Posted on Leave a comment

Yoʻl-transport obyektlarining qurilishi haqida axborot berildi

Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Poytaxt va Yangi Toshkent oʻrtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi koʻprik Toshkent va Yangi Toshkentni bogʻlaydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan boʻlib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sohil hududlari koʻkalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari oʻrnatiladi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi. Shuningdek, koʻprik orqali ikki tasmali tramvay yoʻli yotqizilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bogʻlaydigan boʻlajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni oʻz ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan toʻliq integratsiya qilinadi, bu esa yoʻlovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.

Davlatimiz rahbari boʻlajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.

Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini taʼkidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

Posted on Leave a comment

Taʼlim va maʼrifat maskanlarining qurilishi bilan tanishildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini koʻzdan kechirdi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash bilan uzviy bogʻliq.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.

Universitetning Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati 200 million dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.

Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari “Özgüven” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Majmua tarkibida 10 ming talabaga moʻljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming oʻrindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, koʻrgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming oʻrinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-oʻqituvchilar va talabalarga moʻljallangan 2 ming oʻrinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.

Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari loyihaning asosiy parametrlari, taʼlim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda bunday zamonaviy taʼlim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.

– Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, qariyb 4 gektar maydonda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Inshoot milliy meʼmorchilik anʼanalari va zamonaviy arxitektura yechimlarini uygʻunlashtirgan holda loyihalashtirilgan.

Toʻrt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod boʻlib, bir vaqtning oʻzida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini taʼminlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Majmua koʻp funksiyali boʻlib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Koʻzi ojiz fuqarolar uchun maxsus oʻqish va tadqiqot muhiti yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 oʻrinli kafe, galereya, yengil sport oʻyinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.

Prezidentimiz ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan taʼlim va maʼrifat maskanlarining tizimida muhim oʻrin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin boʻlishini taʼkidladi. Ilm-fan va maʼnaviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori boʻlishi qayd etildi.

Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur oʻzlashtirishi zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi

Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hay’ati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.

Uch mamlakat yetakchilari ushbu nufuzli mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘ldilar.

Hakamlar hay’atining qarorida ta’kidlanganidek, 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzoladilar va shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdilar.

Ushbu mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy hissaning e’tirofi ekani ta’kidlandi. Birodar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli bo‘lgani qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sektoriga xalqaro standartlarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda muomaladagi qimmatli qogʻozlarning bozor qiymati 275 trillion soʻmni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar hajmi 4 trillion soʻmga yetdi, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon koʻrsatkichlaridan ancha past ekani, mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qogʻozlarni joylashtirish – “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish, shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qogʻozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu xorijiy qimmatli qogʻozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Bunda mahalliy kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valyuta mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi qayd etildi.

Shuningdek, emitentlarga oʻz kapitali hajmidan ortiq, taʼminotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Milliy qonunchilikni Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qoʻyiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilindi.

Bank sohasidagi islohotlar doirasida soʻnggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar oʻsib, 877 trillion soʻmdan oshgani, banklarning soni 35 taga yetib, 2017-yildan beri 3 ta xorijiy bank Oʻzbekistonda faoliyatini yoʻlga qoʻygani taʼkidlandi.

Mamlakatimiz ilk bor Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi, unda bank nazorati, risklarni boshqarish, toʻlov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarni boshqarish kabi yoʻnalishlar baholandi.

Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda Oʻzbekiston moliya sektorini Bazel qoʻmitasining Samarali bank nazorati boʻyicha 29 ta asosiy tamoyiliga toʻliq moslashtirish belgilangan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni toʻliq xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish, Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.

Davlatimiz rahbari kapital bozori hamda bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan ushbu nufuzli tashkilotning prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm boʻyicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdilar.

Avtosportni tartibga soluvchi va yoʻl harakati xavfsizligini targʻib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muhammad bin Sulaym Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, aholi oʻrtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻzbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, Oʻzbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini taʼminlash dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qoʻshgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston 2019-yildan buyon federatsiyaning faol aʼzosi hisoblanadi. Oʻtgan yili Samarqandda FIAning 120 yilligiga bagʻishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi boʻlib oʻtgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12-dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.

Posted on Leave a comment

Avtomobil yoʻllari sohasidagi ishlar holati va navbatdagi vazifalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yoʻllari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Oxirgi uch yilda sohada bajarilgan ishlar, moliyalashtirish hajmi va amaliy natijalar haqida maʼlumot berildi.

Ushbu davr mobaynida avtoyoʻl sohasiga qariyb 40 trillion soʻm ajratilib, 63 ming kilometr yoʻlda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Sohaga xorijdan jalb qilinayotgan mablagʻlar 3 barobar oshib, 2025-yilda 1,2 milliard dollarga yetdi. Yoʻl qurilishida namunaviy andozalardan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etildi. Zamonaviy turdagi qoplamalar ishlab chiqilib, yoʻllarning xizmat muddati 1,5 barobarga oshirildi.

Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilindi. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yoʻllar hamda koʻpriklarni taʼmirlash, yangilarini barpo etishda ilgʻor tajriba va jahonda oʻzini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi koʻrsatib oʻtildi.

Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yoʻllarni qurish va taʼmirlash, 14 ming kilometr tuproq yoʻllarni shagʻallashtirish hamda 325 ta koʻprikni taʼmirlash rejalashtirilgan. Bunda xorijiy ekspertlar va texnologiyalarni keng jalb qilish, ilgʻor standartlarni joriy qilgan holda ishni tashkil etish topshirildi.

Ogʻirligi meʼyordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1800 kilometr yoʻl taʼmirtalab holga kelib qolgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun oʻlchov tarozilari tarmogʻini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi oʻrnatilgan, 8 tasini oʻrnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta koʻchma va statsionar nazorat-oʻlchov maskanini barpo etishga topshiriq berildi.

Mutasaddilarga ogʻirlik va gabarit nazorati bilan bogʻliq barcha jarayonlarni qamrab olgan idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqib, ogʻir vaznli transport vositalari harakatlanishini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqish taklif etildi.

Bugungi kunda yangi yoʻllarning 61 foizini, “Tashabbusli budjet” doirasida esa ichki yoʻllarning 92 foizini xususiy sektor qurmoqda. Uzoq yillar davlat monopoliyasida boʻlgan yoʻllarni saqlash ishlari ham bosqichma-bosqich xususiy sheriklikka berilmoqda.

Bu ishlarni kengaytirib, kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030-yilga borib esa 6,3 ming kilometr yoʻllarni saqlashga tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yoʻllarni toʻliq mahalliy pudratchilarga berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Sohada raqamlashtirish darajasi past ekani, mavjud 59 ta xizmatning faqat 20 tasi raqamlashgani qayd etildi. Kelgusi yilda 28 ta xizmatni elektron shaklga oʻtkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Taqdimot yakunida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston avtomobil yoʻllarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Mahallalarda ishsizlik va kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda “mahalla yettiligi” aʼzolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi boʻlgan ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda masʼuliyatini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yoʻnalishda manzilli va natijaga yoʻnaltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Mahallalarda kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning oʻzida hal etishga eʼtiborni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Ogʻir toifadagi mahallalar boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida eʼtibor qaratib, infratuzilma, elektr taʼminoti, internet tarmogʻi, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Joriy yilda mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu koʻrsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Buning uchun mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlik yoʻnalishidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Har bir kambagʻal oila boʻyicha uning real imkoniyatlari va xohish-istaklarini inobatga olgan individual rejalarni ishlab chiqish muhim ekani taʼkidlandi.

Loyihaviy yondashuv doirasida “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Barqaror kelajak sari”, “20 ta mahalliy brend”, “Bir kontur – bir mahsulot”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Ijara yer va tomorqada suv taʼminotini yaxshilash”, “Eski bogʻlarni yangilash”, “1 ming gektar mevali bogʻ”, “Eksportchi kooperativlar” kabi dasturlar bilan 1 million nafar kambagʻal aholini qamrab olish rejalashtirilgan.

Kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirishda mahallalarda kichik va oʻrta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tun-u kun ishlaydigan koʻchalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, sohil va yoʻl boʻyi infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.

Bandlik dasturining 2025-yildagi ijrosi va 2026-yilgi dasturni shakllantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, aholi ehtiyojlari asosida amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambagʻallikni qisqartirish borasidagi vazifalarning yuksak masʼuliyat bilan ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Qishloq xoʻjaligini moliyalashtirish va agrar sohani subsidiyalash rejalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratishning yangi tizimi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimot avvalida joriy yilda sohaga yoʻnaltirilgan moliyaviy resurslar va ularning natijalari to‘g‘risida axborot berildi.

Qayd etilganidek, paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirish, qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga jami 29 trillion soʻm ajratildi. Sohaga 2,35 trillion soʻm subsidiyalar yoʻnaltirildi.

Oʻz mablagʻidan paxta yetishtirgan xoʻjaliklarga paxta qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi natijasida 3430 fermer va klasterlar 151 ming gektar maydonda oʻz mablagʻi hisobidan paxta yetishtirdi va 1,9 trillion soʻm resurs tejaldi.

Yoki paxta yetishtirishga olingan kreditni joriy yil yakuniga qadar toʻliq qaytargan fermerlarga foiz toʻlovining 4 foiz bandini qaytarib berish imkoniyati tufayli 9002 nafar fermer 2,5 trillion soʻm imtiyozli kreditlarni muddatidan oldin qaytardi.

Kelgusi yilda paxta va gʻalla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion soʻm ajratish rejalashtirilgani, qoʻshimcha 200 million dollar mablagʻ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi maʼlum qilindi. Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgani yangi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan, plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qoʻshimcha 5 trillion soʻm ajratish taklif qilindi. Hosil yetishtirishda kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratilsa, oʻz mablagʻi va qisman kredit hisobidan hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4-4,5 mingga yetishi va ularning 2,5-3 trillion soʻm mablagʻi iqtisod boʻlishi taʼkidlandi.

Hozirda fermerlarga kredit ajratishda moliyaviy barqaror xoʻjaliklarga ham, toʻlov intizomiga rioya etmayotganlariga ham bir xil foiz stavkasi qoʻllanmoqda. Shu bois, fermerlar orasida “intizomli boʻlish – arzon kredit” modelini shakllantirish uchun “A” kredit reytingiga ega xoʻjaliklarga 2 foizga, “B” toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, oʻz mablagʻi hisobidan bugʻdoy yetishtirgan fermerlarga uning qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, fermerlarni rag‘batlantirish, ularda ishonch va iqtisodiy manfaatni kuchaytirish – qishloq xo‘jaligi rivojining asosiy tayanchi hisoblanadi, shu bois agrar sohada qo‘llab-quvvatlash vositalari doimiy ravishda kengaytirib boriladi.

Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 22-noyabrdagi “Agrar sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, agrar sohada davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Agrar sohada toʻlovlar agentligi tashkil etildi.

Taqdimotda agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi qanday tashkil etilishi koʻrib chiqildi.

Hozirgi vaqtda qishloq xoʻjaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda ushbu jarayon tubdan soddalashtirilib, inson omili tubdan qisqartirilib, byurokratiya kamaytiriladi, arizalarni koʻrib chiqish toʻliq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar “Agroportal” orqali amalga oshiriladi.

Buning uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning axborot tizimlari integratsiya qilinadi.

Jumladan, 2026-yil uchun moʻljallangan 1,3 trillion soʻmlik subsidiyalarni talabgorlar ishtiroki zarur boʻlmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda, qolgan subsidiyalar ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin qisqaradi.

Davlatimiz rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini taʼminlash, barcha jarayonlarni raqamlashtirish va fermerlar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, intensiv agrotexnik usullarni qo‘llash orqali yuqori hosildorlikka erishish, el-yurt farovonligini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, ilg‘or innovatsion texnologiyalar va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng joriy etish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, mahsulotlarni sifatli qayta ishlash, yurtimiz eksport salohiyatini oshirish yo‘lidagi samarali faoliyati, malakali mutaxassislarni tayyorlash borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlansin:

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor» faxriy unvoni bilan

Abduraxmonov Abdunabi Abduraimovich – Sharof Rashidov tumanidagi «Qo‘rg‘ontepa» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Jizzax viloyati

Matniyozov Po‘lat Yoqubovich – Bog‘ot tumanidagi «Yoqub bobo o‘g‘li Omon» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Xorazm viloyati

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni bilan

Komilov Tursunboy – To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Komilov Tursunboy» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi, Namangan viloyati

Masharipov Uktam Rustamovich – Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Ruziyev Zafar Sharopovich – Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Sanoyev Yodgor  – Vobkent tumanidagi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha «Xayrobod» hududi rahbari, Buxoro viloyati

G‘aniyev Shuxrat Madaminovich – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» faxriy unvoni bilan

Nadjimov Marat Faxriyevich – «O‘zsuvloyiha» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori

Saidov Yusup Mamatovich – Uzun tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi muhandis-gidrotexnigi, Surxondaryo viloyati

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi» faxriy unvoni bilan

Yusupova Gulbaxar Erkinovna – Beruniy tumanidagi «KKR Ipak Cluster» mas’uliyati cheklangan jamiyati pillachisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan

Gaffurov Xusanboy Abdullayevich – Oltiariq tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Farg‘ona viloyati

Dadajanov Abduvoxit Toshpulatovich – Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Toshpo‘lat hoji ota» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Namangan viloyati

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Bekturayev Ummat Abbasovich – Xovos tumanidagi «Xovos gulshani» bog‘dorchilik yo‘nalishidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Sirdaryo viloyati

Yormatova Dilarom – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ekologiya va yashil resurslar kafedrasi mudiri

Ismoilov Farxodjon Voxobovich – Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Komilova Zamira Shukulloyevna – «G‘ijduvon ipak tola» mas’uliyati cheklangan jamiyati hudud agronomi, Buxoro viloyati

Latipov Sultonboy Allayorovich – Davlatlararo «Amudaryo» irrigatsiya kanallari boshqarmasining Toshsoqa bo‘limi boshlig‘i, Xorazm viloyati

Madumarova Muxabbatxon Yusufjonovna – Ulug‘nor tumanidagi «Yusufjon yeri» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Andijon viloyati

Nishanbayev Saidkarim Abduxokimovich – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari

Normuradov Parda Boymirovich – G‘uzor tumanidagi «Pachkamar qorako‘lchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni, Qashqadaryo viloyati

Raximova Manzura Rivojiddinovna – Norin tumanidagi «Norin agropilla» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Namangan viloyati

Rizayev Abdurazok Mamanovich – Karmana tumanidagi «Sevoltepa ravnaqi» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Navoiy viloyati

Seyfullayev Baxtiyar Kemalovich – Taxtako‘pir tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi yetakchi muhandis-gidrotexnigi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Tuxtakuziyev Abdusalim – Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutining tuproqqa ishlov berish mashinalari laboratoriyasi mudiri

Uzakov Ulug‘bek Yuldashevich – Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Xasanova Muxabbat Mamaraximovna – Baxmal tumanidagi «Gulbuloq sabzavotlar makoni» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Jizzax viloyati

Xatamov Jaxongir Jurayevich – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari

Xolmirzayev Dustmuxammad – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining yaylov chorvachiligi, qorako‘lchilik, asalarichilik va ipakchilik kafedrasi professori

Chariyeva Xilal Dustmuratovna – Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining intensiv navlar seleksiyasi laboratoriyasi mudiri, Surxondaryo viloyati

Shenazarov Baxodir Mamanazarovich – «Norin-Farg‘ona» irrigatsiya tizimi boshqarmasi bosh mutaxassisi, Farg‘ona viloyati

Yusupov G‘afurjon – Bekobod tumanidagi «Yusupov Obid fayz» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi, Toshkent viloyati

«Do‘stlik» ordeni bilan

Abdulazizov Oblaqul – «Mirza-Pay» irrigatsiya tizimi boshqarmasi kanallari katta muhandis-gidrotexnigi, Samarqand viloyati

Abdullayev Nurali Yusufaliyevich – Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori

Abdurayimov Jasurbek Odilovich – Baliqchi tumani hokimi, Andijon viloyati

Abillayev Urazbay – Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi laboratoriya mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Darvishev Shavkat Turayevich – Do‘stlik tumani hokimi, Jizzax viloyati

Zaytov Ziyauatdin Imamatdinovich – Nukus tumani hokimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Zyaduloyev Abduraxim Norovich – Sariosiyo tumanidagi «Faxriddin asalchi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

Karimov Rahmon Qahorovich – Buxoro tumanidagi «Karim Qahhor» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Buxoro viloyati

Komilov Baxrom Urinovich – Farg‘ona viloyatidagi «Ferghana Spinning» paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari

Qo‘ldasheva Muxtasarxon Abdumutalibovna – Buloqboshi tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Andijon viloyati

Mavlyanov Dusyar Irgashevich – Koson tumanidagi «Koson» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qashqadaryo viloyati

Oljabayeva Salixa Izbasarovna – Tomdi tumanidagi «Aldiyar-Qalanbay» tuyachilik fermer xo‘jaligi cho‘poni, Navoiy viloyati

Rashidova Dilbar Karimovna – Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining organik paxtachilik laboratoriyasi mudiri

Sayfudinova Shahnoza Shonazarovna – Mirzaobod tumanidagi «A  Master  fruit» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Sirdaryo viloyati

Umarov Xalimjon Komilovich – Quva tumani hokimi, Farg‘ona viloyati

Xamidullayev Abdulla – Bo‘stonliq tumanidagi «Escalade biznes invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Toshkent viloyati

Xolmuradov Akmal Arslanovich – Quyi Chirchiq tumani hokimi, Toshkent viloyati

Shukurov Alisher Nematullayevich – O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari

«Jasorat» medali bilan

Axmadqulov Muxammadzulun Muxammadali o‘g‘li – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Ahmadqulibek» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Andijon viloyati

Barotov Sobir To‘xtayevich – «Amu-Buxoro» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi ekskavator mashinisti, Buxoro viloyati

Karimov Ikrom G‘ulomovich – Arnasoy tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Jizzax viloyati

Otepbergenov Sarsenbay Niyetbayevich – Qonliko‘l tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Rajabov Tursunpo‘lot Safarovich – Qiziltepa tumanidagi «Safarobod bog‘i» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Navoiy viloyati

Suvonov Nurmuxammat Bobomuradovich – Paxtachi tumanidagi «Mirzayev Shuhrat Kenjayevich» fermer xo‘jaligining g‘alla o‘rish kombayni operatori, Samarqand viloyati

Xasanov Avaz Tadjikulovich – Bekobod tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Toshkent viloyati

Hasanov Akbar Muhammadiyevich – Shahrisabz tumanidagi «Hasanov Akbar Muhammadiyevich» bog‘dorchilik yo‘nalishidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Qashqadaryo viloyati

Yaxyayev Utkirjon Tuychiyevich – Xovos tumanidagi «Saboxat Haydarovna» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Sirdaryo viloyati

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Axmedov Jamshid Baxtiyor o‘g‘li – Paxtakor tumanidagi «Bog‘ishamol tomorqa eksport» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Turdiyev Akbarali Usmon o‘g‘li – «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining tayanch doktoranti

«Shuhrat» medali bilan

Abdulmitalipov Abdushukur Shuxratjon o‘g‘li – Bag‘dod tumanidagi «A.Madaminov» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi, Farg‘ona viloyati

Ashirova Tajigul Allanazarovna – Ellikqal’a tumanidagi «Amirobod Mardoni» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Bozarov Ahror Xudaykulovich – Qarshi tumanidagi «Xudoyqulov Sarvarbek Ahrorovich» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qashqadaryo viloyati

Bozorboyev Toshqinboy Mutalibovich – Mingbuloq tumanidagi «Gulchehra Ozodbek Abdumutal» parrandachilik oilaviy korxonasi rahbari, Namangan viloyati

Djumanazarova Komila Saydaxmatovna – O‘rta Chirchiq tumanidagi «Dostonbek Azizbek agro» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Toshkent viloyati

Dosmuxamedova Muxayyo Xusnitdinovna – Toshkent davlat agrar universitetining umumiy zootexniya va zootexnologiyalar kafedrasi professori

Jobborov Burxonjon Abdusattorovich – Baliqchi tumanidagi «Burhon» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Andijon viloyati

Jumabayev Umirbek Sultanovich – Xonqa tumanidagi «Bog‘ibek Jonibek» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Xorazm viloyati

Ibodullayev Jumanazar Maxmatmurodovich – Mirishkor tumanidagi «Turon agrotexservis mashina-traktor parki» mas’uliyati cheklangan jamiyatining g‘alla o‘rish kombayni operatori, Qashqadaryo viloyati

Ilxambekov Kaxramon Kasimjonovich – Yuqori Chirchiq tumanidagi «Eco agro product» bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Toshkent viloyati

Ismailov Maksud Koshnazarovich – To‘rtko‘l tumanidagi «Qo‘shnazar paxtakor» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Isroilov Abdurashid Abduraxmonovich – Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini boshqarish departamenti direktori

Ishpulatov Zokir Eshkurbonovich – O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori

Kadirov Mexroj Usmonovich – Samarqand tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Samarqand viloyati

Kuziyev Baxodir Tuxtayevich – Boyovut tumanidagi «Anvarbek Abbosbek» fermer xo‘jaligining paxta terish kombayni mexanizatori, Sirdaryo viloyati

Ko‘ldoshev Feruz Qo‘ldosh o‘g‘li – Kogon tumanidagi «Combo Profit» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Buxoro viloyati

Qosimov Akmaljon Malikjonovich – O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari

Mansurov Asror Mexriddinovich – Buxoro viloyatidagi «Qorako‘l kumush kalava» paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari

Mirzayev Nuroli Abdiraimovich – Ko‘kdala tumanidagi «Chiroqchi istiqlol parrandachilik» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Qashqadaryo viloyati

Muqimov Xasan Xursanovich – Angor tumanidagi «Ikki do‘st Surxon Angor» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

Mo‘minov Isoq Murataliyevich – Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Ergash bobo» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

Muxtarova Jamila Shukurovna – Jomboy tumanidagi «Jomboy agropilla» mas’uliyati cheklangan jamiyati pillachisi, Samarqand viloyati

Nadirov Abdukadir – Ohangaron tumanidagi «Taraqqiyot Baxtiyor» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent viloyati

Nematov Mannob Nuriddinovich – Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Guliston» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

Otamuratov Shonazar Sultanovich – Qo‘shko‘pir tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining veterinariya uchastkasi mudiri, Xorazm viloyati

Ochilov Farhod Baxtiyarovich – Navbahor tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Navoiy viloyati

Raimqulov Rustam Nazarqulovich – Zafarobod tumanidagi «Forish yo‘llari» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Jizzax viloyati

Rasulov Tavakaljon Qodirjon o‘g‘li – «Norin-Qoradaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi ekskavator mashinisti, Andijon viloyati

Rasulov Toji Mamatxoliqovich – Sherobod tumanidagi «Rasulov Toji» anorchilik yo‘nalishidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Surxondaryo viloyati

Raximov Axrorjon Ortikboyevich – Dang‘ara tumanidagi «Best cotton fields» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

Raxmanova Zoxida Turgunovna – Sayxunobod tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi bosh muhandisi, Sirdaryo viloyati

Raxmatov Odil Sharipxonovich – Uychi tumanidagi «Uychi parranda» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Namangan viloyati

Rahmonov Muxiddin Mamurovich – Mirzaobod tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining «Toshkent» veterinariya uchastkasi mudiri, Sirdaryo viloyati

Rashidov Shohruh Farhod o‘g‘li – Xatirchi tumanidagi «Xatirchi invest export» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Navoiy viloyati

Rizonov Azimxon Xolovich – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Azimxon Rizonov» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Samarqand viloyati

Sauitbayev Marat Shayniyazovich – «Karmana-Konimex» irrigatsiya tizimi boshqarmasining Konimex tumanlararo gidrouchastkasi kanali boshlig‘i, Navoiy viloyati

Sobirov Muzaffar Ravshanbekovich – Qo‘shko‘pir tumanidagi «Muattar» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Xorazm viloyati

Turabov Kamolxon Ziyavidinovich – Uchko‘prik tumanidagi «Ziyovuddin ota orzusi» bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

Umarov Gulmurod Normurodovich – Jondor tumanidagi «Arjumanbonu chorvasi» parrandachilik klasteri boshlig‘i, Buxoro viloyati

O‘rinov Ikrom Shukurulloyevich – Olot tumanidagi «Shukrullo O‘rinov» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Buxoro viloyati

Usmonov Jo‘rabek To‘lanboyevich – Qo‘shtepa tumanidagi «Ismoil Jo‘rabek saxovati» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

Xamraev Bobir Zoxir o‘g‘li – O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari

Xamidov Odil Raximjonovich – Piskent tumanidagi «Uch avlod» fermer xo‘jaligining paxta terish kombayni mexanizatori, Toshkent viloyati

Xasanova Zarafshon Matyokubovna – Xiva tumanidagi «Qiyot bioservis» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Xorazm viloyati

Xoliqov Qodirjon Dadamirzayevich – Kosonsoy tumanidagi «Namangan paxta teks» mas’uliyati cheklangan jamiyatining g‘alla o‘rish kombayni operatori, Namangan viloyati

Choriyev Azamat Mahammadiyevich – Qamashi tumanidagi «BBU-Azamat» dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Qashqadaryo viloyati

Shayzakov Ikrom Uralovich – Do‘stlik tumanidagi «Ilhom Sharif» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Jizzax viloyati

Sherov Erkin Kurbanovich – Pastdarg‘om tumanidagi «Eldor» chorvachilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Samarqand viloyati

Shuxratov Sardor Shuxratovich – Guliston tumanidagi «Jasur Sardor fayzi» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Sirdaryo viloyati

Erkinov Inxamjon Usmonovich – Jalaquduq tumanidagi «Mirjahon Asliddin dalasi» fermer xo‘jaligi suvchisi, Andijon viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan tabriklaymiz! Ushbu muhim sana mustahkam huquqiy asoslar, jamiyat birligi va barqaror taraqqiyotga intilishni bildiradi. Fursatdan foydalanib, barchaning faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, barqarorlik va farovonlik tilaymiz. Adolat, qonuniylik va fuqarolik mas’uliyati tamoyillari mehnat faoliyatimizdagi yangi yutuqlar uchun doimo ilhom manbai bo‘lsin.