Posted on Leave a comment

Aholini uy-joy bilan ta’minlash yanada kengayadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan.

Bu faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi emas, balki hududlar iqtisodiyotida yana bir drayver bo‘lmoqda. Xususan, mazkur uylarni barpo etishda va yondosh tarmoqlarda 350 ming odam ish bilan ta’minlangan. Mebel, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari sohalarida qo‘shimcha 11 trillion so‘mlik bozor paydo bo‘lgan. Iqtisodiyotda 73 trillion so‘m mablag‘ aylanib, budjetga 14 trillion so‘m tushgan.

Sohani rag‘batlantirish uchun 2024 yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan.

Imkoniyatlardan to‘la foydalanilsa, natijalar bundan-da yaxshi bo‘lardi. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda ayrim loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ba’zi viloyatlarda auksionda sotib olingan o‘nlab yerlarda qurilish boshlanmagan. Aholi va infratuzilmadan uzoq joyda qurilgani uchun 781 ta xonadon sotilmagan.

Davlatimiz rahbari, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishidan noroziligini bildirdi.

– “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bu – Prezident siyosati. Ular bilan hududlar obod bo‘ladi, madaniyat, ma’rifat, dunyoqarash o‘zgaradi, savdo va xizmatlar ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois bu borada yangi tartib belgilandi. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ko‘pi bilan o‘n besh kunda ekspertizadan o‘tkaziladi.

Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan, developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablag‘ jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muhimi, ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Ishonchli developerlar uchun yana bir imkoniyat: imoratning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipoteka kreditlari uchun ham tatbiq etiladi.

Quruvchi tashkilotlar qurilish boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi.

“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bog‘chalar ochish qo‘llab-quvvatlanib, mulk solig‘idan ham ozod etiladi.

Umuman, 2030-yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.

Ishlarni sifatli tashkillashtirish uchun zamonaviy menejerlardan iborat “O‘z uyim” kompaniyasi tuziladi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Qurilish sifati va nazorati masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Endi bu jarayonlar soddalashtirilishi qayd etildi.

Jumaladan, binokorlar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Inshootning loyihaga mosligini Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Zarur hollarda, boshqa sohadagi mutaxassislarni jalb qiladi. Qurilish davomida zilzilaga bardoshlilikni sinovdan o‘tkazgan laboratoriyaning o‘zi oxirida qo‘shimcha haq olmay xulosa beradi. Binoni foydalanishga topshirishda hozirgi 7 ta idora o‘rniga faqat 2 ta – Qurilish inspeksiyasi va yong‘in xavfsizligining xulosasi yetarli bo‘ladi.

Ma’lumki, yaqinda Toshkent shahrini Bosh rejasi tasdiqlandi. Endi arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va qurilishga ruxsat berish jarayonini birlashtirib, bunga ketadigan vaqtni 2 karra qisqartirish zarurligi aytildi. Bu tizim kelgusi yildan boshqa viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Yer olishdan boshlab, binoni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan har bir bosqich ko‘rinib turadigan raqamli tizim yaratiladi.

Sohaga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida, bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotiladi.

Bugungi kunda 15 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarga tutash maydon mulkdorga biriktirilmagani sababli boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadigan hududlar chegarasi ma’lum emas. Bunday joylarni aniq belgilab, kompaniyalarga biriktirish, daraxtlar ekib, atrof-muhitni asrash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bu boradagi shartnomaviy munosabatlar va yashil hudud bo‘yicha me’yorlarni qonun bilan mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda mamlakatimizda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yangi Toshkentda 15 ming xonadon barpo qilish ko‘zda tutilgan. Bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi. Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali bo‘ladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida bo‘ladi.

Eski uylarni renovatsiya asosida yangilash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi. Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.

Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida shunday ishlar boshlangan. Bu bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi.

Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga budjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi, ipoteka va renovatsiya loyihalari bo‘yicha axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Rossiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2024-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Qabul qilingan dasturiy va reja hujjatlariga muvofiq ikki mamlakat mudofaa idoralari hamkorligini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Ta’lim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda.

O‘tgan yili bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirilib, 1 ming 200 dan ortiq ta’lim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi. Jumladan, bitiruvchilarga malaka talabi to‘liq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ochildi.

Bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari “TOP-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Oliygohlarda Registrator ofisi xizmatlari bilan talabalar to‘liq qamrab olinadi. Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.

Oliy ta’limda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilg‘or muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda mutasaddilar shu borada amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berdi.

Ma’lumki, oliy ta’limga qabul jarayonida “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga o‘tildi. Davlat granti talabalarning iqtidoriga qarab ajratiladigan bo‘ldi. Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilindi. Natijada dekanat va bo‘limlarda shtatlar 20 foizga qisqarib, 30 ta xizmat turi raqamlashdi.

Ushbu tajribadan kelib chiqib, shunday ofislarni boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham ochish, ta’lim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan. Lekin korxonalarda bunga qiziqish kam. Shu bois dual ta’limda ishtirok etayotgan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

2024-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari har bir hududda texnika oliygohi va ilg‘or muhandislik maktablari tashkil qilish vazifasini qo‘ygan edi. Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari tashkil bo‘ldi. Shuningdek, 8 ta muhandislik maktabi ochildi.

Yig‘ilishda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.

Umuman, bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.

So‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgan. Lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab olmayapti.

Shu bois doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning drayver sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yoshlar tarbiyasida axloq va sport ham muhim. Bu borada “Besh tashabbus”, “Ma’rifat ulashib”, “Talabalar sport ligasi”, “Zakovat” kabi harakatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunday ma’naviy-ma’rifiy, sport va intellektual loyihalar bilan talabalarni to‘liq qamrab olish, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish tadbirlari yuzasidan axborot berildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti JICA bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu yetakchi xorijiy moliya instituti bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz yetakchisi JICA rahbarining bu galgi tashrifi iqtisodiy va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini mamnuniyat bilan qayd etdi. Agentlikning Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda strategik hamkor sifatidagi o‘rni qayd etildi.

Bugungi kunda energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar portfeli 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. O‘tgan yili hamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilingan edi.

O‘zbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi samarali faoliyat yuritmoqda.

Agentlik orqali 2,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassis Yaponiyada o‘qidi va amaliyot o‘tadi. Ushbu mamlakatdan kelgan ko‘ngillilar O‘zbekistonda muhim ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Bundan tashqari, kuni kecha Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash to‘g‘risida bitim imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti JICAning mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

«Yo‘l xaritasi» asosida joriy va istiqbolli loyihalarni ilgari surishning yangi mexanizmlarini tatbiq etishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

Parrandachilik va chorvachilik bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni parrandachilikni rivojlantirish va yaylovlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu tarmoqlar aholini oziq-ovqat xavfsizligi va arzonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillardagi sharoitlar va loyihalar natijasida mahsuldorlik izchil oshib bormoqda. Bu sur’atni davom ettirib, joriy yilda 1 million tonna parranda go‘shti, 10 milliard 500 million dona tuxum yetishtirish mo‘ljallangan. Eksportni 2 karra oshirib, 180 million dollarga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Chorvachilikda 1 ming 350 ta loyihani ishga tushirib, 3 million 200 ming tonna go‘sht yetishtirish, 13 million tonnadan ziyod sut olib, uning 30 foizini sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan.

Taqdimotda ushbu ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Masalan, yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasini tashkil qilish boshlangan. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda endi buni tuxumchilik bo‘yicha ham yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.

Parrandachilik kooperatsiyasi bo‘yicha Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazmda yaxshi tajribalar bor. Bunda ham odamlar daromad topayapti, ham parrandachilik korxonalarining ishi yurishayapti.

Masalan, Qo‘shrabot tumanidagi “Yetti xazina” korxonasi xonadonlarga emlangan tovuq, qafas va yem tarqatib, tuxumini o‘zi sotib olayapti.

Bunday loyihalarni barcha viloyatlarda qilib, mahsulot va ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bunga 50 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.

Vaqtincha to‘xtab qolgan yoki kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xalq rizq-ro‘zining yana bir katta manbai – yaylovlar. Lekin ularning deyarli yarmidan foydalanilmayapti. Negaki yaylov o‘simliklari urug‘chiligi rivojlanmagan, suv inshootlari va quduqlar yetishmaydi. Bunday maydonlarning xaritasi va ijarasi raqamlashtirilmagan.

Shu bois yaylovlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda. “E-yaylov” elektron xaritasi ishlab chiqilib, har bir maydon ushbu tizimga kiritiladi. Unda chorva, ekin yoki geologiyaga  mo‘ljallangan joylar aniq namoyon bo‘ladi.

Bunday maydonlar eng ko‘p bo‘lgan 7 ta viloyatda yaylov xo‘jaliklari tashkil qilinadi. Ular o‘rmon xo‘jaliklari kabi yaylovlarni asrash va samarali foydalanishga mas’ul bo‘ladi. Yaylov xo‘jaliklaridagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30-yilga ijaraga beriladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, qo‘shimcha quduqlar qazish va yaylov urug‘chiligini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Bu yil 500 ming gektar yaylovda 1 million bosh qo‘yni tartibli boqish bo‘yicha namunaviy loyiha amalga oshirilishi aytildi.

Chorvachilik va parrandachilik korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yangi loyihalar va kooperatsiya hisobiga aholi bandligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Tibbiyot muassasalarini jihozlash masalalari ko‘rib chiqildi



Davlatimiz rahbari tibbiyot muassasalarini jihozlash va xizmatlar sifatini oshirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholi salomatligini mustahkamlash va davolash sifatini oshirish maqsadida shifoxonalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Buning uchun byudjetdan har yili kamida 100 milliard so‘m ajratilayapti. Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida tibbiyotni yuqori texnologik uskunalar bilan ta’minlash uchun 200 million dollar xorijiy investitsiya, 94 million dollar grant jalb qilindi.

Natijada oldin faqat respublika muassasalarida bo‘lgan kompyuter tomografi, magnit rezonansli tomograf, angiograflar hozir viloyatlarda, o‘nlab tumanlarda ham bor. Bu ixtisoslashgan xizmat aholiga yanada yaqinlashdi, degani.

Joriy yil ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 200 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, tibbiyotga 370 million dollar xorijiy investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.

Taqdimotda tibbiyot muassasalarini jihozlash bo‘yicha rejalar bayon etildi.

Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollar mablag‘i evaziga respublikadagi 230 ta tug‘ruq muassasasi uchun 45 turdagi 21 mingta tibbiy uskuna va 6 ta reanimobil xarid qilinadi.

Germaniyaning KfW bankining 30 million yevro mablag‘i hisobiga Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi 19 tadan tibbiyot muassasasi yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi 862 ta uskuna bilan jihozlanadi. Yana shu bankning 13,5 million yevro granti orqali Termiz shahrida o‘quv markazi, talabalar turar joyi quriladi. Bu markaz zamonaviy o‘quv-simulyatsiya va axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Davlatimiz rahbari jihozlash bu masalaning faqat bir qismi ekani, ularda ishlay oladigan malakali mutaxassislarni hozirdan tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Tegishli muassasalardagi shifokor va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Uskunalardan samarali foydalanish ham muhim. Masalan, viloyatlarda angiograflar yuklamasi o‘rtacha 34 foiz. Tomograf bo‘yicha holat ham har xil.

Shu bois, hokimliklar bilan birga, davlat shifoxonalaridagi yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Posted on Leave a comment

Moliyaviy nazorat rejalari bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-yanvar kuni Hisob palatasi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mablag‘larning maqsadli ishlatilishi va dasturlar samaradorligida moliyaviy nazorat muhim. So‘nggi yillarda Hisob palatasining ish uslubi o‘zgartirilib, hududlarda byudjet intizomiga ko‘mak beruvchi hamkor idoraga aylantirildi. Oldingi tekshiruv tizimi o‘rniga xalqaro standartlar asosida audit tizimi joriy qilindi. Jahon bankining “Tashqi audit indikatori”da O‘zbekiston “yaxshi” darajaga ko‘tarildi.

2024-yil 10-iyulda O‘zbekiston Prezidentining “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda vazirlik va davlat idoralarida ichki audit tizimini takomillashtirish, tizimni raqamlashtirish,  konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish kabi vazifalar belgilandi.

Raqamli transformatsiya jarayoni amalga oshirilmoqda. “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinib, unga 34 ta vazirlik va idora bog‘landi.

2024-yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7  trillion so‘m byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minladi. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirildi, 2,3 trillion so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olindi. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etildi.

Bunday amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni joriy yilda ham izchil davom ettirish zarur.

Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga  110 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion so‘mlik byudjet xarajatlari monitoringi to‘liq qamrab olinadi.

Byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish doimiy vazifa hisoblanadi. Davlat ulushi bor korxonalarning moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilib borish ham muhim.

Joriy yilda byudjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazish amaliyoti boshlanadi.

Prezident barcha davlat idoralarida moliyaviy intizom va tejamkorlikka qat’iy amal qilinishi zarurligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Kambag‘allikni qisqartirishda yangicha yondashuvlar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.

Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida 32 ta yo‘nalishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, 300 ta og‘ir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga kambag‘al oilalar a’zolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.

123 ta tumanda kambag‘al aholi 20 ming gektar o‘rmon va ko‘chatzor barpo etish hamda dorivor o‘simliklar yetishtirishga jalb etiladi. Ular eggan har 100 ta daraxt uchun 375 ming so‘m subsidiya to‘lanadi.

Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta bo‘limlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambag‘al oila vakillari ishga olinadi.

Umuman, joriy yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi.

Chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambag‘al oilalar mehnatini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari 2025-yil ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘lishini yana bir bor ta’kidlab, bu boradagi chora-tadbirlarni tartibli va manzilli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qat’iy nazoratga olish topshirildi. Har bir loyiha, har bir chora-tadbir elektron platformaga kiritilib, yaratilgan ish o‘rinlari soliq bazasida tekshirilishi belgilandi.

Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targ‘ib qilish muhimligi aytildi.

Posted on Leave a comment

Investitsiya va eksport bo‘yicha asosiy vazifalar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizdagi ochiqlik, kuchli investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyot barqaror o‘sib kelayapti. Xususan, 2024-yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi.

O‘tgan yili tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiya 2 karra oshgan. 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib kelgan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohadagi qoloqliklar atroflicha tahlil qilindi.

To‘qimachilik sanoati, “O‘ztransgaz”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zsuvta’minot” tizimida investitsiya ko‘rsatkichlari pasaygan. Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar, Transport, Qurilish, Sog‘liqni saqlash, Sport, Madaniyat, Oliy ta’lim, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari olib kelgan investitsiya va grantlar imkoniyatga yarasha emas.

Ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot, Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari hamda Ohangaron shahri hokimlariga hayfsan e’lon qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksport bo‘yicha bu yilgi asosiy vazifalar belgilandi.

Avvalo, bu masala hududlar kesimida ko‘rib chiqildi. 27 ta tumanda investitsiya hajmi 200 million dollardan oshishi hisob-kitob qilingan. Lekin 10 ta tumanda reja 40 million dollarga ham yetmaydi. Mutasaddilarga ushbu tumanlarda yangi loyihalarni shakllantirib, investitsiyani ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mablag‘larning samaradorligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Masalan, so‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushgan. Tahlil qilinsa, har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratayapti. Bu ko‘rsatkich tog‘-kon sanoatida 700 dollarga yetgan.

Lekin neft-gaz, metallurgiya va qurilish materiallari sohalarida investitsiya samaradorligi nisbatan past. Hududlardan esa Sirdaryo, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda shunday holat.

Yangi ochilgan 92 ta korxonada uskunalar ishlatilmay turgani uchun kreditlar qaytishi kechikayapti. 105 ta tadbirkor olib kelgan uskunalar bojxona omborlarida turibdi.

Prezident investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

– Bu iqtisodiyotimiz o‘sishiga katta turtki beradi. Kafolatli xarid hisobiga, juda ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratiladi, valyuta tejaladi va yondosh sohalar rivojlanadi. Buni hokimlar yaxshi tushunib, har bir loyihaning “ichiga kirib”, ishni unumli tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlar ishtirokida yarmarkalar o‘tkazib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimizda tadbirkorlar sinfi kengayib, xalqaro doiraga chiqmoqda. Ilg‘or korxonalarimiz chet eldan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ olib kelishni boshladi. Buni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Prezident farmoni bilan, Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilindi. Endi bundan foydalanib, ko‘proq tadbirkorlar xorijdan mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilishi aytildi.

Bu yil xalqaro moliya institutlari hisobidan 5 milliard 200 million dollarlik ishlar rejalashtirilgan. Ularni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun Bosh vazir boshchiligida favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyoti banki bilan 1 milliard 100 million dollar, Islom taraqqiyot banki bilan 1 milliard dollarlik loyihalar ko‘zda tutilgan. Mutasaddilarga ushbu banklar bilan davlat kafolatisiz loyihalarni ko‘paytirish, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashish topshirildi.

Investitsiya samaradorligining ko‘rsatkichlaridan biri – eksport. Masalan, erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab, imtiyoz olayapti. Bu tannarxni pasaytirish, eksportga chiqishga xizmat qilishi kerak.

O‘tgan yili 22 ta erkin iqtisodiy zonadagi 589 ta korxona 42 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Lekin tovarlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.

Shu bois endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi ta’kidlandi. Ularda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabgir mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shulardan birinchisi Namangan viloyatida, 30 gektar maydonda to‘qimachilik yo‘nalishida tashkil etiladi.

Yana bir yangi yondashuv – o‘tgan yili 12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi. Hozircha ularga 2,5 milliard dollarlik 27 ta loyiha joylashtirilgan. Bu tajribani kengaytirib, xorijiy kompnaiyalar ishtirokida yana bir nechta texnoparklar tashkil qilish taklifi bildirildi.

Bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallanmoqda. Masalan, yurtimizda xomashyosi bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarda eksportni 2-3 karra oshirish imkoniyati bor.

Shu bois bu ikkita drayver tarmoqni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Xususan, eksportchilarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun alohida faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarni xalqaro sertifikat talablariga moslashtirish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi. Rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarini targ‘ib qilish uchun 2 million dollar yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga tashqi bozorlardagi imkoniyatni tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Paxta yetishtirish va qayta ishlashda ham qo‘shimcha bozor mexanizmlari joriy qilinadi. Shu yildan boshlab, klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qo‘yadi, fermerlar esa o‘ziga ma’qulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi. Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Imtiyozli kreditni 31-dekabrgacha to‘liq qaytargan fermerlarga kreditning 4 foizi qaytarib beriladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi tomorqa egalari mahalla bankirlariga mijoz bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari jahonda investitsiya va bozorlar uchun raqobat keskinligini yana bir bor ta’kidlab, mutasaddilarga ishchanlik va natijadorlikni oshirish talabini qo‘ydi. Bu borada nazorat va so‘rov qattiq bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazirga bu yilgi 42 milliard dollar xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy reja tasdiqlab, ijrosini ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning axboroti eshitildi.

Posted on Leave a comment

Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.

O‘zbekiston yetakchisi Amirliklar poytaxti Abu-Dabi shahrida BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan samarali muzokaralar hamda ushbu mamlakatning yetakchi davlat tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, shu jumladan Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammiti ochilishi hamda barqaror rivojlanish sohasidagi Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi, sammitning yalpi majlisida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Bugun Dubay shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Tashrif yakunida Dubay xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Dubay fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi prezidenti, «Emirates» kompaniyalar guruhi raisi va bosh direktori Shayx Ahmad bin Said Ol Maktum va BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulla al-Gargaviy kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.