Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalariga start berdilar



Ikki tomonlama muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Jumladan, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Chuy viloyatida zamonaviy yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Xususan, u yerda «Kobalt,» «Oniks» va «Treker» rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladi.

Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Posted on Leave a comment

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilindi.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu maqsadda tashrif davomida o‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda.   Bundan tashqari, yaqin yillarda 2 milliard dollar ko‘rsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari to‘plami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish bo‘yicha «yashil yo‘lak» ishga tushiriladi.

Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani ta’kidlandi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi.

Bunday loyihalarni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.

Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish etib belgilandi.

Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi.

Mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea bo‘ldi.

Uchrashuvda istiqbolli transport loyihalari ham ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy drayverlari ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Hududlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari jadvalini tayyorlash va qo‘shma «yo‘l xaritalari»ni yangilashga kelishib olindi.

Qishloq xo‘jaligi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishidir. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Shu ma’noda, tashrif arafasida Samarqandda O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olindi.

Yig‘ilishda Bosh vazirlar o‘rinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Posted on Leave a comment

Oʼzbekiston va Qirgʼiziston Prezidentlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini tasdiqladilar



Koʼksaroy qarorgohida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirgʼiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari koʼrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli uzoq muddatli istiqbolga moʼljallangan koʼp qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida taʼkidladi.

Ushbu tashrif doirasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʼgʼrisida Qoʼshma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga oʼzaro intilishdan dalolat boʼlishi qayd etildi.

Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida oʼzaro qoʼllab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligi qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish dolzarb ekani koʼrsatib oʼtildi. Kuni kecha oʼtgan biznes forumi muvaffaqiyatli boʼldi, yakunida yangi kelishuvlar toʼplami qabul qilindi.

Bu galgi tashrif doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomobilsozlik va toʼqimachilik sohalarida kooperatsiya loyihalari ishga tushiriladi.

Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, «Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston» temir yoʼli va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.

Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish boʼyicha yangi loyiha takliflari koʼrib chiqildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Shuningdek, qishloq va suv xoʼjaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirgʼiziston madaniyati kunlari oʼtkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga moʼljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi


Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushishdan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.

Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi



18-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent shahri xalqaro aeroportida ularni davlatimiz rahbari va rafiqasi kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajada muzokaralar o‘tkaziladi, ularda O‘zbekiston-Qirg‘iziston keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Sammit yakunida qator yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va salmoqli ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Eron yetakchilari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni Eron Islom Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Mas’ud Pezeshkiyonni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli davlat lavozimida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, investitsiya va transport sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Avval erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.


Posted on Leave a comment

Birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar va yil yakunigacha mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Avvalo, bajarilgan ishlar qisqacha aytib o‘tildi. Joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko‘paygan. Sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,8 foizga o‘sgan. Budjet daromadlari ham 113 trillion so‘mga yetib, 14 foiz oshgan.

Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qo‘shilgan qiymat 567,4 trillion so‘mga, ya’ni 45,1 milliard dollarga yetgan. Bunday raqamlar ilgari bo‘lmagan.

O‘tgan davrda jami kapital qo‘yilmalar 229 trillion so‘mni tashkil qilgan. Shundan 15,5 milliard dollari xorijiy investitsiyadir. Andijon, Buloqboshi, Qorako‘l, Karmana, Davlatobod tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlari investitsiyasi 100 million dollardan, Sharof Rashidov, Forish, Yangi Namangan, Ohangaron tumanlarida esa 70 million dollardan oshgan.

Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlik uchun 82 trillion so‘m kredit va 15,5 trillion so‘m subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilingan. Yengillik va imtiyozlar tufayli tadbirkorlarda 56,3 trillion so‘m mablag‘ qolgan.

“Yashil energetika” sohasidagi ishlar ham natija bera boshladi. Hozirgacha ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga yarim yillikda 1,6 milliard kilovatt “yashil energiya” olindi. Bu yarim milliard kubmetr gazni tejash imkonini berdi.

Shu yilning o‘zida mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv, elektr kabi infratuzilmani yaxshilash uchun budjetdan 31,5 trillion so‘m ajratilgan. Bunga qo‘shimcha yana 1,5 trillion so‘m beriladi.

O‘tgan olti oyda 18 ming 600 ta yangi xonadon qurib, topshirilgan. 26 mingta oilaga 7 trillion so‘mga yaqin ipoteka krediti ajratilgan. Ular bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizni qoplash uchun 545 milliard so‘m subsidiya berilgan.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda ko‘proq mummolar bo‘yicha gapirib, aniq reja va vazifalarni belgilash zarurligini ta’kidladi.

– Dunyodagi og‘ir sharoitga qaramasdan, barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishayapmiz. Buni Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham e’tirof etayapti. Lekin, bugun kamchiliklarni ko‘rsatib, zaxiralarni ishga solish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olsak, foydali bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi bo‘lib, iqtisodiyot, moliya, soliq, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari natijasida olti oyda 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan, 1 million 600 ming aholi rasmiy band bo‘lgan, 712 mingta yangi daromad solig‘i to‘lovchi paydo bo‘lgan.

Yig‘ilishda bularga yangi turtki berish maqsadida qo‘shimcha choralar belgilandi. Xususan, endi tuman hokimi, bank rahbari va mahalla raisi bir bo‘lib ishlash bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzadi. Joriy yil 1-dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib beriladi. Bu orqali 495 ming aholining bandligi ta’minlanadi. Ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovi 1,5 barobar oshirilib, 4 trillion so‘m ajratiladi.

“Uychi tajribasi”ga asosan, tuman hokimi va bank rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning biznesini kengaytirishga ko‘maklashadi. Bunda hokim yer, elektr, suv, yo‘l va boshqa infratuzilma masalasini, bank esa mablag‘ni hal qiladi. Bu orqali yil yakunigacha 670 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

“G‘ijduvon tajribasi” asosida yil yakuniga qadar mingta mahallaning o‘zida ko‘p qavatli sanoat binolari tashkil qilinadi. Ularga xonadonlardagi ishlab chiqarishlar ko‘chiriladi. Ushbu binolarning yuqori qavatlarida ishlaydigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Bu 140 ming ish o‘rnini “soyadan” chiqarishga sharoit yaratadi.

“Zarbdor tajribasi” asosida tumanlarda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida drayver loyihalar qilinadi. Ularni amalga oshirishga bu yil qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali yana 150 ming ish o‘rni bo‘ladi.

Bosh vazirga mazkur to‘rtta tajribani qo‘llagan holda, yil yakunigacha 2 million 416 ming aholi bandligini ta’minlash rejasini tumanlar kesimida tasdiqlash topshirildi.

Budjetga tushumlarni ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Korxonalar va tadbirkorlarga ko‘mak berib, daromadini oshirish orqali soliq tushumini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Tadbirkorga ortiqcha to‘lov qildirgan mas’ullar jazolanishi haqida qat’iy ogohlantirildi.

Xususiylashtirish dasturining bajarilishi, yirik korxonalarda tannarxni pasaytirish ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endi tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar maqsadli ko‘rsatkichi bilan bir yilga berilishi, natijasiga qarab muddati uzaytirilishi yoki bekor qilinishi aytildi.

Bu yil hududiy korxonalarda 164 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Lekin, Kogon shahri, Qorovulbozor, Zafarobod va Mirzaobod tumanlarida sanoat pasaygan. Mutasaddilarga yil yakunigacha kam quvvatda ishlayotgan 2 mingta korxonani rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.

Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llandi. Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, G‘ozg‘on shahri hokimlari lavozimidan ozod qilindi.

Yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masalalar transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari bo‘yicha bo‘ldi.

Avvalo, qurilishda tannarxni pasaytirish masalasi tahlil qilindi. Yer va qurilish materiallaridan tashqari loyihani kelishish, maxsus texnik shartlar olishdagi qiyinchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Eng katta “xufyona iqtisodiyot” ham qurilishda.

Shu bois Qurilish vazirligiga sohada tadbirkorlik uchun to‘siq bo‘layotgan barcha tartib-taomillarni yangilash vazifasi qo‘yildi.

Sifat va tartibni kuchaytirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkazilib, vakolatlari kengaytiriladi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytiriladi.

Yangi loyihalarda tadbirkorlar uchun elektr va gazdan texnik shartlar olish raqamlashtiriladi. Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.

Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion so‘m ajratilgan. Jumladan, 618 ta maktab, 176 ta bolalar bog‘chasi, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxona qurilib jihozlanishi belgilangan.

2 ming 152 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash, 13 ming kilometr yo‘l va 195 ta ko‘prikni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Jamoat transportida elektron to‘lov tizimini to‘liq joriy qilish, barcha viloyat markazlarida yo‘lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari bu yo‘nalishlarga birma-bir to‘xtalib, kechikayotgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu ishlarning ijtimoiy ahamiyatini, ularni odamlar o‘z hayotida sezishi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda investitsiya, eksport va qishloq xo‘jaligidagi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

O‘tgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilgan. Prezidentimiz ularning natijadorligi tahliliga e’tibor qaratdi.

Uch yilda kiritilgan har bir dollar investitsiya o‘rtacha uch dollar qiymat yaratgan. Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini o‘rtacha 600 dollarga oshirgan. Lekin ayrim tarmoqlar va hududlarda bu ko‘rsatkich kam.

Mutasaddilarga kelgusi yilga reja qilingan loyihalarni shu nuqtayi nazardan birma-bir tahlil qilish topshirildi.

Avvalgi yillarda chetdan keltirilgan 183 million dollarlik 593 ta uskunani tezroq o‘rnatib, ishga tushirish zarurligi aytildi. To‘liq ishlamayotgan investitsiya loyihalarini “jonlantirish”, muammolarini hal etish chora-tadbirlari belgilandi.

Joriy yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun 1,5 trillion so‘m ajratilgan. Shuningdek, Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasidan berilgan 650 million dollar arzon resurs, banklarda xorijdan jalb qilingan 1 milliard dollar mablag‘ bor. Ushbu mablag‘lardan samarali foydalanib, loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Olti oyda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34 foizga o‘sgan. Shu o‘rinda, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Shu bois viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlariga hududlardagi 50 milliard dollarlik 200 ta yirik loyihani tahlil qilib, tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Hududiy korxonalarning kooperatsiya portalidagi ishtirokini jonlantirish muhimligi aytildi.

Eksport masalalari tahlil qilinar ekan, tarmoq va hududlar yil boshidan 8,7 milliard dollarlik mahsulotini chetga sotgani qayd etildi. Lekin 9 ta tumanda eksport o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmagan.

Keyingi paytlarda ko‘plab davlatlar ichki bozorini himoya qilish uchun tarif va notarif to‘siqlarni belgilamoqda. Tegishli vazirlik va idoralarga ushbu to‘siqlarni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.

Joriy yilning birinchi yarmida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi. Bu sohada birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.

Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish bo‘yicha 382 ta loyiha boshlangan. Yil yakunigacha 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish rejalashtirilgan. Bular orqali meva-sabzavotni saqlash sig‘imi 63 foizga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari bu sohada eksportni ko‘paytirish uchun yangi urug‘ navlarini o‘zimizda yaratish kerakligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida urug‘chilik tizimini qayta ko‘rib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

75 ming gektar samarasiz bog‘lar hamda 100 ming gektar past hosilli yerlar o‘rnida sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday bog‘lar uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kredit ajratiladi.

Yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlarining moliyaviy barqarorligi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rildi. Ularga berilgan imtiyozli kredit muddati 2025-yil 1-aprelgacha uzaytirilishi, bu yil paxta xaridi uchun imtiyozli kredit klasterlarning ip-yigiruv korxonalariga berilishi belgilandi. Iqtisodiy samarasiz, moliyaviy majburiyati yuqori klasterlarning maqomi qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Unumdorlikni oshirish uchun paxtachilik va meva-sabzavotchilikda mexanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun yil oxirigacha fermer va dehqonlar yana 6,5 mingta texnika bilan ta’minlanadi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar va hokimlar hisobot berdi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha yil yakunigacha mo‘ljallangan rejalar bayon etildi.


Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 18-19-iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, biznes va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan foydalanish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.

Bir qator qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, ayni kunlarda O‘zbekistonda biznes forumi, rektorlar forumi, Qirg‘iziston madaniyati kunlari va boshqa qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda.


Posted on Leave a comment

Turizm infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu haqda shu yil 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi hamda tadbirkorlar bilan muloqotda topshiriq berilgan edi. Ushbu topshiriqlar va bildirilgan takliflar asosida soha rivojiga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Xususan, xorijiy turistlarni yurtimizga jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollar qiymatida alohida kredit liniyasi ochilmoqda. Bu kreditlar milliy valyutada yillik 17 foiz stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga ajratiladi.

Salohiyati yuqori bo‘lgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari barpo etiladi. Bunday hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda respublika budjetidan 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, ularning har biriga 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi.

Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilmoqda. Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish, xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda solig‘i 50 foizga kamaytirish kabi choralar bor.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning milliy turizm brendini yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Shunga muvofiq, maqsadli bozorlar talablaridan kelib chiqib, yurtimizdagi turizm turlari to‘g‘risida kontentlar yaratiladi. Ular xalqaro media va ijtimoiy platformalar, jahon sport va san’at tadbirlarida targ‘ib qilinadi. Bunga auditoriyasi katta bo‘lgan xorijiy jurnalist, bloger va inflyuenserlar ham jalb qilinadi.

Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi. Umumxalq bayramlari kunlarida qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bular haqda muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi.

Soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham muhim. Kelayotgan o‘quv yilidan boshlab, bu borada ham qator yangiliklar mo‘ljallanmoqda.

Jumladan, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida o‘quv dasturlari jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi ta’lim muassasalarining tajribasi asosida takomillashtiriladi. Bu sohada oliy ta’lim to‘rt yillikdan uch yillikka o‘tkaziladi. Talabalarga bir vaqtning o‘zida ixtisosligi bo‘yicha ishlab, kasbiy ko‘nikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Andijon, Buxoro, Samarqand va Urganch davlat universitetlari, Sharqshunoslik, Jahon tillari va “Ipak yo‘li” oliygohlarida gidlarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlar bo‘yicha hujjat ishlab chiqib, ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.


Posted on Leave a comment

Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li o‘zining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan ulkan ijodkordir. Hassos shoirning she’r va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egallagan.

Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa e’tiborga molikdir. Uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qilmoqda.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNЕSKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining betakror adabiy merosini yanada keng o‘rganish va ommalashtirish hamda tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari, YUNЕSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Badiiy akademiya hamda jamoatchilik vakillarining Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish bo‘yicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin hamda uning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlasin:

shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish;

davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;

Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovini o‘tkazish;

2024-yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasini o‘tkazish;

2024-yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish;

mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, professional, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;

2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev