Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Ostona shahriga keldi.

Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Bugun O‘zbekiston yetakchisi «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi navbatdagi sammitda ishtirok etadi va Xitoy Raisi bilan muzokara o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

Prezident amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida ishtirok etish uchun Ostona shahriga jo‘nab ketdi.

Bo‘lajak tadbirda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

Davlatimiz rahbari Xitoy Raisi bilan ham muzokara o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun 17-iyun kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.

Tadbirda mintaqa davlatlari rahbarlari va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Yakunda qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Sammit doirasida O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisi bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, bu formatdagi birinchi sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2023-yil may oyida Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan edi.

Posted on Leave a comment

Islohotlar natijadorligi tahlil qilinib, qo‘shimcha vazifalar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish boshida joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. Bu davrda sanoat 6,4 foiz o‘sgan, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshgan. Qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushgan. 2 million 400 ming odam daromadli bo‘lgan.

Shu bilan birga, dunyoda turli mojarolar avj olayapti, savdo aloqalari va logistika qiyinlashayapti. Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti.

Shuning uchun hokimlar va vazirlar imkoniyatlarni to‘g‘ri baholab, tashabbus ko‘rsatib ishlashi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, muammolarni tez-tez hal qilib berishi zarur.

Yig‘ilishda bu masala hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Lekin ayrim oddiy masalalarni hal qilish uchun ham viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak. Yoki, vakolati va mablag‘i yetarli bo‘lgan tashkilotlar o‘zini “nazoratchi” deb bilib, aholining og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanmayapti.

Vazirlar, hukumatdagi mas’ullar tartib-intizomga qattiq e’tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayapti. Sud qarorlari vaqtida bajarilmayotgani yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.

Yilning qolgan davrida 26,5 milliard dollar investitsiya kiritilishi, 1 sentyabrgacha 3,3 milliard dollarlik 35 ta yirik loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi. Ular bo‘yicha ham tizimli ish olib borish kerak.

Shu bois yig‘ilishda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Berilgan mablag‘larning faqat to‘g‘ri sarflanishi emas, balki nima samara bergani, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lgani ham o‘rganiladi. Palata bu tahlillardan kelib chiqib, davlat rahbariga takliflar kiritadi. Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatiladi.

Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portali butun respublikada ishga tushiriladi. Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘ladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.

Oxirgi paytlarda Xalq qabulxonalari aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga, murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi vositachiga aylanib qolgan edi. Joylardagi muammolar hal bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan.

Prezidentimiz aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi.

– Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Xalq qabulxonalari tarkibi fidoyi mutaxassislar bilan to‘ldirilishi aytildi. Endi Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qiladi. Ular har kuni ishini aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi. Bugun tug‘ilgan muammoni keyinga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan, shu joyning o‘zida hal qiladi. Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi.

Masalan, hokimda tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni rag‘batlantirish, sustrog‘ini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha vakolat yo‘q. Hokim ham, o‘rinbosarlari ham ko‘p vaqtini yig‘ilish o‘tkazishga sarflayapti.

Quyi bo‘g‘indagi shtatlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas. Tarmoq tashkilotlari ko‘p yillik rejalar dasturini qilib, tashabbus ko‘rsatmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora.

– Tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari shunga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Endi tumanlarda yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgaradi. Bu yil Surxondaryo viloyatida hamda 16 ta hududda – Bektemir, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida yangicha boshqaruv joriy etiladi.

Ya’ni, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar masalalari bo‘yicha 9 ta davlat idorasining tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi. Ulardagi jami shtatlarni taqsimlash, ishga olish va bo‘shatishni hokim hal qiladi. Tumanlar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar manbasi ko‘paytiriladi.

Endi hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Tuman yo shaharning rivojlanish rejasiga qarab, qaysi soha bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lishini uning o‘zi belgilaydi. Hokim o‘rinbosariga aniq vazifalar yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.

Hokim va uning o‘rinbosarlari samaradorlik ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aks holda, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi.

Tumanda soha mutasaddilari va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” tuziladi. U orqali mahallalar kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlanadi. Kelgusi yil uchun budjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.

Bu yangi tajriba, natijalarga qarab, kelgusi yildan butun respublikamizda yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

Lekin, o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmaganlarga chora ko‘riladi. Ana shunda, hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi.

Yig‘ilishda hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Soliq ma’murchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligini va ish o‘rni yaratishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Mahallalarga suv olib borib, meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali eksportni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. O‘rmon va yaylovlardan chorvachilikda foydalanib, go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash chora-tadbirlari belgilandi.

Shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil qilib, tirbandlik va avtohalokatlarni kamaytirishning ahamiyati qayd etildi. Odamlar sayr qiladigan joylar, yashillik va bolalar maydonchalarini ko‘paytirib, xalqni rozi qilish talabi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir, hukumat a’zolari va hokimlar axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Euronews» direktorlar kengashi raisi Pedro Vargasni qabul qildi



Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Euronews» media xoldingi direktorlar kengashi raisi Pedro Vargasni qabul qildi.

Ushbu yetakchi kompaniya bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, «Euronews»ning keng auditoriyasini O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, mamlakatda ro‘y berayotgan muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar, shuningdek, uning investitsion va turizm salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari qo‘shma axborot loyihalarini amalga oshirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi faol sa’y-harakatlarni, shuningdek, «Euronews» Toshkent shahrida o‘z ofisini ochishni rejalashtirayotganini olqishladi.

«Euronews Academy» dasturi doirasida o‘zbekistonlik jurnalistlarni ilg‘or professional standartlar asosida o‘qitish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Barcha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa biznesi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi



Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Standard Chartered», «International Hospitals Group», «LVMH», «Airbus» kabi Yevropaning qator yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari forumda Yevropa davlatlaridan ishtirokchilar sonining ko‘paygani tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanidan dalolatligini ta’kidladi.

Yevropa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni va investitsiyalar portfeli ko‘payib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Faol madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm almashinuvlari yo‘lga qo‘yilgan.

«Standard Chartered» kompaniyasi rahbari Saif Malik bilan kichik biznes va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston banklari tomonidan yangi kredit liniyalarini o‘zlashtirish bo‘yicha sheriklikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

“International Hospitals Group” boshqaruvi raisi Chester King bilan klinika qurish rejalari, shuningdek, O‘zbekistondagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish masalalari muhokama qilindi.

Toshkent-sitida “LVMH” flagman do‘konini ochishni tezlashtirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi ipak va tabiiy xomashyo ishlab chiqaruvchilarni kompaniyaning ta’minot zanjiriga kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Airbus” kompaniyasining Yevropadagi prezidenti Yoxan Pelise bilan suhbatda aviatsiya sohasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Uzoq muddatli Hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Yevropa kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul va mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda bundan buyon ham ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan davlat bayrami – Rossiya kuni bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat hududlari darajasidagi faol almashinuvlar va amaliy hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyada madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi



Toshkent investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yaponiyaning ushbu yetakchi moliyaviy instituti ishtirokidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

JBIC mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga hissa qo‘shayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli, shu jumladan neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, energetika, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda qariyb 4 milliard dollarga yetdi.

Yangi uch yillik hamkorlik dasturi doirasida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida «yashil» energetika, IT, transport va sog‘liqni saqlash sohalarida kooperatsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda Yaponiya xalqaro universitetini ochish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida kompleks «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etayotgan Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga Afg‘oniston rahbariyatining samimiy salomini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalarda, shuningdek, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda, ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida biznes tashriflari va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazilmoqda. Termiz shahrida Xalqaro savdo markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida savdo uylari ochildi.

O‘zbekiston rahbari iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, «Hayraton» sanoat markazini tez fursatda barpo etish, u yerda farmatsevtika, mebelsozlik, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Transafg‘on temir yo‘li va «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish kabi yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari qo‘llab-quvvatlandi.