Posted on Leave a comment

Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalarida belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Boshqaruv tizimini takomillashtirish

1. Quyidagilar:

(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilsin;

(b) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Ekologiya qo‘mitasi) tashkil etilsin.

2. Belgilansinki:

(a) Ekologiya qo‘mitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi;

(v) O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini Ekologiya qo‘mitasi huzurida davom ettiradi.

3. Belgilab qo‘yilsinki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi 1-ilovaga muvofiq quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi:

(a) chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan holi hudud” umummilliy loyihasi;

(b) atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi;

(v) 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi;

(g) aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi;

(d) bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihasi.

4. Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi” (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.

II. Ekologik nazoratni kuchaytirish

5. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab 2-ilovaga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi, bunda:

(a) moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi;

(b) bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;

(v) huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.

6. Quyidagilar negizida alohida yuridik shaxs bo‘lmagan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) (keyingi o‘rinlarda – Ekopolitsiya) tashkil etilsin:

(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi;

(b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar;

(v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishidagi bo‘linmalarining optimallashtiriladigan shtat birliklari.

7. Belgilansinki:

(a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi;

(b) Ekopolitsiya Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasidir;

(v) Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi;

(g) Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi;

(d) Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.

III. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

8. Ekologiya qo‘mitasi quyidagilar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib borsin:

(a) yirik korxona va tarmoqlar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, ular va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘rilgan choralar;

(b) sohadagi mas’ul boshqaruv va nazorat organlarining o‘z vazifalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarishi holati;

(v) davlat organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish.

9. Ekologiya qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni joriy etish va ularni qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

10. Ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

12. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Iqtisodiyot va aholini kuz-qish mavsumida ko‘mir bilan ta’minlash rejalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida energetikaning barcha tarmoqlari qatori ko‘mir sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari ko‘paytirilmoqda.

2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, budjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi.

Taqdimotda 2025/2026-yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Buning uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi, sohada qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun sharoitlar yaratildi.

Prezidentimiz mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari hamda raqobatni rivojlantirib, mahsulot tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.

Taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarining ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Mehnat migratsiyasi sohasidagi vazifalar va rejalar taqdimot qilindi

18-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan axborot berildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarni mehnat qilish uchun chet elga tartibli jo‘natish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda, fuqarolar asosan yuqori maoshli ish o‘rinlarida ishlash uchun xorijga ketmoqda. Natijada 2016-yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025-yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetdi.

Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga katta talab borligi qayd etildi. Hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq bo‘lgani uchun odamlar ovoragarchilikka duch kelmoqda.

Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga o‘qitish maktablari ochiladi.

So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar ko‘paygani ta’kidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakatimiz hududlarida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.

Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

“Xorijda ish” platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan.

Prezidentimiz tizimga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish o‘rinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi. Migratsiya agentligida fuqarolarga tun-u kun tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etish taklif qilindi.

Taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari ko‘rsatishda firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini o‘rnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini o‘rganish topshirildi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti OTB bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Suhbat avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025-2026-yillarda bankning Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani bilan tabrikladi. 

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda – qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Suveren bo‘lmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda. 

OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026-yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti bo‘lajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash, unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish tashabbusini ilgari surdi. 

Bankning yirik milliy va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika va savdo loyihalarini ilgari surishda faol ishtirok etishi muhim ekani ta’kidlandi. 

OTB prezidenti Masato Kando mamlakatimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar natijalarini yuksak baholadi hamda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Posted on Leave a comment

O’zbekiston davlat bayrog’i qabul qilingan kun bilan



Бугун ватанимиз байроғи қабул қилинган кун!!!

1991 йил 18 ноябрь — Ўзбекистон Республикасининг “Давлат байроғи тўғрисида”ги қонуни қабул қилинган кун.

Барча юртдошларимизни ушбу сана билан табриклаймиз! Ўзбекистондаги тинчлик ва осойишталик бардавом бўлсин, байроғимиз баланд-баландларда ҳилпирайверсин!

Posted on Leave a comment

Qishloq xo‘jaligidagi yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Sohaning iqtisodiyotdagi ulushi 20 foizni tashkil etmoqda, unda yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yaratilmoqda, 3,5 million kishi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, meva-sabzavot, yangi va qayta ishlangan agrar mahsulotlar umumiy eksportning uchdan bir qismini ta’minlamoqda.

Taqdimotda paxtachilikda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Buning uchun past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalar va oziqlantirish amaliyotlarini to‘g‘ri joriy etish, agronom tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish choralari belgilab olindi.

Jumladan, paxtachilikda ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi.

Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 million so‘mdan mukofot puli beriladi.

Agronomlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Agrar universitet va sohada agronomlarni tayyorlaydigan boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik “dual ta’lim” mexanizmi joriy etiladi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga esa rag‘bat puli to‘lanadi.

Taqdimotda mahalliy paxta navlarini yaratish ishlari ham alohida ko‘rib chiqildi.

Yurtimizda paxtachilik bo‘yicha ikkita noyob ilmiy institut – Genomika markazi va Paxtachilik instituti borligi, lekin ularning imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Navlarni seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligini yanada rivojlantirish maqsadida ushbu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurib berish topshirildi. Natijada yangi mahalliy nav yaratishga kerak bo‘lgan vaqt 2,5 barobar qisqaradi, olimlarning ishi tezlashib, import urug‘ga ehtiyoj qolmaydi.

G‘o‘zani plyonka ostiga ekish tajribasini ommalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz sohada agrodronlardan foydalanishni kengaytirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi ham kun tartibida bo‘ldi. Hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va xorijiy kompaniyalar hamkorligida bu borada kadrlar tayyorlash va ilmiy infratuzilma yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

2026-yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish, sug‘urta mukofotining 50 foizini budjetdan qoplab berish taklif qilindi.

Subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan berilayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirildi. Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytiradi.

Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidentini samimiy kuzatib qo‘ydi

Samarali O‘zbekiston – Turkmaniston sammiti yakunlandi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazib, O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Davlat rahbarlari ishtirokida “Shovot-Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi.

Mamlakatimiz yetakchisi Prezident Serdar Berdimuhamedovga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Prezidentlar Qo‘shma bayonotni imzolab, ommaviy axborot vositalari vakillariga muzokaralar yakunlari to‘g‘risida so‘zlab berdilar.

Turkmaniston Prezidenti Toshkentga tashrifi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Serdar Berdimuhamedovni “Toshkent-Xumo” xalqaro aeroportida kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Prezidentimiz ushbu tarixiy davlat tashrifi qardosh mamlakatlarimizning strategik sherikligini yanada mustahkamlab, uni yangi marralarga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb 2 barobar ko‘payib, 1 milliard dollardan oshdi. Uning hajmini, eng avvalo, o‘zaro savdodagi mahsulotlar turini kengaytirish va yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan 2 milliard dollarga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Bunda bugun ishga tushirilgan “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi alohida o‘rin tutadi. Tomonlar ushbu tajribani boshqa chegaraoldi hududlarda, eng avvalo, “Olot-Farob” hududida qo‘llash niyatida.

Mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish maqsadida hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz orqali tashuvlarni rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Energetika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasining yetkazib berilishi va tranziti bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki mamlakat hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida qat’iy intilish borligi ta’kidlandi.

Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantiradilar.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – hududlararo hamkorlik. Buxoro va Turkmanobod shaharlarida hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yaqinda Xivada ikki mamlakatning barcha viloyatlari ishtirokida uchinchi forum bo‘lib o‘tadi.

Urganch va Toshkentda Turkmaniston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Konsertlar, teatrlarning ijodiy safarlari, yoshlar va olimlar forumlari, sport olimpiadalarini muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.

Tomonlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasida amaliy hamkorlikni ilgari surishga kelishib oldilar.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishildi.

Kuni kecha Toshkent shahrida o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvining yakunlari mintaqada integratsiya jarayonlari va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Yakunda hamkorlikni jadal rivojlantirish, qardosh mamlakatlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida ulkan natijalarga erishishga o‘zaro intilish qat’iy ekani tasdiqlandi.

Posted on Leave a comment

Turkmaniston Prezidenti “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi yutuqlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.

– Siz otangiz, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Mamlakatingizda xalq farovonligini ta’minlash uchun ishonchli poydevor yaratayotgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda Turkmanistonda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” hamda mamlakat Betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan yirik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Serdar Berdimuhamedovning ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini kengaytirishga qo‘shgan hissasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy va hamkorlik aloqalarining har tomonlama rivoj topayotganidir. Ulkan loyiha – “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Energetika, transport va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.

Mazkur mukofot mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ramziga aylanishi qayd etildi. O‘z navbatida, Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakuniga yetdi

Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tarixiy sammiti yakunlandi. 

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Prezidentlari ishtirokida o‘tgan Maslahat uchrashuvida davlat rahbarlari Ozarbayjon Respublikasini ushbu formatga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qildilar. 

Uchrashuvda so‘zga chiqqan ishtirokchi mamlakatlar yetakchilari mintaqaviy sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Yakunda ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi. 

Sammit doirasida 15-noyabr kuni davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shu kuni Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning mamlakatimizga davlat tashrifining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir dasturidagi voqealar yakunlangach, “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Prezidentlarini samimiy kuzatib qo‘ydi. Ular o‘z yurtlariga jo‘nab ketdilar. 

Ertaga, 17-noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning mamlakatimizga davlat tashrifining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadi.