Posted on Leave a comment

Davlat va jamoat arbobi Rahmonqulov Mirakbar Hojiakbarovich vafoti munosabati bilan hamdardlik

Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Rahmonqulov Mirakbar Hojiakbarovich shu yil 11-fevral kuni 74 yoshida vafot etdi.

Mirakbar Rahmonqulov 1952-yil 5-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1975-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi iqtisodiyot ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Keyinchalik O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumida turli lavozimlarda xizmat qildi.

1992 – 1994-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori vazifasida ishlab, tashqi siyosat sohasida zamonaviy bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlash ishlariga katta hissa qo‘shdi.

Mirakbar Rahmonqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib, yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim strategik tadqiqotlarga rahbarlik qildi.

Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatiga oid davlat dasturlari, konseptual hujjatlar va qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

Ayni vaqtda salohiyatli olim sifatida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xorijiy davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan qator monografiya va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar yaratdi.

Tajribali siyosatchi, faol va tashabbuskor davlat xizmatchisi sifatida M.Rahmonqulov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik Kengashining kotibi vazifalarida xizmat qildi. 2022-yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida mas’ul vazifalarda ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.

So‘nggi yillarda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga rahbarlik qilish bilan birga, Oliy Majlis Senatining a’zosi sifatida ham samarali faoliyat olib bordi.

Mirakbar Rahmonqulovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va II darajali “Shon-sharaf” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, yirik huquqshunos olim, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Mirakbar Rahmonqulovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, Sh.Ayupov

Posted on Leave a comment

Atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalov vafoti munosabati bilan hamdardlik

Atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli mehnat faxriysi Kallibek Kamalov shu yil 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etdi.

Kallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomladi. Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshlab, keyinchalik Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishladi.

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan K.Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Butun hayoti va faoliyatini o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan yurt ravnaqiga bag‘ishlagan mohir rahbar 1959–1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi kabi mas’ul vazifalarda jonbozlik ko‘rsatib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turli soha va tarmoqlarda ishni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish borasida fidokorona mehnat qildi.

Kallibek Kamalov 1984–1986-yillarda iste’dodli diplomat sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatdi.

U ko‘p yillik serqirra mehnat faoliyati davomida boy bilim va tajribasi, rahbarlik salohiyati, yuksak insoniy fazilatlari, Vatanimizga beqiyos mehri va sadoqati bilan el-yurt qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ inson edi. Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Kallibek Kamalov so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol ishtirok etib keldi.

Kallibek Kamalovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Kallibek Kamalovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, A.Orinbayev, S.Turdiyev

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.

Davlatimiz rahbari Islomobodda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan batafsil muzokaralar oʻtkazdi. Oʻzbekiston – Pokiston doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bogʻliq asosiy masalalar muhokama qilindi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ustuvor sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolandi.

Shuningdek, Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qoʻmondoni – Qurolli Kuchlarning Quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni Asim Munir, Bosh vazir oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Isʼhoq Dor bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari ikki kunlik tashrif davomida Oʻzbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdi va Pokistonning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.

“Ayvoni Sadr” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga Pokistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan birining faxriy doktori va professori unvonlari berildi.

Pokiston poytaxtidagi koʻchalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan bog‘ga esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani tarixiy meros mushtarakligi, Oʻzbekiston va Pokiston xalqlarini yanada yaqinlashganining ramzi boʻldi.

Davlat tashrifi yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi. “Nurxon” aeroportida oliy martabali mehmonni Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi.

Posted on Leave a comment

Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish, sanoat tarmoqlari va aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishda bozor mexanizmlarini keng joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik subyektlari va yirik korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini tizimli kengaytirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar xaridini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti “Engro Group” kompaniyasi rahbari bilan hamkorlik rejalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonga davlat tashrifi doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlari davomida “Engro Group” kompaniyasi raisi Ahsan Zafar Sayid bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Kompaniya Pokistonning energetika xavfsizligiga ulkan hissa qoʻshib, energetika, neft-kimyo va qishloq xoʻjaligi sohalarida katta tajribaga ega.

Suhbatda Prezidentimiz kompaniyaning kimyo sanoatidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatladi. Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish va chorva mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha sheriklik uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti “HRL Group” kompaniyasi raisi bilan uchrashdi

Islomobod shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston – Pokiston biznes forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “HRL Group” kompaniyasi raisi Zohid Rafiq bilan uchrashdi.

Kompaniyalar guruhi qurilish, togʻ-kon sanoati va energetika sohalarida faoliyat yurituvchi eng yirik korxonalar sirasiga kiradi.

Oʻzbekiston tajribasini qoʻllagan holda Pokistondagi mis, oltin va oʻta muhim minerallar konlarida birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish istiqbollari muhokama qilindi.

Mamlakatimiz yetakchisi kompaniya rahbarining Pokiston poytaxtida Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandda mehmonxona qurish tashabbuslarini olqishladi.

Posted on Leave a comment

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 million gektarga yoki sugʻoriladigan yer maydonlarining 60 foiziga yetdi. Taqqoslash uchun, 2017-yilgacha respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar jami 19 ming gektarni tashkil etar edi. Mazkur ishlar natijasida har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalishiga erishilmoqda.

Bugungi taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha ishlangan yangi takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda oʻrnatib, bunday maydonlarni 3,5 million gektarga yoki jami sugʻoriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada har yili 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv taʼminotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sugʻorish imkoniyati yaratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv taʼminoti ogʻir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi.

Buning uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari qoʻllanadi.

Xususan, suv resurslari uchun soliq stavkasi va subsidiyalar miqdorini yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilash taklif qilindi. Masalan, suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududdagi sugʻoriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllagan holda hisoblanadi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan oʻz mablagʻlari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Bunda tegishli loyiha-smeta hujjatlari va loyihani amalga oshirish boʻyicha taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablagʻlarining 50 foizi Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.

Endilikda boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan maydonlar uchun ham subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar boʻyicha foizlarni qisman qoplab berish yoʻlga qoʻyiladi. Gʻoʻza maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun kredit mablagʻlari har yil noyabr oyidan boshlab ajratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni qurib bergan pudrat tashkilotlari har bir loyihaga kamida 2 yillik kafolat muddati berishi hamda 5 yil davomida servis xizmatlarini koʻrsatishi majburiy etib belgilanadi.

Sohada davlat nazoratini takomillashtirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Suv olish joylarida suvni boshqarish va hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida sholi yetishtiriladigan hamda baliqchilik xoʻjaliklari tashkil qilingan yer maydonlarida “aqlli” suv oʻlchash va hisoblash vositalari oʻrnatiladi. Ular “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boʻlinmalarida suv tejovchi texnologiyalardan hamda suvdan foydalanishni monitoring qilish boʻlimlari tashkil etiladi.

Tadbirkorlik subyektlarida inspeksiya tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarni yonkameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Inspeksiyaga qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarida suvdan foydalanish va suv isrofini monitoring qilish maqsadida uchuvchisiz uchish dronlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, oʻrnatilgan suv tejovchi texnologiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va subsidiya ajratilgan yer maydonlarida bunday texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, anʼanaviy usulda sugʻorish suvdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi.

Fermerlarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sohasidagi manfaatlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida “Suvxoʻjaliknazorat” inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan sudlarga daʼvo arizalarini kiritishda davlat bojidan ozod qilish taklif etildi.

Sohada kadrlar salohiyatini oshirish – dolzarb masala.

Taqdimotda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xoʻjaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xoʻjaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

Posted on Leave a comment

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishidagi kelgusi vazifalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida soʻnggi 8 yilda mamlakatimizda 120 million kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishga koʻmaklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trillion soʻm arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi.

Qurilish ishlarining koʻlami kengaygani qurilish materiallari sanoati rivojiga katta turtki berib, koʻplab hududlarning “drayveri”ga aylandi. Urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi.

Davlatimiz rahbari qilingan ishlar hali yetarli emasligini koʻrsatib oʻtdi. Respublika boʻyicha har yili 200 mingtaga yaqin yangi oila tashkil topmoqda. Bu yangi uylar, yoʻllar va ijtimoiy infratuzilmaga talab yanada ortadi degani. Qolaversa, hozirda aholining bir kishi boshiga oʻrtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni toʻgʻri kelmoqda. Bu koʻrsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishi surʼatini 280 mingtaga oshirish lozim.

Shu maqsadda urbanizatsiya sohasida boshqaruv yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyilib, alohida qoʻmita tuzildi, uning oldiga uy-joy qurish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi qoʻyildi. Xususan, 2026-yilda 140 ming, 2027-yilda 150 ming va 2028-yilda 160 ming xonadonli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz biznes va startaplar rivoji uchun sharoit yaratish, sanoat va AT klasterlarini shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirishda aql bilan tashkil etilgan urbanizatsiya muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga koʻra, aholi punktlari tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda renovatsiya hissasini hozirgi 15 foizdan 2040-yilga qadar 60 foizga yetkazish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etishni kengaytirib, 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda qurilish sohasidagi ruxsat olish jarayonlari 9 ta bosqichdan iborat boʻlib, oʻrtacha 90-120 kun vaqt talab qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro amaliyotda “qurilishga tayyor yer” mexanizmi orqali bu ishlarga ketadigan vaqt 7-15 kunni tashkil etayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Mamlakatimizda ushbu tizimni joriy etish taklif qilindi. Unga koʻra, barcha tayyorgarlik jarayonlari va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish yer maydonlari auksionga qoʻyilishidan oldin bajariladi. Natijada tadbirkor auksionda yerni yutib olgandan soʻng qoʻshimcha hujjat yigʻmasdan va kelishuvlardan oʻtmasdan, barcha hujjatlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega boʻladi. Qurilishga tayyor boʻlmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi, jarayonlar esa shaffof va qisqa muddatlarda amalga oshirilishi taʼminlanadi.

Qurilish sifati, birinchi navbatda, loyiha hujjatlariga bogʻliq. “ToshboshplanLITI”, “OʻzshaharsozlikLITI”, “OʻzGAShKLITI”, “Qishloq qurilish loyiha” tashkilotlarining faoliyatini tubdan yaxshilash, buning uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi jarayonlarini toʻgʻri va samarali rejalashtirish uchun raqamli texnologiyalardan keng foydalanish kerak. Bu borada taqdimotda bosh va master rejalarning yagona maʼlumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi – “Yer banki”, koʻp kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalardan iborat “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.

Prezidentimiz taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, sohada rejali, hisob-kitobga asoslangan va uzoq muddatli yondashuvlarni izchil joriy etish, belgilangan koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Koʻmir va uran tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda navbatdagi loyihalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni koʻmir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga moʻljallangan rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Koʻmir ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, sohada raqobat muhitini kuchaytirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna koʻmir qazib olish rejalashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan mavsumga nisbatan 1,3 million tonnaga koʻpdir. Hozirgacha 9 million tonna koʻmir qazib olindi, oʻsish 590 ming tonnani tashkil etdi. Keyingi mavsumda ishlab chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun Toshkent va Janubiy hududlarda joylashgan konlarni oʻzlashtirishni jadallashtirish, selektiv qazib olishni kengaytirish, autsorsing asosida qoʻshimcha ekskavator va texnikalar jalb qilish muhim ekani taʼkidlandi. Xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish orqali 2026-yilda qoʻshimcha 2,5 million tonna koʻmir qazib chiqarish rejalashtirilgan.

Angrendagi Nishbosh koʻmir konini oʻzlashtirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Zaxiralarining hajmi 233 million tonna va qiymati qariyb 500 million dollarga baholanayotgan ushbu investitsiya loyihasi doirasida 2026-yilda qazib olish ishlarini boshlash hamda 1 million tonna koʻmir qazib chiqarish, kelgusida yillik quvvatni 10 million tonnaga yetkazish koʻzda tutilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi.

Taqdimotda koʻmirni chuqur qayta ishlash asosida yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha ham koʻrib chiqildi. “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan koʻmirni kimyoviy qayta ishlash orqali polimer mahsulotlar olishni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 5 milliard dollar boʻlib, uning natijasida yiliga 8-9 million tonna koʻmirni qayta ishlash va 1,18 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Oʻtgan yili mamlakatimizda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib, aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetdi.

Joriy yilda Arnasoy, Gʻarbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi, Sharqiy Agʻron konlarini oʻzlashtirishni boshlash rejalashtirilgan.

Xomashyo qazib olish hajmining koʻpayishi munosabati bilan uni qayta ishlash quvvatlarini ham oshirish zarurligi qayd etildi.

Uranni qayta ishlash quvvatlarini sulfat kislotasi hamda uni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan texnik oltingugurt bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari belgilab olindi.

Prezidentimiz koʻmir va uran sanoatida rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Navoiy xalqaro aeroportining asosiy koʻrsatkichlari 2025-yilda 2024-yilga nisbatan oʻsganiga qaramasdan, havo kemalariga xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi va yuk tashish boʻyicha maksimal quvvatlaridan toʻliq foydalanilmayapti.

Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, texnika parki, yuk va yoʻlovchi terminallarini modernizatsiya qilish, faoliyat jarayonlarini raqamlashtirish zarur.

Taqdimotda Navoiy xalqaro aeroportini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish taklif etildi.

Aeroportni “Uzbekistan Airports” AJning markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratgan holda, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yoʻlovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qoʻnishlar boʻyicha mustaqil muzokaralar olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

Aeroport daromadlarini uning infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoqilgʻi rezervuarlarini kengaytirish, havo kemalarini taʼmirlash va boʻyash xizmatlarini joriy etishga yoʻnaltirish orqali aviatsiya xizmatlari eksportini oshirish vazifalari belgilandi.

Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan biznes rejasi toʻgʻrisida axborot berildi. Unga koʻra, tijorat va noaviatsion faoliyat koʻrsatkichlari 50 foizga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyalarning doimiy parvozlari yoʻlga qoʻyilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.

Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin bojxona zonasini tashkil etish taklif qilindi.

2029-yil 1-yanvarga qadar havo kemalariga xizmat koʻrsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, hududdagi mehmonxona aeroport tasarrufiga oʻtkazilishi belgilandi.

Taqdimotda fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida xarajatlarni qisqartirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda asosiy faoliyat turiga xos boʻlmagan xizmatlarni autsorsingga oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, elektr energiyasida harakatlanuvchi maxsus transport vositalaridan foydalanish orqali ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirish zarurligi qayd etildi.

2026-yildan boshlab “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirish toʻxtatilishi belgilandi. “Uzbekistan Airports” faoliyati 18 ta, “Uzbekistan Airways” faoliyati esa 16 ta ustuvor vazifa asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, korxonalarda xizmatlar sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni mustahkamlash, xizmat va mahsulot tannarxini hisoblashda maqbul metodologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining barcha bosqichlarini raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Transformatsiya doirasida tashkiliy tuzilmalarni qayta koʻrib chiqish, shtat birliklarini maqbullashtirish, xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPOga chiqish hamda korporativ xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari, jumladan, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va uning qoshida aviatsiya texnikumini tashkil etish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.

Taʼlim muassasalari AQShning “Embry-Riddle”, Fransiyaning “ENAC” kabi yetakchi xalqaro aviatsiya taʼlim markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Universitetda bort kuzatuvchi, aviatsiya texnikasi boʻyicha mutaxassislar va mexaniklar kabi amaliy kasblar bilan birgalikda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv boʻyicha ham kadrlar tayyorlash va ilmiy dasturlar yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.