Posted on Leave a comment

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi



Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, ushbu qutlug‘ ayyomda siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda o‘tayotgani bilan bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. 

Ayniqsa, shu yil 27-oktabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘lganini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasi, birligi va hamjihatligi, siyosiy madaniyati yaqqol namoyon bo‘lgan ushbu saylovlar natijalariga ko‘ra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Yana bir muhim jihati – hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilmoqda. 
Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolat beradi. 

Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. 

Hurmatli do‘stlar!

Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetgani, kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushgani, maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshgani, hech shubhasiz, tarixiy natijadir.

Islohotlarni jadal davom ettirib, yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish, oila va mahallalarda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. 

Shuningdek, Asosiy qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 2 barobar ko‘paytirilib, tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish va aholini kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan to‘liq ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. 

Ta’lim sohasidagi dasturlarimiz doirasida yaqin yillarda oliygohlarda qamrov 50 foizga yetkaziladi. Birgina 2025-yilda bog‘cha va maktablarni ta’mirlash va yangilarini qurish uchun davlat budjetidan 4 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Yana bir muhim yo‘nalish – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanib, 1 million fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish va umuman jamiyatimizda inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar ham yangi bosqichga ko‘tariladi. Pensiya tizimini isloh etish bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi. 

Ma’lumki, yangilangan Bosh qomusimizda fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilanib, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan majburiyatlari alohida mustahkamlab qo‘yildi. 

Kirib kelayotgan 2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada katta vazifalarni aniq belgilab olganimiz ana shu konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi, deb ishonaman. 

Fursatdan foydalanib, siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni ushbu yil bo‘yicha Davlat dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiraman. 

Hech qachon unutmaylik: tabiatni asrash – bu insonni, kelajakni asrash demakdir. Bebaho boyligimiz bo‘lgan serhosil dalalarimiz, zilol buloqlarimiz, daryo va ko‘llarimiz, tog‘ va adirlarimizni asrab, bog‘u rog‘lar, yashil maskanlarni ko‘paytirsak, O‘zbekistonimiz yanada go‘zal diyorga aylanadi, avlodlarga bizdan ozod va obod Vatan qoladi. 

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi. 

Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. 

Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim. 

Aminmanki, ana shunday yuksak mas’uliyat bilan astoydil mehnat qilib, islohotlarimiz samarasini yanada oshiramiz va oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarga albatta yetamiz.

Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Vatanimizning obro‘-e’tibori, shonu shuhrati ziyoda bo‘lsin!

Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Yangi sayyohlik majmuasi 200 ming mehmonga xizmat ko‘rsatadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini borib ko‘rdi.

Ugam daryosi bo‘yidagi bu maskan ilgari to‘la foydalanilmagan, toshloq joy edi. Bu yil 1 trillion so‘mlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta ko‘p qavatli uy qad ko‘tarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat bo‘ladi. 

Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari markazlari quriladi. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil ko‘prigi, tog‘ va sohil bo‘yi yo‘laklari ham tashkil etiladi.

Bu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Birinchi bosqich –  ko‘p qavatli uylarni kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari shunday xonadonlardan birini kirib ko‘rdi.

Sayyohlar ko‘proq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qo‘shimcha 20 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz soha mutasaddilariga hudud targ‘ibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Turizm loyihalari tufayli ish o‘rinlari ko‘paymoqda. Shu bilan birga, aholining an’anaviy shakllangan kasb-hunarlarini ham asrash kerakligi ta’kidlandi. Masalan, tuman asal, limon yetishtirish uchun mos. Ularni rivojlantirish tabiiy muhitni asrab-avaylash nuqtayi nazaridan ham

Posted on Leave a comment

Bo‘stonliqda turistlar tashrifi 12 barobar oshgan



Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Xushmanzara tog‘lar bag‘ridagi bu hududning drayveri, albatta, turizm. So‘nggi yillarda infratuzilma yaxshilanib, yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi. Dam olish, sog‘lomlashtirish, chang‘i, sayohat, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etildi. Eski sanatoriy va bolalar oromgohlari yangilandi.

Xususan, besh yil avval tumanda 2 ming 240 o‘rinli 26 ta maskan bo‘lgan bo‘lsa, shu davrda sohaga 2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ko‘p o‘ringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlanib, qo‘shimcha yo‘llar qurildi.

Bularning natijasida turizm jadal rivojlandi, tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Bo‘stonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil 11 oyning o‘zida 12 million nafar tashrif buyurgan.

Bu sur’at izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari shunday loyihalar bilan tanishdi.

Chirchiq daryosi bo‘yida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali ko‘prik quriladi.

Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz xizmat turlarini ko‘paytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida e’tibor berish, yashillikni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Toshkentdan Xo‘jakentga yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 10-oktabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilinmoqda. Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchi tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi. 

Poyezdlar parki ham kengaytirilmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi tashishda aholi va turistlarga qulayliklar oshirilmoqda. Yangi poyezdlar olib kelindi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga “Afrosiyob” elektropoyezdlarining qatnovlari ko‘paytirildi. 

O‘tgan davrda yurtimizda 3 ming kilometrdan ziyod temir yo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro – Urganch –Xiva temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda. Miskin – Nukus yo‘nalishida jadal davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida ham elektrlashgan yo‘l qurilib,  poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.

Endi “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovga qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu poyezdga chiqib, harakatlanishi va qulayliklarini ko‘rdi.

Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay. O‘rindiqlar soni 586 ta. Ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Har bir tarafga kuniga uchtadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

Safar chog‘ida davlatimiz rahbari temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temir yo‘llarni elektlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tingladi.

Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlarni 2025-yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi. Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi. 

«Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temir yo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni telefon orqali muloqotda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tavallud kuni bilan samimiy qutladi.

Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston yetakchisiga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat hamda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirg‘iz xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Qo‘shma investitsiya fondi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo va ishbilarmonlik aloqalari, madaniy almashinuvlar faollashdi.

Energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Shu oyda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha loyihani boshlash mo‘ljallangan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Turkman xalqining milliy yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning e’tibor markazida bo‘ldi.

O‘zaro muloqot va almashinuvlar sezilarli faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan oyda Turkmanistonda Hududlar forumi, sanoat ko‘rgazmasi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bundan tashqari, Ashxobod shahrida atoqli mutafakkir va shoir Maxtumquli Firog‘iy asarlarining o‘zbek tilidagi to‘plami taqdimoti va hamda unga bag‘ishlab birgalikda suratga olingan badiiy film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali ko‘paymoqda. «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya kengaymoqda.

Energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram – Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Posted on Leave a comment

“Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga



Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va uni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanning barcha qatnashchilarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday muhim va nufuzli forumni mamlakatimizda o‘tkazish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlagani va shaxsan ishtiroki uchun Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossi janoblariga alohida minnatdorlik izhor etaman.

Mazkur anjumanning azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan, bugungi kunda xalqaro hamkorlik borasidagi eng dolzarb masalalar bo‘yicha global miqyosda samarali muloqot markaziga aylanib borayotgan qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siri va an’anaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanadi.

Shu ma’noda, o‘tgan yili Dubay shahrida o‘tkazilgan KOP28 Iqlim sammitida ko‘plab mamlakatlar yetakchilarining atrof-muhitga uglevodorod energetikasi manbalari salbiy ta’sirini keskin kamaytirish maqsadida 2050 yilga qadar atom elektr energetikasi quvvatlarini uch barobarga oshirish bo‘yicha erishgan muhim kelishuvlari bejiz emas albatta.  

Mamlakatimizni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlash – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida yetakchi o‘rin egallab kelmoqda.

Biz sohaning huquqiy-institutsional asosini mustahkamlash uchun Milliy agentlik tashkil etdik, Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi qonun, Atom energiyasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli konsepsiya, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategiyani qabul qildik. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini joriy etdik.

Yurtimiz jahonda birinchilardan bo‘lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi. Biz ushbu loyihalarni, bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va qator ilmiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda MAGATEni o‘zimiz uchun muhim sherik deb bilamiz.

Hech shubhasiz, atom energiyasi bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki beradi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish uchun imkon yaratadi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Ushbu anjuman sohada to‘plangan boy bilim va tajribalarni o‘zaro almashish, keng qamrovli hamkorlik o‘rnatish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tinch atomdan samarali foydalanish bo‘yicha aniq tavsiya va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun g‘oyat zarur muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Konferensiya kun tartibiga sohadagi faoliyatni MAGATE bilan muvofiqlashtirgan holda AESlar barpo etish, ularning xavfsizligini ta’minlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirishning ekologik jihatlari kabi o‘ta dolzarb masalalar kiritilgan. Shuningdek, innovatsiyalar, yadroviy tibbiyot, sohada ta’limni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi, deb ishonaman.

Aminmanki, anjuman davomida muhokama qilinadigan barcha g‘oya va tashabbuslar ushbu muhim tarmoqda o‘zaro muloqotni va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash, davlatlarning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan ushbu ustuvor yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga doim tayyordir.

Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Mahalliylashtirish va eksport bo‘yicha vazifalar qo‘yildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu masala o‘tgan oyda muhokama qilingan, mutasaddilarga rejalarni tanqidiy ko‘rib chiqish topshirilgan edi. Bu galgi taqdimotda Prezident ko‘rsatmalari asosida takomillashtirilgan chora-tadbirlar bayon qilindi.

Avvalo, ishlab chiqarish hajmi va sifatiga e’tibor qaratiladi. Hozir yiliga 400 mingdan ziyod avtomobil sotilayapti. Aholi jon boshiga daromad oshayotgani bois bu tendensiya keyingi yillarda ham saqlanib qoladi. Bundan foydalanib, talabga yarasha mahsulot ishlab chiqariladi.

Qolaversa, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. U holda, bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat yanada kuchayadi. Shuning uchun sifat ustida ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, 2025-yilda “BYD” avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga elektromobil tannarxini pasaytirish mumkin. Ushbu kompaniya rahbariyati ham yurtimizdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan. Shu bois Mahalliylashtirishga ko‘maklashish markazi imkoniyatlarini ishga solib, hududiy korxonalar bilan kooperatsiya hajmini 2 karra oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yana bir muhim masala – eksport. So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani natijasida 40 mingdan ortiq avtokomplekt sotilgan. Kelgusi yil eksportni 700 million dollardan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, Samarqanddagi avtobus va yuk transporti korxonalarini ham tashqi bozorlarga olib chiqish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari tarmoqning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Zamon talablariga moslashib, ishlab chiqarishni barqaror qilish, marketing va sifat bo‘yicha har kuni izlanish zarurligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti MAGATE bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi bilan 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni tubdan kengaytirish va amaliy sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston 1994-yildan buyon XAEA a’zosidir. Bu davr mobaynida ushbu nufuzli tashkilotning texnik ko‘magini jalb etgan holda 40 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Hozirda milliy tuzilmalarning huquqiy bazasi va salohiyatini takomillashtirish, yadro fani, tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha va boshqa yo‘nalishlarda 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari XAEA delegatsiyasi bugun O‘zbekiston vazirliklari, idoralari va ilmiy muassasalarida o‘tkazgan uchrashuv va tadbirlarning natijalarini yuqori baholadi. 5-dekabr kuni Samarqand shahrida sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya birgalikda tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Milliy agentliklarning kompetensiyalari va salohiyatini oshirish, XAEA dasturlari doirasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yadro energetikasi, qishloq xo‘jaligi, suvdan foydalanish, sog‘liqni saqlash, ekologiya sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tinch atom sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Posted on Leave a comment

Qashqadaryoda oziq-ovqat xavfsizligi va investitsiya imkoniyatlari keng



Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, investitsiyalarni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi barcha yetakchi sohalar bo‘yicha Qashqadaryoning salohiyati yuqori. Yil boshidan buyon viloyatda 2 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. 565 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, 90 ming odam kambag‘allikdan chiqarilgan. Yil yakunigacha yalpi hududiy mahsulot 6 foizdan ziyod o‘sishi, eksport 555 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Viloyat salohiyati to‘la ishga solinsa, natijalar bundan ancha ko‘p bo‘ladi. Yig‘ilishda shu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlar, yangi loyihalar ko‘rib chiqildi.

Avvalo, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ustuvor bo‘ladi. Keyingi yildan Qashqadaryo kartoshka, meva, parranda go‘shti va tuxum bo‘yicha o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlashga o‘tadi. Bu borada xorijiy investorlar ishtirokida 16 ta yirik loyiha shakllantirilgan.

Misol uchun, G‘uzor, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida 300 gektarda zamonaviy bog‘ barpo etiladi. Unda yiliga qo‘shimcha 4 ming tonna meva yetishtirilib, 600 ta ish o‘rni yaratiladi. Ko‘kdala, Chiroqchi, Shahrisabz, Koson va Nishon tumanlari hududida qovun va organik sabzavotlar yetishtirish kengaytiriladi. Tarvuz konsentranti tayyorlash, shok usulida muzlatish va sublimatsion quritish yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga alohida urg‘u beriladi. Mintaqa va Yevropa davlatlaridan 62 ming bosh qo‘y, qariyb 10 ming bosh qoramol olib kelinib, aholi va chorvachilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya asosida boqiladi. Qarshi va Qamashida 1 ming boshli chorvachilik klasteri, 1 million boshli parrandachilik fabrikasi tashkil etiladi.

Paxtachilikda tayyor mahsulotlar ulushini ko‘paytirish maqsadida 233 million dollarlik 5 ta to‘qimachilik korxonasi ishga tushiriladi. Natijada mato ishlab chiqarish quvvati 51 foizga ko‘tariladi.

Shahrisabzdagi Miraki va Qamashidagi Maydanak qishloqlari, Mirishkor tumanidagi “Achinko‘l” va “Sechanko‘l” atrofida turizm jadal rivojlanmoqda. Shu kabi maskanlarga 300 million dollar investitsiya kiritib, 200 dan ziyod mehmon uylari va mingta savdo shoxobchasi tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda 5 ming kishi ishli bo‘ladi.

Tadbirkorlar viloyatdagi 147 ta noruda qazilma konlari negizida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayapti. Bunga 209 million dollar investitsiya kiritiladi, konlar bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi.

Prezident farmoniga muvofiq, shu yil 1 noyabrdan yurtimizda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi boshlandi. Qashqadaryodagi 6 ta yirik korxona bu xayrli ishga hissa qo‘shib, keyingi yil 10 mingdan ziyod fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish tashabbusini bildirgan. Bundan tashqari, banklar ishtirokida 86 ta drayver loyihani va 33 mingta mikroloyihani ishga tushirib, yana 70 ming insonni daromadli qilish ko‘zda tutilgan. Bular orqali viloyatda kambag‘allik darajasi hozirgi 8,6 foizdan 6,5 foizga pasayadi.

Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi shu kabi rejalarni taqdimot qildi. Jumladan, kelgusi yilda 3 milliard 500 million dollar investitsiya jalb qilish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 300 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari bugungi ko‘rsatkichlar viloyat imkoniyatlariga mos emasligini ta’kidlab, natijadorlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Tashabbuskorlar bilan ishlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida yana 300 million dollarlik loyihalarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.