Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga tarixiy davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.

Davlatimiz rahbari Parij shahrida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.

Sammit yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya, shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bitimlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Prezidentimiz Fransiyaning yetakchi kompaniya, bank va tashkilotlari rahbarlari bilan davra suhbatida ishtirok etdi. Umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalarida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi.

Tashrif doirasida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive va Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomini berishga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan muzokaralarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tashkilot Bosh konferensiyasining Samarqand shahridagi 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, «Orli» xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Fransiya sport va yoshlar vaziri Mari Barsak va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Parij shahri meri bilan uchrashuv o‘tkazdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Fransiyaga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari poytaxt merini yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi, shuningdek, Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, Ann Idalgo O‘zbekiston rahbariga olimpiada tadbirlari davrida jamoat xavfsizligini ta’minlashda ko‘rsatilgan yordam uchun tashakkur bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashrifi tarixiy natijalar bilan yakunlangani – ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Toshkent va Parij o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni imzolangan bitim asosida faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shaharsozlikni rejalashtirish, «yashil» hududlar barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va ulardan barqaror foydalanish borasida tajriba almashish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat va san’at kunlari, sayyohlik va gastronomik festivallar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari va Parij meri O‘zbekiston Prezidenti faxriy mehmon sifatida Parij shahrida bo‘lgani to‘g‘risida qo‘shma hujjatni imzoladilar. Ushbu esdalik yorlig‘i meriya muzeyida namoyish etiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Fransiya Milliy majlisi Raisi parlamentlararo almashinuvni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Parij shahridagi Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo almashinuvni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ushbu tashrifning tarixiy ahamiyati, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Fransiya parlamenti quyi palatasi rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, vakillik organlari rolini, xotin-qizlar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlashning kafolatlarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.

O‘zbekiston-Fransiya parlamentlararo forumini tashkil etish va «yo‘l xaritasi» asosida do‘stlik guruhlari ishini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi Milliy majlis Raisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga taklif etdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

Posted on Leave a comment

Yelisey saroyida O‘zbekiston Prezidenti sharafiga qabul marosimi bo‘lib o‘tdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimini uyushtirdi.

Qabulda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Fransiya Bosh vaziri Fransua Bayru boshchiligida Vazirlar Mahkamasi a’zolari, taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralar tarixiy ahamiyatga ega ekanini, ularning natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Fransiya yetakchisi bugun o‘tkazilgan muzokaralar natijalarini va imzolangan bitimlarni olqishladi.

– Bir necha yil ichida biz energetika, suv resurslarini boshqarish, kommunal xizmatlar, transport, barqaror turizm kabi muhim sohalarda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga erishdik. Buning dalili sifatida Fransiya hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magida fransuz kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgani, hududlarda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratilayotgani, yoshlar kasb o‘rganib, hayotda o‘z o‘rnini topayotganini keltirishim mumkin, – dedi Emmanuel Makron.

Tomonlar xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishlarini bildirdilar.

Posted on Leave a comment

2025 yil 7 mart kuni soat 11:00 da, “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” MChJ Rahbariyati va erkaklar jamoasi tomonidan  “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan Jamiyat xotin-qizlar jamoasini tabriklash tadbiri o‘tkazildi.



Ushbu tantanali bayram tadbirida Jamiyat xotin-qizlar jamoasiga gullar va sovg‘alar taqdim etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi



Bugun, 6 mart kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Misr Arab Respublikasidan Tamer Fatxi, Italiya Respublikasidan Pergabriyel Papadia de Bottini, Qirg‘iz Respublikasidan Duyshonqul Chotonov, Belarus Respublikasidan Aleksandr Ogorodnikov, Gruziyadan David Kotariya va Turkiya Respublikasidan Ufuk Ulutashning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlatimiz rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi O‘zbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Dunyoda ziddiyatlar keskinlashib, geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda do‘st davlatlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlashi har qachongidan ham muhim ekani ta’kidlandi.

Bunday sharoitda O‘zbekiston o‘zining ochiq va pragmatik tashqi siyosati bilan o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlab, dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va global moliyaviy institutlar bilan amaliy sheriklikni rivojlantirmoqda.

Prezidentimiz umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va integratsiya mintaqasiga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Joriy yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida raislik qilmoqda va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan tarixiy sammitga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bo‘layotgan jadal o‘zgarishlar tufayli mintaqamizga qiziqish tobora ortib, «Markaziy Osiyo plyus» muloqot maydoni kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Joriy yil aprel oyida mamlakatimizda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti, may oyida esa «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab mamlakatlari» formatidagi ikkinchi uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida 11 ta rezolyutsiya qabul qilingani alohida qayd etildi.

Joriy yilda mamlakatimizda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi va YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi, 2027-yilda O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi ham davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.

O‘tgan yili jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarni tashkil etib, eksport 27 milliard dollardan oshgan. Yangi innovatsion formatda o‘tkaziladigan Toshkent investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

– Islohotlarimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad – har bir inson manfaatlarini ta’minlash va aholi daromadlarini oshirish, «kelajak iqtisodiyoti» va ilg‘or infratuzilmani barpo etish, jozibador investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashdan iborat. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida belgilab olgan ulkan maqsad va rejalarimizni amalga oshirish uchun bizda yetarli salohiyat va imkoniyatlar, eng muhimi, kuchli intilish va siyosiy iroda bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani uchun diplomatik missiyalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari Misr Arab Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi.

Siyosiy maslahatlashuvlar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, 3 ta yirik biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kengaymoqda.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlashda muhim voqea bo‘lishi ta’kidlandi.

Misrning yetakchi tashkilotlari va kompaniyalari ishtirokida energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, geologiya, turizm, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Arab davlatlari ligasining yaqinda o‘tgan sammitida Misr Prezidenti tomonidan ilgari surilgan G‘azoni tiklash rejasini qabul qilish tashabbusini yuqori baholadi.

O‘zbekiston yetakchisi Italiya ulkan siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega muhim strategik sherik ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda Italiya kompaniyalari bilan «yashil» energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Tashqi ishlar vazirlarining «Italiya – Markaziy Osiyo» formatidagi muloqoti davom etmoqda. Turin politexnika  va Piza universitetlarining Toshkent shahridagi filiali samarali faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yili birinchi marta yetakchi oliy ta’lim muassasalari forumi o‘tkazildi. Yaqinda Rim va Viarejio shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.

Yaqin kunlarda Hukumatlararo ishchi guruh yig‘ilishi va biznes forumi, Lombardiya gubernatorining O‘zbekistonga tashrifi hamda Hududlar kengashi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Italiya Bosh vazirining mamlakatimizga javob tashrifini tashkil etish asosiy vazifa etib belgilandi.

Qirg‘iziston O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi va strategik sherigidir.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ortdi, qo‘shma korxonalar soni 300 taga yetdi. Hududlarda avtomobil zavodi, to‘qimachilik fabrikalari, tibbiyot markazlari, agroklasterlar ishga tushdi.

O‘tgan yil dekabr oyida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi boshlangani muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Shu oyda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari ishtirokida uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tadi.

Hukumatlararo va parlamentlararo komissiyalar, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati natijadorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Belarus hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

O‘tgan yil fevral oyida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga rasmiy tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, qo‘shma korxonalar soni 240 taga yetdi. Yaqin kunlarda siyosiy maslahatlashuvlar, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va ishbilarmonlik tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Hududlararo, tibbiyot va ta’lim forumlarini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Gruziya Janubiy Kavkazdagi ishonchli hamkorimiz ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi. Yuk tashish hajmi ortmoqda, bank sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.

Hukumatlar va parlamentlar darajasidagi aloqalar faollashdi, madaniy va turizm almashinuvlari kengaymoqda.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening kuni kecha O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqich bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Tovar ayirboshlashni yanada oshirish, logistika va tranzit, turizm, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda hududlar biznes forumi, milliy mahsulotlar yarmarkasi, madaniyat kunlarini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Turkiya elchisiga murojaat qilar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash 3 milliard dollarga, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2 milliard dollarga, qo‘shma korxonalar soni 2 mingtaga yetdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilmoqda.

Yangi istiqbolli yo‘nalishlar va aniq loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilda O‘zbekistonda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, sheriklikni mustahkamlash uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy biznes vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.

O‘z navbatida, diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yo‘lida o‘zlarining butun professional tajribasi va bilimidan foydalanishga tayyor ekanini ta’kidladilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Gruziya bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi ko‘paydi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Gumanitar yo‘nalishda o‘tgan yili Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishining yakunlari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sheriklik va almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida kelgusida O‘zbekiston va Gruziya hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti SHHT bosh kotibini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayevni qabul qildi.

Ushbu nufuzli tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan umumiy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirish, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari asosida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

Samarqand sammitida boshlangan SHHT faoliyatini modernizatsiya qilish jarayonini davom ettirish, jumladan, tashkilotning barcha tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

«Yangi iqtisodiy muloqot»ni rivojlantirish konsepsiyasi va mamlakatimizning boshqa qator tashabbuslarini amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Bular savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim, elektron tijorat dasturi, investitsiyalarni rag‘batlantirish kompleksi, logistikada raqamlashtirish rejasi, «SHHT kelajak texnologiyalari» dasturi, Oziq-ovqat xavfsizligi atlasi va boshqalarni qabul qilishdir.

Shuningdek, Xitoyda bo‘lajak SHHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.

Shu bois so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi.

Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib bormoqda.

Avvalo, korrupsiyaning omillariga qarshi kurashilmoqda. Masalan, yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechib, auksion tizimiga o‘tkazilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘ldi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu sohada ham ijobiy o‘zgarishlar sezildi.

Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.

Bugunga kelib, barcha banklar 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu ish bilan shug‘ullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini ko‘paytirish bilan ishlayapti.

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.

Oliy ta’lim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.

Yo‘l harakati xavfsizligi inspektori “bodi-kamera”da xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, qog‘ozdagi bayonnoma yo‘q bo‘lgani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi.

Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.

Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi.

Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning isboti.

Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy jarayon ekanini aytib, bu boradagi dolzarb masalalarni va kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. 

Huquq-tartibot idoralari, asosan, korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralar e’tiborsiz qolayotgani qayd etildi.

Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi o‘zgartirilishi belgilandi. Buning uchun, tajriba tariqasida 5 ta – Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, Neftegaz va Suvta’minot jamiyatlarining komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.

Shuningdek, tumanlar darajasiga tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi. Tahlillar asosida aniq choralarni ishlab chiqib, Milliy kengashga taqdim etadi.

Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayapti. Shu bois endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanadi. Ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh bo‘ladi.

Hududiy kengashlar korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularga barham berish uchun qonunchilikni o‘zgartirish, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi.

Bundan sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tizim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga ko‘maklashdi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda hududlar salohiyati oshdi.

Shu bois endi prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar faoliyati bilan shug‘ullanmasligi belgilandi. Jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar qo‘yildi.

Davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Ekspert komissiyasi tuziladi. Ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratiladi. Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.

Budjet va budjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar ham kuchaytirilishi belgilandi. Davlat idoralarining xaridlarida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan transport va mebelga ustuvorlik berish zarurligi qayd etildi. Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash talabi qo‘yildi.

Korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi. Shu bois ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun zarurati qayd etilib, uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi belgilandi.

Fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodni tarbiyalash maqsadida ta’lim maskanlarida halollik g‘oyalarini singdirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini ta’kidladi.

– Hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda parlament va hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari bilan muloqot bo‘ldi.

Umuman, ilk marotaba bunday tarzda yig‘ilish o‘tkazilishi korrupsiyaga qarshi kuchli siyosiy irodani namoyon etdi. Davlatimiz rahbari 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari kuchayadi. Deklaratsiyalash, noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar kiritilishi natijasida korrupsiya omillari cheklanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytiriladi.

Maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazirlik, idoralar rahbarlari mas’uliyati oshiriladi. Davlat xizmatlari darajasini aholi baholaydigan tizim qilinadi, eng yomon ko‘rsatkichga ega soha rahbarlari bo‘yicha chora ko‘riladi.

Nazorat inspeksiyalari mustaqilligi oshiriladi. Yirik investitsiya loyihalarida, auksionlarda korrupsiyaning oldini oluvchi mexanizmlar joriy etiladi.

Davlat xaridlari tartibga solinishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar cheklanishi hisobiga budjet mablag‘lari tejalishi ta’minlanadi. Davlat pulini maqsadsiz sarflash holatlariga barham beriladi.

Sektorlardan ozod bo‘lgan kuch va vositalar jinoyatchilikka qarshi kurashishga safarbar etilib, jamiyatda barqarorlik muhiti va odamlarning roziligi ortadi. Noqonuniy tekshiruvlar ustidan prokuror nazorati kuchaytirilishi orqali joylarda biznes va investitsiya muhiti yaxshilanadi.

Erishilgan natijalar xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilaydi. 2027 yilda UNCAC konferensiyasi mezbonligiga O‘zbekiston nomzodini ma’qullash uchun zamin hozirlaydi.

Eng muhim, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksaltirilib, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik shakllanadi.