Posted on Leave a comment

Orolbo‘yida yangicha industriya va tadbirkorlik ruhi



Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy rivoji haqida so‘zladi. 

Buning uchun hududda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. So‘nggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan. Qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda. 

Imtiyozlar hisobiga o‘tgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qolgan.

Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti paydo bo‘lgan.

Birgina o‘tgan yilda 345 million dollarlik 1 ming 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida 730 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.

Qoraqalpog‘istonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham ko‘payib bormoqda. 2017-yilda 73 ta xorijiy va qo‘shma korxona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 175 taga yetdi.

Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025-2028-yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va budjetga 500 milliard so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi.

 Davlatimiz rahbari qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Yurtimizdagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari energetika sohasida ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. 

So‘nggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi. 

Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining hissasi katta ekanini ta’kidladi. Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor.  

2030-yilga qadar Qoraqalpog‘istonda 11 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar to‘liq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.

Quvvat uzatishda barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.

Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlanmoqda. Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi. Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.

Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi.

Ahamiyatlisi, bu bilan bir paytda Qo‘ng‘irot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 000 megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120 ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 100 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Nukus tumanida 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shahar va tumanlarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari ham e’tiborda. Shu kunlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Marosimda ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.  

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi. Barchani mamlakatimiz iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega ushbu loyihalar bilan tabrikladi.

Posted on Leave a comment

Qoraqalpog‘istonga investitsiya oqimi oshmoqda



Oxirgi 7 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 17 trillion 800 milliard so‘mlik 6 ming 784 ta loyiha amalga oshirilgan. Ularning natijasida 56 mingta ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda 2 milliard 815 million dollarlik eksport qilingan. Bu yil respublikada umumiy qiymati 874 million dollarlik 470 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Bu izchil davom ettirilib, Qoraqalpog‘istonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb 1 milliard 800 million dollarlik 10 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.

Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda Nukus shahrida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, Ispaniya investitsiyasi ishtirokida Qorao‘zak tumanida quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, germaniyalik investorlar tomonidan Nukus tumanida misni qayta ishlash va kabellar ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirilgan.

Mazkur 124 ta loyiha natijasida 20 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari ishbilarmonlarga har tomonlama madadkor bo‘lib, loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Yaponiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni yapon tomonining tashabbusi bilan Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Yaponiyaning janubi-sharqida kuchli zilzila ro‘y bergani va sunami kutilayotganidan xavotir bildirdi.

O‘zbekiston Yaponiya tomonining «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammitini o‘tkazish va Bosh vazir Kishidaning joriy yil 10-11-avgust kunlariga rejalashtirilgan mamlakatimizga rasmiy tashrifi muddatlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorini to‘liq tushunishi ta’kidlandi.

Tayyorgarlik tadbirlarini davom ettirish va tashrifni tashkil etishning yangi muddatlarini diplomatik kanallar orqali kelishishga ahdlashib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni bilan taqdirlandi



Navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo yetakchilariga minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofot mamlakatlarimizning mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi umumiy yutuqlarining e’tirofi ekanini ta’kidladi.

– Siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bugun Markaziy Osiyo qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.

Muvofiqlashtirilgan faoliyat natijasida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ko‘paydi, keng ko‘lamli hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda, chegaraoldi savdo hududlari, qo‘shilgan qiymat zanjirlari, zamonaviy transport va energetika infratuzilmasi barpo etilmoqda.

Birdamlik va mintaqaviy o‘ziga xoslik tuyg‘usi tobora mustahkamlanib bormoqda. Eng muhimi, ushbu ijobiy o‘zgarishlarni mintaqa mamlakatlari fuqarolari o‘z kundalik hayotida his qilmoqda.

Xalqaro subyektlikning mustahkamlanishi va mintaqaning yuqori jozibadorligi tufayli Markaziy Osiyo iqtisodiy faollik markaziga, Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari muhim tashabbus va qarorlarning tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida mintaqa mamlakatlarining yaqinlashuv jarayoni barqaror, izchil va ortga qaytmas tus olganini alohida ta’kidladi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev yetakchilarga yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoni tinch va farovon hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolishini ta’kidladi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi nutqi



Qadrli hamkasblar!

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga an’anaviy do‘stona qabul va sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun bildirilgan samimiy minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich, sizning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlarini ilgari surish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlaringizni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Sizning tashrifimiz arafasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo Renessansi: barqaror taraqqiyot va farovonlik sari” dasturiy maqolangizda birgalikda olib borayotgan ishlarimiz va yangi bosqichda mintaqaviy kooperatsiya istiqbollarini chuqur tahlil qilib bergansiz. 

Olti yil oldin aynan shu yerda, Ostonada biz birinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkazgan edik.

O‘tgan davr mobaynida barcha mamlakatlarimizda, hech mubolag‘asiz, tarixiy uchrashuvlar – sammitlar bo‘lib o‘tdi. Ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik solnomasida yangi sahifa ochdik.

Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi.

Biz samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal qila boshladik. O‘zaro savdo, investitsiya, yuk tashish, fuqarolarning tashriflari hajmi bir necha barobar ko‘paydi.

Tashqi sheriklarimiz tomonidan amaliy qiziqish sezilarli darajada ortdi. Yuqorida aytilganidek, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.

Bugun biz umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin.

Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimga birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatlarimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida mintaqadagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildiraman.

Men bugun mintaqaviy o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari bo‘yicha bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlayman.

Hozirgi bosqichda biz qabul qilgan qarorlarni amalga oshirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun samarali vositalar kerak, deb hisoblayman.

Umuman olganda, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman.

Shu maqsadda biz mintaqa mamlakatlari yetakchi tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilamiz. Ularning konseptual tavsiyalari va takliflarini keyingi sammitimiz davomida birgalikda ko‘rib chiqishimiz mumkin.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Markaziy Osiyo o‘zining geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini to‘liq boshdan kechirmoqda.

Ukraina atrofida va Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan voqealar mintaqaning barqaror rivojlanishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda. An’anaviy savdo va transport zanjirlari buzildi. Biz sanksiyalar siyosatining asiriga aylandik, logistika xarajatlari sezilarli darajada oshdi, inflyatsiya bosimi kuchaymoqda. Jahon kapital bozorida imkoniyatlar qisqarmoqda, proteksionizm kuchayib, yangi-yangi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda.

Mintaqamiz barqarorligining muhim omili hisoblangan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qoldi.

Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, Markaziy Osiyoning buguni va kelajagi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi ko‘p jihatdan umumiy sa’y-harakatlarimizga, yaqindan hamkorlik qilish, qat’iy choralar ko‘rish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligimizga bog‘liq.

Tashqi siyosat idoralarimiz tomonidan strategik hujjat – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Qadrli hamkasblar!

Amaliy mintaqaviy hamkorlikning, bizning nuqtayi nazardan, ustuvor hisoblangan yo‘nalishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi. Bizga yangi drayverlar, uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi modeli kerak.

Mamlakatlarimiz tabiiy savdo sheriklari bo‘lib, milliy iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldiradi.

Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda mamlakatlarimiz umumiy tovar aylanmasida ichki mintaqaviy savdoning ulushi sezilarli darajada emas. Markaziy Osiyoda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish yo‘lida hamon to‘siqlar saqlanib qolmoqda.

Biz xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda tahlil o‘tkazdik va kelgusi besh yilda o‘zaro savdo hajmini ikki barobar oshirishni ta’minlaydigan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni belgilab oldik. Bu besh yuzdan ortiq pozitsiyadagi tovarlardir.

Bu o‘rinda avvalo tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartib-taomillarini raqamlashtirish, davlat xaridlari jarayonida o‘zaro ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish kabi chora-tadbirlar haqida gap bormoqda.

Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish bizning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsadimiz bo‘lishi kerak.

Ushbu masalalarning barchasini ko‘rib chiqish uchun mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida Iqtisodiy kengash – muntazam ravishda uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz.

Biz shunday birinchi uchrashuvni kelgusi yili Toshkent shahrida tashkil qilishga va uning doirasida Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari, sanoat salohiyati ko‘rgazma-yarmarkasi, eksport imkoniyatlari taqdimotlarini tashkil etgan holda Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazishga tayyormiz.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish.

Biz mintaqadagi har bir mamlakat bilan allaqachon bunday hamkorlik bo‘yicha muvaffaqiyatli namunalarga egamiz. Chegaraoldi hamkorlikka doir maxsus hududlar, zamonaviy avtomobillar, maishiy elektronika, farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik klasterlari, logistika markazlari va infratuzilma loyihalari shular jumlasidandir.

Biz kuchlarimizni birlashtirib, qisqa qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish orqali mintaqani sanoatlashtirishning yagona xaritasini shakllantirishga erisha olamiz, deb hisoblayman.

Ushbu ustuvor yo‘nalish bo‘yicha vazirlar darajasida Kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish va dasturiy hujjat tayyorlash muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya kengashini ta’sis etish, mintaqa mamlakatlari Innovatsion rivojlanish bankini tashkil etish, qo‘shma investitsiya forumlarini muntazam o‘tkazib borish ham istiqbolli masalalar hisoblanadi.

Ta’kidlab aytaman, barcha Markaziy Osiyo davlatlarining investitsiyaviy jozibadorligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning muvofiqlashtirilgan holda olib borilishiga bog‘liq.

Uchinchi. Jahon banki xulosasiga ko‘ra, mamlakatlarimiz hali ham dunyodagi iqtisodiyoti eng kam “birlashgan” mamlakatlar qatorida qolmoqda.

Gap ichki mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘i haqida bormoqda.

Bundan tashqari, mintaqa geografiyasining o‘ziga xosligi tufayli tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlari ulushi tovar yakuniy qiymatining 50 foiziga yetmoqda. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 4-5 barobar yuqori.

Men samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkasblarimdan minnatdorman.

Bugun kun tartibida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishni ta’minlovchi ko‘plab loyihalar mavjud.

Kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, milliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, transport tarmoqlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, transport sektorini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.

Fursatdan foydalanib, Transport va tranzit to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish bo‘yicha taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Uning qoidalarini amalga oshirish maqsadida transport vazirliklari, tashuvchilar va ekspeditorlar, logistika kompaniyalari va mutaxassislar ishtirokida Ekspertlik konferensiyasini o‘tkazishni taklif qilamiz.

To‘rtinchi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida ishlarni muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirish lozim.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining milliy ekspertlari va mutaxassislari ta’kidlashicha, biz nafaqat asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha ichki mintaqaviy ehtiyojlarni ta’minlashimiz, balki xalqaro bozorda mustahkam o‘rinlarni egallashimiz mumkin.

Agrar ishlab chiqarishning innovatsion usullari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasida ilmiy ishlarni kuchaytirish, klasterlar va “aqlli fermalar”ni yaratish muhimdir.

Toshkent shahrida sentyabr oyida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum tashkil etish niyatidamiz. Forum doirasida Mintaqaviy strategiya ishlab chiqish uchun qishloq xo‘jaligi vazirlarining alohida uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilamiz.

Beshinchi. Global iqlim o‘zgarishi oqibatlari mamlakatlarimizning har birida sezilmoqda. Harorat ko‘tarilishi, muzliklar erishi, toshqinlar, qurg‘oqchiliklar, chang bo‘ronlari va boshqa ko‘plab tabiat hodisalari jiddiy talafotlar yetkazishda davom etmoqda.

Joriy yilning noyabr oyida Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Iqlim sammiti davomida mamlakatlarimiz yagona pozitsiya bilan chiqishlari mumkin.

Bu o‘rinda so‘z xalqaro jamoatchilik, fondlar va donorlik tashkilotlari e’tiborini ushbu o‘tkir muammolar, jumladan, Orol fojiasiga yechim topishga qaratish maqsadida mintaqadagi ekologik vaziyat haqida qo‘shma taqdimot o‘tkazish haqida ketmoqda.

Bizning yangi takliflarimiz qatorida Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish kompleks dasturi, Transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanishning mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish masalalari ham bor.

Oltinchi. Energetika sektoridagi hamkorlik ayniqsa dolzarbdir.

Bugungi kunda mintaqaviy ko‘lamda elektr energiyasi generatsiyasini oshirish va uni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha qator strategik loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, atom energetikasini rivojlantirish, uglevodorodlarni yetkazishni oshirish bo‘yicha rejalar mavjud.

Bu energetika vazirlarining doimiy uchrashuvlari doirasida muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borish uchun muhim yo‘nalishlardan biri, deb hisoblayman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Biz mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasida o‘zaro samarali almashuvlarni rivojlantirishni yuqori baholaymiz va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

Kelgusi oyda ko‘hna Xiva shahrida mintaqa mamlakatlarining navbatdagi Parlamentlararo forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy mas’uliyatni anglashini kuchaytirishga katta e’tibor berishimiz lozim.

O‘ylaymanki, “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasining tezroq ishga tushirilishi ushbu yo‘nalishda muhim amaliy qadam bo‘ladi.

Mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazishni taklif qilamiz.

“Markaziy Osiyo yoshlar kun tartibi – 2030”ni ilgari surish va yosh avlodni hamkorlik dasturlariga jalb qilish uchun doimiy ravishda Innovatsion g‘oyalar va loyihalar mintaqaviy yoshlar tanlovini o‘tkazishni taklif qilamiz.

Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va mamlakatlarimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni muhim deb hisoblaymiz.

Shuningdek, mintaqa davlatlarining iqtidorli talabalari o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratishni taklif qilamiz.

Ushbu loyihalarni batafsil muhokama qilish uchun Toshkent shahrida oktyabr oyida Markaziy Osiyo birinchi ta’lim forumini o‘tkazish niyatidamiz.

Mamlakatlaringiz milliy delegatsiyalari tarkibiga ta’lim vazirlari, yetakchi universitetlari rektorlari, olimlar va ekspertlari qo‘shilsa, biz bundan mamnun bo‘lar edik.

Turizm sektori mintaqaviy hamkorlikning yangi drayveriga aylanib bormoqda. Mamlakatlarimizdagi ichki mintaqaviy turistik oqim ulushi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi.

Turistik almashuvni kengaytirish maqsadida “Bitta tur – butun mintaqa”  tamoyili bo‘yicha milliy ay-di kartalarni o‘zaro tan olish va ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqish masalalarini o‘rganib chiqishni taklif qilamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bugun biz muhim hujjatlarni, shu jumladan, Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishni 2040-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasini imzolayapmiz.

Munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash va uni yanada rivojlantirish uchun Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni imzolashga tayyorlashni taklif qilamiz.

Ishonchim komil, bugungi uchrashuvning sermahsul natijalari mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik yanada mustahkamlanishiga, xalqlarimizning farovonligi yo‘lida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, Sizlarning barchangizni kelgusi yil avgust oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qilaman.

Hurmatli hamkasblar!

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni samimiy qutlayman.

Ozarbayjonning ishtiroki mintaqamizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Bu o‘rinda gap eng avvalo, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va logistika sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniy-gumanitar va sayyohlik almashuvlarini rivojlantirish haqida bormoqda.

Biz muvaffaqiyatli ko‘p tomonlama hamkorligimiz borasida bir qator misollarni keltirishimiz mumkin. Jumladan, Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tashkil etish masalasi ekspertlar darajasida ishlab chiqilmoqda. 

Bundan tashqari, xalqaro bozorlarga chiqadigan samarali transport yo‘laklarini shakllantirish masalalari muhokama qilinmoqda. 

Rejalashtirilayotgan biznes-forumlar, sanoat ko‘rgazmalari va boshqa ishbilarmonlik tadbirlarida ozarbayjonlik sheriklarimizning faol ishtirok etishi tarafdorimiz.

Uchrashuvimizning birinchi qismida shu yil noyabrda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Iqlim sammitida ekologik xatarlarning oldini olish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarimiz doirasida qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muhim ekani haqida gapirib o‘tdim.  

Yana bir bor hurmatli Ilhom Haydarovichga Global sammitni muvaffaqiyatli o‘tkazishini tilayman.

Bu shubhasiz, bizning umumiy yutug‘imizdir.

Uchrashuvimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze janoblarini ko‘rib turganimdan xursandman. 

Siz rahbarlik qilayotgan markaz chindan ham mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlamoqchiman.

Yaqinda Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblari mintaqamiz mamlakatlariga tashrif buyurib, Markaziy Osiyoda jadal yaqinlashuv va integratsiya jarayonlariga yuksak baho bergani va qat’iy qo‘llab-quvvatlagani so‘zimning tasdig‘idir.

U kishiga bizning eng ezgu tilaklarimizni yetkazishingizni so‘rayman.

Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevichga sammitimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, faxriy mehmonlar sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.

– Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mintaqa mamlakatlari samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal eta boshlagani ta’kidlandi. O‘zaro savdo, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, fuqarolarning tashriflari bir necha barobar oshdi. Xorijiy davlatlarning mintaqaga qiziqishi sezilarli darajada oshdi, «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.

– Bugun biz umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari hamkasblarining mintaqaviy o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatladi. Hozirgi bosqichda qabul qilinayotgan qarorlarni amalga oshirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ta’sirchan vositalar kerakligini ta’kidladi.

– Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish vaqti keldi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Ushbu masalalar yuzasidan konseptual tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatimizda o‘tkazish taklif etildi.

Dunyodagi hozirgi vaziyatga to‘xtalib, O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo o‘zining geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotganini qayd etdi.

An’anaviy savdo-transport zanjirlari buzildi, mintaqa mamlakatlari sanksiya siyosatining asiriga aylandi, logistika xarajatlari sezilarli darajada oshdi, inflyatsiya bosimi kuchaymoqda, jahon kapital bozoridagi imkoniyatlar qisqarmoqda, proteksionizm kuchaymoqda va yangi-yangi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qoldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining farovonligi ko‘p jihatdan umumiy sa’y-harakatlarga, yaqindan hamkorlik qilish, qat’iy choralar ko‘rish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorlikka bog‘liq. Shu munosabat bilan strategik hujjat – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Global jarayonlarning Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga ta’siri tahlilidan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti mintaqada amaliy hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Birinchi navbatda, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi drayverlari va modeli zarurligi ta’kidlandi.

– Mamlakatlarimiz tabiiy savdo sheriklari bo‘lib, milliy iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatlarimiz umumiy tovar aylanmasida mintaqaviy savdoning ulushi kichik. Mintaqada to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish yo‘lidagi to‘siqlar saqlanib qolmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish yaqin besh yilda o‘zaro savdo hajmini ikki barobar oshirish imkonini berishi ta’kidlandi.

Tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartib-taomillarini raqamlashtirish, davlat xaridlaridan foydalanishni o‘zaro yengillashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish shular jumlasidan.

Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsad bo‘lishi kerak.

Davlatimiz rahbari bu masalalarning barchasini ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiy kengash – Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida muntazam uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston kelgusi yilda ushbu uchrashuvning birinchisini qabul qilishga hamda uning doirasida Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari, sanoat salohiyati ko‘rgazma-yarmarkasi, eksport imkoniyatlari taqdimotlarini tashkil etgan holda Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazishga tayyor.

Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada muvaffaqiyatli misollar mavjud. Xususan, chegaraoldi hamkorlikka doir maxsus hududlar, zamonaviy avtomobillar, maishiy elektronika, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari, agrar va to‘qimachilik klasterlari, logistika markazlari va infratuzilma obyektlari mavjud.

– Biz kuchlarimizni birlashtirib, qisqa qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish orqali mintaqani sanoatlashtirishning yagona xaritasini shakllantirishga erisha olamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu borada vazirlar darajasida Kengash ta’sis etish va dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya kengashi, Innovatsion rivojlanish bankini ta’sis etish, qo‘shma investitsiya forumlarini muntazam o‘tkazib borish masalalari ham istiqbolli ekani ta’kidlandi.

Mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etildi. Mintaqaning geografik xususiyatlaridan kelib chiqib, tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlarining ulushi tovarlar yakuniy qiymatining 50 foizigacha yetayotgani, bu esa jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan to‘rt-besh barobar yuqori ekaniga e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va o‘tkazish, milliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, transport tarmog‘i va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirib borish zarurligi ta’kidlandi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishi, balki xalqaro bozorda mustahkam o‘rin egallashi mumkin.

Buning uchun qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va suvni tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasidagi ilmiy ishlarni kuchaytirish, klaster va «aqlli» fermer xo‘jaliklarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Ushbu sohadagi Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadida joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum doirasida mintaqa qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi muammolariga alohida e’tibor qaratdi. Harorat ko‘tarilishi, muzliklar erishi, toshqinlar, qurg‘oqchiliklar, chang bo‘ronlari va boshqa ko‘plab tabiat hodisalari jiddiy talafotlar yetkazishda davom etmoqda.

– Joriy yilning noyabr oyida Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Iqlim sammiti davomida mamlakatlarimiz yagona pozitsiya bilan chiqishlari mumkin. Bu o‘rinda so‘z xalqaro jamoatchilik, fondlar va donorlik tashkilotlari e’tiborini ushbu o‘tkir muammolar, jumladan, Orol fojiasiga yechim topishga qaratish maqsadida mintaqadagi ekologik vaziyat haqida qo‘shma taqdimot o‘tkazish haqida ketmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur va Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.

Energetika sohasidagi hamkorlik mintaqa mamlakatlari hamkorligining asosiy yo‘nalishi sifatida qayd etildi. Bugungi kunda mintaqaviy miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha qator strategik loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, atom energetikasini rivojlantirish, uglevodorodlar yetkazib berishni ko‘paytirish rejalari ham bor.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari parlamentlari o‘rtasidagi samarali almashinuvlarni rivojlantirishga yuqori baho berdi va buni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu munosabat bilan navbatdagi Parlamentlararo forumni kelgusi oyda Xiva shahrida o‘tkazishni taklif qildi.

Gumanitar sohadagi hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari “madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy mas’uliyatni anglashini kuchaytirishga katta e’tibor berish lozim»ligini ta’kidladi.

«Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak» xalqaro media platformasining tez fursatda ishga tushirilishi bu borada muhim amaliy qadam bo‘ladi.

Mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazish taklif etildi.

Innovatsion g‘oyalar va loyihalar mintaqaviy tanlovining muntazam o‘tkazilishi «Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi – 2030″ni ilgari surish va yosh avlodni hamkorlik dasturlariga jalb etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, iqtidorli talabalari o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish muhimligi qayd etildi.

Ushbu masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun oktyabr oyida Toshkent shahrida birinchi Markaziy Osiyo ta’lim forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mintaqaviy sheriklikning yangi drayveri sifatida turizm sohasi belgilandi. Turizm almashinuvini kengaytirish maqsadida milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini o‘rganish va «bitta tur – butun mintaqa» tamoyili asosida ommaviy turizm mahsulotlarini ishlab chiqish taklif etildi.

So‘zining yakunida Prezidentimiz Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning 2040-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimni tayyorlashni taklif qildi.

O‘zbekiston rahbari ushbu uchrashuvning samarali natijalari Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanishiga, mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan yettinchi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo yetakchilari sammitining madaniy dasturida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga tashrifi doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon san’at ustalarining «Do‘stlik kechasi» tantanali konsertida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, sammitning faxriy mehmoni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashdi.

Folklor-etnografik ansambllar va estrada san’atkorlarining rang-barang chiqishlari, milliy qo‘shiq va raqslar xalqlarimizning mushtarakligi va madaniy yaqinligini yaqqol tasdiqladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimida ishtirok etdilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ostona shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini tantanali ravishda ochdilar.

Davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqayevning Alisher Navoiyga haykal o‘rnatish tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston poytaxti markazida muhtasham yodgorlik bunyod etilgani qozoq xalqining qardosh O‘zbekistonga bo‘lgan chuqur hurmatining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

– Buyuk faylasuf va insoparvar shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat o‘zbek xalqiga, balki butun dunyoga tegishli noyob boylikdir. Navoiy asarlari XVI asrdayoq italyan va nemis tillariga tarjima qilingan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha tillarida yangramoqda. Asrlar davomida hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasi bo‘lgan uning ijodi millionlab insonlarni hayratga solib, ruhlantirib kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Hazrat Alisher Navoiyning ulkan xizmati shundaki, u o‘zbek adabiyotining va o‘zbek adabiy tilining asoschisidir.

Haykali Toshkentning markaziy maydonlaridan birini bezab turgan qozoq xalqining buyuk farzandi, qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasi Abay Qo‘nonboyev Sharqning boshqa buyuk shoirlari qatori Alisher Navoiyni ham o‘zining ustozi deb bilgan.

Navoiy va Abay ijodi abadiyat, do‘stlik, muhabbat va sadoqat she’riyatidir. Ularning falsafiy qarashlari millatning ma’naviy yuksalishida bebaho manba hisoblanadi.

2020-yilda marhum qozoq shoiri Nesipbek Aytuli Alisher Navoiyning eng muhim asari – «Xamsa»ni qozoq tiliga tarjima qilib, nashr etdi va ushbu kitobga so‘zboshi shaxsan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan yozildi.

– Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana ko‘plab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlantiradi, – dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar



Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.

O‘zbekiston rahbari birgalikdagi tizimli va amaliy sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini ittifoqchilik munosabatlaridek eng yuqori bosqichga olib chiqishga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Biz ko‘p qirrali munosabatlarimizda yangi sahifa ochdik – Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdik. Ushbu format davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasining ifodasi bo‘lib, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning yaqin aloqalari, ularning barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini yaqqol namoyon etadi.

Muzokaralar chog‘ida parlamentlarning ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning yana bir yangi shakli – Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Qo‘shma bayonot imzolandi hamda har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar ikki mamlakatning barcha viloyatlarini jalb qilgan holda Hududlararo hamkorlik forumini Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish tashabbusini ilgari surdilar.

Kuni kecha o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlarida umumiy qiymati 7 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirishga qaratilgan kompleks dastur qabul qilinadi. Tomonlar, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini tezlashtirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston-Qozog‘iston investitsiya fondini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Muzokaralar kun tartibidan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhim o‘rin egalladi. Yuk tashish hajmini oshirish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni yaratish, avtomobil va temir yo‘llarni qurish va modernizatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yana bir strategik yo‘nalish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Ikki mamlakat hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Madaniyat, yoshlar, turizm, fan, ta’lim va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif arafasida va doirasida Qozog‘iston poytaxtida O‘zbek kinosi kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, festivallar, intellektual o‘yinlar va boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Tomonlar kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari, qo‘shma kinofestivallar, ikki mamlakat san’at ustalarining konsertlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Qozog‘istondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Qasim-Jomart Toqayevga va u orqali butun qardosh Qozog‘iston xalqiga Ostona markazida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro platformalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar.

Ertaga Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi iqtisodiy integratsiya va butun mintaqaning jadal rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qozog‘iston Respublikasining oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi



Tashrif dasturi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Respublikasining «Oltin Qiron» (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Qasim-Jomart Toqayev tantanali ravishda topshirdi.

Davlatimiz rahbari ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirib, bunday yuksak mukofot ikki xalqning ko‘p asrlik chinakam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlariga berilgan baho, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqish borasidagi mushtarak intilishlarning e’tirofi ekanini ta’kidladi.

«Oltin Qiron» oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.