Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimidagi nutqi



Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz, azizlarni betakror qadriyat va an’analar yurti bo‘lgan O‘zbekiston zaminida ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugungi tantanamizda YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSЕSKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Respublikasi Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o‘g‘li Karimli va boshqa muhtaram mehmonlarimiz ishtirok etayotgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Xush kelibsiz O‘zbekiston zaminiga!

Qadrli mehmonlar!

Mazkur anjuman 2018-yilda ko‘hna Shahrisabzda o‘tkazilgan birinchi xalqaro maqom san’ati festivalining davomi bo‘lib, pandemiya tufayli vujudga kelgan olti yillik tanaffusdan so‘ng barchamizni yangicha ruh va shukuh bilan yana o‘ziga chorlamoqda.

Buyuk ipak yo‘li durdonasi – jannatmakon mamlakatimizning gavhari, serviqor tog‘lar, yam-yashil o‘rmonlar, xalqparvar va olijanob insonlar yurti bo‘lmish betakror Zomin bugun katta san’at bayramiga mezbonlik qilmoqda.

Qadimiy Zomin haqida ko‘plab kitoblar, ilmiy tadqiqotlarda batafsil ma’lumotlar berilgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “Zomin” atamasi “Avesto”da tilga olingan “Zomyod”, ya’ni, farovonlik farishtasi degan nom bilan bog‘liq va miloddan avvalgi VII-V asrlarga borib taqaladi.

Noyob arxeologik topilmalari, zabardast allomalari bilan jahonga mashhur ushbu hudud ko‘p asrlar davomida sivilizatsiya beshiklaridan biri, ilm-fan, san’at va ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Jumladan, XII asrning oxiri va XIII asrning birinchi yarmida bu makonda yashab ijod etgan huquqshunos alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushoniy tarixda bolalar huquqlari bo‘yicha birinchi keng qamrovli manba – “Bolalar huquqlari kodeksi” (“Jomi’ ahkom as-sig‘or”) nomli noyob asar yaratganini katta faxr va iftixor bilan tilga olamiz.

Boshqacha qilib aytganda, ushbu tarixiy asar bola huquqlari G‘arb sivilizatsiyasidan qariyb olti yuz yil muqaddam bugungi O‘zbekiston zaminida to‘liq o‘rganilib, amalga oshirilganini ko‘rsatadi.

Bu ko‘hna diyor nafaqat beqiyos tabiat mo‘jizalarini, shu bilan birga, buyuk ma’naviy xazina bo‘lgan xalqimizning boy an’ana va qadriyatlari, madaniy merosi va folklor namunalarini ham saqlab kelayotgan tabarruk zamindir.

Shu o‘rinda Jizzax viloyatidan O‘zbekiston xalq hofizlari Eson Lutfullayev va Orifxon Hotamov, O‘zbekiston san’at arbobi Bahrullo Lutfullayev kabi hayotbaxsh va o‘lmas navolari bilan xalqimiz mehrini qozongan atoqli hofizlar, mohir bastakorlar yetishib chiqqanini yodga olishni istar edim.

Muhtaram festival qatnashchilari!

Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo‘lgan maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg‘ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san’at turi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir.

Shu bilan birga, u o‘zida musiqa, she’riyat va raqs san’atini ajoyib tarzda uyg‘un etgan yuksak tafakkur va insoniy kamolot qomusidir. Maqom san’ati uchun asosiy mavzu – eng avvalo, shaxs, uning erki va qadri, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik va umumbashariy taraqqiyot hisoblanadi.

Bu mumtoz badiiy obida asrlar mobaynida avlodlar o‘rtasida ruhiy uzviylikni saqlab, inson ma’naviy olamini boyitib, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashdek ulug‘ maqsadlarga xizmat qilib kelmoqda.

Maqom o‘zida xalqning teran ruhiyati, ezgu niyatlari, milliy mentaliteti, so‘nmas qadriyatlarini mujassam etgan bo‘lib, sivilizatsiya taraqqiyotida muhim o‘rin egallaydi.

Musulmon Sharqida Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida maqom san’ati jadal rivojlanib, o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi. Xususan, X asrning birinchi yarmida Sharqda “Muallimi soniy” nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Nasr Forobiy o‘zining “Katta musiqa kitobi”da musiqa san’atining nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Buyuk mutafakkir Muhammad Xorazmiy “Ilmlar kaliti” kitobining musiqaga bag‘ishlangan qismida o‘sha davrdagi musiqa cholg‘ulari haqida aniq ma’lumotlar beradi. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz esa noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar.

XX asrda bu an’analarni munosib davom ettirgan Abdurauf Fitrat, Viktor Uspenskiy, Yunus Rajabiy kabi salohiyatli va peshqadam san’atshunos olimlar, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Berta Davidova, Fattohxon Mamadaliyev, Orif Alimaxsumov, Mahmudjon Tojiboyev singari atoqli va fidoyi ustozlarning unutilmas xizmatlarini hamisha cheksiz hurmat va ehtirom bilan esga olamiz.

Majoziy ma’noda olti azim o‘zanga qiyoslanadigan, xalqimiz badiiy tafakkurining beqiyos mahsuli bo‘lgan “Shashmaqom” asrlar davomida jahon madaniyat ummonini to‘ldirib, uni har tomonlama boyitib kelmoqda.

Shu o‘rinda mumtoz musiqa san’atining gultoji bo‘lgan betakror maqomlarimiz YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani va bu uni butun dunyoda keng targ‘ib qilish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shayotganini ulkan xursandchilik bilan ta’kidlamoqchiman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

O‘zbekistonda maqom san’atini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazishda mashhur davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning o‘rni alohida ajralib turadi. G‘oyat og‘ir davrlarda Sharof Rashidovichning sa’y-harakatlari bilan Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san’atini ilmiy o‘rganishga, uni xalqaro miqyosda targ‘ib etishga asos solingan edi. O‘sha yillarda respublikamizda maqom ansambli tashkil etilgan. O‘lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.

O‘ylaymanki, bugungi fayzli anjumanimiz tufayli rahmatli Sharof Rashidovichning ham ruhlari shod bo‘lmoqda.

Xabaringiz bor, Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at yo‘nalishini rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu jarayonda “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik san’ati, “Lazgi”, Xalq hunarmandchiligi festivali singari nufuzli anjumanlar, Toshkent xalqaro kinofestivali, madaniyat kunlari, tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda boshqa muhim tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hech shubhasiz, ular orasida mumtoz musiqa san’atining noyob durdonasi bo‘lgan maqomlarga bag‘ishlangan mazkur xalqaro festival beqiyos o‘rin tutadi. Mamlakatimizda ushbu san’at ravnaqini yangi bosqichga olib chiqish, iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda maqom san’ati butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Biz Toshkent shahrida Maqom markazi yangi binosini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni boshladik. Maqom rivoji yo‘lida sermahsul ijod qilib kelayotgan bastakor, kompozitor, musiqashunos, xonanda va sozandalarni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda nufuzli milliy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, hayotini ana shunday sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, go‘zal qalb olamida bu umumbashariy meros namunalarini avaylab-ardoqlab kelayotgan, o‘zining benazir va jozibador ohanglari bilan xalqlarimizni maftun va mamnun etayotgan sizlar kabi barcha aziz san’atkorlarimizga shaxsan o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Qadrli do‘stlar!

Biz bu borada boshlagan va baland marralarni ko‘zlagan reja va tadbirlarimizni albatta izchil davom ettiramiz. Zero, milliy maqom ijrochiligi mumtoz san’atimiz va yuksak madaniyatimizning o‘q ildizi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko‘ngil quvvati – xush navozdin, ruh quti – xush ovozdin”.

Qarang, qanday chuqur ma’noli so‘zlar.

Darhaqiqat, barcha olis va yaqindan kelgan san’atkorlar ishtirokida do‘st va birodar xalqlarimizning dillarini bir-biriga chambarchas bog‘laydigan bugungi anjumanimiz ham musiqa orqali yer yuzidagi barcha insonlarga ma’naviy oziq berishga xizmat qiladi. Festivalimiz ko‘lami tobora kengayib, bugun bu muhtasham majmuada Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit’alarining 80 dan ortiq mamlakatlaridan qariyb 400 nafar mehmonlar jam bo‘lib turgani ham fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Ezgulik va gumanizm bayrog‘i ostida birlashgan, san’atni butun borlig‘i bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir.

Fursatdan foydalanib, tadbirni tashkil etishda bevosita ishtirok etayotgan barcha fidoyi insonlarga, bizning quvonchimizga sherik bo‘layotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillariga, hurmatli mehmonlarimizga chin dildan tashakkur aytaman.

Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai bo‘lsin!

Maqom san’atining shoni va shuhrati boqiy bo‘lsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, olijanob faoliyatingizda yangi omadlar yor bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.


Posted on Leave a comment

Zomin texnoparkida ilk investitsiya loyihalari qurilishi boshlandi 



Mamlakatimizning barcha hududlarida iqtisodiyot uchun g‘oyat zarur bo‘lgan korxonalar barpo etilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari ochilishi, sanoat tarmoqlari rivojlanishi, pirovardida, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilayapti.

Jumladan, Jizzax viloyatida so‘nggi besh yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,6 barobarga ko‘payib, o‘tgan yilning o‘zida 19 trillion so‘mni tashkil qilgan. Eksport hajmi 2,2 barobarga oshib, 202 million dollarga yetgan. 

 Xorijiy investitsiyalar miqdori ham yil sayin o‘sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 18 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam salkam 700 million dollarga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tani tashkil qilmoqda.

Bunda har bir tumanning o‘z o‘rni bor. Xususan, Zomin tumanida investitsiya dasturlari doirasida so‘nggi besh yilda 1,8 trillion so‘mlik 300 ga yaqin loyiha amalga oshirilgan va uch mingdan ortiq ish o‘rni ochilgan. Qulay biznes muhiti tufayli tumandagi kichik tadbirkorlik subyektlari soni 4 barobar ko‘paygan.

Zominning go‘zal tabiatiga asoslanib turizm sohasi uning “drayveri”ga aylantirilmoqda. Bunday xizmatlarni ko‘paytirish maqsadida yaqinda Zomin turistik zonasi tashkil etildi. 

Bular bilan cheklanib qolmasdan, Zominda sanoatni rivojlantirishga kirishilgan. Chunki hudud buning uchun juda qulay. Tuman mamlakatimiz markaziy qismida joylashgan. Bu yerdan temir yo‘l o‘tgan. Yaqinda Zomin aeroporti kengaytirilib, rekonstruksiya qilindi.

Endi tumanda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Texnopark” maxsus sanoat zonasi barpo etilmoqda. Buning uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Bu boradagi amaliy ishlar avvalroq boshlangan bo‘lib, 30 dan ortiq loyihalar shakllantirilgan. Ularga xitoylik investorlar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltiriladi.

Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi. Xususan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 4,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi.

Texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ushbu hududda ofis markazi, turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi barpo etiladi.

Marosimda davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishini boshlab berdi.

Ushbu zamonaviy loyihalarning amalga oshirilishida ishbilarmonlarga muvaffaqiyatlar tiladi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti “BYD” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi



27-iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “BYD” kompaniyasi prezidenti Van Chuanfuni qabul qildi.

Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonaning muvaffaqiyatli faoliyati katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugun zavoddan birinchi elektromobil chiqdi.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 160 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Korxonada payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini o‘z ichiga olgan yuqori texnologik ishlab chiqarish tashkil etilgan.

Uchrashuvda Prezidentimiz yaqin istiqbolda modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda avtomobillarni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga eksport qilish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniyaning mamlakatimizda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalari ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu qo‘shma innovatsion tadqiqot markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, elektr transporti uchun texnik reglament va standartlarni ishlab chiqish hamda “Blade” avlodiga mansub batareyalar va “BYD” elektrobuslarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Turkiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Anqara shahriga 5-6-iyun kunlari amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.


Posted on Leave a comment

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lida faollik ko‘rsatib kelayotgani, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimizdagi yangilanish jarayonlarini yoritish, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishdagi katta xizmatlari, zamonaviy media tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlansin:

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Taypatov Abdijalol Gapparovich – O‘zbekiston Milliy axborot agentligining hududiy axborot tahririyati bosh muharriri

Temirov Sobirjon G‘ulamovich – Beshariq tumani «Beshariq tongi» gazetasi bosh muharriri, Farg‘ona viloyati

«Do‘stlik» ordeni bilan

Abdusamatova Mukaddas Salixovna – O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, publitsist

Beknazarova Saodat Uzbekovna – «Ovozi tojik» gazetasi katta muxbiri

Djurayeva Dilfuza Djangirovna – O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, publitsist, Surxondaryo viloyati

Klyatskiy Grigoriy Nikolayevich – «Ishonch-Doveriye» gazetasi bo‘lim muharriri

Levchenko Sergey Vladimirovich – «Narodnoye slovo» gazetasi bo‘lim muharriri

Nugmanov Ravshan Yakubdjanovich – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Toshkent radioeshittirish uyi ovoz yozish xizmati rejissyori

Ochilov Qudrat Mengliyevich – «Bir safda» jurnali mas’ul kotibi

Paluanova Mnayim Pirnazarovna – «Nukus-Sayahat» mas’uliyati cheklangan jamiyatining «Jaslar-TV» telekanali va «Nukus-FM» radiosi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Sodikov Ikrom Mamadaliyevich – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Namangan viloyati teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari

Toxirov Xalimjon Turgunovich – «Andijonnoma» va «Andijanskaya pravda» gazetalari tahririyatining «Andijonnoma.uz» internet nashri muharriri

Xakimov Talip Adilovich – Nurafshon shahri «Mash’al» gazetasi bosh muharriri, Toshkent viloyati

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Boymirzayeva Saodat Urakovna – O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining matbuot kotibi

Muminov Fayzullo Abdullayevich – O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi professori

Xasanova Zaxro Tulkunovna – «Gulxan» jurnali bosh muharriri

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Imomxo‘jayev Zafar Axbarovich – O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Abduraximov Muslimbek Fozil o‘g‘li – «Zo‘r TV» telekanalining «Bu kun» informatsion dasturi rahbari

«Shuhrat» medali bilan

Abdukadirov Dilshod Axmedjanovich – «Kun.uz» internet nashri bosh muharriri

Abduraxmanova Feruza Abduganiyevna – «Mening yurtim» telekanali boshlovchisi

Abidov Aziz Agzamovich – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi boshlig‘i – matbuot kotibi

Alimuxamedov Tuygun Vaxabovich – «O‘zbekiston ko‘zi ojizlar bosmaxonasi» davlat unitar korxonasi muqovalovchisi

Bazarov Baxriddin Xaydarovich – «Akademnashr NMM» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh rassomi

Bayturayeva Guljamal Orinbasarovna – «Nurli jol» gazetasi bo‘lim mudiri

Voxidova Nozima Raximovna – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Madaniyat va ma’rifat telekanali» davlat muassasasi kino-videomahsulotlar va tezkor dublyaj muharririyati katta muharriri

Gulyamova Dilfuza Izzatovna – «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyatining Navoiy viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri

Djamalov Kaxramon Djumayevich – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston 24» telekanali muharrirlar guruhi bosh muharriri

Djumaboyeva Raxima Mustafayevna – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasi televideniye guruhi katta muharriri

Zokirova Tursuntosh Normurodovna – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi radio guruhi muxbiri

Inoyatova Nazira Saypullayevna – «Avtoradio» radiosi dasturlar bo‘yicha direktori va efir boshlovchisi

Klichbayev Abatbay Reimbayevich – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati rahbari

Matchanova Intizor Jumaboyevna – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston 24» telekanali Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri

Murotova Muslima Kamolidinovna – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» radiokanali rejissyorlar guruhi suxandoni

Niyazov Norbek Ramazanovich – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston  24» telekanali yangiliklar muharririyati bosh muharriri

Pirnafasova Muhayyo Rustamovna – «Jadid» gazetasi adabiy muharriri

Saidov Sherodil Xudayberdiyevich – «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasining chop etish sexi ustasi

Sulaymanova Aliya Ismailovna – «Darakchi.uz» internet nashri bosh muharriri

Sulaymonov Shodmon Sultonovich – «Buxoronoma» va «Buxarskiy vestnik» gazetalari tahririyati bosh muharriri, Buxoro viloyati

Shamsiddinov Yolqin Xakimovich – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati huzuridagi Media-markazi yetakchi mutaxassisi

Eshonqulov Zamon Asrorovich – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi televideniye guruhi maxsus muxbiri

Yusupov Ahmad Mengnimuratovich – «Daryo.uz» internet nashri bosh muharriri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev


Posted on Leave a comment

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga



Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, o‘z iste’dodi va mahorati, fidokorona mehnati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, milliy jurnalistikamiz jonkuyarlarini, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ma’lumki, axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida biz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgani, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda.

Bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida sizlarning o‘rningiz va ta’siringiz tobora ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Shu o‘rinda gazeta va jurnallarimiz, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb chiqishlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokidagi ko‘rsatuv va eshittirishlar, tahliliy sharhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravishda ko‘payganini ta’kidlash lozim.

Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar bo‘yicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab o‘tirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uyg‘otib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda.

Muxtasar aytganda, kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Hech shubhasiz, bularning barchasi milliy media vositalarimiz “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bunday yuksak marraga yetish oson emasligi, bu yo‘lda to‘siq va qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiydir.

Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu boradagi ishlarimizni qat’iyat bilan davom ettiramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda.

Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda.

Ana shu talabdan kelib chiqqan holda, ko‘p qirrali professional bilim va malakaga, yuksak ma’naviy-intellektual fazilatlarga ega bo‘lgan zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlash bundan buyon ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Shu bilan birga, axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan to‘ldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir.

Shu bois, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritib borish o‘ta muhim, deb o‘ylayman.

Shuningdek, bugungi kunda yolg‘on va asossiz ma’lumotlarni tarqatish orqali odamlarni aldash, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish holatlari ko‘payib borayotgani aholining media savodxonligini oshirishni oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa qilib qo‘ymoqda. Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortishuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy me’yorlar negizida hal etilishi shart.

Siz, hurmatli media tarmoqlari vakillari ana shunday masalalarni hal etishda faol ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Albatta, sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ommaviy axborot vositalari xodimlarini chin dildan qutlayman.

Izlanish va ilhom zavqi, yangi ijodiy yutuqlar sizlarga hamisha yor bo‘lsin, azizlar!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Posted on Leave a comment

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholining kundalik iste’molida go‘sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta o‘rin egallaydi. Shu bois parrandachilik, qorako‘lchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham ko‘p.

Masalan, 2023-yilda parrandachilik tarmog‘ida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo‘jaliklar soni 1 ming 300 taga yetgan, 4 mingta yangi ish o‘rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi aytildi.

Bu tarmoqdagi eng muhim masala – nasl. Yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo‘q, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinayapti.

Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSH kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.

Davlatimiz rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Hozirgi kunda yurtimizda 39 ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo‘y boqilayapti. Bular, albatta, yetarli emas.

Shu bois qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi.

Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.

Xuddi shu taxlit, Mo‘g‘uliston tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya IIV delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevni qabul qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari yaqinda Dog‘istonda sodir etilgan terrorchilik xuruji oqibatida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining oila a’zolariga hamdardlik va dalda so‘zlarini bildirdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ko‘rib chiqildi.

Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, kiberxavfsizlik va raqamli ekspertiza sohalaridagi hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Migratsiya sohasida hamkorlik mexanizmlarining samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Posted on Leave a comment

Mahallalar obodligini ta’minlash tizimi taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda barcha dasturlar mahallalarda amalga oshirilmoqda. Bu tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Ulardagi obodlik, muhit ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi ko‘p qavatli uylardan iborat bo‘lib, ularga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ziyod mahallada esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.

Shu bois bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi, ko‘chalar va ariqlar tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi. Shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga to‘lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda 20 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin bo‘ladi.

Umuman, bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta’minlanadi.

Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi bo‘yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.


Posted on Leave a comment

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholining kundalik iste’molida go‘sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta o‘rin egallaydi. Shu bois parrandachilik, qorako‘lchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham ko‘p.

Masalan, 2023-yilda parrandachilik tarmog‘ida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo‘jaliklar soni 1 ming 300 taga yetgan, 4 mingta yangi ish o‘rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi aytildi.

Bu tarmoqdagi eng muhim masala – nasl. Yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo‘q, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinayapti.

Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSH kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.

Davlatimiz rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Hozirgi kunda yurtimizda 39 ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo‘y boqilayapti. Bular, albatta, yetarli emas.

Shu bois qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi.

Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.

Xuddi shu taxlit, Mo‘g‘uliston tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.