Posted on Leave a comment

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda islohotlar samaradorligini oshirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or tajribalar, innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi munosib hissasi, o‘quvchi yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki, shuningdek, yurtimizda ta’limga oid investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgani uchun quyidagilar mukofotlansin:

«O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» faxriy unvoni bilan

Raximov Xamidjon Mamajonovich – Oltiariq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori, Farg‘ona viloyati

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi» faxriy unvoni bilan

Boyqobilova Lobar Toshtemirovna – Oqdaryo tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi, Samarqand viloyati

Egamberdiyev Atabek Ro‘zimovich – Hazorasp tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning fizika fani o‘qituvchisi, Xorazm viloyati

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Abdullayev Maxmudjon Muxamedovich – Toshkent davlat texnika universitetining mexatronika va robototexnika kafedrasi professori

Orazimbetova Guldarixa Kdirbayevna – Qorao‘zak tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suvanov Omon – Guliston davlat universitetining pedagogika va psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi, Sirdaryo viloyati

Xushmatov Raxmatullo Rabbimovich – Samarqand shahridagi alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 61-maktab-internatining tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchisi, Samarqand viloyati

Shukurov Maxmanazar Karimovich – Yakkabog‘ tumanidagi 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Qashqadaryo viloyati

I darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Tadjibayeva Ma’muraxon Ashuraliyevna – Toshkent shahridagi Prezident maktabi ijrochi direktori

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Abdullayev Shavkat Vaxidovich – Namangan davlat universitetining kimyo kafedrasi professori, Namangan viloyati

Axmedova Muattar Abduvaxitovna – Qibray tumanidagi «Imkon» ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti defektologi, Toshkent viloyati

Baltabayev Alimkul Egamberdiyevich – Sayxunobod tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining musiqa fani o‘qituvchisi, Sirdaryo viloyati

Bo‘tayev Qaxramon Nig‘matovich – R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining akademik xonandalik bo‘limi bosh o‘qituvchisi

Ziyayeva Moxidil Baxtiyorovna – Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Sirdaryo viloyati

Kazimova Roxila Rozikovna – Tayloq tumanidagi 41-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, Samarqand viloyati

Karimova Mavludaxon Sharobutdinovna – Oltinko‘l tumanidagi «Al Impex garant» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori, Andijon viloyati

Kasimov Fayzullo Muxamadovich – Buxoro davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim kafedrasi professori, Buxoro viloyati

Pirmatova Rano Ninniyevna – Sherobod tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Umaraliyeva Mamuraxon Tashxodjayevna – Toshkent farmatsevtika instituti akademik litseyining biologiya fani o‘qituvchisi

«Do‘stlik» ordeni bilan

Abdushukurov Anvar Kabirovich – O‘zbekiston Milliy universitetining organik va neft-gaz kimyo kafedrasi professori

Azarenko Igor Timofeyevich – V.A.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining estrada ijrochiligi bo‘limi o‘qituvchisi

Azimov Raxim Azizboyevich – Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasining Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

Volfgang Anton Herrmann – «Yangi O‘zbekiston» universitetining faxriy prezidenti

Drujinina Yelena Sergeyevna – Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi murabbiysi

Ibrohim Said Abdulla Ali Alhajri – Birlashgan Arab Amirliklarining Xalifa universiteti prezidenti  

Ismatillayev Xabibulla – Oltinsoy tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Kadirova Adiba Raxmonovna – Shahrisabz shahridagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, Qashqadaryo viloyati

King Stefen Richard – «Cambridge University Press & Assessment» tashkilotining Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika bo‘yicha bosh koordinatori

Qalbayeva Naubahar Perdebayevna – Nukus tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining qoraqalpoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Marsden Abbey Nikole – Andijon shahridagi Prezident maktabining kimyo fani o‘qituvchisi, Andijon viloyati

Mirjalilova Gulbaxor Miraxmonovna – Chust tumanidagi 52-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi, Namangan viloyati

Mirzakulov Batirjon Kazakbayevich – Mirzacho‘l tumani hokimi, Jizzax viloyati

Rassell Heyli Daniel – Mirobod tumanidagi 175-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi, Toshkent shahri

Sayfutdinov Anvar Nazarovich – Mirobod tumani hokimi, Toshkent shahri

Saparova Guldar Jusupaliyevna – Bo‘ka tumanidagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabining nemis tili fani o‘qituvchisi, Toshkent viloyati

Sultanova Shaxida Yuldashevna – Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining akademik litseyi ijrochi direktori

Uvarova Vera Yurevna – Toshkent shahridagi «Novda Edutainment» mas’uliyati cheklangan jamiyatining gumanitar fanlar bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmualarni ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i

Usmanova Nodira Soxibovna – Qarshi shahridagi 2-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti logopedi, Qashqadaryo viloyati

Xasanov Baxtiyor Temirovich – Oqdaryo tumanidagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, Samarqand viloyati

Xafizova Sayyora Baxtiyarovna – Navbahor tumanidagi 1-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining o‘rinbosari, Navoiy viloyati

Shamusarov Sharustam Giyazovich – Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining arabshunoslik oliy maktabi professori

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Abduraxmanova Surayyo Mirzamaxmutovna – Uchqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, Namangan viloyati

Azimova Nargiza Fagimovna – Paxtakor tumani sport maktabining dzyudo bo‘yicha murabbiysi, Jizzax viloyati

Artikov Urol Yusupovich – Jarqo‘rg‘on tumani sport maktabining dzyudo bo‘yicha murabbiysi, Surxondaryo viloyati

Zakirova Dilnoza Sharifovna – Buxoro turizm va madaniy meros texnikumining maxsus fan o‘qituvchisi, Buxoro viloyati

Kamolova Shohzoda Fayzullayevna – Navoiy shahridagi «Barkamol avlod» bolalar maktabining robototexnika to‘garagi rahbari, Navoiy viloyati

Musayev Saminjon Aliyevich – Uchko‘prik tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi, Farg‘ona viloyati

Ruzikulov Ravshan Raxmatulloyevich – Sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining yunon-rum kurashi bo‘yicha katta murabbiysi

Soliyev Anvarxuja Maqsudovich – Yangiyo‘l tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi, Toshkent viloyati

Choriyev Faxriddin Urolovich – Qamashi tumanidagi 2-sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari, Qashqadaryo viloyati

«Shuhrat» medali bilan

Abdinazarov Xasanboy Xoliqnazarovich – Dang‘ara tumanidagi «D.I.Mendeleyev» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari, Farg‘ona viloyati

Abdullayeva Fotima Baxromovna – Jizzax shahridagi «Jizzakh International School» xususiy maktabi direktori, Jizzax viloyati

Amanov Baxtiyar Xushbakovich – Chirchiq davlat pedagogika universitetining genetika va evolyutsion biologiya kafedrasi mudiri, Toshkent viloyati

Amanova Zulxumor Mutalovna – Angren shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabning informatika fani o‘qituvchisi, Toshkent viloyati

Axmedova Hafiza Hakimovna – Buxoro davlat texnika universiteti akademik litseyining rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, Buxoro viloyati

Axunova Tamara Uktamovna – Buloqboshi tumanidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, Andijon viloyati

Berdiyorova Xurshida Jambulovna – Koson tumanidagi 95-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Qashqadaryo viloyati

Bobanazarov Sherbay Abdiraxmanovich – Muzrabot tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Boboyev Maqsud Mahmudovich – Jondor tumanidagi 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi, Buxoro viloyati

Boltayeva Lola Abduvohidovna – Yunusobod tumanidagi 273-umumiy o‘rta ta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi, Toshkent shahri

Djabbarov Ruzmat Allanazarovich – Xiva shahridagi 121-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Xorazm viloyati

Jalelov Ilxam Klishbayevich – Qonliko‘l tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Jalilov Behzod Murotovich – Toshkent shahridagi «Target international school» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari

Janiqulov Ma’ruf Maxsud o‘g‘li – Forish tumanidagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi, Jizzax viloyati

Jurayeva Feruza Baxodirovna – Vobkent tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining nemis tili fani o‘qituvchisi, Buxoro viloyati

Zanjirova Xurshida Maxmudovna – Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning informatika fani o‘qituvchisi, Toshkent shahri

Zikirova Sanam Kilichevna – Qarshi shahridagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi enagasi, Qashqadaryo viloyati

Kamalitdinov Jobir Nuritdinovich – Davlatobod tumanidagi «Aisha Home Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Namangan viloyati

Karimov Eldor Erkinovich – G‘uzor tumanidagi 1-politexnikumi direktori, Qashqadaryo viloyati

Mamajonova Zoxidaxon Tursunovna – Norin tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi, Namangan viloyati

Mirzayeva Raxima – Farg‘ona shahridagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi, Farg‘ona viloyati

Mirzaxmedov Ulugbek Uyirbekovich – Bo‘stonliq tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining musiqa fani o‘qituvchisi, Toshkent viloyati  

Nasirova Shaira Narmuradovna – Navoiy davlat universitetining raqamli texnologiyalar kafedrasi professori, Navoiy viloyati

Norqo‘chqarova Salima Normuminovna – Qumqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Orazbayev Jurabek Ibadullayevich – Ellikqal’a tumanidagi «Sarabiy» o‘quv markazi rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Po‘latov Rashidjon Raximovich – Beshariq tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabining texnologiya fani o‘qituvchisi, Farg‘ona viloyati

Saydaxmatova Xalimaxon Ismoilovna – Quva tumanidagi 1-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, Farg‘ona viloyati

Salayev San’atbek Kamilovich – Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Salimov Xaytboy Mirzayevich – Marhamat tumanidagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, Andijon viloyati

Salomov Umid Firdavsiyevich – Samarqand shahridagi «Anvar Zamon Nur» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Samarqand viloyati

Samadova Gulbahor Saidmuradovna – Jizzax shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, Jizzax viloyati

Samiyeva Nafosat Kamolovna – Kitob tumanidagi 3-oilaviy bolalar uyi rahbari, Qashqadaryo viloyati

Sarsenbayeva Uldaulet Ansatbay qizi – Bo‘zatov tumanidagi 20-bolalar musiqa va san’at maktabining baxshichilik sinfi o‘qituvchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Sultanova Gulnora Alimbayevna – Urganch shahridagi 18-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, Xorazm viloyati

Sultonov Jaxongir Xasanjon o‘g‘li – O‘zbekiston tumanidagi «Edu fly» o‘quv markazi rahbari, Farg‘ona viloyati

Sultonov Sulton Istamovich – Buxoro shahridagi 24-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, Buxoro viloyati

Temirov Anvar G‘ayrat o‘g‘li – Samarqand shahridagi «Yuksalish quruvchi» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Samarqand viloyati

Tillayev Alisher Xasanovich – «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining «International House-Tashkent» akademik litseyi direktori

Tishlikova Dilnora Maxmudovna – Guliston shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, Sirdaryo viloyati

Turg‘unov Bekzod Mirzamaxmud o‘g‘li – Chortoq tumanidagi «Stanford LC» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari, Namangan viloyati

Umarova Ozodaxon Israilovna – Jalaquduq tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi, Andijon viloyati

O‘tanov Shuhrat Qo‘shmurodovich – G‘allaorol tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi, Jizzax viloyati

Xaknazarov Farxad Mamaraximovich – Guliston tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi, Sirdaryo viloyati

Xamidov Xayrullo Ismoilovich – Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining metallurgiya kafedrasi professori, Navoiy viloyati

Xamidova Gulnoza Baxtiyorovna – Zomin tumanidagi «Iqtidorlilar» xususiy maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Jizzax viloyati

Xo‘janiyozova Umida Qalandarovna – Urganch tumanidagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi, Xorazm viloyati

Shin Yelena Petrovna – Bekobod shahridagi 11-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti defektologi, Toshkent viloyati

Shoberdiyev Omon Abdixoliqovich – Qumqo‘rg‘on tumanidagi 1-politexnikumning maxsus fan o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Shodmonova Marhabo O‘ktamovna – Qiziltepa tumanidagi 1-politexnikumning maxsus fan o‘qituvchisi, Navoiy viloyati

Egamberdiyev Sanjar Usanbayevich – Shirin energetika texnikumining ishlab chiqarish ta’limi ustasi, Sirdaryo viloyati

Elmirzayev Parvoz Pardayevich – Kitob tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, Qashqadaryo viloyati

Ergashev Sherzod Shodibek o‘g‘li – Jizzax shahridagi Prezident maktabining matematika fani o‘qituvchisi, Jizzax viloyati

Yavidov Bahram Yangibayevich –  Nukus davlat pedagogika institutining fizika o‘qitish metodikasi kafedrasi professori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Toshkent viloyatidagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentyabr kuni Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu go‘zal tabiatli va salohiyati yuqori viloyat iqtisodiyoti bugun izchil rivojlanib bormoqda. Keyingi 8-yilda 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan.

Oxirgi 3-yilda yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga ko‘paygan. Natijada oldingi yillarda yillik o‘rtacha eksport 1 milliard dollarga ham yetmagan bo‘lsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan.

Viloyatda xitoylik investorlar tomonidan 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025-2027-yillarda jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bularning bari hududlarda ishsizlikni pasaytirib, kambag‘allik darajasini qisqartirish imkonini bermoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan.

Bunday natijalarni oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilindi.

Prezidentimiz tomonidan mazkur loyihalarni bekam-ko‘st amalga oshirishga ko‘maklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda.

Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor. 

Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik  investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.

Prezidentimiz loyihalar bilan atroflicha tanishib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

– Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashdi. Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlar “Toshkent invest” kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytildi.

Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash vazifasi belgilandi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin bo‘ladi.

Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bog‘dorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish mo‘ljallanmoqda. Bu mahallalarga “Agrostar” kompaniyasini bog‘lab, urug‘, ko‘chat va kafolatli xarid bo‘yicha odamlarga yordamlashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Toshkent viloyati yer va suvga juda boy. Bundan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish bilan birga ularni qayta ishlab, eksportini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg bilan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi.

O‘zbekiston – Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, Sankt-Peterburg shahri bilan iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi – o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra hududlar darajasidagi eksport-import hajmi 20 foizga oshdi. Poytaxtimizda Ishbilarmonlik markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Yangi Toshkent hududida “Peterburg mavzesi”ni barpo etish loyihasini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Rossiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi chog‘ida metallurgiya, uskunasozlik, yo‘l qurilishi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika hamda boshqa sohalarda 23 ta kooperatsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Xususiy tibbiyot, ta’lim, kommunal xo‘jalik, raqamli texnologiyalar, migratsiya va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Faol gumanitar aloqalarni davom ettirish va qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil oktyabr oyida ikki mamlakat hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishini samarali o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish choralari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda dunyoda moliyaviy texnologiyalar bozori tez sur’atda rivojlanyapti. Uning hajmi bu yil 300 milliard dollardan, 2030-yilga borib, 600 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Yurtimizda ham mazkur yo‘nalishda katta imkoniyatlar bor. 2018-yilda FinTech korxonalari 24 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 103 taga yetgan. Joriy yil mahalliy korxonalarimiz 260 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p.

O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida 1 mingta startapni qo‘llab-quvvatlash, “Open banking” tizimini joriy qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi aytilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi rejalar va takliflar yuzasidan axborot berdi.

Strategiyani puxta ishlab chiqish uchun, avvalo, me’yoriy-huquqiy baza, moliyaviy texnologiyalarning hozirgi holati, infratuzilma va kadrlar masalasi tahlil qilinmoqda. Singapurlik ekspertlar jalb etilib, xalqaro tajriba o‘rganilmoqda. Shu asosda bu sohadagi milliy tamoyillar shakllantiriladi, institutsional arxitektura va idoralararo hamkorlik tartibi belgilanadi. Yakuniy maqsad barqaror, inklyuziv va raqobatbardosh moliyaviy xizmatlar ekotizimini yaratishdir.

Bugungi kunda moliya bozorini sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarisiz rivojlantirib bo‘lmaydi. Tahlillarga ko‘ra, bular orqali banklar daromadini 20 foizga, moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirib, xavflarni 15 foizga kamaytirish mumkin.

Davlatimiz rahbari banklarning texnologik imkoniyatlarini kengaytirib, ulardagi raqamli xizmatlarni ko‘paytirish, fintex sohasidagi kompaniyalar va startaplarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Sohada muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinishi ma’qullandi. Bu chora-tadbirlar kelgusida O‘zbekistonning mintaqaviy fintex markaziga aylanishiga xizmat qiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Finlyandiya yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari Finlyandiya Prezidentining mamlakatimizga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik nuqtayi nazaridan atroflicha ko‘rib chiqildi.

Konstruktiv siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024-yilda tovar ayirboshlash 24 foizga oshdi. 2022-yildan mamlakatimizda Finlyandiyaning «Nordik» universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi, kimyo, energetika, konchilik, telekommunikatsiya va boshqa innovatsion tarmoqlarda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, jumladan, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Aniq loyihalarni tayyorlash uchun Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Nizolarni xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan hal etish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Yerdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Oxirgi besh yilda yer hisobini yuritish bo‘yicha yangi tizim yaratildi, qisqa vaqtda mamlakatimizdagi 45 million gektarga yaqin yer maydonidan 42 million gektari, ya’ni 94 foizi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 26 million gektardan ziyod yerlarning 88,4 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Taqdimot davomida ilgari fuqarolar va tashkilotlar foydalanishida bo‘lib, tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan bo‘sh yerlarning hisobini alohida yuritish zarurligi ta’kidlandi. Bunday yerlarni qisqa muddatda auksionga chiqarish bo‘yicha inson omilisiz ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida yerga ijara huquqini bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi, yerga nisbatan qayta ijara, ikkilamchi ijara institutlari kiritildi.

Endilikda ijaraga berilgan yerlarni qisman qayta ijaraga berishga, ya’ni bir qismini o‘zida olib qolib, qolgan qismini boshqa ijarachiga o‘tkazishga ham ruxsat beriladi. Ilgari bu uchun yerni davlatga qaytarish va yangidan auksionga chiqarish lozim edi.

2021-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari faqat ijara huquqi bilan ajratilmoqda. Yig‘ilishda 2027-yil 1-yanvargacha qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan barcha yerlarni ijara huquqiga o‘tkazish lozimligi ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar – yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki qurishga ruxsat beriladi.

Buning uchun avval yer tuzish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Ushbu loyiha qurilishga ruxsat berish paytida yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.

Bu yangilik qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni ochadi, bog‘bon o‘zi bog‘ining bir chetida mevani saqlash joyi, chorvador o‘z yaylovining bir qismida chorva mollari va chorva ozuqasini saqlash joylari qurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish, ijarachilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, sohaga bozor munosabatlarini yanada keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha farmon imzolandi, qonunosti hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi belgilandi.

Posted on Leave a comment

Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-sentyabr kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bog‘liq. Shu maqsadda yurtimizda bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy o‘quv dasturlarini qo‘llash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.

O‘qituvchilarning oylik maoshiga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog 10-12 million so‘m maosh olyapti. Yangi baholash tizimi bo‘yicha ijobiy natija ko‘rsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Shu oydan maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi.

Yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz o‘g‘il-qizlari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan. Xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paygan.

Yig‘ilishda sohadagi islohotlarni davom ettirib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligi ta’kidlandi.

Bu yil maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni ta’mirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi. 

Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqariladi. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy qilinadi.

Yangi bino, sharoit bilan birga bog‘cha xodimlarining salohiyati ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerak. Yoz mavsumida 118 ming nafar tarbiyachining malakasi oshirildi. Lekin bu hali kam. Davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiylarida esa 24 foizi oliy ma’lumotli.

Shu bois, yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib keladi.

Kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari-barpo qilinadi.

Yig‘ilishda maktab ta’limidagi sharoit bilan-bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

So‘nggi uch yilda iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilingan. Lekin 12 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari hali yakunlanmagan.

Olis hududlardagi 74 ming o‘quvchi maktabga 5-7 kilometrdan qatnayapti. Qashqadaryo va Surxondaryodagi 100 ta maktabga bepul avtobus qo‘yilgan. Bu zarurat boshqa viloyatlarda ham ilgari surilmoqda.

O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda informatika dars soatlari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflarga sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi. Buning uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlanishi aytildi.

Iqtidorli yoshlarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida-Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ular hududlardagi texnika oliy o‘quv yurtlariga biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ularning 2-kursiga qabul qilinadi.

Keyingi yil maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli 2 ta – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

Mutasaddilarga shu boradagi vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yoshlar tarbiyasi va bandligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, endi yosh toifalari bo‘yicha milliy tarbiya modeli yaratiladi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis, milliy qadriyatlarga sodiq inson bo‘lib tarbiyalanadi.

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan haftalik mavzularidan kelib chiqib, qiziqarli videoroliklar yaratiladi. Ular “Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirib boriladi.

Yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama shakllantirishda maktabdan tashqari ta’lim va sportning ahamiyati katta. Shu bois, ushbu tizimni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Mazkur markazlar maktablar bilan uzviylikni jonlantirib, o‘quvchilarni muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga jalb qiladi.

Buning uchun har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Ular o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi. Ushbu to‘garaklar va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha yoshlarning “raqamli portfolio”si shakllantirilib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi.

Davlatimiz rahbari yoshlarimizni kasb-hunarli qilib, doimiy daromad topishi uchun sharoit yaratish eng dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

Yurtimizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Lekin ularga yoshlarning qiziqishi, kasb topish ko‘rsatkichi yuqori emas. Shuning uchun Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi asosida barcha texnikumlarga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish zarurligi ta’kidlandi.

Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Endi investorlar buyurtmasi bilan texnikumlarda kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.

Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kasbga o‘rgatuvchi ustaxonalar tashkil qilish, xorijiy tillarni o‘qitishni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar va pedagoglar bilan muloqot bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston futbolchilari mintaqaviy kubokni qo‘lga kiritdi



Poytaxtimizdagi Olimpiya stadionida “CAFA Nations Cup” turnirining final o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Finalda O‘zbekiston va Eron milliy jamoalari bahs olib bordi. Asosiy vaqtda gol urilmagach, qo‘shimcha taymlar belgilandi. Ular ham durang bo‘lib, o‘yin penaltilar seriyasiga qarab ketayotgan paytda O‘zbekiston g‘alaba golini kiritdi. 120-daqiqada qanotdan oshirilgan to‘pni Hojiakbar Alijonov boshi bilan raqib darvozasiga yo‘lladi.

Shu tariqa O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2025-yilgi “CAFA Nations Cup” g‘olibi bo‘ldi.

Muzaffar futbolchilarimizga oltin medallar va kubokni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirdi. Taqdirlash marosimida FIFA rahbari Janni Infantino va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi.

Ushbu kubok o‘yinlari jahon chempionatiga chiqqan futbolchilarimiz uchun yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘tadi. Yana bir quvonarli tomoni, milliy terma jamoamizning Eronga qarshi 13 yillik g‘alabasiz seriyasiga yakun yasaldi. 2023-yilda o‘tkazilgan birinchi shunday musobaqada ham O‘zbekiston finalda aynan Eronga 0:1 hisobida yutqazgan edi.

CAFA — Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasidir. CAFA kubogi har ikki yilda o‘tkaziladi. Bu yilgi musobaqada, shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Hindiston, O‘mon terma jamoalari qatnashdi.

Ta’kidlash joizki, bu musobaqa yaqinda qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasida o‘tkazilgan ilk xalqaro turnir bo‘ldi va mamlakatimiz sportchilari uchun g‘alaba bilan boshlandi. Bunda ramziy ma’no va xayrli tilaklar namoyon bo‘ldi. Bunday stadionlar, sportga qaratilayotgan e’tibor yurtimizga doim g‘alabalar olib kelaversin.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti FIFA bilan sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qildi.

Suhbat avvalida FIFA prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va xalqini tarixiy voqea – milliy terma jamoamiz 2026-yilda AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi. Ushbu haqli yutuq mamlakatimizda olib borilayotgan samarali islohotlar, sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va har tomonlama ko‘makning amaliy natijasi ekani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan, eng avvalo, futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash borasidagi sermahsul hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Futbolni, birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

FIFAning texnik ko‘magida zamonaviy Milliy futbol markazi, shu jumladan, innovatsion yechimlarni joriy etgan holda raqamli futbol bo‘yicha situatsion markaz tashkil etildi.

O‘tgan yili mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zbekistonda FIFAning yirik musobaqalari va tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti o‘zbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Posted on Leave a comment

Ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlari izchil rivojlantirilmoqda. Yangi ta’lim maskanlari qurilib va zamonaviy jihozlanib, yoshlarning bilim olishiga barcha sharoit yaratilmoqda. O‘quv dasturlari yangilanib, eng ilg‘or tajribalar joriy etilmoqda.

Lekin bu uzluksiz jarayon. Iqtidorli bolalarga ixtisoslashgan bilim berish, yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish doimiy e’tiborni talab etadi.

Taqdimotda shu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bayon qilindi.

Ma’lumki, ma’naviy-tarbiyaviy ishlar ta’limning bir qismi. Ammo hozirda ta’lim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yo‘q.

Shu bois, bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.

So‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan.

Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7-yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.

2026-2028-yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5-yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

2026-yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.

Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.

Yana bir yangilik o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.

Shu bois, joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.

Yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.