Posted on Leave a comment

Farg‘ona viloyatini rivojlantirish imkoniyatlari tahlil qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hududlar iqtisodiyotiga e’tibor natijasida Farg‘onada ham imkoniyatlar yuzaga chiqmoqda. So‘nggi 7 yilda sanoat korxonalari qariyb 3 barobar ko‘payib, 13 mingtaga yetgan. Investitsiya loyihalari natijasida 116 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbarining shu yil iyul oyidagi tashrifi iqtisodiyot rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi. Bu yil 10 oyda xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 milliard dollarni, eksport ko‘rsatkichi 910 million dollarni tashkil qildi.

Endi buni kelgusi yilda ham davom ettirib, investitsiya, ish o‘rni va eksportni ko‘paytirish zarur. Yig‘ilishda Prezident bu boradagi imkoniyatlardan ayrimlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Yaqinda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri hisobidan 210 gektarga kengaytirildi. Bu hududda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyihani joylashtirib, qariyb 12 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. Shuningdek, Qo‘qonda 71 gektarda texnopark tashkil etilishi birinchi bosqichda 900 million dollarlik, 5 ming ishchilik korxonalarga yo‘l ochadi.

Xitoylik ishbilarmonlar bilan 1 milliard dollarlik, Janubiy Koreya bilan 240 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan. Ularni amalga oshirish uchun viloyat tuman va shaharlarida 1 ming 210 gektarda sanoat zonalari tashkil qilishga zarurat bor. Bo‘lajak korxonalarda 30 ming kishi, jumladan, kambag‘al oila vakillari ish bilan ta’minlanadi.

Beshariq tumanida savdo-logistika markazi qurilishi boshlangan. U, xuddi Termizdagidek, erkin savdo zonasiga aylantirilib, do‘konlar tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Buning samarasida viloyat eksporti qo‘shimcha 50 million dollarga, ish o‘rinlari esa 2 mingga ko‘payadi. Shunday majmuani Quvasoy shahrida ham barpo etish mumkin.

Qishloq xo‘jaligida ham katta imkoniyatlar bor. Farg‘onada aholi ixtiyorida, yo‘l va dala chetlarida, suv va o‘rmon fondida jami 91 ming gektar yer mavjud. Ulardan unumli foydalanib, mahsulotlarni hamda qayta ishlashni ko‘paytirish zarur.

Masalan, Farg‘ona tumanidagi 15 ta mahallada yiliga 6 ming tonna malina yetishtiriladi. Ularga yaqin hududdan yer berilsa, tadbirkor malinani saqlash, qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yib, qo‘shilgan qiymatni 2,5 karra oshirish taklifini bildirgan. Boshqa bir tashabbuskor So‘xdagi o‘rmon yerini ijaraga olib, 800 gektarda kavrak, 50 gektarda za’faron yetishtirmoqchi.

Oltiariqdagi ikkita nasos stansiyasiga 9 kilometr quvur tortib, quvvatini oshirish orqali 1 ming 400 gektarda intensiv bog‘ qilsa bo‘ladi. Unda qo‘shimcha 55 ming tonna eksportbop meva yetishtiriladi.

Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, kelgusi yilda 3,7 milliard dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. 500 ming fuqaroning bandligini ta’minlash, 22 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifa qilib olingan.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni takomillashtirib, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qaror tayyorlashga ko‘rsatma berdi. Ekportchilarga barcha qulayliklarni yaratish, bandlikka ko‘maklashib, ishsizlikni kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. Hokimlar va boshqa mutasaddilarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish shartligi belgilandi.

Posted on Leave a comment

Transformatsiya dasturlarining ijrosi va rejalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishdi.

So‘nggi yetti yilda bu sohada ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sgan. Xususan, yillik oltin qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 26 tonnaga, kumush 77 tonnaga, mis 32 ming tonnaga oshgan.

Oxirgi besh yilda tog‘-kon va metallurgiyaga qariyb 9,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 15 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Natijada bu soha iqtisodiyotni transformatsiya qilishda eng muhim drayverga aylanmoqda. Mamlakatimiz sanoati hajmining uchdan biri uning hissasiga to‘g‘ri kelayapti.

Tog‘-kon sanoati elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, zargarlik kabi tarmoqlar uchun xomashyoni ko‘paytirib, ularning o‘sishiga katta turtki berayapti. Shuningdek, kombinatlar 60 dan ortiq kichik va o‘rta korxonalar bilan kooperatsiya asosida yaqindan ishlayapti.

Bularni davom ettirib, iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish – zamon talabi. Tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish kerak.

Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari shu boradagi rejalar bo‘yicha axborot berdi.

Jumladan, 2025-yilda tog‘-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish, ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, 1 milliard dollar arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana 500 million dollar yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida “yashil iqtisodiyot” uchun muhim bo‘lgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta’kidladi.

Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Korxonalar jahondagi o‘zgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar ko‘rsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari belgilandi.

Posted on Leave a comment

Buxoroda investitsiyalarni ko‘paytirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish asosiy vazifa bo‘ladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-noyabr kuni Buxoro viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Avvallari bu hudud iqtisodiyoti, asosan, qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolgan edi. Oxirgi yetti yilda viloyatga 4 milliard dollardan ziyod investitsiyalar jalb etilib, energetika, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va charm sanoati kabi ko‘plab tarmoqlar rivojlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida Buxoroga 1,5 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbarining 31-may – 1-iyun kunlaridagi amaliy tashrifi hudud rivojiga qo‘shimcha turtki berdi. Unda belgilangan vazifalar yil yakunigacha to‘la amalga oshiriladi.

Endi kelayotgan 2025-yilda iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yanada oshirib, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash zarur. Shu maqsadda ishchi guruh tomonidan viloyatdagi qo‘shimcha imkoniyatlar, tadbirkorlik rivojiga xalal berayotgan omillar o‘rganilgan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tadi. Butun e’tibor shu uchta yo‘nalishni yaxshilashga qaratiladi. Xususan, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari asosida 70 ta drayver loyihani amalga oshirib, 150 ming odamni daromadli qilish, 40 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish lozim.

Qayd etilganidek, viloyatning har bir hududini sanoatning muayyan tarmog‘iga, masalan, Peshku va Shofirkon tumanlarini qurilish materiallari hamda to‘qimachilikka, Kogon shahri, Olot va Jondor oziq-ovqat, G‘ijduvon va Romitanni kimyo sanoatiga ixtisoslashtirish kerak. Bu tadbirkorlarning 150 million dollarlik loyihalariga yo‘l ochadi. Buning samarasida 411 ta kichik korxona, 12 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Vobkent, Qorako‘l, Jondor va Olotda 320 million dollarlik 4 ta to‘qimachilik korxonasi qurish loyihalari bor. Natijada tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari hajmi 2 barobar oshadi, 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Kelgusi yil Buxoroda xorijiy turistlar soni 2,2 millionga, turizm eksporti 600 million dollarga yetishi kutilmoqda. 69 ta yangi mehmonxona, 2 mingta hunarmandchilik rasta va do‘konlari barpo etilishi bunga katta hissa qo‘shadi.

Qo‘shimcha 20 ming gektar yer maydonlarini o‘zlashtirish mo‘ljallangan. Buning hisobiga qo‘shimcha 100 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi va 2 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Tomorqalar, dala cheti va kanallar atrofidagi bo‘sh yerlarda ham qo‘shimcha daraxt va oziq-ovqat mahsulotlari ekiladi.

Yana bir imkoniyat – yaylovlar. Buxoro viloyatida 2 million gektardan ziyod shunday yerlar bor. Kuni kecha meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishdan kelib chiqib, hozirda foydalanilmayotgan yaylovlarda pista yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda Buxoro viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Umuman, kelgusi yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 106 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallangani aytildi. Ularda 105 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi, 350 million dollar eksport bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari bu rejalar viloyat uchun yetarli emasligini ta’kidlab, sa’y-harakat va natijalarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Takliflarni yana bir bor ko‘rib chiqib, qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Meva-sabzavot eksportini oshirish choralari belgilandi 



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-noyabr kuni meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan ekin maydonlari bor. Ularda, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun xomashyo yetishtirilmoqda. Oxirgi yillarda paxta va g‘alla maydonlaridan 260 ming gektar dehqonchilik uchun ajratilgan. Endi yana 104 ming gektar berilishi mo‘ljallangan.

Bu yil oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga ko‘payib, hozirgacha 2 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi, gilos va shaftoli bo‘yicha yettinchi, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha o‘ninchi o‘ringa chiqdi. Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paygan. Lekin ayrim viloyat va tumanlarda o‘zgarish sezilmagan.

Masalan, yeri ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatidagi o‘sish ularning imkoniyatiga mos emas. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.

Yurtimizda 5 mingdan ortiq qishloq mahallasi bor. Tuman markazi va shaharlarda yana 2 mingdan ko‘proq mahalladagi xonadonlar tomorqaga ega. Lekin atigi mingta mahallaga ko‘chat tarqatilib, mahsulotni sotib oluvchi tadbirkor biriktirilgan. 26 ta tumanda tomorqa xizmati yo‘lga qo‘yilmagan. Ba’zi joylarda dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgani tufayli mahsulot yo‘qotilgan.

Shu bois har bir mahalla, xonadon va fermer xo‘jaligiga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimi biriktirilishi belgilandi.

Tomorqa va uylar oldi, mahalladagi ko‘chalar bo‘yi, dala cheti va kanallar atrofida 650 ming gektar yer bor. Bu ham oziq-ovqat mahsulotlari va daraxtlar ekish uchun yaxshi imkoniyat. Endi bu yerlarning aniq o‘lchami tasdiqlanib, Agroplatformaga kiritiladi. Aholi va fermerlar sifatli urug‘ tanlash, dori va o‘g‘itni to‘g‘ri qo‘llash, mahsulotni sifatli saqlashga o‘rgatiladi.

Bu sa’y-harakatni rag‘batlantirish katta yengilliklar beriladi. Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingida qo‘shimcha ball hisoblanadi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerning barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashgan tizimda ajratiladi. Dala chetlari hisobi, yetishtirilgan mahsulot hajmi “e-Fitouz” portali orqali nazorat qilib boriladi.

Mahallalardagi ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida 10 million tup uzum ekish tashabbusi bildirildi. Ular o‘sib, hosilga kirguncha Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi barcha agrotexnik tadbirlarga ko‘maklashadi. Mahsulotlarni sotib olish uchun mahallalar eksportchi korxonalarga bog‘lanadi.

Yig‘ilishda meva-sabzavotlarni qayta ishlash masalasi tahlil qilindi.

Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida karam, lavlagi, piyoz kabi mahsulotlar dalada qolib ketayapti. Bu yil tarvuzning ham katta qismi yig‘ib olinmadi. Holbuki, ehtiyojdan ortgan mahsulotni quritib, kukun shaklida eksport qilish mumkin, bunga qandolatchilik korxonalarida talab katta.

Eksport yil davomida bo‘lishi uchun “shok” usulida muzlatish texnologiyasi samarali. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlariga kelasi yil shunday loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Shuningdek, 10 ta agrologistika markazi, mingdan ortiq sovutkichli omborxona tashkil etiladi. 40 ming gektardan ortiq sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etiladi.

Ma’lumki, jahon bozorida organik mahsulotlar narxi 2-3 barobar qimmat. Yurtimizda 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat bor, xolos. Andijon, Jizzax va Xorazmda esa bunday mahsulot yetishtiriladigan birorta yer yo‘q.

Vaholanki, suv omborlari atrofida pestitsid ishlatilmaydigan 2 ming gektar yerda ekin yetishtirilayapti. Faqat ularga organik sertifikat olinib, toza urug‘ va ko‘chatlar ekilsa bo‘lgani.

Shu kabi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tilib, mutasaddilarga 2025 yilda organik maydonlarni 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Endi organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, “Kasher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi.

Bu yil O‘mon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va o‘rik eksporti yo‘lga qo‘yildi. Buni Malayziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropada ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Savdo yarmarkalari tashkil qilish, fitosanitar ruxsatnoma olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Umuman, ushbu chora-tadbirlar orqali kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, atrof-muhitni asrash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mutasaddilar Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash loyihalarining borishi yuzasidan axborot berdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Bu harakat doirasida har yili bahor va kuzda 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangan. Shu paytgacha vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bog‘” barpo etilib, ularning soni 517 taga yetgan.

Prezidentimiz bu xayrli ishda davlat tashkilotlari namuna bo‘lishi, qurilish kompaniyalari ijtimoiy mas’uliyat olishi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ijro intizomi masalasi ham tahlil qilindi. Yil yakunigacha oz qolgani, belgilangan barcha vazifalarni bajarish natijadorlikni oshirishi qayd etildi. 

Kelgusi yil har bir vazirlik, viloyat va tumandagi ishlarning tizimli hisobi olib boriladi. Bu elektron platformaga o‘tkazilib, so‘rov ham, maosh ham shunga bog‘lanadi.

Bosh vazirga ushbu tizimni yo‘lga qo‘yib, ijro intizomi va nazoratini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Investitsiya sohasidagi natijalar tanqidiy tahlil qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish holati va kelgusi yilgi rejalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘tgan 10 oyda mamlakatimizga 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p. Shundan qariyb 24 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalardir.

Kiritilgan investitsiyalar hisobiga 6 ming 300 ta korxona ishga tushgan, ular 30 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratgan, eksport 305 million dollarga oshgan. Eng muhimi, bularning natijasida 163 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochilgan.

Noyabr-dekabr oylarida yana 8,6 milliard dollar investitsiya kelishi kutilmoqda.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda investitsiyalarning jalb etilishi hamda loyihalarning bajarilishi har bir hudud va tarmoq kesimida atroflicha tahlil qilindi.

Sakkizta tuman va shaharda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan. Ayrim tarmoqlarda o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17 ta loyihada hujjatlarni ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.

Yig‘ilishda mutasaddilar yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan axborot berdi.

Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, bu boradagi yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mamlakatimiz biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini hisobga olib, xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.

Hududlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishi, mustaqil mablag‘lar ham jalb etishi kerak. Shu bilan birga, investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarur. Ya’ni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.  

Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablag‘ jalb etish hajmlari va yo‘nalishlarini yana bir bor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. 2025 yil uchun loyihalarni tarmoq va hududlar kesimida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sarmoyalar yo‘nalishida aniq belgilab olish muhimligi ta’kidlandi.


Posted on Leave a comment

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament majlisidagi nutqida aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi.

Haqiqatan, yurtimiz aholisi yiliga qariyb 1 million nafarga o‘sib borayapti. Yer va suv manbalari esa cheklangan. Shu bois ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali ta’minlash mumkin.

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi vaziri shu boradagi rejalarni bayon etdi.

Kelgusi yil 4 million 800 ming gektarda ekinlar yetishtirish mo‘ljallangan. Shundan 2 million gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.

Xususan, aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Bunda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi mujassam bo‘ladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilgan edi. Shuningdek, Sayxunobod tajribasi asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish o‘rni va daromad bilan ta’minlashda to‘g‘ri yo‘l bo‘lganini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Shuningdek, bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘p yetishtirilib, ularning narxi keskin oshib ketmasligida muhim omil bo‘ldi.

Endi bu ishlarning sifatini oshirib, ajratilgan yerlar va tomorqalardan unumli foydalanish, aholiga ilmiy va amaliy jihatdan ko‘maklashish zarur. Bundan tashqari, tumanlarning o‘zi qishloq xo‘jaligiga grant va texnik ko‘maklar jalb etishi, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashi talab etiladi. 

Davlatimiz rahbari xorijiy tajribani o‘rganib, kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.

O‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgan edi. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud bo‘ldi.

Prezidentimiz bunday ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, xorijiy mutaxassislar bilan birga “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini ta’minlaydi.

Paxtachilikda xorijiy navlarni ekishning natijadorligi tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari bu borada klaster, fermer va sanoat korxonalari fikrini o‘rganib, masalaga ilmiy yondashish, fermerlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘qitish muhimligini ta’kidladi. Zamonaviy paxta terish mashinasi va aholi tomorqalari uchun kichik agrotexnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda daraxtzorlar barpo etilmoqda. Shunday bog‘lar atrofi hamda dala chetlarida odamlarga manfaat keltiradigan ekinlar yetishtirish mumkinligi aytildi.

Taqdimotda viloyat va tumanlarda qishloq xo‘jaligi sohasida boshqaruv tizimini isloh qilishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.


Posted on Leave a comment

Qoraqalpog‘istondagi imkoniyatlar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilandi



Kegeyli tumanida 19-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Barcha hududlar qatori Qoraqalpog‘istonda ham drayver yo‘nalishlarda investitsiya, ish o‘rni, eksportni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan davrda Qoraqalpog‘istonda 1,4 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya evaziga 150 ta loyiha ishga tushgan. Tadbirkorlar 12 mingdan 25 mingga, tijorat maydonlari 1,5 million kvadrat metrga ko‘payib, 212 ming odam doimiy ishga joylashgan.

Biznes va investitsiya uchun qulay muhit natijasida tadbirkorlik rivojlanayapti. Masalan, faoliyatini mikroloyihadan boshlagan 13 ming tadbirkor kichik biznesga, yana 351 tasi o‘rta biznesga o‘tdi. Yillik “aylanmasi” 100 milliard so‘mdan yuqori tadbirkorlar 43 taga yetdi.

Ijtimoiy infratuzilma natijasini odamlar o‘z hayotida ko‘rmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi. Yangi 21 ta maktab qurildi, yana 243 tasi to‘liq ta’mirlandi.

Ilk marta 700 o‘ringa mo‘ljallangan 17 qavatli “Ay-Ti park” qurildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki yil ichida 40 mingga yaqin qoraqalpog‘istonlik yoshlar o‘qitildi.

Tuman va shaharlarda 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punktlari ishga tushdi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi.

Yaqin-yaqingacha o‘z uyiga mulk huquqi bo‘lmagani sababli 100 mingdan ortiq aholi qiynalib kelayotgan edi. Bu muammo hal bo‘lib, 27 mingta xonadonda yashovchi fuqarolarning uy-joyiga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etildi.

Qoraqalpog‘istonda Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, 452 ta mahallaning har biriga 500 million so‘mdan ajratildi. Natijada, 316 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi, 151 kilometr elektr tarmog‘i yangilandi, 55 kilometr gaz va 112 kilometr suv tarmog‘i o‘tkazildi.

Osiyo taraqqiyoti bankidan jalb qilingan 274 million dollar hisobidan “Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘nalishidagi 240 kilometr magistral yo‘l yaqin kunlarda ishga tushadi.

Orol bo‘yidagi iqlim sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham juda katta dastur boshlangan. So‘nggi yetti yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,9 million gektarda yashil qoplamali o‘rmonzorlar barpo etildi. Ekotizimni yaxshilash, sho‘rlangan, suvsiz muhitda yangi nav va urug‘larni yaratish uchun Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.

Yaqinda qishloq xo‘jaligini iqlimga moslashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Orol bo‘yida iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishga 80 million dollar beriladi. Ushbu mablag‘lar 100 ming gektar yaylovni degradatsiyadan chiqarish, tuproq-iqlimga mos kunjut va qovun navlarini yetishtirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlashga beriladi.

Shu bilan birga, foydalanilmagan imkoniyatlar ham ko‘p. Ayrim investitsiya loyihalari ijrosi sust. Yil boshidan beri Qoraqalpog‘istondagi 19 ming korxona 350 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. Natijada tadbirkorlar “soya”dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli bo‘ldi. Lekin, imtiyoz olgan 6 ming korxonada  ish o‘rinlari kamaygan.

Aslida, Qoraqalpog‘istonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yo‘q. Bu imkoniyatlar loyiha va ish o‘rniga aylantirilganida, ko‘rsatkichlar 5-10 karra yuqori bo‘lardi.

Shu sababli yarim yil yakunlari bo‘yicha Qorao‘zak va Taxiatosh hokimlari ishdan olingan. Amudaryo, Beruniy, Bo‘zatov, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, To‘rtko‘l, Xo‘jayli va Chimboy tuman hokimlariga intizomiy jazo qo‘llangan.

Yig‘ilishda respublikadagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, yil boshidan beri Qoraqalpog‘istonga 1 million 300 ming sayyoh kelgan. Lekin, mehmonxona o‘rinlari kam. Agar yer berilsa, tadbirkorlar zamonaviy mehmonxona va kongress xoll qurish istagini bildirgan.

Nukus shahrida joylashgan “Achchiqko‘l” atrofidagi 20 gektarda turar joy, zamonaviy mehmonxona va dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin. Do‘stlik va Kegeyli kanallari, Xo‘jaylidagi “Tasli jap” va “Shirin jap” kanallari bo‘yida savdo va ko‘ngilochar maskan tashkil etsa bo‘ladi. Amudaryo, To‘rtko‘l, Beruniyda ham turistlarni jalb qilish bo‘yicha juda katta salohiyat bor.

“G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘li bo‘yidagi 140 gektar yerda 300 ta savdo va servis obyektini joylashtirsa bo‘ladi. Ellikqal’ada zamonaviy bozor qurilsa, savdo va xizmatlar ko‘payadi.

O‘tgan yili Beruniy tumanidan 22 gektar ajratilib, Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilgan edi. Lekin, shu paytgacha bu yerda birorta ham loyiha qilinmagan. Vaholanki, bu hududda barcha infratuzilma bor, temir yo‘l ham o‘tgan. Xom ashyo zaxiralari ham yonginasida joylashgan.

Qoraqalpog‘istondagi yer ajratishni soddalashgan tizimi iqtisodiy zona hududi uchun ham joriy qilinsa, bu yerda 320 million dollarlik loyihalarni joylashtirsa bo‘ladi.

Investorlar Qorao‘zakdagi “Qoybaq” mahallasidagi 500 gektarda qo‘ychilikka ixtisoslashgan klasterni ishga tushirish uchun 10 million dollar sarmoya kiritishga tayyor. Bu klasterda 10 ming bosh qo‘y boqilib, 100 tonna go‘sht yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari bunday imkoniyatlarni ishga solib, iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Qoraqalpog‘istonda bu yil boshlasa bo‘ladigan 1,9 milliard dollarlik 103 ta yirik loyiha shakllantirilgan. Tarmoqlar yo‘nalishida ham bir yil ichida jami 275 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushiriladi. Umuman, yana 9,5 milliard dollarlik 120 dan ziyod istiqbolli loyihalar tayyorlangan.

Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan ishlab, har bir tuman kesimida “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Bu dastur Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun yangi nafas, kamida 10 milliard dollarlik investitsiya va 500 ming ish o‘rni uchun katta zamin bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, qoraqalpoq elining ertasi bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun katta marralar olingan. Buning uchun barcha hamjihat bo‘lib, fidokorona mehnat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri Ajiniyozning 200 yillik yubileyini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Davlatimiz rahbari shoirning xalq uchun xizmat qilgan fidoyi zotlarni “hazrati inson” deb ataganini yodga oldi va barchani shunday ishlashga da’vat etdi.

– Avval ham aytganimdek, o‘zbek va qoraqalpoqning tarixi ham, taqdiri ham bir. Men ishonaman, bizning yorug‘, baxtli kelajagimiz ham albatta bir bo‘ladi. Bu yo‘lda sizlarga, hurmatli yoshulli va tadbirkorlarimizga yangi yutuq va omadlar tilayman, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tarmoqlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev: Mening eng katta maqsadim – xalqimni rozi qilish, baxtli ko‘rish 



Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi Juzimbag‘ mahallasida bo‘ldi.

Bu yerda 4 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. Uchta maktab, oltita bog‘cha, yetmishdan ortiq tadbirkorlik subyektida aholi doimiy ish bilan band.

Chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan bu hududda 990 ta xonadonning tomorqasi bor. Sayxunobod tajribasi asosida mahalliy imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, dehqonchilik uchun 174 nafar fuqaroga 128 gektardan ortiq yer uzoq muddatga ajratilgan. Ular dehqonchilik qilib, ro‘zg‘or uchun qo‘shimcha daromad qilmoqda. Issiqxona tashkil etib, yiliga ikki marta hosil olishni yo‘lga qo‘yayotgan oilalar soni ko‘paymoqda.

Mahallada “Orol Agro” korxonasi tomonidan “Yoshlar uzum bog‘i”  tashkil etilgan. Unda 40 kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berilgan.

Voish usulida parvarish qilinayotgan bu tokzorning qator oralaridan ham omilkorlik bilan foydalanilmoqda. Turli sabzavotlar yetishtirilib, 400 tonnagacha mahsulot olinmoqda. Toklar to‘liq hosilga kirishi bilan yiliga qiymati 4 milliard so‘mlik 200 tonnaga yaqin mahsulot olinishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.

Ular so‘nggi yillardagi imkoniyatlardan foydalanib, dehqonchilik uchun yer olgani, poliz ekinlari va ko‘katlar yetishtirib, daromad topayotganini aytdi. Reja va niyatlari haqida gapirdi.

– Sizlarni ishli bo‘lganingizni, ko‘zingizdagi ishonchni ko‘rib, xursand bo‘ldim. O‘zi mening eng katta maqsadim shu – xalqimni rozi qilish, baxtli ko‘rish. Qilayotgan ishlarimiz to‘g‘ri, faqat uni kengaytirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yoshlarning takliflari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun sovutkichli ombor qurish, ehtiyojmand yigit-qizlarning to‘ylari va shartnoma to‘lovlariga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Nukusdagi yangi shifoxona ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘ladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.

Bu markaz ilgari eski binoda joylashgan edi, bir xonada 4-5 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Zamonaviy uskunalar uchun mos kelmay qolgandi.

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024-yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda. 

Xususan, shu yil fevralda Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istonda «noldan» qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot bo‘limlari joylashgan. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. 

130 o‘rinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga mo‘ljallangan, alohida sanitar xonalari bor. 

Bemor hayotini saqlab qolishda vaqt asosiy o‘rinda turadi. Shu bois markazda bemorlarni kasallik darajasi bo‘yicha saralaydigan triaj bo‘limi tashkil etilgan. Ya’ni murojaat qilgan inson vaqt yo‘qotib, sarson bo‘lib yurmaydi. Bu yerga shifokorning o‘zi tushib, bemorni qaysi sohada davolash zarurligi bo‘yicha xulosa qiladi va kerakli bo‘limlarga yo‘naltiriladi.

Oldin murojaat qilgan bemorlarning aksariyati shifoxonada yotqizilgan. Endilikda muayyan tibbiy muolajalardan keyin, bemorning holatiga qarab yashash joyida ambulator davolanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ilgari yurak-qon tomir kasalliklari bilan murojaat qilgan bemorlarga oddiy tekshirish usullarida yordam ko‘rsatilgan. Endi yangi keltirilgan zamonaviy angiografiya uskunasi insonlar hayotini saqlab qolishda yaxshi samara bermoqda. O‘lim va nogironlikka olib kelish holatlari keskin kamaydi.   

Natijada bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning o‘zida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilk marotaba sun’iy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.  

Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qo‘yish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qo‘shilmoqda.

Davlatimiz rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyotni o‘qish bilan bog‘lash masalalariga e’tibor qaratdi.

– Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar o‘z ixtisosligi bo‘yicha bu yerda malaka oshirib, hududlarda joriy etishi muhimligi ta’kidlandi.  

Qayd etish joiz, Qoraqalpog‘istonda 2017-2024 yillarda: “Bir qadam” tamoyili asosida 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, yiliga 11 ming nafar bemorga tumanlarning o‘zida shoshilinch va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi.

Posted on Leave a comment

Qoraqalpog‘istonlik yoshlar IT kasblarni puxta egallamoqda



Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Yetti yil oldin yurtimizda IT kompaniyalari soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanayapti.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida shu sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va 300 ming nafar yoshni ish bilan band qilish rejalashtirilgan. Chekka hududlarda ham IT-shaharchalar tashkil etishga kirishilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘istonda IT-park rezidentlari soni o‘tgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108 tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan. 2024-yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga ko‘paydi.

Ta’lim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari o‘qitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali 2023-yilda 18 ming nafar yosh o‘qitilgan bo‘lsa, 2024-yilning shu kuniga qadar 29 ming nafar yosh o‘qitildi. Joriy yil 33 mingdan ziyod yoshga ta’lim berish rejalashtirilgan.

Bu natijalar yaratilgan sharoit in’ikosi. Davlatimiz rahbari 2021-yil hududga tashrifi chog‘ida IT-park uchun yangi bino qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shunga muvofiq, Nukus shahri markazida 17 qavatli zamonaviy bino bunyod etildi. Bu yerda IT-ta’lim va kovarking markazlari, ofislar, konferensiya zali va xizmat xonalari mavjud. Shuningdek, binoga IT-park rezidentlari, sohada faoliyat olib borayotgan investorlar, chet ellik autsorsing korxonalar joylashtiriladi.

Ilgari ikki qavatli binoda ochilgan IT-park bugun muhtasham majmuaga ko‘chgani rejalar ulkanligidan darak beradi.

Prezidentimizga binoda bajarilgan ishlar, sohadagi natijalar va rejalar haqida axborot berildi. 

Masalan, avval AQSHning Amazon kompaniyasida ishlagan qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov yurtiga qaytib, o‘zining HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilgan. Davlatimiz rahbari u bilan suhbatlashib, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Davlatimiz rahbari IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikrlarini tinglab, takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

– Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Binoda UZINFOCOM markazining filiali ham joylashgan. Markaz hudud yoshlarini uStudy dasturi orqali zamonaviy kasblarga o‘qitadi. Malakasi oshirilgan kadrlar o‘z sohasi bo‘yicha zamonaviy kompaniyalarga ishga joylashadi.

Prezident barcha hududlarda IT parklar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida shunday ko‘p qavatli binolar qurish zarurligini ta’kidladi.

– Ularda muhit shunday bo‘lishi kerakki, yoshlar o‘zini erkin his qilsin. Ovqatlanish, dam olish, sport va boshqa xizmatlar mujassam bo‘lsin. Binolar shaharlar markazida, yoshlarga qulay joyda bo‘lgani ma’qul, – dedi davlatimiz rahbari.

Mazkur IT-parkni Qoraqalpog‘iston tumanlaridagi maktablar bilan bog‘lab, sohaga qiziqqan yoshlarni o‘qitish, kelgusida yuqori daromadli ishlarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.