Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi oshmoqda. Hududlar va yetakchi sanoat korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda. Madaniyat, san’at, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik kengayib bormoqda.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Davlatimiz rahbari Samarqandga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Samarqand shahriga keldi.

Bugun davlatimiz rahbari Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Kunning ikkinchi yarmida turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tashrif bilan mamlakatimizga keladi. Yetakchilar muzokaralar o‘tkazishi va qator tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Elektrotexnika sanoatidagi rejalar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni elektrotexnika sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar va navbatdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu tarmoq mamlakatimiz sanoatining drayverlaridan biri. So‘nggi yetti yilda eksport hajmi 7 barobarga o‘sgan va geografiyasi 63 ta davlatga yetgan. Hozirgi kunda tarmoqda 500 ga yaqin korxona bo‘lib, ularda 27 mingdan ziyod yurtdoshimiz ishlamoqda.

Ushbu salohiyatni oshirish maqsadida shu yil 22-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, investitsiyalar va xorijiy brendlarni jalb etish, tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Joriy yil birinchi chorakda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan oshgan. Qariyb 310 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, bu ko‘rsatkich 1,3 barobar o‘sgan.

Shu davrda 55 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Shundan 48 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlardir.

Xorijiy brendlar ostida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 900 million dollarga teng loyihalar shakllantirildi. Ayni paytda texnik jarayonlarni kelishish, zarur texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Taqdimotda ikkinchi chorakka va yil yakunigacha mo‘ljallangan asosiy rejalar ham aytib o‘tildi.

Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 43 trillion so‘mga yettkazish, qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 656 million dollarlik 71 ta loyihani amalga oshirib, 4 ming 600 ta ish o‘rni ochish mo‘ljallangan. Eksport miqdori 1 milliard 700 million dollarga, geografiyasi 68 ta mamlakatga yetishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida elektrotexnika sanoatida ham rivojlanish trayektoriyasini to‘g‘ri tanlab, bozor talablariga tez moslashish muhimligini ta’kidladi. Mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish, zamonaviy texnologiyalarga munosib malakali kadrlar tayyorlash zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga tarmoqdagi har bir korxona bilan ishlab, sanoat va logistika zanjirlarida yuzaga keladigan masalalarni hal etish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilib, yangi bozorlar topish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekistonga tashrif buyuradi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 23-24-aprel kunlari tashrif bilan Samarqand shahrida bo‘ladi.

Bo‘lajak muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Posted on Leave a comment

Kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatidagi loyihalar ijrosi va tarmoqni diversifikatsiya qilish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Islohotlar natijasida tarmoqda bozor tamoyillari joriy etilib, investitsiyalarga keng yo‘l ochildi. Ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish uchun Navoiy, Farg‘ona, Qo‘ng‘irotda 3 ta kimyoviy klaster, Chirchiq va Jizzaxda 2 ta texnopark tashkil etildi. Qo‘qon superfosfat zavodi to‘liq modernizatsiya qilindi.

So‘nggi besh yilda 23 ta yangi korxona ochilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Tarmoqqa xalqaro brendlar kirib keldi, kichik tonnajli mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bularning samarasida kimyo sanoatida ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sdi.

Taqdimotda mutasaddilar bu yilgi ishlar va rejalar to‘g‘risida hisobot berdi.

Qayd etilganidek, joriy yil birinchi chorakda tarmoqda 181 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan, 39 million dollarlik 3 ta loyiha ishga tushirilgan.

Endi ikkinchi chorakda 170 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hisobidan “yashil” vodorod va sian tuzlari korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Raqamlashtirish jarayoni davom ettirilib, tarmoqning hamkor sohalar bilan integratsiyasi kengaytiriladi. Kimyo zavodlarining yagona g‘aznachilik tizimida qo‘shimcha modullar ochiladi. “Yagona raqamli platforma” yakuniga yetkazilib, korxonalarning 15 ta iqtisodiy ko‘rsatkichlari aks ettiriladi.

Yana bir muhim vazifa – energiya samaradorlik. Energiyani tejash hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish orqali tannarxni kamaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Jadal rivojlanayotgan ichki bozorda mahsulotlarga talab ortayapti. Jahon bozoridagi nobarqaror sharoit ham yangi vazifalar qo‘ymoqda.

Shu bois tarmoqni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, mahalliylashtirish va qo‘shilgan qiymatni oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Mutasaddilarga hozirgi zamon talablari va kelgusi iqtisodiy prognozlar asosida kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish orqali tarmoqni diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Posted on Leave a comment

Investitsiya sohasidagi natijalar bo‘yicha axborot berildi



Davlatimiz rahbariga 21-aprel kuni investitsiya sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar hamda navbatdagi asosiy vazifalar bo‘yicha axborot berildi.

Davlatimizning faol tashqi siyosati va qulay ishbilarmonlik muhiti natijasida investitsiyalar hajmi izchil o‘sib bormoqda. Xususan, joriy yil birinchi chorakda 8 milliard 700 million dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizga o‘sdi.

Bu mablag‘lar evaziga energetika, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalarda ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Birinchi yarim yillik yakuni bilan 18 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.

Umuman, 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi, 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga har bir loyiha bo‘yicha manzilli ishlab, barcha vazirlik, hokimlik va tarmoq rahbarlarini jalb qilib, tegishli masalalarni o‘z vaqtida hal etib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Hozirgi kunda dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir investor bilan yaqindan ishlab, xorijiy sarmoyalar samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Eng asosiysi – yangi investitsiya loyihalarini tezroq ishga tushirib, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Bu yilgi davlat dasturida ham maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yosh avlodni bilimli etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yilgan.

Bu, ko‘p jihatdan, o‘qituvchilarning bilim va malakasiga bog‘liq. Yurtimizda 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohda pedagogika yo‘nalishi bor. Lekin ulardagi ilmiy salohiyat atigi 40 foiz atrofida.

Qabullarning katta qismini ijtimoiy yo‘nalishlar tashkil etadi. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlash juda kam. Talabalarning 40 foizi sirtqi ta’limda o‘qiyapti.

Shu bois Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh bo‘ladi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida 40 dan ziyod chet ellik o‘qituvchilar va 30 nafar vatandosh ziyolilarimiz faoliyat yuritmoqda. Talabalar o‘zlarining turli yo‘nalishlardagi loyihalariga jami 24,3 milliard so‘mlik grantlar jalb qilgan. Bu salohiyatdan foydalanib, universitetda muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, tibbiyot kabi zamonaviy sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari taqdimot qilindi.

Shuningdek, oliygohda ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida Germaniyaning ilg‘or tajribasidan foydalangan holda zamonaviy universitet klinikasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ta’lim sifatini aniqlashda ham xalqaro uslublar joriy etilmoqda. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli o‘quvchining bilimi “PISA” xalqaro dasturi orqali baholanadi.

Hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil byudjet hisobidan 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. Aholi o‘sishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib boradi. Shu bois Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayapti. Lekin, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar sanoqli.

Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Futbol bo‘yicha o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga



Aziz farzandlarim!

O‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Saudiya Arabistoni maydonlarida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak sovrin – Osiyo kubogini qo‘lga kiritganingiz bilan xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlar kabi navqiron, azm-u shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, uch nafar iste’dodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lgani, jumladan, Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.

El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi bo‘lgan mana shunday tarixiy g‘alaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Sizlar ushbu g‘alabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham Osiyoning g‘olib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Baxt va zafar sizlarga doimo yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Muqobil energetika loyihalari bo‘yicha axborot berildi



Davlatimiz rahbariga energetika sohasidagi vazifalar ijrosi va yangi loyihalar yuzasidan axborot berildi.

Aholining energiya manbalariga talabini qondirish maqsadida har yili ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasida oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 30 foiz ko‘payib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi.

2035-yilda yurtimizda elektr iste’moli 121 milliard kilovatt soat bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Shu bois uzoqni o‘ylab, energetikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bunda eng salohiyatli yo‘nalishlar suv va atom quvvatlaridan foydalanishdir.

Xususan, 2025-2026-yillarda umumiy quvvati 167 megavatt bo‘lgan 2 983 ta mikro-GES barpo etish belgilangan. Ushbu loyihalar natijasida 500 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 151 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Qurilish davrida 1 200 nafar, loyihalar ishga tushganidan keyin 520 nafar fuqaro ishli bo‘ladi.

Taqdimotda energetika vaziri joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha axborot berdi. Qayd etilganidek, bu yil quvvati 65 megavatt bo‘lgan 1 ming 185 ta mikro GES barpo etiladi. Ularning aksariyati tadbirkorlar tomonidan ishga tushiriladi.

Kelgusida atom enegriyasi ham bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda yurtimizda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

“O‘zatom” agentligi rahbari shu boradagi muzokaralar va kelishuvlar, loyihaning borishi yuzasidan axborot berdi.

Rejadagi inshootlarni o‘z vaqtida ishga tushirib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘shimcha energiya bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-aprel kuni dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotining ajralmas qismi. Oqilona tashqi siyosat va qulay investitsiyaviy muhit natijasida tadbirkorlarimizga yangi bozorlar ochilmoqda, mahsulotlar turi ko‘paymoqda.

Garvard universitetining tahliliga ko‘ra, oxirgi besh yilda “iqtisodiy murakkablik indeksi”da O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilangan. 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz “dunyo bozorida raqobat ustunligiga ega”, deb baholangan.

Bularning natijasida oxirgi yillarda mamlakatimiz eksporti 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi. Bu – iqtisodiyotimiz tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

Lekin hozir dunyo avvalgidek emas. O‘zgaruvchan munosabatlar, turli tarif va cheklovlar boshqa davlatlarga ham zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelayapti.

Masalan, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar yo‘qotildi. Yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Eng katta xavf – pandemiya davridagidek dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir. Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektr texnikasi, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yetakchi tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin. Oqibatda raqobat yanada qiyin va ayovsiz bo‘ladi.

Prezident bunday sharoitda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil qadam tashlash kerakligini ta’kidladi. Har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan shaxsan shug‘ullanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun davlat tomonidan zarur huquqiy, tashkiliy va amaliy choralar ko‘riladi. Shu maqsadda yaqinda 3 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashilib, muammolari o‘rganilgan. Eng ko‘p masala standart va sertifikatsiya tizimiga oid bo‘lgan.

Yurtimizdagi 25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Bu eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layapti”, korrupsiyani keltirib chiqarayapti. Ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani sababli odamlar sarson bo‘layapti.

Investorlar bizdagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligini, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytayapti. Yoki aksincha, bizdagi laboratoriyalarning xulosasi chet ellarda tan olinmaydi. Shu bois eksportchilar sertifikat olish uchun xorijiy davlatlarga namuna jo‘natayapti.

Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bozor nazoratini ham olib boradi, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayapti.

Yig‘ilishda shu kabi mummolar tahlili hamda ishbilarmonlarning takliflari asosida, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolangani e’lon qilindi. 

Ushbu farmonda texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, karantin idoralarining mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. Takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi shug‘ullanadi. Oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalari xalqaro standartlar tizimi – “Kodeks Alimentarius”ga muvofiqlashtiradi. Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.

Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati qisqartirilib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi. Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida yurtimizda tan olinadigan xorijiy sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi. Ularning importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurati qayd etildi.

Standartlashtirish, sanitariya-epidemiologiya va karantin sohalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mahalliy korxonalarga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni va eksportni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yuqorida qayd etilgan farmonga asosan, endi chetdan olib kelinayotgan mahsulotlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.

Shu paytgacha qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgan edi. Endi, 1 iyuldan boshlab, birorta tovarning eksportiga cheklov bo‘lmaydi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kiruvchi xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

So‘nggi yillarda mahalliy sanoatda qandolat va salqin ichimliklarning o‘rni oshdi. Bu tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Shu bois shakarga aksiz bekor qilinadi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.

Buning natijasida qariyb 40 ming odam ishlaydigan qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetadi.

Joylarda mahalliy kengashlar yer solig‘i va ijara to‘lovlariga 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilamoqda. Lekin buning biznesga ta’sirini o‘rganib, tadbirkorlarning imkoniyatidan kelib chiqish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Aksincha, ularga yuklamani kamaytirib, faoliyati kengaytirilsa, tushum ko‘payadi. Endi tadbirkorlarga ham ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. 

Mutasaddilarga olimlar va tadbirkorlarni jalb qilib, soliq-bojxona siyosati va ma’murchiligini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar hamda hokimlar ishlab chiqaruvchi va eksportchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, hech bir murojaat chetda qolmasdan, tezda hal etilishi zarurligi ta’kidlandi.