Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Slovakiya Bosh vaziri Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar



Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.

Marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari rivojida yangi – strategik sheriklik bosqichi boshlanganining ramzi bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi



Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, xususan:

– diplomatik kadrlar tayyorlash to‘g‘risida;

– qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;

– standartlashtirish, metrologiya va tovarlarning muvofiqligini baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;

– energetika bozorlarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;

– 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;

– 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan standartlashtirish sohasidagi hamkorlik dasturi almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Slovakiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi



9-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi ushbu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidladi.

Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashqi ishlar vazirliklari darajasida konstruktiv siyosiy muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Tovar ayirboshlash ortib bormoqda. May oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi. Kooperatsiyaning qator yangi yo‘nalishlari va loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Zamonaviy tahdidlar va oldindan aytib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyatni hisobga olib, tashqi siyosiy idoralar, shu jumladan Yevropa institutlari bilan sheriklik doirasida tizimli hamkorlik qilish, muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, eng avvalo, o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistondan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo mahsulotlari, polimerlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil qismlari, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlarini yetkazib berish shular jumlasidan.

Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish doirasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish va kvant etaloni laboratoriyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni tayyorlash, jumladan, agrosanoat majmui, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, «yashil» energetika va turizm loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Raqamli yechimlarni joriy etish va startap investitsiyalar sohasida katta imkoniyatlar mavjud. Shu ma’noda, IT startaplarini akseleratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma venchur fondini tashkil etish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Shuningdek, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud moliyaviy vositalardan keng foydalanish taklif etildi.

Gumanitar sohada ta’lim va akademik almashinuvni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi. Qo‘shma tadqiqot dasturlarini, shu jumladan Bratislavadagi Komenskiy universiteti ishtirokida yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tomonlar o‘zaro ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, konsertlar, shuningdek, muzey ishi sohasidagi loyihalarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi Madaniyat sohasida hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.

Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Slovakiya tomoni ushbu sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashildi.

Qabul qilingan qaror va kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi haqida kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

Slovakiya Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi



9-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Slovakiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Posted on Leave a comment

Slovakiya Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso 8-10-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, O‘zbekiston-Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Ustuvor yo‘nalishlar – savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.

Yetakchilarning uchrashuvi yakunida O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif 7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda butun musulmon ummati uchun muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan bir-birini samimiy tabrikladilar. Yetakchilar do‘st O‘zbekiston va Pokiston xalqlariga farovonlik va ravnaq tiladilar.

Pokiston Bosh vazirining joriy yil fevral oyida O‘zbekistonga tarixiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari muhokama qilindi.

Strategik sheriklik izchil mustahkamlanib borayotgani, turli darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo va yuk tashishlar hajmi sezilarli ortmoqda, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, logistika va boshqa yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Lahor va Karachida savdo uylari tashkil etilgan.

Joriy yilga rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti xalqaro investorlarni qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni «Al Mirqab Capital» kompaniyasi boshqaruvi raisi Hamad bin Jassim Ol Soniy va «Blackrock» investitsiya kompaniyasi katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesidan iborat xorijiy investorlar delegatsiyasini qabul qildi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatimizda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat-xususiy sheriklikda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan gaz va elektr tarmoqlari, suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, energiya ishlab chiqarish va to‘plash quvvatlari, katta tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘llarni qurish, ko‘chmas mulk obyektlari va biznes infratuzilmasini barpo etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Muzokaralar yakunida istiqbolli loyihalarni tizimli ilgari surish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonga tashrifini yakunladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga amaliy tashrifi yakunlandi.

Bugun «Markaziy Osiyo – Italiya» sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda Prezidentimiz mintaqa mamlakatlari va Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Tadbir yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Aeroportda davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.