Posted on Leave a comment

Moliyaviy nazorat rejalari bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-yanvar kuni Hisob palatasi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mablag‘larning maqsadli ishlatilishi va dasturlar samaradorligida moliyaviy nazorat muhim. So‘nggi yillarda Hisob palatasining ish uslubi o‘zgartirilib, hududlarda byudjet intizomiga ko‘mak beruvchi hamkor idoraga aylantirildi. Oldingi tekshiruv tizimi o‘rniga xalqaro standartlar asosida audit tizimi joriy qilindi. Jahon bankining “Tashqi audit indikatori”da O‘zbekiston “yaxshi” darajaga ko‘tarildi.

2024-yil 10-iyulda O‘zbekiston Prezidentining “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda vazirlik va davlat idoralarida ichki audit tizimini takomillashtirish, tizimni raqamlashtirish,  konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish kabi vazifalar belgilandi.

Raqamli transformatsiya jarayoni amalga oshirilmoqda. “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinib, unga 34 ta vazirlik va idora bog‘landi.

2024-yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7  trillion so‘m byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minladi. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirildi, 2,3 trillion so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olindi. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etildi.

Bunday amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni joriy yilda ham izchil davom ettirish zarur.

Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga  110 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion so‘mlik byudjet xarajatlari monitoringi to‘liq qamrab olinadi.

Byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish doimiy vazifa hisoblanadi. Davlat ulushi bor korxonalarning moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilib borish ham muhim.

Joriy yilda byudjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazish amaliyoti boshlanadi.

Prezident barcha davlat idoralarida moliyaviy intizom va tejamkorlikka qat’iy amal qilinishi zarurligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Kambag‘allikni qisqartirishda yangicha yondashuvlar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.

Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida 32 ta yo‘nalishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, 300 ta og‘ir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga kambag‘al oilalar a’zolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.

123 ta tumanda kambag‘al aholi 20 ming gektar o‘rmon va ko‘chatzor barpo etish hamda dorivor o‘simliklar yetishtirishga jalb etiladi. Ular eggan har 100 ta daraxt uchun 375 ming so‘m subsidiya to‘lanadi.

Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta bo‘limlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambag‘al oila vakillari ishga olinadi.

Umuman, joriy yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi.

Chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambag‘al oilalar mehnatini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari 2025-yil ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘lishini yana bir bor ta’kidlab, bu boradagi chora-tadbirlarni tartibli va manzilli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qat’iy nazoratga olish topshirildi. Har bir loyiha, har bir chora-tadbir elektron platformaga kiritilib, yaratilgan ish o‘rinlari soliq bazasida tekshirilishi belgilandi.

Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targ‘ib qilish muhimligi aytildi.

Posted on Leave a comment

Investitsiya va eksport bo‘yicha asosiy vazifalar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizdagi ochiqlik, kuchli investitsiya siyosati natijasida iqtisodiyot barqaror o‘sib kelayapti. Xususan, 2024-yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi.

O‘tgan yili tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiya 2 karra oshgan. 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib kelgan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohadagi qoloqliklar atroflicha tahlil qilindi.

To‘qimachilik sanoati, “O‘ztransgaz”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zsuvta’minot” tizimida investitsiya ko‘rsatkichlari pasaygan. Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar, Transport, Qurilish, Sog‘liqni saqlash, Sport, Madaniyat, Oliy ta’lim, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari olib kelgan investitsiya va grantlar imkoniyatga yarasha emas.

Ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot, Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari hamda Ohangaron shahri hokimlariga hayfsan e’lon qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksport bo‘yicha bu yilgi asosiy vazifalar belgilandi.

Avvalo, bu masala hududlar kesimida ko‘rib chiqildi. 27 ta tumanda investitsiya hajmi 200 million dollardan oshishi hisob-kitob qilingan. Lekin 10 ta tumanda reja 40 million dollarga ham yetmaydi. Mutasaddilarga ushbu tumanlarda yangi loyihalarni shakllantirib, investitsiyani ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mablag‘larning samaradorligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Masalan, so‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushgan. Tahlil qilinsa, har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratayapti. Bu ko‘rsatkich tog‘-kon sanoatida 700 dollarga yetgan.

Lekin neft-gaz, metallurgiya va qurilish materiallari sohalarida investitsiya samaradorligi nisbatan past. Hududlardan esa Sirdaryo, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda shunday holat.

Yangi ochilgan 92 ta korxonada uskunalar ishlatilmay turgani uchun kreditlar qaytishi kechikayapti. 105 ta tadbirkor olib kelgan uskunalar bojxona omborlarida turibdi.

Prezident investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

– Bu iqtisodiyotimiz o‘sishiga katta turtki beradi. Kafolatli xarid hisobiga, juda ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratiladi, valyuta tejaladi va yondosh sohalar rivojlanadi. Buni hokimlar yaxshi tushunib, har bir loyihaning “ichiga kirib”, ishni unumli tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlar ishtirokida yarmarkalar o‘tkazib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimizda tadbirkorlar sinfi kengayib, xalqaro doiraga chiqmoqda. Ilg‘or korxonalarimiz chet eldan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ olib kelishni boshladi. Buni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Prezident farmoni bilan, Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilindi. Endi bundan foydalanib, ko‘proq tadbirkorlar xorijdan mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilishi aytildi.

Bu yil xalqaro moliya institutlari hisobidan 5 milliard 200 million dollarlik ishlar rejalashtirilgan. Ularni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun Bosh vazir boshchiligida favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyoti banki bilan 1 milliard 100 million dollar, Islom taraqqiyot banki bilan 1 milliard dollarlik loyihalar ko‘zda tutilgan. Mutasaddilarga ushbu banklar bilan davlat kafolatisiz loyihalarni ko‘paytirish, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashish topshirildi.

Investitsiya samaradorligining ko‘rsatkichlaridan biri – eksport. Masalan, erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab, imtiyoz olayapti. Bu tannarxni pasaytirish, eksportga chiqishga xizmat qilishi kerak.

O‘tgan yili 22 ta erkin iqtisodiy zonadagi 589 ta korxona 42 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Lekin tovarlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.

Shu bois endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi ta’kidlandi. Ularda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabgir mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shulardan birinchisi Namangan viloyatida, 30 gektar maydonda to‘qimachilik yo‘nalishida tashkil etiladi.

Yana bir yangi yondashuv – o‘tgan yili 12 ta texnopark xorijiy korxonalar boshqaruviga berildi. Hozircha ularga 2,5 milliard dollarlik 27 ta loyiha joylashtirilgan. Bu tajribani kengaytirib, xorijiy kompnaiyalar ishtirokida yana bir nechta texnoparklar tashkil qilish taklifi bildirildi.

Bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallanmoqda. Masalan, yurtimizda xomashyosi bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarda eksportni 2-3 karra oshirish imkoniyati bor.

Shu bois bu ikkita drayver tarmoqni rivojlantirish, eksportga ishlayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Xususan, eksportchilarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun alohida faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarni xalqaro sertifikat talablariga moslashtirish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi. Rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarini targ‘ib qilish uchun 2 million dollar yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga tashqi bozorlardagi imkoniyatni tahlil qilib, uch yillik eksport strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Paxta yetishtirish va qayta ishlashda ham qo‘shimcha bozor mexanizmlari joriy qilinadi. Shu yildan boshlab, klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qo‘yadi, fermerlar esa o‘ziga ma’qulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi. Imtiyozli kredit olmay, o‘zi paxta yetishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Imtiyozli kreditni 31-dekabrgacha to‘liq qaytargan fermerlarga kreditning 4 foizi qaytarib beriladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi tomorqa egalari mahalla bankirlariga mijoz bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari jahonda investitsiya va bozorlar uchun raqobat keskinligini yana bir bor ta’kidlab, mutasaddilarga ishchanlik va natijadorlikni oshirish talabini qo‘ydi. Bu borada nazorat va so‘rov qattiq bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazirga bu yilgi 42 milliard dollar xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy reja tasdiqlab, ijrosini ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning axboroti eshitildi.

Posted on Leave a comment

Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.

O‘zbekiston yetakchisi Amirliklar poytaxti Abu-Dabi shahrida BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan samarali muzokaralar hamda ushbu mamlakatning yetakchi davlat tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, shu jumladan Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammiti ochilishi hamda barqaror rivojlanish sohasidagi Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi, sammitning yalpi majlisida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Bugun Dubay shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Tashrif yakunida Dubay xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Dubay fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi prezidenti, «Emirates» kompaniyalar guruhi raisi va bosh direktori Shayx Ahmad bin Said Ol Maktum va BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulla al-Gargaviy kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri bilan uchrashdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 15-yanvar kuni Dubay shahrida BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar samarali bo‘lgani hamda O‘zbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘targani yuqori baholandi.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash kabi sohalarda faol muloqotlar va samarali hamkorlik olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.

BAAdagi sheriklar bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.

Dubayning ilg‘or yechimlarini shaharsozlik sohasiga, jumladan, Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani yaratish doirasida joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar faol muloqotni davom ettirish va amaliy sheriklikning barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Posted on Leave a comment

Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi



Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida quyidagi hujjatlar imzolandi:

– Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya;

– Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Moliyaviy-texnik hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– investitsiyalar, sanoat va ilg‘or texnologiyalar, adliya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, foydali qazilmalar sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida idoralararo bitimlar;

– Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Diplomatik akademiyalar o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqalar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va BAA yetakchilari iqtisodiy sheriklikning yangi davrini boshlashga kelishib oldilar



15-yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi «Qasr ash-Shati» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-BAA do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini, shu jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda yanada rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Amirliklar xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, o‘xshash an’ana va qadriyatlar, muqaddas islom dini chambarchas bog‘lab turgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisining BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochayotgani – ular strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani qayd etildi.

So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ko‘paydi, vizasiz tartib joriy qilindi.

 Tashrif doirasida BAAning yetakchi kompaniyalari bilan yangi, asosan yuqori texnologik tarmoqlarda loyihalar portfeli shakllantirildi.

Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan sun’iy intellekt, raqamlashtirish, «yashil» energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab oldilar. Har bir ustuvor soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishildi.

Tomonlar 2025-2027-yillarni «O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri» deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Shu ma’noda, 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga oshirish va investitsiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.

O‘zbekiston ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va BAA kompaniyalarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishdan manfaatdorligi qayd etildi. 

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirishni taklif etdi.

Muzokaralar davomida bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Yetakchilar xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BAA Vitse-prezidenti bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ko‘p qirrali hamkorlik va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Bugun O‘zbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqqan oliy darajadagi tarixiy muzokaralar yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniya va xoldinglari rahbarlari bilan erishilgan kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishi qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuvda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uy-joy va transport infratuzilmasi, energetika, tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, raqamlashtirish va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Sun’iy intellekt borasida, shu jumladan soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti “AMEA Power”, “M42” va “IFFCO” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “AMEA Power” kompaniyasi rahbari Husayn al-Novays, “M42” kompaniyasi rahbari Hasan Jasim al-Novays va “IFFCO Group” kompaniyasi rahbari Sheroz Allanni qabul qildi.

“AMEA Power” – qayta tiklanuvchi energiya sohasida tez sur’atda rivojlanayotgan kompaniya. 20 mamlakatda umumiy quvvati 6 gigavattdan ortiq bo‘lgan loyihalar portfeliga ega. “M42” innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. “IFFCO Group” oziq-ovqat sohasida 100 dan ortiq brendlarni boshqaradi.

Energetika, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda BAA kompaniyalari bilan innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

«AMEA Power» kompaniyasi bilan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini qurish, neft-kimyo sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, “M42” kompaniyasi bilan genomika sohasida, «IFFCO Group» bilan esa oziq-ovqat sanoati va maishiy kimyo uchun ingrediyentlar ishlab chiqarishda o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan investitsiyaviy hamkorlikni yanada diversifikatsiya qilish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri, «ADQ» xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “AD Ports Group” kompaniyasi rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy, “Tadweer” rahbari Ali al-Daheriy, “Plenary Group” rahbari Mustafo Faxur va “DUCAB” rahbari Muhammad al-Kurashiy ishtirok etdi.

Ushbu kompaniyalar o‘z sohalarida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, ularning jami aktivlari 200 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Yuqori texnologik tarmoqlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

BAA bilan iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Investitsiyalarni ilgari surish, sanoat va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Har bir kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar haqida so‘z yuritildi.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nodir metall konlarini o‘zlashtirish, mintaqaviy temir yo‘llarni rivojlantirish va «quruq» portlar barpo etish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini jadallashtirish, ta’lim va tibbiyot sohalarida DXSH loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.