Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Belarus yetakchisini prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

Davlatimiz rahbari saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari Belarus xalqi amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida o‘tgan yil 7-9-fevral kunlari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, yaqin ishbilarmonlik va hududlararo aloqalarni, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi



25-yanvar kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi «Amirsoy» kurort majmuasida Qirg‘iziston Prezidenti bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Yetakchilar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.

Qirg‘iziston Prezidenti tog‘-chang‘i majmuasida yaratilgan sharoitlar va uning jahonning yuksak standartlariga mos zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.

O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mamlakatlarimizning noyob geolandshafti va xilma-xil tabiatini hisobga olgan holda kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O.Nazirovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvonini berish to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘zining yorqin iste’dodi, ijro mahorati bilan o‘zbek opera san’atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning shon-shuhratini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, xalqaro miqyosda ijodiy aloqalarni mustahkamlash, xalqimizni jahon mumtoz musiqasidan bahramand etish, yoshlarning san’at olamiga qiziqishi va mehrini oshirish, ularni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston davlat simfonik orkestri opera artisti Nazirov Otabek Baxadir o‘g‘liga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa Kengashi rahbari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-yanvar kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti Antoniu Koshta Yevropa Kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani va barcha ustuvor yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda. 2024-yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi.

O‘tgan yili o‘ta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi. Transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, «yashil» iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tez fursatda imzolanishi o‘zaro munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi va Yevrokengash rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

Aholini uy-joy bilan ta’minlash yanada kengayadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan.

Bu faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi emas, balki hududlar iqtisodiyotida yana bir drayver bo‘lmoqda. Xususan, mazkur uylarni barpo etishda va yondosh tarmoqlarda 350 ming odam ish bilan ta’minlangan. Mebel, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari sohalarida qo‘shimcha 11 trillion so‘mlik bozor paydo bo‘lgan. Iqtisodiyotda 73 trillion so‘m mablag‘ aylanib, budjetga 14 trillion so‘m tushgan.

Sohani rag‘batlantirish uchun 2024 yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan.

Imkoniyatlardan to‘la foydalanilsa, natijalar bundan-da yaxshi bo‘lardi. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda ayrim loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ba’zi viloyatlarda auksionda sotib olingan o‘nlab yerlarda qurilish boshlanmagan. Aholi va infratuzilmadan uzoq joyda qurilgani uchun 781 ta xonadon sotilmagan.

Davlatimiz rahbari, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishidan noroziligini bildirdi.

– “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bu – Prezident siyosati. Ular bilan hududlar obod bo‘ladi, madaniyat, ma’rifat, dunyoqarash o‘zgaradi, savdo va xizmatlar ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois bu borada yangi tartib belgilandi. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ko‘pi bilan o‘n besh kunda ekspertizadan o‘tkaziladi.

Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan, developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablag‘ jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muhimi, ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Ishonchli developerlar uchun yana bir imkoniyat: imoratning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipoteka kreditlari uchun ham tatbiq etiladi.

Quruvchi tashkilotlar qurilish boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi.

“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bog‘chalar ochish qo‘llab-quvvatlanib, mulk solig‘idan ham ozod etiladi.

Umuman, 2030-yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.

Ishlarni sifatli tashkillashtirish uchun zamonaviy menejerlardan iborat “O‘z uyim” kompaniyasi tuziladi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Qurilish sifati va nazorati masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Endi bu jarayonlar soddalashtirilishi qayd etildi.

Jumaladan, binokorlar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Inshootning loyihaga mosligini Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Zarur hollarda, boshqa sohadagi mutaxassislarni jalb qiladi. Qurilish davomida zilzilaga bardoshlilikni sinovdan o‘tkazgan laboratoriyaning o‘zi oxirida qo‘shimcha haq olmay xulosa beradi. Binoni foydalanishga topshirishda hozirgi 7 ta idora o‘rniga faqat 2 ta – Qurilish inspeksiyasi va yong‘in xavfsizligining xulosasi yetarli bo‘ladi.

Ma’lumki, yaqinda Toshkent shahrini Bosh rejasi tasdiqlandi. Endi arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va qurilishga ruxsat berish jarayonini birlashtirib, bunga ketadigan vaqtni 2 karra qisqartirish zarurligi aytildi. Bu tizim kelgusi yildan boshqa viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Yer olishdan boshlab, binoni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan har bir bosqich ko‘rinib turadigan raqamli tizim yaratiladi.

Sohaga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida, bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotiladi.

Bugungi kunda 15 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarga tutash maydon mulkdorga biriktirilmagani sababli boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadigan hududlar chegarasi ma’lum emas. Bunday joylarni aniq belgilab, kompaniyalarga biriktirish, daraxtlar ekib, atrof-muhitni asrash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bu boradagi shartnomaviy munosabatlar va yashil hudud bo‘yicha me’yorlarni qonun bilan mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda mamlakatimizda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yangi Toshkentda 15 ming xonadon barpo qilish ko‘zda tutilgan. Bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi. Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali bo‘ladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida bo‘ladi.

Eski uylarni renovatsiya asosida yangilash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi. Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.

Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida shunday ishlar boshlangan. Bu bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi.

Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga budjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi, ipoteka va renovatsiya loyihalari bo‘yicha axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Rossiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2024-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Qabul qilingan dasturiy va reja hujjatlariga muvofiq ikki mamlakat mudofaa idoralari hamkorligini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Ta’lim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda.

O‘tgan yili bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirilib, 1 ming 200 dan ortiq ta’lim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi. Jumladan, bitiruvchilarga malaka talabi to‘liq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ochildi.

Bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari “TOP-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Oliygohlarda Registrator ofisi xizmatlari bilan talabalar to‘liq qamrab olinadi. Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.

Oliy ta’limda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilg‘or muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda mutasaddilar shu borada amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berdi.

Ma’lumki, oliy ta’limga qabul jarayonida “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga o‘tildi. Davlat granti talabalarning iqtidoriga qarab ajratiladigan bo‘ldi. Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilindi. Natijada dekanat va bo‘limlarda shtatlar 20 foizga qisqarib, 30 ta xizmat turi raqamlashdi.

Ushbu tajribadan kelib chiqib, shunday ofislarni boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham ochish, ta’lim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan. Lekin korxonalarda bunga qiziqish kam. Shu bois dual ta’limda ishtirok etayotgan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

2024-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari har bir hududda texnika oliygohi va ilg‘or muhandislik maktablari tashkil qilish vazifasini qo‘ygan edi. Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari tashkil bo‘ldi. Shuningdek, 8 ta muhandislik maktabi ochildi.

Yig‘ilishda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.

Umuman, bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.

So‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgan. Lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab olmayapti.

Shu bois doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning drayver sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yoshlar tarbiyasida axloq va sport ham muhim. Bu borada “Besh tashabbus”, “Ma’rifat ulashib”, “Talabalar sport ligasi”, “Zakovat” kabi harakatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunday ma’naviy-ma’rifiy, sport va intellektual loyihalar bilan talabalarni to‘liq qamrab olish, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish tadbirlari yuzasidan axborot berildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti JICA bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu yetakchi xorijiy moliya instituti bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz yetakchisi JICA rahbarining bu galgi tashrifi iqtisodiy va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini mamnuniyat bilan qayd etdi. Agentlikning Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda strategik hamkor sifatidagi o‘rni qayd etildi.

Bugungi kunda energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar portfeli 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. O‘tgan yili hamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilingan edi.

O‘zbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi samarali faoliyat yuritmoqda.

Agentlik orqali 2,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassis Yaponiyada o‘qidi va amaliyot o‘tadi. Ushbu mamlakatdan kelgan ko‘ngillilar O‘zbekistonda muhim ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Bundan tashqari, kuni kecha Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash to‘g‘risida bitim imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti JICAning mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

«Yo‘l xaritasi» asosida joriy va istiqbolli loyihalarni ilgari surishning yangi mexanizmlarini tatbiq etishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

Parrandachilik va chorvachilik bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni parrandachilikni rivojlantirish va yaylovlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu tarmoqlar aholini oziq-ovqat xavfsizligi va arzonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillardagi sharoitlar va loyihalar natijasida mahsuldorlik izchil oshib bormoqda. Bu sur’atni davom ettirib, joriy yilda 1 million tonna parranda go‘shti, 10 milliard 500 million dona tuxum yetishtirish mo‘ljallangan. Eksportni 2 karra oshirib, 180 million dollarga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Chorvachilikda 1 ming 350 ta loyihani ishga tushirib, 3 million 200 ming tonna go‘sht yetishtirish, 13 million tonnadan ziyod sut olib, uning 30 foizini sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan.

Taqdimotda ushbu ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Masalan, yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasini tashkil qilish boshlangan. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda endi buni tuxumchilik bo‘yicha ham yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.

Parrandachilik kooperatsiyasi bo‘yicha Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazmda yaxshi tajribalar bor. Bunda ham odamlar daromad topayapti, ham parrandachilik korxonalarining ishi yurishayapti.

Masalan, Qo‘shrabot tumanidagi “Yetti xazina” korxonasi xonadonlarga emlangan tovuq, qafas va yem tarqatib, tuxumini o‘zi sotib olayapti.

Bunday loyihalarni barcha viloyatlarda qilib, mahsulot va ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bunga 50 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.

Vaqtincha to‘xtab qolgan yoki kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xalq rizq-ro‘zining yana bir katta manbai – yaylovlar. Lekin ularning deyarli yarmidan foydalanilmayapti. Negaki yaylov o‘simliklari urug‘chiligi rivojlanmagan, suv inshootlari va quduqlar yetishmaydi. Bunday maydonlarning xaritasi va ijarasi raqamlashtirilmagan.

Shu bois yaylovlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda. “E-yaylov” elektron xaritasi ishlab chiqilib, har bir maydon ushbu tizimga kiritiladi. Unda chorva, ekin yoki geologiyaga  mo‘ljallangan joylar aniq namoyon bo‘ladi.

Bunday maydonlar eng ko‘p bo‘lgan 7 ta viloyatda yaylov xo‘jaliklari tashkil qilinadi. Ular o‘rmon xo‘jaliklari kabi yaylovlarni asrash va samarali foydalanishga mas’ul bo‘ladi. Yaylov xo‘jaliklaridagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30-yilga ijaraga beriladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, qo‘shimcha quduqlar qazish va yaylov urug‘chiligini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Bu yil 500 ming gektar yaylovda 1 million bosh qo‘yni tartibli boqish bo‘yicha namunaviy loyiha amalga oshirilishi aytildi.

Chorvachilik va parrandachilik korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yangi loyihalar va kooperatsiya hisobiga aholi bandligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Tibbiyot muassasalarini jihozlash masalalari ko‘rib chiqildi



Davlatimiz rahbari tibbiyot muassasalarini jihozlash va xizmatlar sifatini oshirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholi salomatligini mustahkamlash va davolash sifatini oshirish maqsadida shifoxonalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Buning uchun byudjetdan har yili kamida 100 milliard so‘m ajratilayapti. Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida tibbiyotni yuqori texnologik uskunalar bilan ta’minlash uchun 200 million dollar xorijiy investitsiya, 94 million dollar grant jalb qilindi.

Natijada oldin faqat respublika muassasalarida bo‘lgan kompyuter tomografi, magnit rezonansli tomograf, angiograflar hozir viloyatlarda, o‘nlab tumanlarda ham bor. Bu ixtisoslashgan xizmat aholiga yanada yaqinlashdi, degani.

Joriy yil ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 200 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, tibbiyotga 370 million dollar xorijiy investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.

Taqdimotda tibbiyot muassasalarini jihozlash bo‘yicha rejalar bayon etildi.

Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollar mablag‘i evaziga respublikadagi 230 ta tug‘ruq muassasasi uchun 45 turdagi 21 mingta tibbiy uskuna va 6 ta reanimobil xarid qilinadi.

Germaniyaning KfW bankining 30 million yevro mablag‘i hisobiga Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi 19 tadan tibbiyot muassasasi yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi 862 ta uskuna bilan jihozlanadi. Yana shu bankning 13,5 million yevro granti orqali Termiz shahrida o‘quv markazi, talabalar turar joyi quriladi. Bu markaz zamonaviy o‘quv-simulyatsiya va axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Davlatimiz rahbari jihozlash bu masalaning faqat bir qismi ekani, ularda ishlay oladigan malakali mutaxassislarni hozirdan tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Tegishli muassasalardagi shifokor va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Uskunalardan samarali foydalanish ham muhim. Masalan, viloyatlarda angiograflar yuklamasi o‘rtacha 34 foiz. Tomograf bo‘yicha holat ham har xil.

Shu bois, hokimliklar bilan birga, davlat shifoxonalaridagi yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.