Posted on Leave a comment

Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING QARORI

Vatanimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.

Mahmudxo‘ja Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramasdan, yurtimizda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi bo‘lgan bu mutafakkir zot 44 yoshida yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi.

Mustaqillik davrida Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida uning muazzam haykali o‘rnatilgani, Samarqand shahrida uy-muzeyi tashkil qilingani mamlakatimiz hayotida katta voqea sifatida e’tirof etildi. Iste’dodli dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot ta’sis qilingani shu yo‘ldagi yangi amaliy qadam bo‘ldi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarining yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda uning bebaho merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida:

1. Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda jamoatchilik vakillarining 2025-yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) ikki hafta muddatda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.

Ushbu dasturda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;

Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda  bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;

Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini uyushtirish;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;

barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish;

zamonaviy raqamli va targ‘ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish;

2025-yil oktyabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;

2025-yil noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasini o‘tkazish;

Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish;

Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga Mahmudxo‘ja Behbudiy nomini berish hamda unga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasini o‘rnatish;

Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni e’lon qilish.

Tashkiliy qo‘mitaga Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada uyushtirish, mazkur qarorga asosan belgilangan chora-tadbirlarning
o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi,  O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar tashkilotchilarga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Jamiyat xodimlarini kirib kelayotgan Yangi – 2025 yil bilan tabriklash tadbiri



2024 йил 27 декабрь куни соат 16:30да, “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” МЧЖ Раҳбарияти томонидан кириб келаётган Янги – 2025 йил муносабати билан Жамият ходимларини табриклаш тадбири ўтказилди.

Раҳбарият томонидан ушбу тадбирда йил якунлари тўғрисида маълумот  берилиб, Жамият ходимлари кириб келаётган Янги – 2025 йил билан самимий қутланди. Шунингдек, Жамият ходимлари фарзандларига Янги йил совғалари улашилди.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim ishtirokchilariga murojaati



Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Avvalo, siz, azizlarni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi magistral temir yo‘li qurilishi boshlanishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bundan yarim yil oldin mazkur strategik transmintaqaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha birinchi to‘laqonli bitim imzolangan edi. O‘tgan qisqa davrda texnik hujjatlarni tayyorlash ishlari yakunlandi. Bugun esa biz bevosita qurilish ishlariga start bermoqdamiz.

Bu do‘st mamlakatlarimiz salkam 30-yil davomida intilib kelgan tom ma’nodagi tarixiy voqeadir.

Sizlarning ishtirokingizda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi transport arteriyasi yaratilmoqda. U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa yer usti yo‘li orqali bog‘laydi, davlatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat – ushbu loyiha hamkorlikda barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida ko‘plab mamlakatlarni birlashtirib kelayotgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi ezgu maqsadlarga to‘liq mos keladi.

Shu munosabat bilan hurmatli hamkasblarim – Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov janoblariga loyihani ilgari surish borasidagi shaxsiy hissalari va faol sa’y-harakatlari uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etaman.

Hurmatli marosim ishtirokchilari!

Yangi temir yo‘l qurilishi mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va bepoyon mintaqamiz uchun katta samara berishini alohida qayd etishni istardim.

Infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilg‘or muhandislik, innovatsiya va raqamli yechimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutadi.

Koshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik, 25 ta tonnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu magistral yo‘lning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Quyidagi muhim raqamlarga ham e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Ushbu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Kelgusida ushbu temir yo‘l liniyasi Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.

Bundan, hech shubhasiz, barcha mamlakatlar iqtisodiy foyda ko‘radi. Yuzlab yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi.

Albatta, mazkur loyiha Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishiga, madaniy-gumanitar almashuvlar rivojiga, xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi.

Qadrli do‘stlar!

O‘zbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni to‘liq ishga solgan holda, bugun boshlanayotgan qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli ushbu temir yo‘l tarmog‘i bizning mustahkam do‘stligimiz, sheriklik va taraqqiyotimizning yana bir yorqin timsoliga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, ushbu strategik loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan barcha quruvchi va muhandislarni, ishchi va mutaxassislarni kirib kelayotgan yangi – 2025-yil bilan chin dildan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, katta yutuq va omadlar tilayman.

Bugun sizlarning bunyodkor sa’y-harakatlaringiz bilan boshlanayotgan ulkan loyiha mamlakatlarimiz va mintaqamizning umumiy kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qilsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga amaliy tashrifi yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.

Bugun davlatimiz rahbari Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Kecha, 25-dekabr kuni O‘zbekiston yetakchisi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari amaliy tashrifini yakunlab, «Pulkovo» xalqaro aeroportidan Toshkentga jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Prezidentiga hamdardlik bildirdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga Oqtou shahri yaqinida yo‘lovchi samolyoti halokati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisi orqali halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yo‘lladi, jabrlanganlarning barchasi tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Uchrashuvda 2024-yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va ko‘p tomonlama hamkorlikning kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqildi.

Mintaqa ichida savdo va kooperatsiyani, eng avvalo, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni yanada bartaraf etish orqali kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Ko‘p qirrali sheriklikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Muhandislik maktablarini tashkil etish, internet texnologiyalari, katta ma’lumotlar industriyasi, kreativ iqtisodiyot, «yashil» energetika va tinch atom sohasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish shular jumlasidan.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalarni muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, hududiy yaxlitligini tiklash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy rolini alohida ta’kidladi.

Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Joriy Ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish yilida birgalikda qilingan ishlar samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur’atda o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari faol bosqichda. Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan MDH va YEOII sammitlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.

Sammitlar kun tartibidan mazkur ko‘p tomonlama birlashmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Birgalikda qilingan ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilinadi va kelgusi yilgi amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburgga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi.

«Pulkovo» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

So‘ng davlatimiz rahbari gubernator hamrohligida Isaakiy maydonida piyoda sayr qildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi 25-26-dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi hamda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.