Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ostonaga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga keldi.

Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Bugun O‘zbekiston yetakchisi «Markaziy Osiyo – Italiya» sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitida ishtirok etadi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 30-may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Italiya» formatidagi oliy darajadagi sammitda ishtirok etadi.

Tadbirda mintaqa mamlakatlari yetakchilari va Italiya Bosh vaziri ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo «yashil» iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, fan va ta’lim sohalarida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Posted on Leave a comment

Yetakchilar «O‘zbekiston va Italiya: sivilizatsiyalar muloqoti» ko‘rgazmasini borib ko‘rdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni Samarqand shahridagi Kongress markazida tashkil etilgan «O‘zbekiston va Italiya: sivilizatsiyalar muloqoti» ko‘rgazmasini tomosha qildilar.

Noyob ekspozitsiya ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqur tarixiy, ilmiy va madaniy aloqalarga bag‘ishlangan. U «Rim va Kushon imperiyalarining savdo munosabatlari», «Birinchi Uyg‘onish davri», «Marko Polo», «Amir Temur», «Mirzo Ulug‘bek» va «Zahiriddin Muhammad Bobur», «XIX asrda O‘zbekistondagi italiyaliklar», «Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonliklarning Italiyani ozod qilishga qo‘shgan hissasi», «O‘zbekiston va Italiya: madaniy merosni asrash» kabi 9 ta mavzuli bo‘limdan tashkil topgan.

Mehmonlarga Afrosiyobning «Samarqand hukmdori tomonidan elchilarni qabul qilish marosimi» nomli devoriy suratning mashhur italiyalik usta Mauro Pellitsonni tomonidan Florensiya mozaikasi uslubida ishlangan noyob nusxasi namoyish etildi.

Shuningdek, yetakchilar turli tarixiy yodgorliklar, grafik tasvirlar, qo‘lyozma va miniatyuralar, nodir adabiy nashrlar, haykallar, arxiv suratlari va hujjatlari bilan tanishdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklikni mustahkamlamoqda



Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.

Ular huzurida tashrif doirasida imzolangan, jumladan:

– investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida;

– strategik ahamiyatga ega xomashyo sohasida hamkorlik to‘g‘risida;

– migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida;

– barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, madaniy merosni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida;

– Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bilan hamkorlik, «Sogesid» va «Ansaldo» kompaniyalari bilan «yashil» rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida;

– Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi ham o‘tkazildi.

Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Italiya Milliy tadqiqotlar markazi, «SIMEST» va «Danieli» kompaniyalari, Peruja universiteti hamda boshqa tashkilotlar bilan qator hujjatlar imzolandi.

Posted on Leave a comment

Italiya Bosh vazirini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi



Samarqand shahrida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Posted on Leave a comment

“Tashkent Law Spring” to‘rtinchi xalqaro yuridik forumi ishtirokchilariga



Hurmatli Forum ishtirokchilari!

Hurmatli mehmonlar!

Avvalambor, sizlarni “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” mavzusidagi “Tashkent Law Spring” IV xalqaro yuridik forumining ochilishi bilan samimiy qutlayman.

Anjumanda jahonning nufuzli tashkilotlari va 40 dan ortiq davlatlaridan yuqori martabali delegatlar, yetakchi oliygohlar va “aql markazlari”ning taniqli olimlari va ekspertlari ishtirok etayotgani uning nufuzi va ahamiyati tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Yuksak texnologik taraqqiyot jarayonida inson manfaatlari va adolat tamoyillariga amal qilish, samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, raqamli suverenitetni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Texnologiyalar va virtual munosabatlar shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan bugungi kunda sun’iy intellekt kabi taraqqiyotning eng ilg‘or yutuqlarini umumbashariyat manfaatlari yo‘lida oqilona va samarali foydalanish zarur, deb hisoblaymiz.

Yangi O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar yordamida davlat boshqaruvi modernizatsiyasi va davlat xizmatlarini elektronlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hisobiga “xizmat ko‘rsatuvchi davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor berilmoqda.

Oddiy odamlarga keng qulayliklar yaratayotgan sun’iy intellekt hayotimizga chuqur kirib kelmoqda. Shuni inobatga olib, biz Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini qabul qildik, onlayn-rejimda ishlovchi platformalar hamda integratsiyalashgan bilimlar bazalarini ishga tushirdik.

Shaxsiy daxlsizlik huquqi va taraqqiyot ehtiyojlari o‘rtasida nozik muvozanatni topish, intellektual mulk himoyasi, sohada qulay investitsiyaviy muhitni ta’minlash, shuningdek, yangi voqelik – “raqamli dunyo” sharoitida davlatlarning huquqiy transformatsiya jarayonlariga muvaffaqiyatli o‘tishi, ayniqsa, sun’iy intellekt yo‘nalishida tizimli hamkorlikni kuchaytirish va undan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qoidalar ishlab chiqish ustuvor ahamiyatga egadir. Ushbu innovatsion huquqiy asos mazkur sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Forumda ana shu muhim jihatlarni alohida hisobga olib, eng dolzarb masalalar muhokama qilinishi hamda amaliy taklif hamda tashabbuslar ishlab chiqilishi raqamli kelajakning mustahkam poydevorini yaratish va raqamli transformatsiya yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ladi, deb ishonaman.

Anjuman doirasida ilk bor Yoshlar forumi o‘tkazilayotgani ham diqqatga sazovordir. Chunki bu sohalar rivojini yosh avlodning faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, navqiron huquqshunoslarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etishda bunday samarali muloqot maydonlarining ahamiyati g‘oyat kattadir.

Ana shunday ezgu ishlarda sizlarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va yangi yutuqlar, Forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Italiya Bosh vaziri Registon ansambli va «Boqiy shahar» majmuasi bilan tanishdi



Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahridagi Registon maydonida bo‘ldi.

YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, dunyoga mashhur Registon maydoni buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini aks ettiruvchi mamlakatimizning asosiy tashrif qog‘ozidir. Majmuadagi Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari o‘zining ulug‘vorligi, boy tarixi va betakror me’morchiligi bilan yurtimiz mehmonlarida chuqur taassurot qoldirmoqda.

Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq shaharsozligi durdonasining qurilish tarixi, me’moriy yechimlari va bezaklarining o‘ziga xos jihatlari, ushbu maskan bilan bog‘liq muhim voqealar va shaxslar, shuningdek, o‘zbek xalqining madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.

So‘ngra davlat rahbarlari «Silk Road Samarkand» xalqaro turizm markazidagi «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldilar. Xalqimizning boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tomosha qilindi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.

Posted on Leave a comment

Italiya Bosh vaziri Samarqandga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni 28-may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Samarqand xalqaro aeroportida Bosh vazirni davlatimiz rahbari kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 29-may kuni bo‘lib o‘tadi.

Oliy darajadagi muzokaralar va boshqa qator ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Posted on Leave a comment

Davlatimiz rahbari Samarqandga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga jo‘nab ketdi.

28-29-may kunlari Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Temir yo‘l sohasidagi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni temir yo‘llarni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 10-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, bu soha tubdan isloh qilinmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiy jihatdan o‘zgartirilib, nosohaviy bino, yondosh yer va ortiqcha vazifalar qisqartirildi. Natijada ilgari zarar bilan ishlagan kompaniya o‘tgan yili 47 milliard so‘m sof foyda bilan chiqdi. “Temiryo‘lkargo” kompaniyasi tashkil etilgach, yuk vagonlaridan foydalanish samaradorligi 2 karra oshdi.

Lekin hali imkoniyatlar ko‘p. Taqdimotda soha infratuzilmasini rivojlantirish va daromadni oshirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, tranzit yuklarini tashish quvvatidan to‘liq foydanilmayapti. Buni kelgusi yillarda 40 foizga oshirish orqali daromadni 2 karra ko‘paytirish mumkin.

Masalan, ilk bor Xitoy – Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yurtimizda yangi poyezdlar olib kelinib, qatnovlar yildan yilga ko‘paymoqda. Shu bois temir yo‘l infratuzilmasi o‘tkazuvchanligini izchil oshirib borish zarurligi ta’kidlandi.

Bu masala, ayniqsa, Toshkent atrofida dolzarb. Hozir tashqi yuklarning 70 foizi “Chuqursoy” stansiyasi orqali tashilmoqda. Ba’zan bunga bir necha kun vaqt sarflanib, ortiqcha xarajat va navbatga sabab bo‘layapti.

Shu bois yuk stansiyalarini poytaxt hududidan tashqariga chiqarish, Yangiyo‘l tumani va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar barpo etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, poytaxtimizni aylanib o‘tuvchi “Ozodlik – Yangiyer” temir yo‘li qurilishi ko‘zda tutilgan. Natijada Farg‘ona vodiysi bilan boshqa viloyatlar o‘rtasidagi yuk tashuvlari Toshkent shahriga kirmasdan amalga oshiriladi.

Yangi loyihalardan yana biri Samarqand – Urgut yo‘lidir. Hozirda ishlar boshlanib, 7 kilometr temir izlar yotqizilgan. Bu yo‘nalish uzunligi jami 54 kilometr bo‘lib, 2 ta vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi quriladi.

Vokzallarga kirib-chiqish tartibi, xizmatlar sifati masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yo‘lovchilar harakatiga qulaylik yaratish, turistlar uchun sharoitni yaxshilash, avtoturargohlarni kengaytirish vazifalari qayd etildi.

Mutasaddilar, shuningdek, elektropoyezdlar olib kelish, xizmat sifatini yaxshilash rejalari bo‘yicha axborot berdi.