Posted on Leave a comment

Qo‘qon aeroportiga ilk bor yirik havo kemasi qo‘ndi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida 11-iyul kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

Mamlakatimizda transport infratuzilmasi sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Birgina havo yo‘llari tarmog‘ida Samarqand, Termiz, Mo‘ynoq, Zomin aeroportlari yangilanib, ishga tushirildi. Toshkent va Urganch xalqaro havo portlari ta’mirlanmoqda, “Toshkent-Sharqiy” qayta qurilmoqda.

Joriy yil mart oyida Qo‘qon aeroporti ham yangidan ochilgan edi. Bugun O‘zbekiston Prezidentining samolyoti ilk bor bu yerga qo‘ndi.

Mazkur aeroport 1977-yilda qurilgan bo‘lib, yaqin yo‘nalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yildi. 

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 

Aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi ta’mirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz endi bu aeroport xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ichki turizm imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi samara berishi, xalqaro reyslarni ham yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.


Posted on Leave a comment

Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya sohasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

«O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyili asosida mamlakatimizda aholini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada sharoitlarni yaxshilash va xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda nogironligi bor shaxslarga qulayliklar yaratish muhim vazifalardan. Shu maqsadda nogironlikni belgilashda raqamlashgan tizimga o‘tish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, bu dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025-yil 1-sentabrga qadar barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ekspert komissiyalariga tibbiy hujjatlar oilaviy shifokorlar tomonidan elektron yuboriladi. Baholash Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining moslashtirilgan mezonlari asosida “Inson” markazlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda uning reabilitatsiya dasturi hamda protezga muhtojligi bo‘yicha ma’lumotlar shakllantiriladi.

Endi ekspert komissiyalari tomonidan kasbga, ta’limga, sportga tavsiya berish, mehnatga layoqatsizlikni belgilash tartibi bekor qilinadi. Bunday shaxslar ish, sport va ta’limga individual yondashuv asosida yo‘naltiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning xavfsiz va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun sharoitlarni kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda. Shu bois quriladigan va ta’mirlanadigan binolar bunga moslashganligi bo‘yicha majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi. “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasining kamida 10 foiz mablag‘i har yili chorrahalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirish bo‘yicha qurilish va jihozlashga yo‘naltiriladi. To‘siqlarsiz muhit yaratilgan obyektlarning elektron interaktiv xaritasi yaratiladi.

Jamoat transporti bo‘yicha tenderlarda faqatgina nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilgan avtobuslar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Shahar jamoat transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni madaniy tadbirlar, ko‘ngilochar tomosha va marosimlarga jalb qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.

Taqdimotdagi yana bir taklif Jahon banki ishtirokidagi “Inson” loyihasi haqida bo‘ldi. Bu loyiha aholining zaif qatlamlarini jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan bo‘lib, uning doirasida 55 ta ko‘pfunksiyali hududiy xizmatlar markazi tashkil etiladi va 20 turdagi ijtimoiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent, Farg‘ona va Samarqandda 4 ta namunali inklyuziv kasb-hunar ta’limi markazlari tashkil etiladi.

Besh ming nafar xodimning ijtimoiy ish bo‘yicha malakasi oshiriladi. Moslashuvchan ijtimoiy xizmat va yordam bo‘yicha normativ-huquqiy baza shakllantiriladi.

Sohadagi yana bir yangilik “ijtimoiy karta” tizimining joriy etilishi bo‘ladi. Bu orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlari to‘liq avtomatlashtiriladi. “Ijtimoiy karta” bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdig‘i hisoblanadi.

Bu tartib dastlab Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida, keyingi yildan boshqa hududlarda joriy etiladi. Natijada 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordamlar va 200 ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimga umumlashtiriladi. Qog‘oz shaklidagi hujjatlar bekor qilinib, vaqt va mablag‘ tejaladi. Soha to‘liq raqamlashtirilishi orqali har bir oilaning ehtiyojlari va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etiladi.

Davlatimiz rahbari bu borada tegishli hujjatlarni ishlab chiqib, samarali joriy etish, ehtiyojmand insonlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Posted on Leave a comment

BYD bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida hisobot bilan tanishdi.

Mazkur korxona shu yil 27-iyun kuni davlatimiz rahbari ishtirokida ishga tushirilgan edi. U BYD kompaniyasining Xitoydan tashqaridagi ilk zavodi bo‘ldi.

Bugungi kunda BYD yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar – elektromobillar va gibridlarni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha dunyoda yetakchi kompaniya hisoblanadi. U eng yaxshi texnologik baza, innovatsion yechimlar va sifat nazorati tizimlariga ega.

O‘zbekistonga bunday yirik kompaniyaning kirib kelishi, avvalo, mamlakatdagi jozibador investitsion muhit va siyosat, shuningdek, avtomobilsozlik sohasida muhandis kadrlar, ishlab chiqarish bazasi, xomashyo va logistika salohiyati borligi bilan bog‘liq.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi mazkur investitsiya loyihasining dastlabki natijalari va uni kengaytirishga qaratilgan rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

Qayd etilganidek, to‘liq ishlab chiqarish jarаyonini ishga tushirish doirasida O‘zbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa ko‘plab komponentlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil o‘tkazildi.  

Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ularning turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan zamonaviy standartlashtirish tizimi sinovlarini o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirildi.

Shuningdek, zamonaviy texnologiya va standartlarni nafaqat ishlab chiqarish, balki savdo, servis va kafolat yo‘nalishlarida ham tatbiq etish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu sifatsiz mahsulot chiqarilishining oldini oladi hamda avtotransportga yuqori sifatli servis va kafolatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

BYD bilan hamkorlik mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ham o‘z ichiga oladi. Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Jizzax politexnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha muhandislik o‘quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Taqdimotda ishlab chiqarish hajmini belgilangan ko‘rsatkichlarga yetkazish hamda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi. 


Posted on Leave a comment

Budjet mablag‘larining moliyaviy nazorati kuchaytiriladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev budjet mablag‘laridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugun dunyodagi murakkab jarayonlar iqtisodiyotga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Mablag‘ topish, jamg‘arish, ko‘paytirish tobora qiyin bo‘lib bormoqda. Bunday sharoitda bor manbalardan samarali foydalanish, tejamkorlik va aniqlik yanada muhim.

Shu yil 16-yanvar kuni iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari budjet xarajatlarining samaradorligi masalasiga alohida to‘xtalib, moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

 Ma’lumki, bu vazifani O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi. Hozirgi tizimda faqat budjet va maqsadli jamg‘armalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan. Bu jami xarajatlarning 86 foizini tashkil etadi.

Shu bois Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan budjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlarni ham qamrab olish imkonini beradi.

Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlaridagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashga qaratilgan strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy ta’minotlar samaradorligi bo‘yicha axborot texnologiyalari auditi joriy etilishi mo‘ljallanmoqda.

Yurtimizda 30 mingga yaqin budjet tashkiloti va davlat korxonalari bo‘lib, ularni joyiga chiqib o‘rganishga ko‘p vaqt va mablag‘ ketadi. Shuning uchun Hisob palatasida “Masofaviy nazorat markazi” ishga tushirildi. Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida 36 ta risk-tahlil mezonlari va indikatorlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda hududlar rivojiga katta mablag‘lar yo‘naltirilayapti. Lekin mahalliy kengashlar budjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman budjeti bilan cheklanayapti. Bu – har bir hududga barcha manbalardan berilayotgan mablag‘larning 65-70 foizi ularning nazoratidan chetda qolayapti, degani.

Shu bois Hisob palatasi budjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi kerakligi qayd etildi.


Posted on Leave a comment

Geologiya sohasidagi ishlar haqida axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi.

Mutasaddilar yil boshida belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, o‘tgan 6 oyda qariyb 3 million tonna ko‘mir qazib olingan.  “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida mexanizatsiyalashgan yerosti komplekslari to‘liq ishga tushirilib, ko‘mir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan.

Ikkinchi yarim yillikda yana 5 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 1,8 million tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 million tonnadan ortig‘i aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 million tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.

Umuman, bu yil ko‘mir qazib chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 1,4 million tonnaga ko‘p bo‘lib, import hajmi sezilarli qisqaradi.

Tarmoqda qator investitsiya loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Nishbosh konini o‘zlashtirishga Xitoyning “Henan” kompaniyasi 400 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 million tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 million tonnasini boyitish rejalashtirilgan.

Yurtimizda kaolinning ham katta zaxirasi mavjud. Hozirda konlarni o‘zlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna mahsulot qazib olinmoqda. Bu juda kam.

Shu bois 2024-2025-yillarda Geologiya dasturi doirasida 7 ta kon tashabbuskorlarga taklif etiladi va bu orqali qazib olish hajmi 2 million 700 ming tonnaga yetkaziladi.

Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida Turkiyaning “Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 15 million dollarlik mazkur loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin tayyorlanadi.

Shu yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari sanoat uchun muhim minerallar masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Shundan so‘ng, bu yo‘nalishga ixtisoslashgan “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Ilmiy va texnologik tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlariga qaratilgan 40 million dollarlik 34 ta loyiha ishlab chiqildi.

Bu tarmoqqa yetakchi xorijiy kompaniyalar va malakali ekspertlarni jalb qilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘tgan oyda Koreya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida “KIGAM” instituti bilan noyob minerallarni izlash, texnologik tadqiqotlar o‘tkazish va raqamlashtirish bo‘yicha 10 million dollarlik grant loyihasi yuzasidan kelishuv imzolandi.

Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati 800 million dollarlik loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, olingan xomashyolardan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu yetakchi moliyaviy institut bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va Yaponiya kompaniyalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo va Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi oshib bormoqda, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.

JBICning mamlakatimizda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi muhim o‘rni qayd etildi. Bugungi kunda neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, energetika va infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarni qamrab olgan qo‘shma loyihalar portfeli 3,7 milliard dollardan oshdi.

«Sojitz» korporatsiyasining O‘zbekistondagi faoliyati yuqori baholandi. U bilan birgalikda neft-gaz sohasida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Kecha Toshkent shahrida kompaniya vakolatxonasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari «yashil» energetika, geologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish, kommunal xo‘jalik va sog‘liqni saqlash sohalarida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida yangi kooperatsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan uch yillik hamkorlik dasturini, shuningdek, «Sojitz Corporation» bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlikni yuqori baholadi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungboni qabul qildi.

BMTning ushbu nufuzli instituti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

XMT bosh direktori samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish va xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilish borasidagi yutuqlariga yuqori baho berdi.

Shu munosabat bilan o‘z tashrifini O‘zbekiston rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qo‘llab-quvvatlash ifodasi deb atadi.

XMT mamlakatimiz tajribasini xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston tashkilotning Ma’muriy kengashiga saylanishi buning e’tirofi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Tashkilot ko‘magida O‘zbekistonda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiyalandi.

Ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha, shu jumladan, «Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi» doirasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturini ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.


Posted on Leave a comment

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotini yuksaltirish, jonajon Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizni munosib rag‘batlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli yigitlarini fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.

2. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari tantanali vaziyatda topshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.G‘.Mirzayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

***

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar

RO‘YXATI

Aymuratov Musa Tatlimurat uli – Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich talabasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Yo‘ldoshev Abbos Bahrom o‘g‘li – O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali 3-bosqich talabasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Qobulov Baxtiyorjon Ortiqboy o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti 4-bosqich kursanti (Andijon viloyati)

Samandarov Nuriddin Maxammatjon o‘g‘li – Andijon davlat universitetining 4-bosqich talabasi (Andijon viloyati)

Otamurodov Nurmuhammad Shuxrat o‘g‘li – Olot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi (Buxoro viloyati)

Qosimov Jasur Toxirovich – «Hunarmand» uyushmasining Buxoro viloyati boshqarmasi a’zosi, kandakor usta (Buxoro viloyati)

Mo‘minov Shahboz Axmadqul o‘g‘li – Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi katta mutaxassisi (Jizzax viloyati)

Ro‘ziqulov Dilshod Shuhrat o‘g‘li – O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dots.nti (Jizzax viloyati)

Jurayev Suxrobjon Saloxiddin o‘g‘li – Shahrisabz davlat pedagogika institutining informatika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘qituvchisi (Qashqadaryo viloyati)

Nurmatov Mironshox Nuriddin o‘g‘li – Koson tumanidagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi (Qashqadaryo viloyati)

Suyunov Shohruh Lazizjon o‘g‘li – Toshkent shahridagi «Suyunov Art Studio» o‘quv markazi rahbari (Navoiy viloyati)

O‘ktamov Shohruh Rustam o‘g‘li – Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasining patrul-post xizmati bataloni safdor xodimi (Navoiy viloyati)

Yusupov Jasurbek Muratbekovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismi uchuvchi-shturmani (Namangan viloyati)

Urunov Asadbek Davlatali o‘g‘li – Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining 4-bosqich talabasi (Namangan viloyati)

Elmurotov Shahzod Hamza o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy qismi guruh komandiri (Samarqand viloyati)

Arziqulov Fazliddin Faxriddin o‘g‘li – Toshkent davlat texnika universitetining 2-bosqich magistranti (Samarqand viloyati)

Valijonov Azizbek Farhod o‘g‘li -Toshkent tibbiyot akademiyasining 6-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)

Qulbolayev Asadullo Komil o‘g‘li – Boyovut tumanidagi 1-sport maktabining jang san’ati bo‘yicha murabbiysi (Sirdaryo viloyati)

Boboyev Nabi Tohir o‘g‘li – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining katta o‘qituvchisi (Surxondaryo viloyati)

Islomov Inomjon Umidjon o‘g‘li – Sho‘rchi tumanidagi 125-ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi (Surxondaryo viloyati)

Guliyev Artur Marlenovich – Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi (Toshkent viloyati)

Saparov Javoxirbek Xikmatjon o‘g‘li – Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv qismi qutqaruvchi-yong‘in o‘chiruvchisi (Toshkent viloyati)

Maxmudov Sodirjon Abdullajon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi (Farg‘ona viloyati)

O‘lmasov Ahadjon Akramjon o‘g‘li – Farg‘ona politexnika institutining tayanch doktoranti (Farg‘ona viloyati)

Sabirov Azizbek Davronbekovich – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining 4-bosqich talabasi (Xorazm viloyati)

Yo‘ldoshov Og‘abek Ne’matjon o‘g‘li – Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Xorazm viloyati)

Nazarov Azizbek Farrux o‘g‘li – Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-bosqich talabasi (Toshkent shahri)

Svechnikov Vladimir Aleksandrovich – O‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi (Toshkent shahri)


Posted on Leave a comment

Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining yuksak azmu shijoati, bilim va salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga, uning shon-shuhratini jahon miqyosida yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, el-yurtimizga mehr va sadoqati, namunali xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan quyidagi tashabbuskor va yetakchi yoshlarimiz «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlansin:  

Kuanishbayeva Gulayim Maxambetali qizi – Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich talabasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Srajatdinov Amanbay Konisbay uli – Nukus shahridagi «Real Innovatsiya NKS» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Turdaliyev Sardorbek Sherali o‘g‘li – Baliqchi tumanidagi «Academy IT Star» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Andijon viloyati

Xaytaxmatova Dilnavoz Alijon qizi – Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2-bosqich talabasi, Andijon viloyati

Obloqulova Dilafruz Shuhrat qizi – Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasining raqamlashtirish va matbuot xizmati bo‘yicha bosh mutaxassisi

Ostonov Og‘abek O‘lmas o‘g‘li – Jondor tumanidagi «Sharif Nafosat» mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi, Buxoro viloyati

Sattorov Elbek Xoliqul o‘g‘li – Baxmal tumanidagi «Azzam Elbekovich» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Hoshimova Shaxlo Ulug‘bek qizi – Jizzax politexnika institutining qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kafedrasi assistenti, Jizzax viloyati

Pardayev Ulmasjon Dovurpulat o‘g‘li – Muborak tumani «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi, Qashqadaryo viloyati

Xo‘jayeva Roxilabonu Saidusmon qizi – «Uzbekistan GTL» mas’uliyati cheklangan jamiyatining markaziy laboratoriyasi laboranti, Qashqadaryo viloyati

Bafoyev Sherzod Ixtiyor o‘g‘li – Konimex tumanidagi «Boymurod» oilaviy shifokorlik punkti shifokori, Navoiy viloyati

Saidova Sevinch Asatillo qizi – «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining «Navoiy mashinasozlik zavodi» ishlab chiqarish birlashmasi kran mashinisti, Navoiy viloyati

Nabixonova Masturaxon Ibrohimxon qizi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Namangan davlat pedagogika institutidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, Namangan viloyati

Xusanov Muxammadali Alisher o‘g‘li – Uychi tumanidagi «Sanlitun» mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi, Namangan viloyati

Anorov Bohodir Qobiljon o‘g‘li  – Payariq tumanidagi 84-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi, Samarqand viloyati

Shodiyeva Madina Nuraliyevna – Samarqand shahridagi Registon ansamblini ta’mirlash va undan foydalanish direksiyasi gid-ekskursovodi, Samarqand viloyati

Ortiqboyeva Hilola G‘ulomjon qizi – Kurash bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Sirdaryo viloyati

Turdiqulov Islom Hayitboy o‘g‘li – Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali kimyo-texnologiyalar kafedrasi dots.nti, Sirdaryo viloyati

Ashurova Maftuna Ortiq qizi – Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining raqamli iqtisodiyot kafedrasi o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Xudoyberdiyev Shahzod Farxodovich – Sho‘rchi tumani yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati

G‘ofurova Dinora Alisher qizi – «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zbekiston» lokomotiv deposi «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti yordamchisi, Toshkent viloyati

Raxmatullayev Farxodjon Rustamjon o‘g‘li – Quyi Chirchiq tumanidagi «Sofia Ticaret» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent viloyati

Xasanov Xayitboy Xisenjonovich – So‘x tumani «Sarikanda» mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi, Farg‘ona viloyati

Xoliqova Gulira’no Yulchiboy qizi – Rishton tumanidagi «Xoliqov Yo‘lchiboy» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

Ollaberganova Muyassarxon Davlatboy qizi – Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali 1-bosqich magistranti, Xorazm viloyati

Yuldoshev Usmonbek Umarbek o‘g‘li – Urganch shahridagi «Glass Pro» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Xorazm viloyati

Ne’matov Miraziz Mirali o‘g‘li – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Tanlanganlar» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent shahri

Xushvaqtova Mo‘tabar Safar qizi – Ijtimoiy tarmoqlardagi «Urikguli» ekologik blogi asoschisi, Toshkent shahri

Zaripova Barno Ikrom qizi – Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning kimyo fani o‘qituvchisi

Ismatov Mirshoxid Rivojiddin o‘g‘li – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi «Loyihalar boshqaruvi markazi» nodavlat notijorat tashkiloti videomontajchisi

Mullodjanova Munisa Axmadjonovna – O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi loyiha menejeri

Nabijonov Baxodirbek Sodiqjon o‘g‘li – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining qon tomir xirurgiyasi va buyrak transplantatsiyasi bo‘limi jarrohi

Tulanova Sevaraxon Baxodirjon qizi – Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti uslubchisi

Eshonqulov Muhammadali Olimjon o‘g‘li – «Yuksalish» nodavlat ta’lim muassasalari ta’sischisi

Yusupova Aysanem Azatovna – O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, kinoaktyor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev


Posted on Leave a comment

Zomin – xalqaro maqom anjumani mezboni



Jizzax viloyatining Zomin tumanida 27-iyun kuni II Xalqaro maqom san’ati anjumani tantanali ravishda ochildi.

Bu anjuman davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va birinchi festival 2018 yil Shahrisabzda o‘tkazilgan edi. Keyinchalik pandemiya tufayli kechiktirilgan san’at qurultoyi bu yil yangicha ruh va shukuh bilan qaytdi.

Tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, maqom san’atining tarixi va ahamiyatini e’tirof etdi.

– Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo‘lgan maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg‘ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san’at turi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maqom san’ati musulmon Sharqidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jadal rivojlanib, yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan. Abu Nasr Forobiy o‘zining “Katta musiqa kitobi”da kuylarning nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.

XX asrda bu an’analarni Abdurauf Fitrat, Yunus Rajabiy kabi san’atshunos olimlar, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Fattohxon Mamadaliyev va boshqa hofizlar munosib davom ettirgan.

Davlatimiz rahbari maqom san’atini asrab-avaylashda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning katta hissasi borligini ta’kidladi. O‘sha og‘ir davrlarda Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san’atini ilmiy o‘rganishga va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga asos solingan. Maqom ansambli tashkil etilgan. O‘lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.

Mumtoz musiqa san’atining gultoji bo‘lgan betakror maqomlarimiz YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Prezidentimiz e’tibori bilan ushbu san’at ravnaqi yangi bosqichga chiqdi. Bugungi kunda maqom butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Toshkent shahrida Maqom markazi qurilmoqda. Bu yo‘nalishda sermahsul ijod qilayotgan bastakor, xonanda va sozandalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida milliy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbari hayotini ana shunday sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan san’atkorlarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

– Ezgulik va gumanizm bayrog‘i ostida birlashgan, san’atni butun borlig‘i bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir. Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai bo‘lsin, – dedi Prezident.

Marosimda YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSЕSKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham so‘zga chiqib, ishtirokchilar va mehmonlarni qutladi.

Shuningdek, anjumanda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog‘iston Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o‘g‘li Karimli qatnashdi. Umuman, festivalda Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit’alarining 80 dan ortiq mamlakatidan qariyb 400 nafar mehmonlar ishtirok etmoqda.

Tantanali tadbir mumtoz kuy-qo‘shiqlardan tuzilgan konsert bilan davom etdi.

Festival o‘tayotgan Zominsoy majmuasi bayramona bezatilgan. Keng maydon bo‘ylab xalqimizning boy madaniyati, zo‘r amaliy san’atini namoyon etuvchi ko‘rgazmalar tashkil etilgan.

Anjuman 30-iyunga qadar davom etadi. Yakunda «Eng yaxshi maqom ansambli», «Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi» va «Eng yaxshi yakkaxon xonanda» yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilinadi. Shuningdek, maqom san’atining nazariy va amaliy asoslari mavzusida xalqaro konferensiya, davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.