Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri sheriklikni innovatsion rivojlantirish davrini boshlashga kelishib oldilar



5-fevral kuni «Perdana Putra» hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Malayziya Bosh vaziriga ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan «Madani» davlat strategiyasining yuksak natijalari bilan dildan qutladi.

O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Malayziya Bosh vazirining o‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faollashdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda.

O‘tgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi, Ishbilarmonlar kengashi tuzildi, qator yirik biznes forumlari tashkil etildi.

Tashrif arafasida tahliliy markazlar uchrashuvi, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazildi.

Hamkorlikni rivojlantirish va oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti platformasini tashkil etishga qaror qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi.

Malayziya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yetakchilar 2025-2026-yillarni O‘zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bular – neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, «yashil» energetika, ziyorat turizmi va boshqalar.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi.

Yetakchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga qaror qilindi.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Posted on Leave a comment

Davlatimiz rahbari «Lukoyl» kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi bilan tanishdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni «Lukoyl» kompaniyasi asoschisi Vagit Alekperovni qabul qildi.

Uchrashuvda Rossiyaning yetakchi neft-gaz kompaniyasining O‘zbekiston energetika sohasidagi loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va neft mahsulotlarini chakana sotish tizimini rivojlantirish shular jumlasidan.

Kompaniyaning mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish rejalari yuzasidan fikr almashildi. Mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish, ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli ekinlar yetishtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Omilkorlik va tarkibiy o‘zgarishlar tufayli qishloq xo‘jaligi maydonlaridan mo‘l hosil olinmoqda. Shu bilan birga, boshqa yerlarni ham “iqtisodiy aktiv”ga aylantirish, odamlarni ishli qilib, daromadini oshirish choralari ko‘rilayapti.

Masalan, 5 milliondan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, avval tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklarida 17 ming gektar va so‘nggi yillarda aholiga tarqatilgan 260 ming gektar yer bor. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda eng katta zaxira.

O‘tgan 7 yilda tomorqa egalari va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 2,3 trillion so‘m imtiyozli kredit va 265 milliard so‘mlik subsidiya berilgan. Odamlarning ko‘nikmasidan kelib chiqib, 5 ming 145 ta mahalla meva-savzavot yetishtirish, ko‘katchilik, limonchilik kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan.

Eng asosiysi, odamlar yerga ishlashni, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llashni yaxshi o‘rgandi. Ilgari tomorqada gektaridan o‘rtacha 18 tonna mahsulot olingan bo‘lsa, hozirda bu 2 karra oshib, 38 tonnaga yetdi.

Mahallalarda qo‘shimcha 470 ming tonna meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlari yaratildi. Bu borada yaxshi tajriba yaratgan tuman va mahallalar juda ko‘p. Asaka, Jondor, Shahrisabz, Uychi, Qiziltepa, Yangiyo‘l, Toyloq, Angor, Quva, Oltiariq kabi o‘nlab tumanlarda odamlar tomorqadan 2-3 marta hosil olib, bir sotixdan o‘rtacha 15-20 million so‘m daromad topayapti.

Bunday ishlarni boshqa joylarda ham rivojlantirish uchun aholi, qayta ishlovchilar va eksportchilarning takliflari o‘rganildi.

Masalan, samarqandlik bog‘bonlar uzum ko‘chatini shpalerga o‘tkazish uchun subsidiya berishni so‘ragan. Bunday usulda hosil 2 karra oshadi. Bu qo‘llab-quvvatlanib, har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, mayizni osma usulda quritish uskunalari uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit berilishi aytildi.

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Tasmasoy mahallasida 875 ta xonadon tomorqasida sitrus meva ko‘chati va limon yetishtirib, har biri yiliga 200 million so‘mgacha daromad olayapti. Sariosiyo va Oltinsoydagi mingdan ziyod xonadonlar ham “handak” va “termos” usulida limon yetishtirish tashabbusini bildirgan.

Yangiyo‘llik dehqonlar ham o‘zimizning ko‘kat urug‘lari yo‘qolib ketgani, sifatli nav yetishmasligini aytgan. Bular bo‘yicha vaziyatni o‘nglash, aholi tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish va moliyalashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha alohida kengash tuziladi. U aholini o‘qitishdan tortib, urug‘, ko‘chat yetkazish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarish zanjirini yaratish bilan tizimli shug‘ullanadi.

Mazkur kengash boshqaradigan “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Bunda ushbu xolding tarkibida meva-sabzavotchilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 15 ta kompaniya ochiladi. Ushbu kompaniyalar meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha o‘z brendini yaratgan 15 ta drayver tumanni yangi bosqichga olib chiqib, ularning tajribasini yana 72 ta tumanda ommalashtiradi.

Har bir kompaniyaga budjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Tomorqa kengashida alohida jamg‘arma tashkil qilinib, dastlabki bosqichda 260 milliard so‘m pul va 1,2 trillion so‘mlik kredit portfeli beriladi.

Buning hisobiga 15 ta kompaniya biriktirilgan tumanlardagi ixtisoslashgan mahallalar aholisini o‘ziga mijoz qilib, mablag‘ bilan ta’minlaydi. Tomorqada hosilni ko‘paytirish uchun chetdan yangi texnologiya va ekspertlar olib keladi. Xonadonlarga hosildor urug‘ va ko‘chat, sifatli o‘g‘it yetkazish, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, mahsulotini qayta ishlash, saqlash va eksport qilishda ko‘maklashadigan tizim tashkil etiladi.

Urug‘chilik institutlari bilan hamkorlik rivojlantiriladi. Tanlab olingan tumanlarda “yashil” issiqxonalar tashkil etilib, namuna qilinadi.

Umuman, aholi tomorqasida oziq-ovqat yetishtirishni moliyalashtirish uchun qariyb 5 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Jumladan, mahalla va xonadonlarda muzlatkich, qadoqlash, quritish, qayta ishlash omborlari va issiqxonalar qurilib, aholiga 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan tayyor holda beriladi. Tomorqa xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 17,5 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Aholi va dehqonlarning eng namunali loyihalari uchun har yili 20 milliard so‘mlik grantlar e’lon qilinadi. Bunda 500 ta mahalladagi eng zo‘r loyihaga 40 million so‘mdan grant beriladi.

Shu bilan birga, mahallada eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan usta-dehqonlarga 100 million so‘mgacha, qisqa muddatli o‘quv kursini tashkil qilganlarga 5,5 million so‘m subsidiya ajratiladi. Suv ta’minoti og‘ir joylarda yomg‘ir suvini to‘plash va saqlash sig‘imini qurish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Yana bir yangilik – Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga kredit ajratishda garov talab qilinmaydi. Bunda sug‘urta polisining o‘zi yetarli bo‘ladi. Dehqonlarga ortiqcha hujjatlarsiz imtiyozli kredit beriladi.

Tomorqa va dehqon xo‘jaligi yerlari, ularda yetishtirilgan mahsulot hisobini yuritish bo‘yicha ham yangicha tizim bo‘ladi. Buning uchun yil yakunigacha tomorqalar va ekin yerlari alohida tasniflanadi. Ularda nima ekilgani “onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi.

Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 million so‘mdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer solig‘ining 90 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer solig‘i oshirilgan miqdorda undiriladi.

Hozir bu sohada “raqamli bozor” bo‘lmagani uchun dehqonlar meva-sabzavotiga xaridor, qayta ishlovchi va eksportchilar esa mahsulot qidirib yuribdi. Shu bois ularni o‘zaro bog‘laydigan “market pleys” ishga tushiriladi.

Oxirgi uch yilda 260 ming gektar yer aholiga bo‘lib berilgan edi. Endi bu takomillashtirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer tajriba tariqasida yangicha tartibda ijaraga beriladi. Bunda, konturlar 3 gektardan 50 gektargacha yaxlit holda savdoga qo‘yilib, 49 yilga ijaraga beriladi.

Eng muhimi, bu yerlar tuproq tarkibi va sifati tahlili, kafolatli suv limitini eng past va eng yuqori chegaralari ko‘rsatilgan holda auksionga qo‘yiladi. Bunda, nafaqat shu hududdagi, balki boshqa viloyatdagi tadbirkorlar ham qatnashib, yer olishi mumkin bo‘ladi. Auksion boshlang‘ich narxni pasaytirib borish va bir yo‘la to‘lash sharti bilan o‘tkaziladi. U yerlarning bir qismiga saqlash va qadoqlash quvvatlari qurishga ham ruxsat beriladi.

Kelgusi yildan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi ham o‘zgaradi. Ijaraga berilgan yerning ball-boniteti oshsa, to‘lanadigan soliq o‘zgarmaydi, aksincha tushib ketsa, soliq stavkasi 3 karra oshadi.

Yurtimizda eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri kartoshkadir. 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanayapti. Negaki nav va hosildorlik yaxshi emas.

Shu bois Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qo‘yildi.

Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Import qilingan hamda mahalliy yetishtirilgan urug‘lik kartoshkani sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. 2027-yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari hududlardagi usta dehqonlar va tomorqa egalari bilan muloqot qildi. Ulardan biri – hovlisidagi issiqxonada yiliga 4 marta hosil olib, yuqori daromad topayotgan qoraqalpog`istonlik Genjimurat Turdimuratov “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rildi.

Mutasaddilar va bank rahbarlari ushbu yangi tashabbuslarni joriy qilish, 1 million 500 ming aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Ehtirom va birdamlik namoyon bo‘ldi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni poytaxtimizdagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi jam bo‘ldi.

Bu el-yurtga xizmat unutilmasligi, hamisha e’zozlanishidan dalolat. Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasi abadiylashtirildi, u kishi tavallud topgan 30-yanvar har yili nishonlanadigan bo‘ldi. Toshkentda ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Samarqandga tashriflar chog‘ida Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilish ezgu an’anaga aylandi.

Bu keyingi avlodlar uchun ham ibrat va namunadir. Marosimda ana shunday ehtirom va birdamlik namoyon bo‘ldi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Birinchi Prezidentimizning xalq manfaati yo‘lida qilgan ishlari, fazilatlari yodga olindi.

Shunday tadbirlar Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazildi.

Posted on Leave a comment

Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli



Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Bu majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.

Ushbu markaz Prezidentimizning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari  uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.

Bag‘oyat ulug‘vor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi  me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus’hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.

– Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob ma’lumotlar, san’at asarlari, afsuski, bizga noma’lum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta’siri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste’molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Prezidentimiz ularning ilmiy konsepsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi.

Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.

– Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi Prezident.

Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerak.

– Nasib etsa, bu majmua o‘zimizning me’moriy tajribamiz, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-ma’naviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir bo‘limning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani e’tiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega bo‘lishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy o‘zligimizni anglash va anglatish, – dedi davlatimiz rahbari.

Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. 2024-yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.

Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma’no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshkentning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ham tanishdi.

Bunday loyihalar ko‘p joylarda boshlangan. Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida 7/24 tartibida ishlaydigan o‘nlab sayyohlik manzillari tashkil etilgan.

Toshkentning eski shahar hududi o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy sayyohlar ko‘p keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Chorsu bozori yonidagi Gulbozor mahallasida shunday ko‘cha tashkil etilgandi. Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham obodonlashtirilmoqda.

Endi bularga uyg‘un ravishda gastronomik va turizm ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 17 ta ko‘cha va 32 ta berk ko‘cha tanlab olingan. Ularda Eski shaharning o‘ziga xos me’moriy qiyofasini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha infratuzilmalar yaratiladi.

Buning natijasida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 250 taga ko‘payadi, 1 ming 500 ta ish o‘rni ochiladi. Muhimi, kunlik sayyohlar soni hozirgi 4 mingtadan 11 mingtaga ko‘payishi kutilmoqda.

Mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Ijtimoiy yordam va xizmatlar bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni ijtimoiy yordamlarning manzilliligini oshirish, nogironligi bo‘lganlarni parvarishlashning yangi tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu haqda 13-dekabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, jahon tajribasi va hayot talabini inobatga olgan holda, qator takliflar ishlab chiqildi.

Jumladan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy yordamlar “Kambag‘al oilalar reestri”ga kirgan oilalarga ko‘rsatilishi belgilanmoqda. Bunda mablag‘larni tuman va shaharlardagi aholi, nogiron shaxslar va kambag‘al oilalar soniga mutanosib ravishda taqsimlash tartibi joriy etilmoqda.

Oilaning kambag‘al deb e’tirof etilishi uning a’zolaridan qo‘shimcha ariza va hujjatlarni talab etmagan holda ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilishiga asos bo‘ladi.

Shu bilan birga, samarasiz va talab yuqori bo‘lmagan ijtimoiy yordamlar maqbullashtirilib, 28 turdagi ijtimoiy yordamning yagona ro‘yxati tasdiqlanadi. Ijtimoiy daftarlar hisobidan ajratiladigan davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.

Tuman (shahar) hokimliklari huzurida yuridik shaxs bo‘lmagan “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalari tashkil etiladi. Uning mablag‘lari hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-amaliy va infratuzilmaviy muammolarini bartaraf etish, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va sportni rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni asrash tadbirlariga sarflanadi.

Davlatimiz rahbari nogironligi bo‘lgan bolalarga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish xayrli ekanini aytgan edi.

Shu bois 3-18 yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Unga bolalar ota-onalar bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi.

Joriy yil yakuniga qadar bu xizmatlar bilan 2 mingga yaqin og‘ir nogironligi bo‘lgan bolalarni qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bu ularning onalari uchun ishlash va ta’lim olish kabi imkoniyatlar yaratib, oila farovonligiga xizmat qiladi.

“Bolalar salomatligi” axborot tizimi ishga tushirilib, har bir farzandga qo‘yilgan tashxis tahlil qilib boriladi. Ularga tibbiy, reabilitatsiya, ta’lim, ijtimoiy xizmatlar kompleks ravishda ko‘rsatiladi.

Bunday muassasalarga har bir bola uchun subsidiya va xaridlar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ota-onalarning kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangani uchun oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlaridan soliq olinmaydi.

Taqdimotda oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish tadbirlari haqida ham axborot berildi.

Bu jarayon “yetti imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida tashkil qilingan. Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, daromadi va mulkni baholaydigan “Kambag‘al oilalar reestri” axborot tizimi ishga tushirilgan.

Shu asosida, 48 ming fuqaro ishga joylashtirildi, 10 mingdan ziyodi kasbga o‘qitildi, 14 ming nafariga kredit va subsidiyalar ajratildi. 140 ming oilaga shifokorlar biriktirildi, 38 ming fuqaroga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. 32 ming bola bog‘chaga joylashtirilib, qariyb 7 ming yoshlar kirish imtihoniga tayyorlash uchun universitetlarga biriktirildi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, kambag‘allik reestrini oilalarning mehnatga layoqatiga qarab tabaqalashtirish, mehnatga layoqatli bo‘lmaganlarni davlat ijtimoiy himoyasiga olish, ularni ijtimoiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Elektr energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi.

Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016 yilgidan 2 baravar ko‘p.

2030-yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra o‘sishi kutilayapti. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. Hisob-kitobga ko‘ra, 2030-yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035-yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ya’ni, hozirgidan 1,7 baravar ko‘p.

Yig‘ilishda energetika vaziri shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi.

Qayd etilganidek, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi ta’minlanadi. Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi.

Yana bir muhim masala – elektr energiyasining tannarxini pasaytirish. Buning omili muqobil manbalarni ko‘paytirishdir. Xorijiy ekspertlar ham O‘zbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari ko‘pligini aytayapti.

Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Kuni kecha davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.

Xususan, sanoatda energiya samaradorlik orqali qo‘shimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya bo‘yicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.

Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.

Xorijiy investorlar bilan yana 26 milliard dollarlik 24 gigavattli loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan. Ularga ko‘p miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu yurtimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Iste’molchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Mutasaddilarga bularning hammasini inobatga olib, elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.

Posted on Leave a comment

Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugun dunyoda iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol sezilmoqda. Buni oldindan ko‘ra bilib, mamlakatimizda ekologik toza iqtisodiyotga o‘tilmoqda.

Oxirgi uch yilda joylarda 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Sanoatda “yashil energiya” sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari o‘rnatgan xonadonlar 60 mingdan oshdi. “Yashil makon” dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bog‘lar yaratilayapti. Suvdan tejab-tergab foydalanilayapti.

2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilindi. Bu borada davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. U bilan 11 million fuqaro tanishib, 100 dan ziyod takliflar tanlab olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tarmoqlari va boshqa vakolatxonalar hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Davlat dasturidagi eng katta yo‘nalishlardan biri energetikadir.

So‘nggi yillardagi jadallik tufayli mamlakatimizning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari bunga qo‘shimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.

“Yashil iqtisodiyot” bu nafaqat toza energetikani rivojlantirish, balki tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish hamdir.

Bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda omilkorlik va tejamkorlik juda muhim.

Shu bois Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziriga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15-20 foizgacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.

Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmog‘idagidan 15-20 barobar yuqori.

Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, ko‘p qo‘shilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinishi belgilandi.

Yaqin kelajakda rivojlangan davlatlar faqat “yashil texnologiya” asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni oladi. Shu bois hozirdan bunga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yil ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarining 15 foizi, 2027-yildan 30 foizi, 2030-yildan 55 foizi “yashil” bo‘ladi. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan 300 million dollar resurs jalb qilinadi.

Energetika majmualarini barpo etishda 4 milliard dollarlik uskuna va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu orqali yirik loyihalarda “yashil komponent” ulushi 25 foizdan 31 foizga yetadi.

“Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. O‘tgan 3-yilda 698 ta bog‘ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektarli butazor barpo etildi.

Buni davom ettirgan holda, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urug‘chilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu xo‘jaliklarda joriy yilda 123 million tup ko‘chat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Hududida daraxt eggan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi. Bu tadbirkorlar reytingida ham inobatga olinadi. Ularga tashqi bozorlarga chiqishi uchun “yashil sertifikat” olish, bozor topishda har tomonlama yordam beriladi.

Yig‘ilishda mutasaddilar davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan ko‘p qirrali sheriklik kun tartibini kengaytirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni navbatdagi O‘zbekiston-Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlari doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, mamlakat Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib borayotgani, 2024-yilda 1,1 milliard dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. «Shovot-Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi birgalikda barpo etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va suvdan foydalanish sohalarida yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Toshkent shahrida Gurbanguli Berdimuhamedovning «Hakyda göwheri» («Tafakkur gavhari») nomli yangi kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazilgani uchun Turkmaniston rahbariyati nomidan O‘zbekiston yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning yangi keng qamrovli kun tartibini shakllantirish, bo‘lajak oliy darajadagi tashriflar, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Belarus yetakchisini prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

Davlatimiz rahbari saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari Belarus xalqi amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida o‘tgan yil 7-9-fevral kunlari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, yaqin ishbilarmonlik va hududlararo aloqalarni, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.