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yaratilgan edi. Kreativ industriya parki taʼsis etilib, uning rezidentlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etildi. Jumladan, daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 6 foizga tushirildi. Sohadagi tadbirkorlarga bir qator boshqa imtiyozlar ham berildi.

Mana shu chora-tadbirlar hisobiga 2030-yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trillion soʻmga yetkazish, eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi koʻrib chiqildi. Unda yashil bogʻ, art-obyektlar, xalqaro dasturlash tarmogʻining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilyonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bogʻidagi mavjud pavilyon rekonstruksiya qilinib, koʻp funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.

Nukusdagi kreativ park loyihasining eʼtiborli jihati shundaki, unda Oʻzbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy pavilyoni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

Yurtimizdagi madaniyat markazlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.

Respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan koʻpi taʼmirtalab holatda ekani qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari haligacha eskicha ishlayotgani, asosan bayram tadbirlarini oʻtkazish bilan cheklanib qolgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish boʻyicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qoʻqon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan boʻlib, birinchisi Toshkent shahridagi “Gulshan” madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda. Unda “madaniyat – taʼlim – hordiq – muloqot” zanjiri asosida turli yoʻnalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va toʻgaraklar tashkil etiladi.

Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamgʻarmasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida Anʼanaviy sanʼat oliy maktabini tashkil etish rejalari ham koʻrib chiqildi.

Ushbu oliy maktab kulolchilik va gʻisht terish, manzarali bezak, yogʻoch oʻymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yoʻnalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi. Taʼlim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027-yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031-yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, taqdimotda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini taʼmirlash loyihalari koʻrib chiqildi. Loyihalashtirish va restavratsiya ishlarini UNESСO bilan toʻliq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik muhim ekanini taʼkidlab, belgilangan loyihalarning ijrosini sifatli taʼminlashga koʻrsatma berdi.

Posted on Leave a comment

Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning holati koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi.

Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida kengash raisi odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari boʻyicha axborot taqdim etishi belgilangan.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga yoʻl qoʻyish – islohotlarga xiyonat hisoblanishi taʼkidlanib, mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha joriy yilda “favqulodda holat” eʼlon qilingan edi.

Shu sababli, sudlar davlat hokimiyatining alohida boʻgʻini sifatida “korrupsiyadan xoli” tizimga aylanishida namuna boʻlishi lozim.

Sud mustaqilligini taʼminlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi bevosita masʼul hisoblanadi. 2025-yilda alohida Farmon qabul qilinib, unga yangi vakolatlar berildi. Sud tizimi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Kengash huzurida Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan oʻtgan yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga, 286 nafar sudya lavozimga qayta tayinlandi, 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirildi.

Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi, jumladan, sudyalik qasamyodini buzganligi hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmaganligi uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etildi, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortildi, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirildi. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topildi hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi.

Oʻtgan yilda sud faoliyatiga aralashganlik holatlari boʻyicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Kengashning rasmiy veb-saytida sudya daxlsizligi buzilganligi yuzasidan tezkor xabar yuborish imkoni yaratildi.

Sudyalar daxlsizligi va mustaqilligini taʼminlash doirasida hududiy sudlar raislari tomonidan chiqarilgan 6 mingdan ortiq buyruqlar oʻrganilib, 231 ta buyruqda 314 nafar sudyalarga nisbatan odil sudlov bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalar yuklatilganligi aniqlangan hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar koʻrilgan.

Shu bois, sudyani oʻziga xos boʻlmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud apparati xodimlari bilan ishlash, moddiy-texnik taʼminot va barcha tashkiliy ishlarga masʼul boʻladigan “sud maʼmurchiligi” institutini tashkil etish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganiladi.

Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlash borasida Sudyalar intizomiy hayʼatini tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qoʻllashning xolis tartibini yaratish taklif qilindi.

Sudya va ularning oila aʼzolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yoʻlga qoʻyish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati doirasida sud tizimida ham gender tenglikni taʼminlash masalasi muhokama qilindi. Jumladan, yaqinlashib kelayotgan 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash boʻyicha rejalar belgilab olindi.

Prezidentimiz bildirilgan takliflarni qoʻllab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yoʻnalishidagi tizimli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi.

Posted on Leave a comment

Davlat va jamoat arbobi Rahmonqulov Mirakbar Hojiakbarovich vafoti munosabati bilan hamdardlik

Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Rahmonqulov Mirakbar Hojiakbarovich shu yil 11-fevral kuni 74 yoshida vafot etdi.

Mirakbar Rahmonqulov 1952-yil 5-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1975-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi iqtisodiyot ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Keyinchalik O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumida turli lavozimlarda xizmat qildi.

1992 – 1994-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori vazifasida ishlab, tashqi siyosat sohasida zamonaviy bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlash ishlariga katta hissa qo‘shdi.

Mirakbar Rahmonqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib, yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim strategik tadqiqotlarga rahbarlik qildi.

Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatiga oid davlat dasturlari, konseptual hujjatlar va qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

Ayni vaqtda salohiyatli olim sifatida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xorijiy davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan qator monografiya va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar yaratdi.

Tajribali siyosatchi, faol va tashabbuskor davlat xizmatchisi sifatida M.Rahmonqulov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik Kengashining kotibi vazifalarida xizmat qildi. 2022-yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida mas’ul vazifalarda ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.

So‘nggi yillarda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga rahbarlik qilish bilan birga, Oliy Majlis Senatining a’zosi sifatida ham samarali faoliyat olib bordi.

Mirakbar Rahmonqulovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va II darajali “Shon-sharaf” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, yirik huquqshunos olim, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Mirakbar Rahmonqulovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, Sh.Ayupov

Posted on Leave a comment

Atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalov vafoti munosabati bilan hamdardlik

Atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli mehnat faxriysi Kallibek Kamalov shu yil 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etdi.

Kallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomladi. Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshlab, keyinchalik Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishladi.

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan K.Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Butun hayoti va faoliyatini o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan yurt ravnaqiga bag‘ishlagan mohir rahbar 1959–1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi kabi mas’ul vazifalarda jonbozlik ko‘rsatib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turli soha va tarmoqlarda ishni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish borasida fidokorona mehnat qildi.

Kallibek Kamalov 1984–1986-yillarda iste’dodli diplomat sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatdi.

U ko‘p yillik serqirra mehnat faoliyati davomida boy bilim va tajribasi, rahbarlik salohiyati, yuksak insoniy fazilatlari, Vatanimizga beqiyos mehri va sadoqati bilan el-yurt qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ inson edi. Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Kallibek Kamalov so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol ishtirok etib keldi.

Kallibek Kamalovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Kallibek Kamalovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, A.Orinbayev, S.Turdiyev