Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari sunʼiy intellekt boʻyicha xakatonga tashrif buyurdilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining universal sport majmuasida oʻtkazilayotgan “National AI Hackathon” – sunʼiy intellekt boʻyicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.

Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.

Yetakchilarga raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, “Raqamli hukumat” tizimi, transport, bojxona, soliq, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi yechimlarni oʻz ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.

Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston startaplarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Davlat rahbarlari “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.

Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, “UZUM”, “TBC Bank”, “Aloqabank”, “HUMO”, “UZCARD” faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar tinglandi.

Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy toʻlov yechimlarining rivojiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbarlariga xakaton oʻtkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliy qoʻllashga boʻlgan ishtiyoqi yuqori baholandi.

Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.

Posted on Leave a comment

Oliy martabali mehmonga hududlarni rivojlantirish va boshqarishning zamonaviy yondashuvlari taqdimot qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar.

Mamlakatimizda joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini ularni yagona manzilda jamlagan holda tashkil etishga qaratilgan mahalliy davlat boshqaruvining yangi modeli izchil joriy etilmoqda. Bunday yondashuv idoralar faoliyatining oʻzaro muvofiqlashuvini oshirish, qarorlar qabul qilishni tezlashtirish va aholini oʻylantirayotgan muammolarni yanada samaraliroq hal qilishga xizmat qiladi.

Viloyat boshqaruvining intellektual oʻzagiga aylangan zamonaviy situatsion markaz Buxoroning yangi maʼmuriy markazida tashkil etildi. Bu yerda dastlabki bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa tuzilmalar joylashgan.

Markazda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan tortib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kommunal va transport infratuzilmasi, jamoat xavfsizligi holati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashgacha, umuman, viloyat hayotining barcha jabhalari boʻyicha maʼlumotlar real vaqt rejimida shakllanadi, qayta ishlanadi va tizimli ravishda tahlil qilinadi.

Oliy martabali mehmonga markazning hududlar kesimida vaziyatni kompleks monitoring qilish, muammoli nuqtalarni barvaqt aniqlash, joylardagi ish samaradorligini xolis baholash va belgilangan vazifalarning bajarilishini qatʼiy nazorat qilish boʻyicha imkoniyatlari aniq misollar asosida koʻrsatib berildi.

Shundan soʻng yetakchilar hokimlik xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdilar. Yangi bino zamonaviy ish joylari, majlislar zallari, raqamli infratuzilma bilan jihozlanib, davlat idoralarining samarali va uygʻun boʻlib ishlashi uchun barcha zarur qulayliklar taʼminlangan.

Tashrif davomida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari ham ko‘rsatildi. Bu O‘zbekistonda aniqlangan, Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy va Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim maqbaralariga aloqador 1920–1950-yillarga oid qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallardir.

Qardosh qozoq xalqiga va ikki mamlakatning umumiy tarixiga hurmat belgisi sifatida ushbu arxiv hujjatlarining nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi.

Hozirgi kunga qadar aksariyati ilmiy muomalaga kiritilmagan bu materiallar katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Noyob me’morchilik yodgorliklari bo‘lgan Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralari Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar

Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston – Qozogʻiston doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentini yangi Konstitutsiya boʻyicha referendum muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oʻtgan yil noyabr oyida Qozogʻiston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi.

Tovar ayirboshlash barqaror oʻsib, oʻtgan yili 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Transport va logistika sohasida oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, toʻsiqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni taʼminlaydigan samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qatʼiyligini bildirdilar.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini oʻtkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.

Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari sport nafaqat musobaqa, balki sogʻlom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuch ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, soʻnggi toʻqqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi ish boshladi. Sport bilan professional shugʻullanuvchi yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya boʻyicha esa 3 barobar koʻpaydi.

Birgina oʻtgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.

Yigʻilishda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham chuqur tahlil qilindi.

Bugun olimpiada sport turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan 26 ta federatsiya rahbarlari va hokimlar joylardagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solmagani tanqid qilindi. Xususan, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatining imkoniyatlaridan samarali foydalanilganda, chempion tayyorlash va musobaqalarga litsenziya qoʻlga kiritish borasida natijalar yanada yuqori boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada ijobiy tajribalar ham qayd etildi. Masalan, Zarbdor tumanida oʻtgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilgan. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashtirilgan. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni va fitness klub tashkil qilingan. Natijada Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi boʻyicha joriy yilgi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Mutasaddilarga Zarbdor tajribasini oʻrganib, uni barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Ayrim maktablarda toʻgaraklar faqat nomiga tashkil etilgani, shu bois, ularga 3-4 nafardangina bola qatnashib kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, oʻtgan yili Jizzax, Qashqadaryo va Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni ham bajara olmagan.

Hokimlar oldiga har bir maktabda sport toʻgaraklari uchun zarur sharoit yaratish, qamrovni oshirish va bolalarni sportga keng jalb etish vazifasi qoʻyildi.

Bugun ayrim ixtisoslashgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgan. Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqoʻrgʻondagi bitta sport maktabichalik emas. Jarqoʻrgʻon sport maktabi oʻtgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan boʻlsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda jami 1 ta medal bor, xolos.

Shu munosabat bilan har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarining ish uslubini oʻzgartirish, oʻsish nuqtalarini aniq belgilash, ularning oylik maoshini tarbiyalanuvchilar natijasiga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.

Qolaversa, yuqori natijaga erishgan sport maktablarini amaldagi ragʻbatlantirishdan tashqari yana 500 million soʻmdan alohida mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantirish ishlari ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktirish ishlari yetarli emasligi qayd etildi. Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada ishlamayotganini anglatadi.

Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini oʻrganish, sportni rivojlantirish boʻyicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda alohida sport turlari kesimida ham natijalar va muammolar tahlil qilindi. Xususan, oʻq otish bazasida zarur sharoitlar yaratilgani tufayli ushbu sport turida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika va suzishda ham ijobiy siljishlar borligi eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shugʻullanuvchilar soni 100 nafarga ham yetmasligi, batut va akrobatika boʻyicha salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotgani, tennis va ot sportida natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.

Bugun sportchilarni jarohatdan tiklash, mushak holatini tekshirish va funksional tahlil qilish ishlari asosan xorijda amalga oshirilayotgani, federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni chetdan jalb qilishga majbur boʻlayotgani ta’kidlandi.

Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi tegishli sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Ular har oy terma jamoa aʼzolarining sogʻligʻini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi, jismoniy yuklamani ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport bilan faol shugʻullanuvchi aholi orasidan “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusi tashkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va sogʻlom turmush tamoyillarini targʻib qiladi.

Har bir tumanda ushbu tizimda eng namunaviy boʻlgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 million soʻmgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama toʻlanadi.

Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv mashgʻulotlar, jumladan, kross-fit ommalashayotgani qayd etildi. Shu bois, 1-maygacha barcha maktab va texnikumlarda bu boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.

Yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish boʻyicha yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi oʻz xodimlarining sport bilan shugʻullanishi uchun namuna boʻlishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.

Shu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar oʻrtasida respublika birinchiliklari oʻtkaziladi.

Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar oʻz ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda soligʻi bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Yigʻilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi maʼlum qilindi.

Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga koʻra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, sport yoʻnalishidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun toʻgaraklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. Toʻgaraklardan tushgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.

Yigʻilishda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportchi va murabbiylar natijalarini tahlil qilish, mashgʻulotlar rejasini tuzish imkonini beradigan yagona platforma yaratish topshirildi.

Sport sohasidagi ilmiy ishlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan boʻlishi, natijasi toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga joriy qilinishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari koʻpaysa, bunday olimlar 100 million soʻmdan mukofotlanadi.

Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa oʻtkaziladigan sport turlari 2 karra koʻpaytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport boʻyicha ham tashkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi oʻz hududida Hokim olimpiadasini oʻtkazadi. Ularning gʻoliblari Prezident olimpiadasiga yoʻllanma oladi.

Adaptiv sport turlari boʻyicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport boʻyicha tayanch oliygohga aylanadi.

Prezidentimiz parasportchilarimiz erishayotgan natijalarda ularga tun-u kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Endi oʻquv-yigʻinlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportchiga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh toʻlanadi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi boʻlish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarurligini taʼkidladi.

Shu nuqtayi nazardan, futbol boʻyicha milliy chempionat oʻyinlarini tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ayrim oʻyinlar ish vaqtida oʻtkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.

Oʻyinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qoʻshimcha xizmatlar, musiqiy va koʻngilochar tadbirlar tashkil etish, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab ahvolda boʻlgani sababli toʻliq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari boʻyicha ham seksiyalar tashkil etish, Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuzish taklifi maʼqullandi.

Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.

Posted on Leave a comment

Davlat va jamoat arbobi Vyacheslav Arkadyevich Golishev vafoti munosabati bilan hamdardlik

Davlat va jamoat arbobi Vyacheslav Arkadyevich Golishev shu yil 7-aprel kuni 75 yoshida vafot etdi.

Vyacheslav Golishev 1951-yil 4-mayda Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida tugʻildi. 1972-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tugatib, iqtisodchi mutaxassisligini oldi. 1980-yilda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomladi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Mehnat faoliyatini matbaa sohasida iqtisodchi sifatida boshlab, keyinchalik Toshkent xalq xoʻjaligi instituti, Oʻzbekiston Davlat reja qoʻmitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishladi.

1992-1995-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori oʻrinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. V.A.Golishev 2005-2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari lavozimlarida mehnat qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashning muhim yoʻnalishlariga rahbarlik qildi.

Davlat boshqaruvi sohasidagi faol va tashabbuskor xodim sifatida koʻp yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishlab, oʻzining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etdi. Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashdi.

Bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylandi, parlamentarizm, mamlakatimizdagi oʻzgarishlarning qonunchilik bazasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshdi.

Yangi avlod iqtisodchi kadrlarini tayyorlash borasida ham faol ish olib bordi.

Vyacheslav Golishevning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Davlat va jamoat arbobi, iqtisodiyot sohasidagi yirik olim va mutaxassis, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Vyacheslav Arkadyevich Golishevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh. Mirziyoyev, T. Norboyeva, N. Ismoilov,

A. Aripov, Sh. Ayupov, S.Turdiyev

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya bilan parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatladi

7-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ikki mamlakat parlamentlari faol hissa qoʻshayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Parlamentlar yuqori palatalari hamkorligi boʻyicha komissiyaning yigʻilishlari har yili oʻtkazib kelinmoqda. MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi aloqalar ham samarali yoʻlga qoʻyilgan.

Muloqot yakunida O‘zbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Posted on Leave a comment

Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yanada kengaytiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashini hamda bandligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yil 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish hamda yoshlarni jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida bugun muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga oʻrgatish va sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga oʻqishga kirib, masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shu bilan birga, namunali xizmat oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi oʻrinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik oʻquv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qoʻshib beriladi.

Yigʻilishda harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish, bu borada ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi.

Xususan, joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining gʻolibi boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻzaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan ragʻbatlantiriladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Yangi chora-tadbirlar yurtimiz taraqqiyoti uchun yuqori bilim, malaka va intellektual salohiyatli hamda vatanparvar kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Yigʻilishda, shuningdek, mudofaa vaziri mamlakatimiz harbiy xavfsizligini kuchaytirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosining borishi toʻgʻrisida axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. Xususan, oʻtgan yili qariyb 30 trillion soʻmlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion soʻmdan ortiq tushum taʼminlandi. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham izchil oshib, 6 trillion soʻmlik natijaga erishildi.

Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion soʻm, mahallalarda esa 7 milliard soʻm mablagʻ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion soʻm dividend toʻladi. Umuman, soʻnggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaydi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eng avvalo, xususiylashtirish jarayonlarida ish oʻrinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi boʻyicha talablarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻtgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi.

Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida zamonaviy raqamli vositalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi. Moliyaviy holati ogʻirlashgan 451 ta korxona 2024-yilda 14 trillion soʻm, oʻtgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion soʻm zarar koʻrgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Xususiylashtirishda tahliliy yondashuv yetarlicha qoʻllanilmayotgani qayd etildi. Bundan buyon mazkur jarayon tarmoq yondashuvi asosida tashkil etilib, har bir soha alohida tahlil qilinishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanishi, raqobat muhiti oʻrganilishi hamda takliflar shu asosda ishlab chiqilishi belgilandi.

Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, boʻsh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish boʻyicha mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat koʻchmas mulki obyektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga oʻtkazish, bir xodimga toʻgʻri keladigan oʻrtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, boʻsh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.

Yigʻilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga toʻliq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2022-2025-yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani taʼkidlandi.

Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun “E-auksion”, “Yerelektron”, Oʻzbekkosmos agentligi, “Shaffof qurilish” va “UzKAD” kabi axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endilikda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sunʼiy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Soliq maʼmurchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga byudjetga tushumlar iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham mazkur natijalarga soliq maʼmurchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini eʼtirof etmoqda. Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion soʻmga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Yigʻilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz raqamli tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qoʻshimcha 30 trillion soʻm tushumni taʼminlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga taʼminlanishi mumkin.

Bozorlar va savdo majmualarida nazorat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yoʻnalishdagi imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo subyekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortigʻi tovar aylanmasini oyiga 1 million soʻmdan kam koʻrsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi boʻyicha ijara shartnomalari hisobga qoʻyilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming soʻmdan kam soliq toʻlagan.

Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini toʻliq raqamlashtirish hisobiga qoʻshimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni oʻzaro integratsiya qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda strategik boʻlmagan yirik soliq toʻlovchilarga hududlarda xizmat koʻrsatish masalasi haqida ham soʻz bordi.

Xususan, 209 mingta QQS toʻlovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat koʻrsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik boʻlmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga oʻtkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq toʻlovchilarga joyida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq maʼmurchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq toʻlash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvaragʻiga oʻtish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq toʻlovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard soʻm jarima qoʻllanilgani, soliqlarni toʻlashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yoʻl qoʻyilgani aytildi.

Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha toʻlov va penya qoʻllash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trillion soʻm mablagʻni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni koʻrib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.

Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qoʻnimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy ragʻbatlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan boʻlsa, oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 700 nafari qayta oʻqitilgan.

Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz taʼlimni yoʻlga qoʻyish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish boʻyicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari soliq maʼmurchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sunʼiy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Soliq tizimi faoliyatini “tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston geologiya sohasi xodimlariga

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni – ko‘pmillatli geologlar, muhandis va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilar jamoasini qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning murakkab tabiiy sharoitlarda fidokorona mehnat qilib, yangi-yangi konlar, mineral xomashyo manbalarini topish, ularni mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida ishlatish borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Ana shunday sa’y-harakatlaringiz tufayli yurtimizda umumiy bahosi taxminan 3 trillion dollarga teng 2 ming 500 dan ortiq kon va 3 mingdan ziyod istiqbolli maydonlar aniqlangani O‘zbekiston ulkan qazilma boyliklar xomashyo bazasiga ega ekanidan dalolat beradi.

Keyingi yillarda ana shu zaxiralarni o‘zlashtirish va shu asosda iqtisodiyotimiz rivojiga qudratli turtki berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, sohaga xalqaro standartlar joriy etilib, investitsiyaviy jozibadorlik oshirilmoqda, oltin, kumush, mis, uran, uglevodorod konlari va maydonlari xorijiy sarmoyadorlar uchun ham taqdim etilmoqda, soliq stavkalari pasaytirilmoqda. Shu bois dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar mamlakatimizga faol investitsiya kiritmoqda. Hozirgi vaqtda ular bilan hamkorlikda umumiy qiymati 30 milliard 700 million dollar bo‘lgan 90 ta loyiha amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir.

Bugungi kunga qadar 1 ming 458 ta foydali qazilma obyekti onlayn auksion orqali sotildi. Buning hisobidan davlat budjetiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi, 100 mingga yaqin yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi.

So‘nggi o‘n yilda davlat budjetidan 8 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani 2 mingga yaqin texnika va texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv uskunalarini 70 foiz yangilash imkonini berdi.

Mamlakatimizda vertolyot va dronlar yordamida aerogeofizika ishlari yo‘lga qo‘yilgani, zamonaviy 3 D o‘lchamli seysmik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini 9 kilometrgacha chuqurlikda geofizik o‘rganish imkoniyati yaratilgani soha rivojida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Sohada raqobat va shaffoflik muhiti shakllanmoqda. Uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan milliy geologiya maktabi va ta’lim tizimi qayta tiklandi, zamonaviy talablarga mos bo‘lgan Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Ilg‘or xorijiy maktablarning ilmiy salohiyatidan foydalanish va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash maqsadida Kompetensiyalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ana shunday keng ko‘lamli ishlarimiz tufayli 2016-2025 yillarda 1 ming 900 dan ziyod yangi konlar ochildi. Agar 2016 yilda tasdiqlangan uran zaxiralarimiz 97 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda yana 16 ta yangi kon aniqlanib, zaxira 140 ming tonnaga yetkazildi.

Yaqinda Olmaliqda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan yangi mis boyitish fabrikasini ishga tushirdik.
Hech shubhasiz, bunda ham siz, zahmatkash geologlarning alohida xizmatlaringiz borligini, ana shu megaloyiha natijasida 6 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgani, korxona hisobiga yiliga 5 milliard dollar mablag‘ kelib tushishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Hurmatli soha xodimlari!

Biz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida geologiya sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham kelgusi vazifalarni aniq belgilab oldik. Yurtimizning mineral xomashyoga boy, istiqbolli hududlarini geologik jihatdan o‘rganishni kengaytirish, oltin ishlab chiqarishni – 1,5 barobar, kumushni – 3 karra, misni – 3,5 marta, uran, temir va ko‘mirni – 3 hissa oshirishni maqsad qilganmiz.

Siz, jonkuyar va matonatli geologlarning katta bilim va tajribangiz, mustahkam iroda va mehnatsevarlik fazilatlaringiz hisobidan bu yuksak marralarga albatta erishamiz, deb ishonaman.

Soha xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli faoliyatini munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli ishlaringizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti