Posted on Leave a comment

Buxoro viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Buxoro viloyati sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va turizm sohalarida hech bir hududdan kam boʻlmagan ulkan imkoniyatlarga ega. Viloyatda 2 ta yirik neft-gaz kimyo korxonasi faoliyat yuritmoqda, yana bittasi barpo etilmoqda. Shuningdek, qiymati 5,2 milliard dollar boʻlgan, umumiy quvvati 4,5 gigavattga teng 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasining qurilishi jadal ketmoqda.

2025-yilda hududiy yalpi mahsulot hajmi 7,2 foizga oshib, 86,6 trillion soʻmga yetdi, sanoatda 7,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,3 foiz, xizmatlar sohasida 14 foiz oʻsish qayd etilgan. Ishsizlik 2024-yilga nisbatan 4,7 foizgacha, kambagʻallik darajasi 6 foizgacha pasaygan.

Yigʻilishda Buxoro viloyatini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trillion soʻmga yetkazib, 9,1 foiz oʻsishga erishish, sanoat hajmini 9,1 foizga, qishloq xoʻjaligini 5,9 foizga, xizmatlar hajmini esa 20,1 foizga oʻstirish vazifalari belgilandi. Ishsizlik va kambagʻallik darajasini 2 foizgacha qisqartirish, 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Olot, Peshku, Qorakoʻl, Shofirkon, Gʻijduvon va Qorovulbozor tumanlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish boʻyicha manzilli choralar amalga oshirilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Buxoro uch ming yillik tarixga ega koʻhna zamin ekani, bunday boy madaniy meros va tarixiy obidalar jamlangan shaharlar dunyoda kam uchrashini taʼkidladi. Mazkur salohiyatni iqtisodiy oʻsish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va infratuzilmani yaxshilashga xizmat qildirish zarurligi qayd etildi.

Investitsiya va eksport yoʻnalishida 2026-yilda 3,3 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, 1,5 milliard dollarlik eksportni taʼminlash, umumiy qiymati 9,2 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Sanoatni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, sanoat tarmoqlari kesimida 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan boʻlib, ularning umumiy qiymati 2,2 milliard dollarni tashkil qiladi. Natijada 18 ming ta yangi ish oʻrni yaratish, aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 million soʻmdan 29,6 million soʻmga yetkazish moʻljallangan.

Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 350 million dollarni tashkil etib, 500 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish boʻyicha 220 million dollarlik loyihani amalga oshirish, Qorovulbozor tumanida 85 million dollarlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish, Kogon tumanida qogʻoz va karton mahsulotlari tayyorlashni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral oʻgʻit, Kogon tumanida esa gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, 61 ta mavjud sanoat zonasidagi boʻsh yer maydonlarida joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Jumladan, Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, Gʻijduvonda qurilish materiallari yoʻnalishlariga ustuvorlik beriladi.

Qishloq xoʻjaligida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish hisobiga 100 ming gektar yerni oʻzlashtirish va foydalanishga kiritish mumkinligi qayd etildi. Bu viloyat iqtisodiyoti va eksport salohiyatini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.

Yigʻilishda viloyatdagi 3 million gektar yaylov yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish, ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish boʻyicha yangi yondashuvlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga toʻliq ozuqabop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 454 milliard soʻm boʻlgan 82 ta chorvachilik loyihasini amalga oshirish uchun chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qoʻy va 200 bosh ot olib kelish koʻzda tutilgan.

Paxtachilik, gʻallachilik va suv tejash yoʻnalishlarida ham aniq vazifalar belgilandi. Xususan, 2026-yilda paxta hosildorligini 52 sentnerga, gʻalla hosildorligini 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv taʼminoti va meliorativ holatni yaxshilash, 453,5 million kub metr suvni iqtisod qilish, 742 ta qishloq xoʻjaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.

Chorvachilikda har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga moʻljallangan zamonaviy mini fermalar tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi. Ushbu dastur doirasida 110 ta loyiha amalga oshirilib, 5,5 ming bosh naslli qoramol olib kelinadi, 3 ming 750 ta yangi ish oʻrni yaratiladi va 51,5 ming tonna qoʻshimcha sut ishlab chiqarish quvvati shakllantiriladi.

Xizmatlar va aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishida mahallalar ixtisoslashuvi asosida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis koʻchasi, 2 ta sohil boʻyi hududi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yoʻl boʻyi loyihasi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun jami 12,5 trillion soʻm moliyaviy resurs, jumladan, 7,5 trillion soʻm kichik va oʻrta biznesga yoʻnaltiriladi.

Turizm sohasi hozirda asosan Buxoro shahri hisobiga toʻgʻri kelayotgani, viloyatning boshqa tumanlaridagi imkoniyatlar esa hali toʻliq ishga solinmagani qayd etildi. Jondor, Gʻijduvon, Buxoro, Qorakoʻl va Vobkent tumanlarida sohil boʻyi va yoʻl boʻyi drayver loyihalarini amalga oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirish boʻyicha katta imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan 2026-yilda 3,5 million xorijiy va 5,5 million mahalliy sayyohni jalb qilish, umumiy turistlar sonini 9 millionga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun 2026-yilda 73 ta yangi joylashtirish vositasi, 15 ta yangi turoperator va turagent ishga tushiriladi.

Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida 5 ta xalqaro brendli mehmonxona tashkil etish, Shofirkon tumanida Xoʻja Orif, Buxoro tumanida Chor Bakr va Yorjon turizm qishloqlarini rivojlantirish, Buxoro shahrida Mohi Xosa turizm mahallasini shakllantirish nazarda tutilgan. Buxoro tarixiy markazida UNESСO talablariga mos alohida maʼmuriy boshqaruv tizimini joriy qilish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Kogon shahrida 6 ta tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Avstriyaning Krems universiteti bilan qoʻshma fakultet ochish, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini mazkur oliygoh boshqaruviga berish rejalashtirilgan. Bunda toʻliq dual taʼlim asosida mutaxassislar tayyorlash va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu universitet Buxoro shahrida tashkil etilayotgan tun-u kun koʻchalarni boshqarish boʻyicha yangi modelni ishlab chiqishga ham koʻmaklashadi.

Yigʻilishda aholi sonining oʻsishiga mos ravishda uy-joy va infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasi hududida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonli zamonaviy uy-joy kompleksi hamda Buxoro shahrida yangi maʼmuriy markaz tashkil qilish, “Yangi Oʻzbekiston” massivi hamda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini barpo etish, Buxoro davlat universitetining yangi kampusini qurish kabi yirik qurilish va urbanizatsiya loyihalari muhokama qilindi.

Yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ham qator vazifalar belgilandi. Viloyatda uzunligi 33,1 kilometr boʻlgan 7 ta aylanma yoʻl barpo etish, “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yoʻlining 78 kilometri va “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” yoʻlining 71 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, A-380 yoʻli boʻyida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ogʻir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” 2 ta tuman va 35 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida yoʻl, elektr, suv va sugʻorish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilishi, ushbu maqsadlarga jami 593 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2026-yilda jami 4 trillion 484 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi, buning hisobiga maktab, bogʻcha, tibbiyot muassasalari hamda kommunal va transport infratuzilmasi boʻyicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi qayd etildi.

Prezidentimiz Buxoro viloyatining mavjud imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, har bir tashabbusni aniq loyihaga aylantirish, investitsiya, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, turizm va infratuzilma sohalarida natijadorlikni taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti “BMT Turizm” rahbari bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi.

Oʻzbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Tashkilot rahbari Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda.

Soʻnggi 8 yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar koʻpayib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030-yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston va “BMT Turizm” oʻrtasidagi hamkorlik jadal surʼatda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi. 2023-yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa “Ipak yoʻlida turizm” mavzusidagi ofisning ochilishi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Suhbat chogʻida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qatʼiy tasdiqladilar.

Posted on Leave a comment

Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi.

Davlatimiz rahbari tadbirda nutq soʻzlar ekan, xalqimiz azal-azaldan Navroʻz kunlarida, oilasida farzand tugʻilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yoʻl chetlariga yaxshi niyat bilan koʻchat qadab, gul-u rayhonlar ekkanini taʼkidladi.

Ana shu ezgu qadriyatlar zamirida soʻnggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup koʻchat ekib kelinmoqda.

Oʻtgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etildi. Respublikaning togʻ, choʻl va adir hududlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya oʻrmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang boʻronlarining zararli taʼsirini oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ” hosil qilindi.

Oʻtgan yili Xoʻjayli, Yangibozor, Gʻijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy koʻchatxonalar ishga tushirildi. Shuningdek, choʻllanishni kamaytirish maqsadida Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorakoʻl, Muborak, Karmana va Nukus tumanidagi 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bogʻlari yaratildi. Taʼkidlanganidek, bu yerda yetishtirilgan galofit urugʻlari kelgusida minglab gektar yerlarda shoʻrlanishni kamaytirish va tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

Umuman, qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi. Oʻtgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish boʻyicha katta marra belgilandi.

Shu maqsadda Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpogʻistonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar choʻl hududida yangi oʻrmonzorlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bogʻlari, 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari tashkil qilishga masʼul boʻladi.

Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan hozirgi sharoitda hududga mos daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyalari ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bogʻlari ushbu texnikum oʻquvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlar uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.

Prezidentimiz hududlarda yashil bogʻlar yaratish boʻyicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi. Ilgari “Mening bogʻim” dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmga oshiriladi. Har bir yashil bogʻ va jamoat parki uchun aholi oʻzi tanlagan, yashash hududlariga yaqin va eng muhimi, suv taʼminoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi. Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham oʻz okrugida yashil hudud va yashil bogʻ yaratishi uchun 412 million soʻmdan mablagʻ beriladi.

Davlatimiz rahbari xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Bir koʻchat – ming baraka”, “Farzand koʻrsang, toʻy qilsang, daraxt ek” degan hikmatli soʻzlar bejiz aytilmaganini taʼkidladi. Bu kabi milliy qadriyatlarning ahamiyati bugun har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada kengroq targʻib qilishga, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh boʻlishga chaqirdi.

Poytaxtimizda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bogʻi tashkil qilinmoqda. Bu yerdagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor oʻsimliklar hamda Urugʻchilik va seleksiya markazlari ham shu yilning oʻzida ishga tushiriladi.

Prezidentimiz tadbirda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻrmonlar boʻyicha forumi raisi Ismoil Belen, forum Kotibiyati direktori Julyet Biao, xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik korpusi vakillari hamda barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilar bilan birgalikda Milliy dendrologiya bogʻining ilk 5 gektar maydonida manzarali koʻchatlar ekdi. Bu bilan bir vaqtda respublikamizning barcha hududlarida 21 mingga yaqin yurtdoshimiz yana 164 gektar maydonda 88 ming tup koʻchat oʻtqazdi.

Posted on Leave a comment

Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlash markazi xodimlari Xalqaro transport-logistika forumida ishtirok etdilar.



Tadbirda Markaz direktori — Rafikov Marat Rafikovich, sertifikatlashtirish organi rahbari — Kolybelkin Igor Igorevich hamda sinov laboratoriyasi boshlig‘i — Zakharova Yekaterina Aleksandrovna tomonidan taqdim etildi.

Tadbir doirasida Markaz vakillari transport sohasining dolzarb rivojlanish tendensiyalari bilan tanishdilar, xalqaro hamkorlik va standartlarni uyg‘unlashtirish masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, potensial hamkorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Yangi transport yo‘laklari uchun mahsulotlarni sertifikatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi, jumladan, harakat tarkibining xavfsizlik talablari va o‘zaro mosligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Forumda ishtirok etish Markazga ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, sohaning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashish hamda kelgusidagi rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi yaqin doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida amalga oshirilayotgan faol hamkorlik munosabatlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, qoʻshma Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib bormoqda, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suvdan foydalanish sohalarida kooperatsiya aloqalari izchil kengaymoqda.

Uchrashuv chogʻida iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sayyohlik oqimini yanada koʻpaytirish, gumanitar almashinuv dasturlarini, shu jumladan, kosmos va kreativ iqtisodiyot sohalarida tobora kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi taʼkidlandi. Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari yangi loyihalarni ishga tushirdilar

Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Davlat rahbarlari 10 ta qoʻshma loyihani boshlab berdilar.

Ular doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, toʻqimachilik quvvatlarini barpo qilish, Toshkentda turar joy majmuasi va savdo obyektlarini qurish hamda Fargʻona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida sut mahsulotlari, Surxondaryo viloyatida esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Shuningdek, Yangi Toshkentdagi koʻchalardan biriga Dushanbe shahri nomini berishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari taqdimot qilingan loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirdilar.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini oʻtkazdilar

26-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini oʻtkazdilar.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida taʼkidladi.

– Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaradi, Oʻzbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilgʻor tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, sanoat koʻrgazmasi va hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlarining forumlari muvaffaqiyatli tashkil qilindi. Ayni paytda mamlakatimizda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yoʻllarini tahlil qildilar hamda oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta surʼat bagʻishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildilar.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish, transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetdi.

Sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa koʻplab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan. Yuk tashish hajmi jadal oʻsib bormoqda.

2028-yilga kelib, oʻzaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

“Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etishni tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash va “E-Permit” ruxsatnomalarni almashish raqamli tizimlarini yoʻlga qoʻyish, chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish boʻyicha erishilgan kelishuvlar bu marraga yetishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, togʻ-kon, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni oʻz ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, bugun ikki mamlakat hududida yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa koʻplab sohalardagi sheriklik atroflicha koʻrib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Yetakchilar hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, gumanitar, taʼlim va ilmiy almashinuvlarni ragʻbatlantirishga kelishib oldilar.

Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash boʻyicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilindi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Markaziy Osiyoda koʻp tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yigʻilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari – ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda erishilgan kelishuvlarning toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash uchun keng qamrovli “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.

Posted on Leave a comment

Tojikiston Prezidentini tantanali kutib olish marosimi boʻldi

Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi.

Ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida Oʻzbekiston va Tojikiston madhiyalari yangradi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushilgandan soʻng Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining muzokaralari boshlandi.

Posted on Leave a comment

Tojikiston Prezidenti Oʻzbekistonga keldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Tojikiston yetakchisini “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Bugun ikki tomonlama muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

Posted on Leave a comment

Nabiyev Shuhratjon Jurabekovichni O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, azaliy do‘stlik, strategik sheriklik va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish borasidagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, maqom san’atini rivojlantirish va ommalashtirish, o‘zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy merosini dunyo hamjamiyati o‘rtasida targ‘ib etishdagi faol ishtiroki hamda mushtarak qadriyat va an’analarni asrab-avaylash va boyitish yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati «Nuri niyogon» shashmaqom ansambli rahbari Nabiyev Shuhratjon Jurabekovich O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev